“Biz buni bolalarga koʻrsatilgan ehtirom sifatida qabul qildik!”

Qutlov “Biz buni bolalarga koʻrsatilgan ehtirom sifatida qabul qildik!”
66

“Oltin qalam” XIX milliy mukofoti uchun oʻtkazilgan xalqaro tanlov qizgʻin tus oldi. Munosib koʻrilgan nomzodlarni taqdirlash maqsadida tashkil etilgan marosimda oʻtirganlarning xayolidan bir oʻy oʻtyapti: 

— Bosh mukofotga kim yoki qaysi tahririyat jamoasi loyiq koʻrilarkan? 

— “Chevrolet Onix” avtomobilini minadigan topilarmikan?!


Kutilgan onlar yaqinlashmoqda. 27-iyun — “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni”ning asosiy qahramonlari aniqlanilishiga oz muddat qoldi. “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyida yigʻilganlar bir qadar sergak tortgan. Bosh mukofotni tantanali ravishda topshirish uchun sahnaga Oʻzbekiston milliy axborot agentligi direktori, senator Abdusaid Koʻchimov taklif etildi. Hayajonli daqiqalar... 

“Gulxan” jurnali jamoasi gʻolib boʻlibdi. Arziydi!



 1929-yildan buyon chiqarilib kelinayotgan adabiy-badiiy bezakli respublika bolalar jurnalini qancha alqashsa, eʼtirof etishsa, shuncha kam!

 

Soʻnggi yillarda nashrning mazmun-mundarijasi sezilarli darajada oʻzgardi. Zamon bilan hamnafas, hamqadam boʻla boshladi. Sahifalarida yangi-yangi ruknlar tashkil etildi. Eʼtiborlisi, bosma nashrlarda uchratish amrimahol boʻlib qolgan, tahririyatning maqsad-maslagini bayon etadigan “bosh maqola”lar “Muharrir minbari” ruknida muntazam ravishda eʼlon qilib boriladi. Ham shaklan, ham mazmunan mukammalik kasb etayotgan, bolalar adabiyotining takomiliga munosib tarzda hissa qoʻshib kelayotgan “Gulxan”ning kattagina jamoasi, oʻziga xos mahorat maktabi bor! 



Shukrki, bolalar shoiri, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibasi Zahro Hasanovaning saʼy-harakatlari besamar ketmadi. “Biz buni bolalarga koʻrsatilgan ehtirom sifatida qabul qildik. Bolalariga eʼtibor beradigan millatning ertasi bor”, dedi bosh mukofotni qabul qilayotib. Oynoma oʻsmirlar oʻrtasida ommalashdi. Qoʻlma-qoʻl oʻqildi. Saviyasi, adadi oshsa-oshdiki, tushmadi, pasaymadi!


Ulugʻbek SHAROBIDDINOV

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #E'tirof

Ulashish