“NAVOYI” TAXALLUSI IMLOSI VA BADIIY MA’NO MIQYOSLARI (Abdulla A’zamning “Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l...” sarlavhali maqolasiga raddiya)

Nizomiddin Alisher taxallusining, aslida, “Navoiy” emas – “Navoyi” yozilishi to‘g‘risidagi muammo endi ko‘tarilayotgani yo‘q. Bu – isbot talab qilmaydigan ayon haqiqatlardan biri. “Navoyi” yozilishi to‘g‘riligi – jamoatchilik orasida, matbuot sahifalarida va yana ayrim manbalarda tan olingan, oshkora e’tirof etilgan, amalda qo‘llab kelingan haqiqat. Masalan, o‘zbek milliy uyg‘onish davri adabiyotining yirik namoyandasi, buyuk jadid Abdurauf Fitrat o‘z asarlarida taxallusni aslidagiday qo‘llagan, asarlaridagi taxallus mustaqillik davridagi nashrlarda ham aslicha chop etildi. Tabiiyki, bu ulug‘ olim ongli ravishda shunday ish tutgan. Jadidchilik solnomasi bo‘lmish butun boshli “Alanga” jurnali Navoyi taxallusini aslidagidek yozgan. Umuman, jadidlar davrida bu masalada keyinchalik og‘ib ketish haqida ehtimol ham bo‘lmagan.
Professor Hamid Sulaymon 1977-yili “Adabiy meros” ilmiy asarlar to‘plamining to‘qqizinchi sonida “Alisher Navoyi nomining yozilish shakllari va imlosi haqida” maqolasida masalaga manbashunos sifatida yondashib, uni to‘g‘ri hal etgan edi. Hamid Sulaymon maqolasida ushbu g‘alati mashhur xatoning kelib chiqish tarixi shunday yoritilgan: “1937-yildan boshlab, 40 yildan buyon “Navoyi” taxallusi “navo” “ ” so‘ziga qo‘shilgan ikki “yo” “” harfidan tashkil topgan yoyi nisbat “yi” “” ning hozirgi o‘zbek grafikasida noto‘g‘ri “iy” shaklida yozilishi qat’iy qoida tusiga kirib qolgan... Alisher Navoyining 500 yillik yubileyiga tayyorgarlik boshlangan 1930-yillarda o‘sha yillardagi imlo qoidalariga sun’iy ravishda moslashtirish (“yi” va “iy”ni faqat bir formada – “iy” bilan) yoki ayrim qusurli qo‘lyozmalarda “hamza” orqali yozilgan nusxalarga tayanish tufayli bo‘lsa kerak, shoir taxallusini “Navoiy” shaklida yozish odat tusiga kirib bordi” (Hamid Sulaymon. Alisher Navoyi nomining yozilish shakllari va imlosi haqida. “Adabiy meros”. O‘zbek adabiyoti tarixidan material va tadqiqotlar, 1977-yil, 9-son, 43-bet). Demak, bundan yaqqol anglashiladiki, Navoyi taxallusini eski o‘zbek yozuvi va yangi o‘zbek lotin yozuvidan kirill (rus) yozuviga o‘tish jarayonida xato yozish ommalashgan. Hech qanday qonun-qoidasiz, beixtiyor g‘alat taxallusni ommaviy ravishda ishlatish – g‘alati mashhurni keltirib chiqargan. Asli o‘zi g‘alat – xato bo‘lishiga qaramay, mashhur bo‘lib ketgan narsa xalq tilida “g‘alati mashhur” deyiladi. Bunday g‘alati mashhurlar ko‘p. Lekin Navoyiday buyuk mutafakkirning taxallusi oddiy g‘alati mashhur emas, u – tuzatishga loyiq va muhtoj. Hamid Sulaymonning chuqur tekshirishi natijasi, ishonchi, xulosasiga ko‘ra: “Hozirgi yozuvimizda(taxallusning) “Navoyi” variantini qabul qilishimiz ham imlo, ham talaffuz, ham tarixiy jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi... Taxallus va nisbalar so‘z undosh harflar bilan tugallanganda “iy”, unli harflar bilan tugallanganda “yi” affikslari bilan yasalishi o‘zbek tili tarixiy grammatikasi va fonetikasi uchun qonuniy holat ekan, binobarin, shoir taxallusini biz ham eski yozuvda asliga muvofiq “”, hozirgi grafikamizda esa “Navoyi” yozish qoidasini qabul qilmog‘imiz kerak (o‘sha maqola, 44-45-betlar)”. Afsuski, bu tadqiqot hayotiy aks-sadosiga, amaliy tatbiqiga erishmadi. Navoyi taxallusini asliga muvofiq to‘g‘ri yozish haqida na biror qoida, na biror farmon, farmoyish, qaror qabul qilindi. Oradan ko‘p yillar o‘tdi...
Atoqli navoyishunos, professor Abduqodir Hayitmetov “Meros va ixlos” kitobidagi “Tekstologik xato – bosh xato!” sarlavhali maqolasida taxalluslar imlosi masalasini ko‘tardi va mazkur muammoga ijobiy munosabat bildirdi: “Navoiy” taxallusi ham aslida “Navoyi” deb yozilishi va o‘qilishi kerak. Chunki ulug‘ shoir taxallusi qo‘lyozmalarda shu xilda yozilgan. Masalan, Husayniy “G‘am yema, mahzun ko‘ngulkim, dilraboying kelgusi” deb boshlangan g‘azalida shoir nomini “ishratfizoying”, “humoying”, “rahnamoying”, “oying” kabi so‘zlarga qofiya qiladi:
Ey Husayniy, qilmag‘il ishrat navosinkim, bukun
Kim, gulistoni nishotingg‘a Navoying kelgusi.
“Navoiy” deb yozish shoir she’rlarini vazn nuqtayi nazaridan to‘g‘ri o‘qishni ham qiyinlashtiradi. Mazkur she’rni ham shoir taxallusini “Navoiying” deb o‘qish mumkin emas. (A.Hayitmetov. Meros va ixlos. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, Toshkent, 1985. 117-118-betlar).
Taxallusning imlosi to‘g‘risida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1990-yil 9-noyabr sonida bizning “To tuzdi navoyi oyati ishq...” sarlavhali maqolamiz bilan bahs-munozara ko‘tarilganida, akademik Alibek Rustamov “Navoyi” variantini qo‘llab-quvvatlagan holda, shunga qo‘shimcha bir shaklni tavsiya etgan. Uning fikriga ko‘ra, taxallus “asli “Navoyiy”dir. Chunki “”dagi ikkita “yo” ikkita “y”ni, “zer” “i”ni bildiradi”. Ehtimol, bu fikrni arab tili grammatikasi nazariyasi jihatidan asoslash mumkindir. Lekin amalda birorta qo‘lyozma manbada taxallus qo‘shimchasining “sukun” va “zer” bilan yozilgan shaklini uchratmadik. Agar asli shunday bo‘lsa, biror manbada kotib bu muhim muammoga ishora qilishi kerak edi.
Matbuotdagi qizg‘in bahs-munozara, isbot va dalillar jamoatchilikda ishonch uyg‘otdi. Bir muddat “Xalq so‘zi” gazetasi va “Mushtum” jurnalida taxallusning to‘g‘ri imlosiga o‘tildi. Biroq taxallusni qanday yozish haqida biror qaror qabul qilinmaganligi va ma’muriy buyruqbozlikka o‘rganilganligi sababli, jamiyat maxsus qarorga ehtiyoj sezdi shekilli, yana xato imloga qaytdi.
1998-yili “Sharq” nashriyotida chop etilgan “Istiqlol va ona tilimiz” nomli kitobimizning bir qismini ham shu muammoni yoritishga bag‘ishlaganmiz. Kitobning barcha boblarida Navoyi taxallusi aslidagidek chop etildi. Biz keyingi davrda chop etilgan barcha kitoblarimizni, shu jumladan, oliy o‘quv yurtlari uchun tayyorlangan “O‘zbek adabiyoti tarixi (XVI–XIX asr I yarmi)” nomli darsligimizni (tender asosida vazirlik tomonidan turli nashriyotlarda 4 marta nashr etildi), “Qaro ko‘zum” g‘azali tadqiqi” nomli monografiyamizni (“Muharrir” nashriyoti, T., 2021-yil), “Satrlar silsilasidagi sehr” monografiyamizning 3-nashrini (ANORBOOKS, T. 2023) va ilmiy to‘plamlar hamda “Ma’rifat” gazetasidagi ko‘p maqolalarimizni Navoyi taxallusining asl imlosida nashr etmoqdamiz. Nega nashriyotlar, muharrirlar va olimlar bizga to‘sqinlik qilishmayapti? Chunki ular ilmiy jihatdan to‘g‘ri yo‘lda turganimizni tushunishyapti. “Kitob imlosidagi ayrim xususiyatlarga izohlar” berishga majbur bo‘lyapmiz. Nega majburmiz, nega haqiqat uchun bitta o‘zimiz kurashyapmiz? Navoyi taxallusini to‘g‘ri yozish faqat bizga kerakmi? Yo‘q, jamoatchilik loqayd emas, u haqiqat qayta-qayta isbotlangan bo‘lishiga qaramay, qat’iy va uzil-kesil qaror qabul qilinishiga ilhaq.
Taxallusning to‘g‘ri talqinini amalga oshirishga, yillar mobaynida shakllangan “Navoiy” deb yozish an’anasidan voz kechishga na navoyishunoslarda, na davlat va jamiyatda, na matbuot idoralarida jur’at yetarli. Aftidan, g‘ayriilmiy an’ananing mustahkam o‘rnashgani, xalq “Navoiy” atamasiga juda ko‘nikib ketgani, buning ustiga, ayrim nomutaxassislarning o‘sha g‘alati mashhurni qo‘llab-quvvatlayotgani aksiomani qayta-qayta isbotlashni talab qilayotganga o‘xshaydi. Fizika-matematika fanlari doktori Abdulla A’zamning “Jadid” gazetasi 2024-yil 9-fevral sonida e’lon qilingan “Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l...” sarlavhali maqolasi salkam 25 yillik sukunatni buzdi va taxallusning xato imlosi to‘g‘riligini da’vo qildi. An’anaga sadoqat va uni buzish o‘rinli-o‘rinsizligi masalasida shuni aytish kerakki, ming yillik to‘g‘ri va muqaddas an’ana oldida Alisher Navoyi taxallusini “-iy”lashtirib yozish an’anasining umri qisqa. Aslida, qadimiy an’ana, qoida noto‘g‘ri buzilgan. Shuning uchun bugungi omonat an’anadan voz kechib, ota-bobolarimiz an’anasini tiklasak, xatoni tuzatgan bo‘lamiz, xolos. Navoyidek ulug‘ zotning taxallusi haqida bahslashish shakkoklikday tuyulishi mumkin. Lekin, basharti, isbotlash, ishontirish zarurati bor ekan, bunga yana bir bor urinib, birgalashib fikrlashib ko‘raylik.
A.A’zam tap tortmasdan: “Daho shoir taxallusini “Navoyi” deguvchi adabiyotshunoslar yo‘q emas. Bunga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi”, deydi. Xo‘sh, “Navoyi” deguvchi adabiyotshunoslar” kimlar? O‘zimizni va boshqa maxsus munosabat bildirmagan adabiyotshunoslarni soqit qilganimizda, ular kamida akademik Alibek Rustamov, professorlar Abdurauf Fitrat, Hamid Sulaymon, Abduqodir Hayitmetov. Bir fizika-matematika fanlari doktorining butun umrini Alisher Navoyi ijodiyotini tadqiq etishga sarflagan titan adabiyotshunoslarga shak keltirishi olimlik odobiga, insof va adolatga to‘g‘ri keladimi? Boz ustiga, bu olimlar qo‘lyozma manbalar asosida ilmiy tadqiqot olib borganlar, fizik-matematik esa zamonaviy nashrlar yuzasidan fikr yuritadi. Qo‘lyozma manbalar tahlili orqaligina to‘g‘ri yechim topish mumkin bo‘lgan navoyishunoslikning eng nozik masalalaridan biriga aralashishga, nainki aralashish, hukmfarmolik qilishga uning ma’naviy huquqi bormi? A.A’zam, adabiyotshunoslikda ancha-muncha ish qilganiga qaramay, baribir, bu sohada nokasbiy (noprofessional), layoqatsiz (kompetentsiz) ekanligini oshkor etib qo‘yadi. U: “... atoyi, gadoyi, fidoyi, binoyi kabi shakl so‘zga jo‘nlik ma’no ottenogini berib, taxalluslarga xos bo‘lishi lozim patetikani, shoirona injalikni yo‘qqa chiqaradi. Navoiy emas, Navoyi deguvchilar aynan mana shuni e’tiborda tutayotgan bo‘lsalar, buni ochiq bayon qilishlari lozim”, deya adabiyotshunoslarni boshi berk ko‘chaga tiqmoqchi bo‘ladi. Adabiyotshunoslar “buni ochiq bayon qilgan” bo‘lsalar-u, A.A’zam ko‘rmagan bo‘lsa, kim aybdor? O‘zagi unli tovush bilan tugagan taxalluslar “-yi”, o‘zagi undosh bilan bitgan taxalluslar “-iy” qo‘shimchasini olishi H.Sulaymonning biz eslatgan maqolasi va bizning zikr etilgan maqolamizda ochiq bayon etilgan. Katta adabiyotshunos olim Sayfiddin Rafiddinovning dissertatsion tadqiqotida hamda “Haqiqat va majoz” monografiyasida ham Atoyi taxallusining to‘g‘ri yozilish shakli ilmiy asoslab berilgan. Bu – har xil shaxsiy mayllarga itoat etmaydigan tildagi umumiy qonuniyat.
Maqolada o‘rinsiz e’tirozlar, kimga qaratilganligi noma’lum iddaolar keskin jaranglaydi. “Navosiz ulusning navobaxshi bo‘l, Navoyi yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l” bayti haqida fikr yuritar ekan, muallif: “Bu baytdagi navosiz va navobaxsh so‘zlarini kuy bilan bog‘lash g‘irt bema’nilikdir”, deya yozg‘iradi. Xo‘sh, kim, qaysi adabiyotshunos bu so‘zlarni kuy bilan bog‘labdi? Agar, mabodo, kimda-kim shunday talqin etgan bo‘lsa, uni zarda qilmasdan, ochiq aytish ilmiy tanqid madaniyatidan bo‘lardi.
Ilmiy asosga ega bo‘lmagan mana bu jumlaga e’tibor bering: “navoyi, gadoyi, vidoyi so‘zlari lug‘atda (?) bor, ammo vafoyi, muammoyi, halvoyi, naimi, safoyi, baqoyi, fanoyi, zeboyi, ziyoyi so‘zlari mavjud emas, bu so‘zlarga o‘zakdosh, “Majolis un-nafois”da zikr etilgan taxalluslar Vafoiy, Muammoiy, Halvoiy, Naimiy va hokazo ekanligi shubhasiz”. Birinchidan, dunyoda lug‘atlar ko‘p, ular turli tillarda, turli yozuvlarda. Bunda qaysi lug‘at nazarda tutilyapti? Ikkinchidan, A.A’zam qo‘lyozma manbalar yoki juda bo‘lmasa, navoyishunos olima Suyima G‘aniyeva tomonidan tuzilib, nashr etilgan “Majolis un-nafois”ning ilmiy-tanqidiy matnini ko‘rganida, zinhor bunday da’vo qilmas edi.
Navoyi taxallusining omonimik xususiyati, ya’ni ikki ma’noliligini A.A’zam ko‘p o‘rinda ihom san’ati deya talqin etadi. Hatto, bir o‘rinda bor baraka qilib, “uch qavat iyhom” deb ham yuboradi. She’riyatda so‘zning har qanday ko‘pma’noliligi ihom bo‘lavermaydi. Muallif tahlilga tortgan misollar ihom emas, tajnisdir. Shunda ham, agar “Navoiy” emas – “Navoyi” yozilsagina, tajnis bo‘la oladi. Ihomni tajnisdan nainki boshqa soha mutaxassisi, hatto, uncha-muncha adabiyotshunos ham ajrata olmaydi. Shu bois ko‘p adabiyotshunoslik kitoblarida, yuzlab testlarda tajnis hodisasi ihom deya talqin etilgan. A.A’zam “Qaro ko‘zum...” g‘azali tahlilida ham ihomga to‘g‘ri ta’rif bera olmagan: “Iyhom – she’rdagi so‘z bir necha ma’noga ega bo‘libgina qolmay, bu ma’nolarning har biri ham umumiy mazmunga muvofiq kelishidan iborat san’at, ya’ni tajnisning nozik va nafis shakli” (Jahon adabiyoti, 2004-yil, fevral soni, 156-163-betlar). Bu – ihomni yetarli bilmaslik va qadrlamaslik. Ihom tajnisning turi yo shakli emas.
Badiiyat ilmida har bir san’atning o‘z o‘rni bor. Badiiyatda ihom tajnisdan baland turadi. U – juda noyob hodisa.
Tajnis qo‘llashda ustasi farang bo‘lib ketgan har qanday shoir ham ihom qo‘llayolmasligi mumkin. Shoirning mahoratini ko‘rsataman deb, albatta, yo‘q yerdan ihom topib chiqarishimiz shart emas.
Ihomning juda nozik o‘ziga xosligini badiiyatshunos olim Yoqubjon Is’hoqov quyidagicha tushuntiradi: “Shoir ikki ma’noli so‘zni she’rda (nasrda ham bo‘lishi mumkin) shunday mahorat bilan ishlatadiki, natijada, o‘sha so‘zni har ikki ma’nosida ham tushunish mumkin (San’atning bu holati hali ihom emas – tajnis. Ihomning xos, sehrli xosiyati keyingi jumlalarda bayon etiladi – N.J.) Biroq ma’noning biri oshkora va ikkinchisi yashirin ifodalanadi. Shoirning maqsadi esa odatda ana shu ikkinchi yashirin ma’noni izhor qilishdan iborat bo‘ladi” (Y.Is’hoqov. So‘z san’ati so‘zligi. “O‘zbekiston”, T., 2014, 61-bet). Ihom san’atiga Y.Is’hoqov keltirgan namunalar orasida eng yorqin misol Boburning quyidagi baytidadir:
Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zumdin qon ravon qildi,
Nega holim yamon qildi – men ondin bir so‘rorim bor.
Baytdagi san’atni Y.Is’hoqov quyidagicha izohlaydi: “Baytning 2-misrasida ihom san’ati mavjud. O‘quvchi dastlab misraning mazmunini “Nega holim yomon qildi, Men undan bir so‘ramoqchiman” tarzida tushunadi. Agarda gap ma’shuqaning labi ustida borayotganligini e’tiborga olsak, shoirning maqsadi boshqacha bo‘lganligi va misraning mazmuni ham chuqurroq ekanligi ma’lum bo‘ladi: “So‘rorim bor” yuzaki qaraganda “So‘ramoqchiman” tarzida tushunilsa-da, shoirning maqsadi uning ikkinchi ma’nosi bilan, ya’ni “so‘rmoq” (bo‘sa ma’nosida) bilan bog‘langan”(o‘sha kitob, 59–60-betlar). Mana bu – haqiqiy ihom. Bunda ikkinchi ma’noni yashirin, sirli ifodalashning sababi ham bor. Bu – ma’noning oshkora ifodalashga mos bo‘lmagan uyatlilik xususiyatidir. Shu uyatlilikni shoir yashirish (xaspo‘shlash) maqsadida she’r muxlisini birinchi – yuzaki ma’noga chalg‘itadi. Faqat nozikta’b, zukko she’rxongina uni ilg‘ab oladi. Ana shunday yashirin, nozik ma’no ifodalamagan tajnis ihom bo‘la olmaydi.
Nizomiddin Alisher taxallusining “Navoiy” shaklini inkor etib, “Navoyi” deb yozishimizga quyidagicha asoslar bor. Bu o‘zaro aloqador asoslar bir-biridan kelib chiqadi, bir-birini quvvatlaydi va taqozo qiladi.
1. Adabiy taxallus xalqning milliy, madaniy, lisoniy boyligi hisoblanadi va uning qismati huquqiy jihatdan o‘sha xalqning “Davlat tili haqida”gi qonuni ixtiyori hamda muhofazasidadir. Masalaga O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni talablariga muvofiq yondashsak, adabiy taxalluslar o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari, milliy-tarixiy an’analarga muvofiqlashtirib, aslidagidek yoziladi. Bu qonun, bevosita, Navoyi va boshqa mumtoz adiblarimiz taxalluslariga ham tegishli.
2. Eski o‘zbek yozuvida taxallus “” tarzida yoziladi. “” tarzida “hamza” bilan yozilishi ayrim hollardagina uchraydi. “Hamza” belgisidan “Navoiy” yozilgani anglashilmaydi. “Navo” so‘zi unli bilan tugallangani uchun, “Yo”-yi nisbat” oldidan yana bir “yo” orttirilgan va yozuvda ikkita “yo” yonma-yon “” tushib qolgan. Imlo qoidasiga muvofiq, shu ikki “yo”dan biri “hamza” orqali qisqartirib ifodalangan.
3. Tarixiy qo‘lyozma va bosma manbalarda ham “Navoyi” shakli qo‘llanib kelgan. (Qarang: London, Britaniya muzeyi, qo‘lyozma № 401, Navoyining birinchi rasmiy devoni – “Badoye ul-bidoya”ning 1482-83-yilda ko‘chirilgan nusxasi; Ozarboyjon Ilmlar akademiyasi, qo‘lyozma № 3010, “Badoye ul-bidoya”ning 1484-yilda ko‘chirilgan nusxasi; Toshkent, O‘zR FA Adabiyot muzeyi, qo‘lyozma № 84, “Badoye ul-bidoya”ning 1486-yilda ko‘chirilgan nusxasi; Toshkent, O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, qo‘lyozma № 3984, XV asr oxirida Sultonali Mashhadiy ko‘chirgan terma devon). Asliyatga eng yaqin manbalar – shoirning o‘z dastxati deb tan olingan qo‘lyozma devonida va uning “Ilk devon”ida ham taxallus “Navoyi” tarzida qo‘llangan. (Qarang: 1466-yili ko‘chirilgan qo‘lyozma, xattot Sultonali Mashhadiy, Sankt Peterburg, Saltikov-Shchedrin nomidagi kutubxona, 564-raqam).
4. Shoir taxallusining “Navoiy” shakli o‘zbek tilining talaffuz (orfoepiya) talablariga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbek tili talaffuzi tabiatiga “Navoiy”dagi singari ikki unli yonma-yon kelishi (oi) xos emas.
5. Taxallusning “Navoiy” shakli – sun’iy va kitobiy. Shuning uchun ham, shoir taxallusini kitobdan o‘zlashtirgan o‘qimishli kishilar uni “Navoiy” tarzida bemalol talaffuz qiladilar. Kitobga suyanmagan oddiy xalq vakillarining esa bunday talaffuzga tillari qovushmaydi. Tabiiy ravishda ulug‘ shoirni “Navoyi” deb ataydilar va buning uchun biz ba’zan ularni savodsizlikda ayblashdek hollarga boramiz.
6. Turkiy tilda so‘zlashuvchi qardosh xalqlar va boshqa ellar, jumladan, tojiklar, shoir tavallud topgan tuproqda istiqomat qiluvchi Afg‘oniston o‘zbeklari, afg‘onlar ham Nizomiddin Alisherni “Navoyi” deb ulug‘laydilar. Turk arqadoshlarimiz “Nevayi” deb yozadilar va aytadilar. Bobokalonimiz Navoyi taxallusini aytish va yozishda biz – uning vorislari – mustamlakachilik mafkurasi hukmronligi davrida nainki turkiylar, balki butun dunyoga qarshi mavqeda turdik.
7. Taxallusning “Navoyi” imlosini shoir asarlarining badiiyati qonunlari, jumladan, vazn taqozo etadi. Masalan, “Navoyi”ni “Navoiy” deb yozish tajribasi ba’zi hollarda asarlar vazni buzilib ketishiga sabab bo‘lgan:
Dedim: “Erur Navoiy o‘z dardig‘a chorasiz”, dedi:
“Gar alamimg‘a chora yo‘q, bo‘lmasa bo‘lmasun, netay”.
Ushbu bayt “Badoye ul-vasat” devonidagi 616-g‘azalning maqtasi bo‘lib, g‘azal “Rajazi musammani matviyi maxbun” vaznida bitilgan. Mazkur vaznning ohang tasviri quyidagicha bo‘ladi:
Muftailun mafoilun muftailun mafoilun
. – V V – V – V – – V V – V – V –
Bunday ohang baytdagi taxallus “qisqa – uzun – uzun” emas, balki “qisqa – uzun – qisqa” bo‘g‘inlardan iborat bo‘lishini – Navoyi yozilishini taqozo etadi. Vazn talabiga rioya etsak, matnning nuqsonsiz ko‘rinishi mana bu holatga keladi:
Dedi-m+“Erur/ Navoyi o‘z/ dardig‘a cho/rasiz”, dedi
– V V –/ V – V –/ – V V –/ V – V –
“Gar alamimg‘a chora yo‘q, bo‘lmasa bo‘lmasun, netay”.
Bunda ohang to‘siqdan forig‘ bo‘lgan suvday o‘ynoqlab oqadi, g‘azalxon ham misraning biror nuqtasida qadalib qolmaydi. Taxallus o‘zining tabiiy ohangi va imlosiga
muyassar bo‘ladi.
8. Qofiya qonuniyatlari ham taxallusning “Navoyi” shaklida yozilishini taqozo qiladi. Biroq, baxtga qarshi, “Xazoyin ul-maoniy”dagi 2600 g‘azalning birortasi maqtasida Navoyi o‘z taxallusini qofiya o‘rnida ishlatganini uchratmadik. Ammo shoirning boshqa asarlari, jumladan, “Badoye ul-bidoya” devoni debochasida yorqin
dalilga duch keldik:
Vafo bo‘stonining dostonsaroyi,
Malomat bulbuli, ya’ni Navoyi.
Kamtarona aytilgan bu faxriyada “saroyi”ga “Navoyi” qofiya qilingan. Afsuski, birorta nashrda bu o‘rindagi taxallus ham qofiya qonuniyatiga muvofiq berilmagan. Hamma nashrlarda “Navoiy” deb yozilib, qofiya qoidasi buzilgan.
Navoyi g‘azallarida qofiya o‘rnida qo‘llangan boshqa taxalluslar borki, bu ham masalani ravshanlashtirishga xizmat qila oladi. Bunday misollarga murojaat etar ekanmiz, so‘zaro, tug‘ilishi muqarrar bo‘lgan mana bunday savolga ham javob yuzaga chiqishi tabiiy: “Taxallusi o‘zagi unli tovush bilan tugallangan shoirlarimizni Navoyi, Gadoyi, Atoyi tarzida yozishni qonunlashtirishimiz mumkin, biroq o‘zagi undosh tovush bilan yakunlangan taxallusli adiblarimizni – Koshg‘ariy, Yugnakiy, Rabg‘uziy, Xorazmiy, Lutfiy, Gulxaniy, Uvaysiy, Ogahiy... qanday yozamiz?” Haqli savol, chunki bu borada nomuvofiqlik, har xillik kelib chiqmasligi kerak. Negaki, asliyatda – mumtoz o‘zbek yozuvida unli bilan tugallangan taxalluslar ham, undosh bilan tugallangan taxalluslar ham bir xilda – “yo”(yo) harfi bilan yakunlangan. Demak, taxalluslar imlosidagi chalkashliklar ham arab alifbosidan voz kechib, avval lotin, keyinchalik kirill alifbosiga o‘tganimiz tarixiga borib taqaladi. Birgina taxalluslar imlosi muammosi ham ming yillik madaniy meros asliyatini tiklash va undan to‘g‘ri, to‘liq bahramand bo‘lish uchun eski o‘zbek yozuvimizni unutmasligimizni taqozo etadi. Qofiya san’ati va taxallus imlosiga oid misollarga o‘taylik. “G‘aroyib us-sig‘ar” devonining 650-g‘azali maqtasi:
Demangiz bulbul Navoiyni, samandardekki bor,
Nazmi ichra shu’layi Jomiy-u so‘zi Xusraviy.
Bu g‘azal nashrlarida taxallus an’anaga ko‘ra “-iy” qo‘shimchasi bilan yozilgan va an’anaga sadoqat yo‘lida qofiya badiiyati qurbon qilingan. Ya’ni qofiya tizimi buzilgan. Matladagi “partavi”, “payravi” qofiyalaridan tashqari, barcha baytlardagi qofiyalar “Xusraviy”ga moslab “munzaviy”, “monaviy”, “qaviy”, “ma’naviy” tarzida o‘zgartirilgan. Asli bularning hammasi, janrning keyingi baytlar matlaga muvofiq qofiyalanishi qoidasi hamda mumtoz o‘zbek yozuvidagi shakliga ko‘ra, “i” harfi bilan tugallanishi kerak edi. “Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti devonlarining nashrlarida qofiya san’ati va taxallus imlosida turlicha – palapartish yo‘l tutilgan. “Navodir ush-shabob”ning 650-g‘azali Hamid Sulaymon nashrida maqtadan ikki bayt oldinda kelgan Navoyi taxallusi noto‘g‘ri yozilib, Abulg‘ozi, Sherozi taxalluslari qofiya talabiga muvofiq aslidagidek to‘g‘ri yozilgan:
Navoiy istadi behush o‘ziniki ahli xirad
Falakning o‘lmadi bu ishda mahrami rozi...
Bu vajh birlaki Sohibqiron debon laqabin
Atodi xisravi Sohibqiron Abulg‘ozi.
Yanaki nutq ilau ruh ila eturdi anga
Fuyuz orifi Jomiy-u rindi Sherozi.
Agar bu o‘rinda ham taxalluslar “Abulg‘oziy”, “Sheroziy” tarzida yozilganida, bu “parizodi”, “e’jozi”, “damsozi”, “parvozi”, “andozi”, “og‘ozi”, “rozi”, “sozi” kabi qofiya unsurlariga to‘g‘ri kelmas va g‘azal badiiyatiga putur yetar edi. Ammo, afsuski, undan 30–40 yil keyingi nashrlar, Navoyi mukammal asarlari va to‘la asarlar to‘plamida barcha taxalluslar noto‘g‘ri qo‘llanib, g‘azalning qofiya tizimi buzilgan. Davrlar osha taraqqiyot o‘rniga tanazzul. Devonning 584-g‘azali maqtasida o‘zgacha hol:
Navoiy nazm aro tiyg‘i zabonin uyla surdikim,
Pichoq topmas uyatdin o‘zni o‘lturmakka Sakkokiy.
Bunda qofiya badiiyati qonunlariga zid ish tutilgan. “Boki”, “choki”, “ko‘loki”, “xoshoki”, “fitroki”, “g‘amnoki”, “idroki”, “afloki”, “toki” qofiyalariga hamohang tarzda taxallus “Sakkoki” yozilishi lozim edi.
“Badoye ul-vasat” devonidagi 650-g‘azal maqtasi:
Navoiy fard-u behush o‘lg‘onin demang qachondindur,
Hamondinkim, ani mast etti vahdat jomidin Jomiy.
Bu yerda ham taxallus an’anaga ko‘ra yozilgani uchun g‘azalning qofiya tartibi buzilgan. “Omi”, “romi”, “gulandomi”, “shomi”, “payg‘omi”, “oshomi”, “ehromi”, “gomi”, “islomi” qofiya unsurlariga “Jomiy” qofiya qilingan. Bu holda, qofiya badiiyatini saqlab qolib, taxallus “Jomi” tarzida yozilsa, asar ham, kitobxon ham zarar ko‘rmasdi. Qofiyadagi so‘nggi tovush cho‘ziq “i” unlisi.
9. Eng muhimi, adibning o‘zi “Navoyi” so‘zini qo‘llar ekan, undan faqat taxallusni bildirish uchun foydalanmaydi, unga badiiy matn mazmuniga mos ma’no yuklaydi. Adabiy taxallus zamirida, albatta, ko‘lamli badiiy muddaolar yotadiki, bu yetakchi asosni mufassal tahlil etish imkoniyati keng.
Navoyi nazmda taxallus vositasida aksari hollarda tajnis yaratadi. Baytlarda, ko‘pincha, shoir “navo” so‘zini bir necha marta qo‘llash orqali so‘z o‘yini qiladi. So‘z o‘yini jarayonida “navo” so‘zlari taxallus bilan bevosita mantiqiy, ma’noviy aloqaga kirishadi. Taxallus tarkibidagi “navo” so‘ziga taxalluslik xizmatidan ko‘ra mas’uliyatliroq badiiy vazifa yuklanadi. “Navoyi”ni “Navoiy” yozsak, so‘z ana shu mas’ul vazifasini bajarolmay qoladi, badiiy so‘zning ko‘pma’noliligiga putur yetadi. “Navoyi” kalimasini faqat taxallus xizmatini o‘tashga majbur etamiz, harakat doirasini cheklaymiz, asardagi boshqa so‘zlar bilan mantiqiy, ma’noviy, shakliy aloqalarini uzib qo‘yamiz. Birgina “G‘aroyib us-sig‘ar” devonida “Navoyi” taxallusining tajnisga, so‘z o‘yiniga asos bo‘lgan ko‘p ma’noli qo‘llanishiga doir yigirmadan ortiq bayt uchraydi. Maqsadga muvofiq ravishda, ularning ba’zilarini sharhlab o‘tish joiz ko‘rinadi.
Ko‘rmasam qoshing, bo‘lurmen turg‘onim birla fig‘on,
“Voyi” erur bas, chu bo‘lmasa “Navoyi” birla “nun”. (G‘.S. 467)
Ushbu bayt shoirning o‘zi taxallusini “Navoiy” emas – “Navoyi” deb yuritganidan guvohlik beruvchi eng muhim dalillardandir. Shoir maqtaning birinchi misrasida “Mahbubaning qoshini ko‘rmasam, turgan-bitganim fig‘onga aylanadi”, degan fikrni izhor etar ekan, ikkinchi misrada taxallusdan so‘z va harf o‘yini yaratish orqali shu holatni badiiy sharhlaydi, chiroyli asoslaydi. Ravshanki, “Navoyi” taxallusi “nun” harfi bilan boshlanadi. “Nun” harfi esa mumtoz badiiyatda mahbuba qoshining timsoliga aylangan. Mazkur baytda mahbuba qoshini ko‘rmaslik – uning visoliga muyassar bo‘lmaslikni ifodalab turibdi. Lirik qahramonning mahbuba qoshi vaslisiz holati “nun”idan ajralgan “Navoyi” bilan barobar. “Navoyi” “nun”idan judo bo‘lganida esa, uning faqat “voyi” qoladi, ya’ni lirik qahramonning ahvoli “voy” bo‘ladi. Endi taxallusni “Navoiy” shaklida yozib, baytni tahlil etib ko‘ring-chi, shoir ko‘zlagan ma’no chiqarmikan? Aslo chiqmaydi! Demak, taxallusning “Navoiy” yozilishi xato. Bayt badiiyati, undagi shoirning o‘z imzosi e’tirofi taxallusning “Navoyi” yozilishini talab qiladi.
To tuzdi Navoiy oyati ishq,
Ishq ahli aro navo bo‘lubtur. (G‘.S. 161)
Bu o‘rinda ham taxallusning “Navoiy” yozilishi vazn mezonini buzgan. G‘azal “hazaji musaddasi axrabi maqbuzi maqsur” vaznida bitilgan:
Maf’uvlu mafoilun mafoiyl
– – V V – V – V – ~
Ko‘rinib turibdiki, taxallus ikkinchi ruknga, “-yi” qo‘shimchasi esa qisqa bo‘g‘inga to‘g‘ri keladi. Demak, shaklan, taxallusning “Navoyi” yozilishi qonuniy. Endi masalaga mazmun jihatidan yondashaylik. Agar birinchi misradagi taxallusni “Navoiy” yozsak, uning ikkinchi misradagi “navo” so‘zi bilan lafziy aloqadorligi saqlanadi, lekin ma’naviy-mantiqiy aloqadorligi barham topadi. Birinchi misrada “Navoyi” ikki vazifani bajarib turibdi, avvalo, shoirning taxallusini, ikkinchidan, “ishq oyatining ohangi” ma’nosini anglatayotir. “Navo”dan keyin nisbiy sifat yasovchi “-iy” qo‘shimchasi yozilsa, shu ikkinchi ma’no chiqmay qoladi. Mazkur ma’no chiqishi uchun faqat forsiy izofa talab qilinadi. Izofa esa, “Navo” so‘zi unli tovush bilan tugagani uchun, “-yi” tarzida qo‘shiladi, taxallus “Navoyi” ko‘rinishini oladi. Agar taxallus “Navoiy” yozilsa, baytdan tugal mazmun va uning tasavvuri anglashilishi uchun nimadir yetmaydi, nimadir o‘z o‘rnida emasday tuyuladi. Bu – taxallusdagi “ohang” ma’nosining boy berilgani, taxallus va ikkinchi misradagi “navo” so‘zi orasidagi aloqaning uzilishi oqibati. Taxallusni “Navoyi” yozishimiz bilan, hamma narsa joy-joyiga tushadi va asl mazmun yuzaga chiqadi. Ushbu faxriya baytdan anglab olamizki, Navoyi o‘zining ishqiy qismati, maslagi, muhabbat tarixi va lirikasi bilan ishq e’tiqodining shunday bir nodir oyatini yaratdi hamda bu oyatning sohir, ibratli, umumbashariy ohangini kashf etdiki, u jamiki, bor insoniyatning e’tiqodiga, madhiyasiga aylandi. Navoyi tuzgan ishq oyati ohangi ishq ahlini harakatlantiruvchi, ruhlantiruvchi, hayot tarzini belgilovchi kuchga evriladi. Buni Navoyi nazmini mutolaa etgan har bir qalb aniq his qilishi mumkin.
Navoyi suri motam bo‘ldikim, bor
Surudi ayshi afg‘on birla mamzuj. (G‘.S. 95)
Bu baytda ham “-yi” qo‘shimchasi izofa vazifasini bajarib kelgan. “Navoyi” so‘zi taxalluslik vazifasi bilan birga, bayt mazmuniga muvofiq, navo, ohang, sado ma’nolarini ifodalaydi. Taxallusning “surud” so‘zi bilan parallel kelishi ular orasidagi mustahkam badiiy zanjir borligidan dalolat. Taxallus mana shularning bari hisobga olinib yozilsagina, baytdan bunday mazmun anglashiladi: “To‘y va motam kuylari biryo‘la chalindikim (ya’ni, to‘y bilan aza bir bo‘ldi), bu xursandlik va qayg‘u qo‘shiqlari qorishib ketgan holatga o‘xshardi”. Taxallusga asos bo‘lgan “navo” so‘zining birlamchi ma’nolari “ohang”, “kuy”, “qo‘shiq”, “sado”lardan iboratki, uning badiiy imkoniyatlari ko‘proq cholg‘uvchi va soz bilan bog‘liq baytlarda aks etgan.
Mug‘anniy nag‘masi jon bersa
bazm ahlig‘a, tong yo‘qkim,
Navoyi rishtayi jonin eshib
changiga tor etmish. (G‘.S. 243)
Lirik qahramonning jon rishtalaridan jonbaxsh navolar taraladi. U jon rishtasi navolaridan eshib sozanda chalayotgan changning torlariga ulagan. Demak, shuning uchun mug‘anniy yaratayotgan ohang bazm ahliga jon bag‘ishlasa, ajablanmaslik kerak. Agar cholg‘uvchi sozi “Navoyi rishtayi joni” bilan yo‘g‘irilmasa, undan oziqlanib turmasa-chi? Unda, tirilishga teskari hodisa yuz beradi, bamisoli jon uziladi:
Navosidin fano chun hosil o‘ldi, qilg‘asen, ey ishq,
Navoyi rishtayi jonin mug‘anniy udining tori. (G‘.S. 624)
Halokat yuz bermasligi uchun, lirik qahramon qudratli ishqdan “mug‘anniy udining tori”ni “Navoyi rishtayi joni”dan bunyod etishni iltijo qilyapti. Asosiy maqsaddan chekinib bo‘lsa ham, qayd etish kerakki, bu faxriyalar Navoyi san’at olamida naqadar malakali sozanda va zukko san’atshunos bo‘lganligining dalili hamdir.
