IMKONIYATLAR NATIJA BERMOQDA
O‘zbekistonda keyingi bir necha yil ichida til o‘rganish ommaviy harakatga aylandi. Bu sohadagi eng katta o‘zgarish xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan ijtimoiy talabning keskin oshganidir.
“Til bilgan – el biladi” degan g‘oya xalq orasida yangi ma’noda yangramoqda: til faqat tarjimonlik uchun emas, balki global maydonda o‘z so‘zini ayta olish, ta’lim, ilmiy izlanish, texnologiya, biznes va madaniyatlar almashinuvida ishtirok etish imkoniyati sifatida qabul qilinmoqda.
So‘nggi yillarda qabul qilingan qarorlar esa chet tillarini o‘qitishni butunlay yangi tizimga aylantirdi. O‘zbekistonda nafaqat ingliz tili, balki boshqa xorijiy tillarni o‘rganish keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan:
- xorijiy til bo‘yicha A2 va undan yuqori darajadagi sertifikati bo‘lgan maktab bitiruvchilari texnikum, kollej va litseylarga o‘qishga kirishda chet tili fani bo‘yicha testdan ozod qilinadi va maksimal ball beriladi;
- “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xorijiy til o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga 6 oygacha kursga qatnashi uchun har oyda BHMning 4 baravarigacha pul beriladi;
- xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 sertifikatini olgan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning testga kirish uchun to‘lagan pullari davlat hisobidan qaytarib beriladi;
- xorijiy tillar bo‘yicha B2 yoki undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar testdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi;
- ta’lim muassasalarining kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega xorijiy tillar o‘qituvchilariga har oylik 50 foiz qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Kamida C1 sertifikatini olgan o‘qituvchilarning testga kirish uchun to‘lagan pullari davlat hisobidan qaytarib beriladi va ular attestatsiyadan ozod qilinadi;
- milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat xizmatchilari lavozim maoshiga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi;
- ommaviy axborot vositalarida kamida 1 yil asosiy ishi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlari xorijiy tillar bo‘yicha B2 va undan yuqori natija ko‘rsatsa ularga ikki turdagi imtiyoz: xorijiy tilni o‘rganish xarajatlari uchun BHMning 15 baravarigacha pul beriladi va imtihon topshirish uchun to‘langan pullar to‘liq qoplanadi;
- qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitishni tashkil etish uchun tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha mahalliy budjetdan bir martalik subsidiya beriladi.
Bugungi kunga qadar xalqaro imtihon tizimlaridan yuqori ball to‘plagan yoshlarga 80 mlrd 42 mln so‘m mablag‘ ajratish orqali 42 779 nafar yoshlarning imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab berilgan. Albatta, bunday imkoniyatlar va imtiyozlar o‘z natijasini bermay qolmaydi.
Xususan, 2024-yilda birgina IELTS imtihonidan 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 2020-yilga nisbatan 5 baravar, 7–8 ball (C1 daraja)ni qo‘lga kiritganlar 7,4 baravar, 8,5–9 ball (C2 daraja)ga erishganlar esa 23,7 baravar oshgani kuzatilgan. Til o‘rganish nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki iqtisodiy foyda, ta’limga yo‘l, kasbiy o‘sish va global raqobatda ishonchli poydevorga aylandi.
O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan strategik yo‘nalishlarida tashqi bozorlarga chiqish, investitsiya va texnologiya jalb etish, xalqaro kooperatsiyani kuchaytirish kabi vazifalar bor. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun chet el manbalari bilan bevosita ishlaydigan mutaxassislar, xalqaro tadqiqotlarda ishtirok eta oladigan olimlar, dunyo bozoriga chiqishni maqsad qilgan tadbirkorlar, global muomaladan qo‘rqmaydigan yoshlarga ehtiyoj bor.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda mamlakatimizda chet tillarini o‘rganishni yanada chuqurroq targ‘ib qilish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va mavjud imkoniyatlar bazasini kuchaytirish uchun quyidagilar taklif etiladi:
2) Chet tillarni o‘zlashtirishda imtihon tizimining shaffof va ommabopligi muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan barcha hududlarda IELTS, TOEFL va CEFR markazlarini ko‘paytirishga e’tibor qaratish;
3) Ta’limda bilish emas, qo‘llash madaniyatini kuchaytirish. Fanlar bo‘yicha ingliz tilida seminarlar, xalqaro onlayn kurslar bilan integratsiya qilinadigan darslar hamda professor-o‘qituvchilar uchun minimal til talablarini bosqichma-bosqich oshirib borish;
4) Yoshlarning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirish. Bunda xalqaro tanlovlar, debatlar, olimpiadalarda yoshlarning ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, til o‘rganuvchi yoshlar uchun grantlarni ko‘paytirish tavsiya etiladi.
Xulosa qilib aytganda, chet tillarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning intellektual rivoji, global bozorga chiqish imkoniyatlari, innovatsion iqtisodiyot va kadrlar salohiyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Lobar BO‘RONOVA,
Toshkent shahridagi 50-maktabning
ingliz tili o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
IMKONIYATLAR NATIJA BERMOQDA
FAN OLIMPIADALARI: NATIJA VA RAG‘BAT
“Attestatsiyadan 100 ball oldim”
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ILM-FAN VA TA’LIM-TARBIYANI RIVOJLANTIRISH “ZIYO FORUM” FONDI TOMONIDAN TASHKIL ETILGAN “AVLOD GRANT” LOYIHASI
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank