Markaziy Osiyoda bandlik va farovonlik masalalari Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida muhokama qilindi

Jarayon Markaziy Osiyoda bandlik va farovonlik masalalari Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida muhokama qilindi
44


Bugun Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida Markaziy Osiyoda bandlik va farovonlikning iqtisodiy o‘sish masalalari bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy muhokama tashkil etildi.

Unda makroiqtisodiy jarayonlar va mehnat bozorlari dinamikasi, shuningdek, mintaqaning iqtisodiyoti barqarorligi va moslashuvchanlik masalalari tahlil qilindi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari qatnashdi. 

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Nadji Benxasin tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, “O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakat barqaror iqtisodiy o‘sish bosqichiga kirdi. Bu o‘zgarishlar milliy iqtisodiyot taraqqiyoti uchun yangi yo‘l ochdi. O‘zbekiston oldinga intilayotgan hozirgi sharoitda ushbu dinamikani saqlab qolish juda muhim — faqat yuqori o‘sish ko‘rsatkichlarini ta’minlash uchun emas, balki malakali yoshlarni ish bilan ta’minlash orqali ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun ham. Ish o‘rinlarini yaratishni va yoshlarning qobiliyat hamda intilishlariga mos imkoniyatlarni kengaytirishni ustuvor yo‘nalishga aylantirgan O‘zbekiston farovon va inklyuziv kelajak uchun mustahkam poydevor yaratmoqda — bunda har bir fuqaro mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shib, uning samarasidan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi”, deb ta’kidladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Nozimjon Ortiqov tadbir ishtirokchilariga murojaatida yashil iqtisodiyot va sun’iy intellekt rivojlanayotgan hozirgi sharoitda mutaxassis, «inklyuziv ish o‘rinlarini yaratish uchun davlat, biznes va hamkorlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish» zarurligini qayd etdi.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh iqtisodchisi Ivan Torre hisobotning asosiy xulosalarini taqdim etib, uchta ustuvor yo‘nalishni alohida ta’kidladi: bandlikni qo‘llab-quvvatlovchi inson kapitali va jismoniy infratuzilmani rivojlantirish; biznes uchun qulay sharoitlarni ta’minlovchi dasturni amalga oshirish; barqaror huquqiy-normativ muhitni yaratish va xususiy kapitalni jalb etish.

Hisobot mualliflari ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo jami makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchi pozisiyasini saqlab qolmoqda. Prognozlarga ko‘ra, mintaqaning real YAIM o‘sishi 2026 yilda 5 foiz, 2027 yilda esa 4,6 foiz darajada bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy hissani O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiyotlari ta’minlaydi. O‘zbekiston mintaqadagi eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan beshta iqtisodiyot qatoriga kiradi. Mamlakatda 2025 yilda YAIM 6,2 foizga, 2026 yilda esa 6 foizga oshishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida bandlikning yangi o‘sish nuqtalari qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yuqori texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan kamyob yer minerallarini qazib chiqarish sohalarida shakllanmoqda. Mintaqaning salohiyati ichki energiya talabining ortib borishi, qulay geografik joylashuvi va quyosh hamda shamol elektr stansiyalarini rivojlantirish uchun yetarli yer resurslariga egaligi bilan belgilanadi.

Markaziy Osiyoda bandlik o‘sishi hozircha moʻtadil, ammo barqaror tusda kechmoqda. Eng katta hissa O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi — bu yerda YAIM o‘sishi bilan ish o‘rinlari yaratilishi o‘rtasidagi mutanosiblik yuqori darajada namoyon bo‘lmoqda. Qozog‘iston ham mintaqaviy o‘sishga salmoqli hissa qo‘shmoqda, ammo uning ta’siri bandlik darajasiga nisbatan cheklanganligicha qolmoqda. Umuman olganda, Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari iqtisodiy o‘sishga nisbatan ijobiy bandlik elastikligini namoyon etmoqda, bu esa iqtisodiy o‘sishni yangi ish o‘rinlariga aylantirish qobiliyati mavjudligini ko‘rsatadi.

Ishtirokchilar bandlikni mustahkamlash, investisiyalarni jalb etish va mintaqaviy iqtisodiyotlar barqarorligini oshirish yo‘llari haqida fikr almashdilar.

Tadbir yakunida ekspertlar milliy va xalqaro institutlar o‘rtasida tahliliy ma’lumotlar hamda ilmiy tadqiqotlar bilan muntazam almashinishning ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #O‘zbekiston

Ulashish