Mug‘anniy, bir navoye tuz, navoyi nag‘maye ko‘rguz,
Ayoqchi, tomsa tut to‘qquzki, doroyi jahon keldi. (G‘.S. 591)
Navoyi asarlari lug‘atlarida “nag‘ma” so‘zi – kuy, Navoyi zamonasida chalingan kuylardan birining nomi tarzida izohlangan. Bunda shoir sozandadan Nag‘ma navosini chalishni so‘rayotgan bo‘ladi. Ammo, nazarimizda, “nag‘ma” so‘zi, ayniqsa shu o‘rinda, hazilomuz, sho‘x, hajviy kuy ma’nolariga ham ega. “Nag‘ma” so‘ziga “o‘yin” va “tomosha” ma’nolari ham daxldor. Shoir bu baytda cholg‘uvchidan hazilomuz, sho‘x bir kuy chalishni so‘rayotir. Agar taxallus “Navoiy” yozilsa, taxallus va “nag‘ma” so‘zlari o‘rtasida izofa qo‘llanmasa, lirik qahramon cholg‘uvchidan bir kuy, Navoyidan yana bir kuy chalishni so‘raganday bo‘lib chiqadiki, bu badiiy mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Kamdan-kam hollarda bo‘lsa ham, badiiy mazmunga mutanosib, shartli ravishda, Navoyi taxallusi “Navoe” shaklida yoziladi. Bunda “navo” so‘zidan keyingi qo‘shimcha izofa vazifasini emas, “yo”-yi vahdat va “yo”-yi nakare” – fors tilidagi birlik va noaniqlik “yo”-yi vazifasini bajaradi hamda “e” yoziladi. Fors tilidagi bu “yo” birlik va noaniqlikni biryo‘la bildiradi va “qandaydir bir”, “shunday bir”, “biror-bir” kabi ma’nolarni ifodalaydi. U qo‘llanganida, taxallusning eski o‘zbek yozuvidagi shaklida mutlaqo o‘zgarish bo‘lmaydi.
Baski Navoe ayladi dard surudida navo,
Ahli tarabni yig‘latur majlisining taronasi. (G‘.S. 626)
Bu baytda “Navoe” so‘zi taxalluslikdan tashqari, “shunday bir kuy” ma’nosini ifodalagan. Bu – baytdan quyidagicha yaxlit ma’no chiqishini ta’minlagan: “Navoyi dardangez ohangda shunday bir dardli, mungli kuy chaldi, ya’ni shunday bir g‘amgin ruhdagi nazm yaratdiki, uning tegrasida butun dard ahli to‘plandi, ya’ni Navoyining dardkash nazmiga dard ahli aks-sado bera boshladi. O‘zaro dardlashayotganlar majlisining mungli navosi aysh-ishratda, shod-xursand kun kechirayotganlarni ham yig‘latib yubordi”.
“Yo‘q Navoiy bedil oromi g‘am ichra, ey rafiq” (barcha nashrlarda shunday), deb yozishdan tayinli bir mazmun chiqmaydi. Chunki bu satrdagi ikki “yo”-yi vahdat...” o‘z o‘rnida yozilmagan, bir qo‘shma so‘z ajratib yozilgan. “Yo”lardan birining o‘rni taxallusda. Matn asliyati mana bunday yozilishi lozim:
Yo‘q Navoe bedilorome g‘am ichra, ey rafiq,
Holini, zinhorkim, ko‘rsang,
diloromimg‘a ayt. (G‘.S. 84)
“G‘am ichra” qolgan lirik qahramon g‘azal ixlosmandi bilan dardlashyapti. U aytyaptiki: “Inson qayg‘u-alam qurshovida qolganida, diloromsiz, ya’ni dilga yaqin, dilnishin do‘stsiz biror-bir navo – hayotdan biror-bir bahra, umid, ilinj, rohat-farog‘at, taskin-tasalli topolmaydi. Bedilorom kishi – benavo. Agar biror tasodif bilan diloromimni ko‘rib qolsang, uni albatta, ushbu holimdan xabardor et”. Demak, bunday dalillar ham Navoyi taxallusini asliga to‘g‘ri yozishimizni talab qiladi.
Yuqoridagi singari dalillarni ko‘plab tahlil etish mumkin. Lekin isbot talab qilmaydigan fikrni asoslash uchun shu dalillar yetarli deb, so‘zni muxtasar etdik. Tilimiz, adabiyotimiz, va umuman, ma’naviyatimizda bunga o‘xshash
adolatli yechimini topib, so‘nggi nuqtani qo‘yadigan muammolar ko‘p. Hozir shu so‘nggi nuqtani qo‘yadigan davlat tashkilotimiz bor. Ayni shunday vazifa, nazarimizda, davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi zimmasidadir. Atamalar komissiyasi tadqiq etilgan muammoni xolis ekspertlar yordamida o‘rganib, yakuniy qarorini chiqarib, matbuotda e’lon qilsa, masala qonuniy yechimini topgan bo‘lardi.
Nusratullo JUMAXO‘JA,
ToshDO‘TAU professori,
filologiya fanlari doktori
Shu kecha va kunduzda
OTMlarda jinoyatchilik statistikasi eʼlon qilindi
Fitch agentligi Toshkentning kredit reytingini qayta tikladi
“Yangi O‘zbekiston” universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi
Xalqaro hamkorlik loyihasi doirasida 58 ta maktab quriladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank