“Chingiz to‘rasini g‘arib rioyat qilurlar edi…”
Maktabda o‘qigan paytimiz (o‘tgan asr 80-yillari) tarix darsliklarida eng salbiy qahramonlardan biri Chingizxon edi. Bolaligimizdan tasavvurimizga uning qonxo‘r, bosqinchi, shafqatsiz qiyofasi singdirilgan. “Tulkiday ayyor, ilonday zaharli, deyishardi Chingizxon haqida” – qaysidir bir darslikda Chingizxon surati shunday tagso‘z bilan berilgan edi.
Yaqin o‘tmish, aniqrog‘i sovet davri tarixchi, adabiyotshunos olimlarimiz ham Chingizxon haqida, Shayboniyxon haqida, mo‘g‘ullar haqida, ko‘chmanchi xalqlar haqida faqat salbiy fikrlar bildirgan. Ularga dushmandek qaragan. Bu an’ana hozir ham davom etmoqda. Masalan, filologiya fanlari doktori Hasan Qudratullayev “Bobur armoni” kitobida Bobur mirzoni zo‘r berib mo‘g‘ullardan, demak Chingizxondan yiroq tutishga uringan:
“Boburnoma”da muallif mo‘g‘ulcha tartib-qoida, davlatchilik haqida ko‘p o‘rinlarda fikr yuritgan. Biroq biror joyda bu xususiyatlarning na urug‘-aymoq, na nasab jihatidan o‘ziga mansubligini aytmaydi. Aksincha, ularni mutlaqo begona (ta’kid bizniki – H.Q.) xalq va elatga oid tartib-qoidalardek bayon etadi. Bunday o‘rinlarda, odatda, “mo‘g‘ul dasturi bila…”, “mo‘g‘ul cherikikim…”, “mo‘g‘ul odati bila…” singari iboralarni qo‘llaydi. Ya’ni matnda “mo‘g‘ul” so‘zi uchinchi shaxs sifatida keladi. Muallif mo‘g‘ul urf-odati, tartibi haqida yozganda, uning bayon uslubi Hindiston, Afg‘oniston yoki Jaloloboddagi(Movarounnahr qavmlaridan uzoq) xalqlar hayotiga oid tasvir uslubidan farq qilmaydi. “Tonglasi kichik xon dodam(ya’ni mo‘g‘ul avlodidagi bobosi – H.Q.) manga mo‘g‘ulcha rasmliq(ta’kid bizniki – H.Q.) bosh-oyoq va qo‘rini va egarlik xossa otini inoyat qildi. Maftunluq mo‘g‘uliy bo‘rk va sonchma tikkan xitoyi atlas to‘n va xitoyi qo‘r, burung‘i rasmliq toshi chintoiy bila chintoiyni so‘l sari, yana uch-to‘rt nima xotun kishining yoqosig‘a osar anbardon va xaritasidek nimalar osibturlar, so‘ng sarida ham ushmundoq uch-to‘rt narsa osibturlar”.
Matnga e’tibor bersak, mo‘g‘ul urf-odati, kiyim-kechagi va uning xillarini Bobur o‘ziga mutlaqo begona narsalar kabi tasvirlaganini payqaymiz. Ularning ayrimlarini cheriklar bo‘yniga osadigan xaritalarga o‘xshatishi shundan dalolat beradi. Shu misol ham Boburning temuriyzodalarga mansubligini, mo‘g‘ul qavmiga uzoq qarindoshligi shartli ekanini bildirib turibdi” (H.Qudratullayev, “Bobur armoni” T., Sharq, 2005. 81-bet).
“Qayd etganimizdek, ona tomonidan Chingizxon avlodiga mansubligini o‘zi e’tirof qilsa ham, na qavm, na fe’l-atvor va na udum jihatidan, na sarkardalik va lashkarkashlik bobida uning mo‘g‘ullarga daxli yo‘qligiga, ular Bobur tabiatiga mos kelmasligiga “Boburnoma”da ishoralar ko‘p. Aslida volidasi Qutluq Nigorxonimning nasli turkistonlik qipchoq beklariga mansubligini ta’kidlagan Bobur yana bir karra mo‘g‘ul qavmi unga begonaligini, o‘zi butun vujudi bilan temuriyzodalarga mansubligini bildirgan: “Yunusxonning onasi turkistonliq qipchoq beklaridin Temurbek rioyat qilg‘on Shayx Nuriddinbekning qizi yo nabirasi bo‘lur”.
Xullas, Zahiriddin Bobur shaxsiyati va nasl-nasabini mo‘g‘ullar qavmiga nisbat berish ham ma’naviy va ham ijtimoiy-siyosiy jihatdan asossizdir. U umri bo‘yi Amir Temur saltanatini tiklash yo‘lida kurashdi, temuriyzoda sifatida o‘z qavmi shuhratini himoya etib, o‘ziga sharafli haykal qo‘ydi, qisqa, ammo barakali umrni yashab o‘tdi” (o‘sha asar, 83-bet).
O‘tmishda o‘tgan, o‘z davridagi podshohlar, sultonlar, amirlarning bir nechasiga batafsil ta’rif berilgan(Husayn Boyqaro, Umarshayx mirzo va h.k.), bir qanchasi bir necha o‘rinlarda eslangan(Amir Temur, Yunusxon va h.k.) “Boburnoma”da Chingizxon haqida qaydlar bormi?
Albatta, bor. Bobur hazratlari ona tomondan ulug‘ bobosini eslamasligi mumkin emas edi. Lekin Chingizxon nomi 6 o‘rinda 9 marta tilga olingan bo‘lsa-da, ularda muallifning boshqa hukmdorlarga bo‘lgani kabi yo ijobiy (Mirzo Ulug‘bek, Sulton Ahmad mirzo va h.k.), yo salbiy(Shayboniyxon, Sulton Mahmud mirzo va h.k.) munosabati sezilmaydi:
“Necha navbat qoyinotasi Yunusxonnikim, Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxon naslidindur, Chig‘atoyxonning yurtida mo‘g‘ul ulusining xoni ul fursatta ul erdikim, mening ulug‘ otam bo‘lg‘ay, istid’o qilib kelturdi” (“Boburnoma”, T., Sharq, 2002, 36-bet).
“Yunusxon Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxon naslidindur. Yunusxon ibn Vaysxon ibn Sherali o‘g‘lon ibn Muhammadxon ibn Xizr Xojaxon, ibn Tug‘luq Temurxon ibn Esan Bo‘g‘axon ibn Duvaxon ibn Baroqxon ibn Yesun Tuva ibn Mo‘tugon ibn Chig‘atoyxon ibn Chingizxon” (38-bet).
“Bir necha yildin so‘ng Adik Sultong‘akim, Chingizxonning ulug‘ o‘g‘li Jo‘ji nasli qazoq sultonlaridindur, berdilar” (40-bet). “Mo‘g‘ul orasida Chingizxonning tuzuki holog‘acha Chingizxon yasab qo‘ygandek-o‘qtur” (89-bet).
“Burunlar bizning ota-og‘a Chingiz to‘rasini g‘arib rioyat qilurlar edi, majlisda va devonda va to‘y va oshda, o‘turmoqda va qo‘pmoqda xilofi to‘ra ish qilmaslar edi. Chingizxonning to‘rasi nassi qoti’ emasturkim, albatta kishi aning bila amal qilg‘ay. Har kimdin yaxshi qoida qolg‘on bo‘lsa aning bila amal qilmoq kerak, agar ota yomon ish qilg‘on bo‘lsa, yaxshi ish bila badal qilmoq kerak” (143-bet).
“Yana Qarshi viloyatidurkim, Nasaf va Naxshab ham derlar, Qarshi mo‘g‘ulcha ottur, go‘rxonani mo‘g‘ul tili bila “qarshi” derlar. Gʻolibo, bu ot Chingizxon tasallutidin so‘ng bo‘lg‘ondur” (61-bet). Aslida Boburgacha va undan keyin ham ota-bobolarimiz Chingizxonni o‘zlariga yot va dushman deb bilmagan. Uni “Sohibqironi a’zam Chingizxoni muazzam” deb ulug‘lagan ulug‘ temuriy podshohlardan biri Mirzo Ulug‘bek, masalan, “To‘rt ulus tarixi”da “Turk avlodi hukmdorlarining boshlig‘i buyuk podshoh Temuchin qoondir” deb sharaflagan(Mirzo Ulug‘bek, “To‘rt ulus tarixi”. T., “Cho‘lpon”, 1994, 106-bet).
Bobur mirzoning o‘zi ham, Gulbadanbegim “Humoyunnoma”da yozishicha, Hindiston fath etilgach, “…tevarak-atrof va viloyatlarga farmonlar jo‘natildiki, “Bizning xizmatimizga keling, to‘la rioyat qilgaymiz. Alalxusus, kimki ota-bobo va ajdodlarimizga xizmat qilgan, kelingiz, inoyat qilgaymiz. Sohibqiron yoki Chingizxon shaxsi naslidan bo‘lgan kimki dargohimizga mutavajjih bo‘lsin. Haq subhano Hinduston mamlakatini bizga ato qildi, kelingiz, tokim birga davlatni baham ko‘raylik”(Gulbadanbegim. “Humoyunnoma”. T., “Fan”, 2022, 19-bet) deya ikki ulug‘ bobosi – Amir Temur va Chingizxon avlodlarini yoniga chorlagan.
Jadid yetakchilaridan biri Hoji Muin “Sho‘ro” jurnalining 1913-yil 1-sonida chiqqan “Turkistonning o‘giti va o‘tinchi” maqolasida Turkistonni inson sifatida so‘zlatib shunday yozgan: “Tarix biluvchi odamlarga ma’lumdirki, man burungi zamonda ilm va madaniyat o‘chog‘i bo‘lganim uchun, dunyoning eng ma’mur va mas’ud o‘lkasi edim. Uning uchun ediki, quyinimdagi(hozirda bir parcha xaroba binolardan iborat bo‘lgan) Samarqand, Samarqandi firdavs moninda atalardi. Chin o‘g‘lonlarimdan bo‘lgan, u bahodir u jahongir Temur va Chingizlar davrida ko‘rganim umron va baxtiyorlik qiyomatga qadar manim esimdan chiqmaydi”.
