Musofir “Robot”

Munosabat Musofir “Robot”
38



Insonning uyidan olisdagi hayoti, vatan va yaqinlar sog‘inchi bilan yashashi, kunlari bir xil, rangsiz o‘tishi… Joriy yil boshida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan yaratilgan “Robot” animatsion filmi qahramoni mana shunday kechinmalarni boshdan kechiradi. Filmda texnologiyalar asrida yashayotgan oddiy insonlar haqida so‘z boradi. 


Animatsiya ijtimoiy tarmoqlarga joylanganidan so‘ng ikki-uch kun ichida 600 mingdan ortiq marta ko‘rildi va hozirga qadar ham bu davom etyapti. Qolaversa, aksariyat tomoshabinlar film haqida iliq fikrlarini yozib qoldirgan.


– “Robot” qisqa metrajli filmi uch oy davomida qilingan mehnat samarasi, – deydi film  animatori Erkin Xushmatov. – Besh daqiqalik animatsion film uchun mingdan ortiq rasmlar ishlatildi. Uning ko‘p qismlari ketma-ket, kadrma-kadr qo‘lda chizilgan. Ranglari va stilistikasini bir-biriga bog‘lab, boshqalariga o‘xshamagan holda yetkazib berish esa rolikning yanada ta’sirli bo‘lishiga yordam berdi. 


Darhaqiqat, animatsion filmda jamiyatimizdagi eng og‘riqli masalalardan biri ko‘tariladi. Hozir qariyb 3 mln o‘zbekistonlik xorijda mehnat qiladi. Mehnat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning aksariyati Rossiya, undan keyin Qozog‘iston, Turkiya va boshqa davlatlarda faoliyat yuritib kelmoqda. 2023-yil dekabr holatiga ko‘ra, ular­ning 27 foizi ayollar. Biz tilga olgan filmda mana shunday yurtdoshlarimiz hayoti ochib berilgan. Chet davlatga ishlagani ketgan film qahramoni yaqin­laridan uzoq, his-tuyg‘ulardan yiroq faqat mehnat uchun moslashtirilgan robotga o‘xshaydi. Farzandlarini so‘g‘insa-da, bir xo‘rsinadi-yu, yana ishida davom etadi. Pul topadi-yu, baxtni his qilmaydi. Kulminatsion nuqta esa film so‘ngida mohirona ochib berilgan…


– Bu mavzu haqida ilgari hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman­­, – deydi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti psixologiya fani o‘qituvchisi Mushtariy Abdullayeva.


– Lekin bunday filmlar yoshga moslab ajratilgani ma’qul. Misol uchun, “Uy”, “Robot” kabi animatsion filmlar maktab yoshidagi bolalar va kattalar uchun tavsiya qilinadi. Chunki 5 yoshdan kichik bolalar uchun biroz jiddiylik qilishi mumkin. Bunday animatsion filmlar insonni ko‘proq tafakkur qilishga undaydi. Tafakkur qilishdan oldin esa insonda bilim va tajriba bo‘lishi muhim. Bolada 5 yoshgacha fikrlash qobiliyati endigina shakllanayotgan bo‘ladi. Yana bir masa­la bor: maktab o‘quvchilarining ham qanday animatsion filmlarni ko‘rayotganini nazorat qilish lozim. Boisi, ba’zi animatsion filmlarda qahramonlar haddan ortiq ideallashitirilgan holatda namoyish qilinadi. Bu bolani real hayot­dan uzoqlashtirishi, hayot haqidagi qarashlarini butunlay yoki qisman o‘zgartirib yuborishi mumkin. Har doimgidek me’yor bo‘lgani yaxshi. 


Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, filmda jamiyatdagi og‘riqli holatlar chiroyli ochib berilgan. Bizga “Uy”, “Robot” kabi asarlar ko‘proq kerak. Zero, inson hayot ekan ko‘rgan, eshitgan va bilganlarini o‘ylab, fikrlab yashaydi.

Feruza JO‘RAYEVA,

O‘zJOKU talabasi

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar

Ulashish