Bu esa shoir G‘ulom Zafariyning “Ishchilarga xitob” she’ridan:
Tarixa boqing kim edik bizlar?
Chingiz, Chig‘atoy, Temur bobolar –
Bizlarga salaf edi u erlar.
Shu erlar avlodimiz, ishchilar.
(G‘ulom Zafariy, Asarlar. “Info Kapital Grup” nashriyoti, 2018, 39-bet) O‘zFA Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo esa Chingizxon avlodi bo‘lgan shayboniylarga dahshatli ayb taqagan: “…Shayboniylar bilan birga kirib kelgan, ulardan keyin davlatimizni boshqargan ashtarxoniylar hukmronligi bosqichida avj olgan ko‘chmanchi siyosiy tafakkur pirovardida o‘ta qimmatga tushgan. Siyosiy hayotda urug‘-aymoqchilikning kuchayishi (92 urug‘!), oxir-oqibat (18-yuzyillik boshida), kechagina butun olamni so‘rab turgan buyuk davlat – Turonning uchga bo‘linib ketishiga olib keldi. Shu tariqa, aslida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zagi bir, ammo bir-biri bilan raqobatchi uch siyosiy birlik – Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari paydo bo‘ldilar. Yuz ellik yillar kechgan ushbu siyosiy boshboshdoqlik jarayoni qanday yakun topgani ham yaxshi ma’lum: 19-yuzyillikning ikkinchi yarmida o‘lkamiz Rossiya imperiyasi uzoq vaqtdan beri to‘qib kelayotgan to‘rga tushdi”(Azamat Ziyo. “Turon sivilizatsiyasidan Yangi O‘zbekistongacha”. “Adabiyot gazetasi”, 2025-yil 13-son).
Endi hurmatli akademigimiz Azamat Ziyoga va umuman tarixchi olimlarimizga savollar:
1. XX asr boshlarigacha, jumladan, jadid davri adabiyotida hamda undan avvalgi temuriylar va boburiylar davriga oid manbalarda Chingizxon ijobiy tarixiy shaxs sifatida tilga olingan yoki uning shaxsiga kamida neytral munosabatda bo‘lingan. Qachondan va qanday mafkuraviy, siyosiy yoki tarixshunoslik paradigmasi ta’sirida Chingizxon shaxsi o‘zbek tarixiy ongida “begona” va “dushman” obraziga aylantirildi? Bu o‘zgarish sovet tarixshunosligi mahsulimi yoki undan oldingi mustamlakachilik davri ilmiy mafkurasiga borib taqaladimi?
2. Muhammad Shayboniyxon va shayboniylar davlatchiligi faoliyatini “ko‘chmanchi siyosiy tafakkur” bilan izohlash qanchalik asosli? “Ko‘chmanchi siyosiy tafakkur” tushunchasining o‘zi aniq ilmiy ta’rifga egami? Turon hududining uch siyosiy birlikka (Buxoro amirligi, Xiva xonligi va Qo‘qon xonligi) bo‘linib ketishini faqat shayboniylar davridan meros qolgan siyosiy tafakkur bilan izohlash biryoqlamalik emasmi? Bu jarayonda tashqi bosimlar(Eron, Qozoq ulusi, Jung‘or bosqinlari, Rossiya ekspansiyasi) va ichki iqtisodiy omillar qanchalik hisobga olingan? Shuningdek, XVI–XIX asrlarda butun Sharqning qoloqlik girdobida qolganligi omili hisobga olinmoqdami?
3. Zahiriddin Muhammad Bobur va Muhammad Shayboniyxon o‘z davrida siyosiy raqib bo‘lgan tarixiy shaxslardir. Nima sababdan milliy tarixiy narrativda Bobur ko‘proq ijobiy, Shayboniyxon esa ko‘proq salbiy talqin qilinadi? Shayboniyxonning Dashti Qipchoq va Movarounnahrni birlashtirishi, markazlashgan davlatni tiklashi, temuriylar davrida boshlangan parchalanishga barham berishi kabi omillar milliy davlatchilik tarixida xolis baholanyaptimi? Tarixiy shaxslarni zamonaviy siyosiy-me’yoriy mezonlar bilan baholash qanchalik to‘g‘ri?
4. Bugungi o‘zbek tarixshunosligi temuriy, chingiziy va shayboniy merosni bir butun turkiy-musulmon davlatchilik an’anasi sifatida ko‘rishga tayyormi? Yoki biz hanuz sovet davrida shakllangan “o‘troq – ijobiy / ko‘chmanchi – salbiy” kabi sun’iy qarama-qarshilik paradigmasidan chiqa olmayapmizmi?
Husan KARVONLI
Shu kecha va kunduzda
Qish fasli g‘oliblari
“Chingiz to‘rasini g‘arib rioyat qilurlar edi…”
SADOQAT TIMSOLI
Mehr bilan yengilgan dardlar
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank