NOMOFOBIKMISIZ?

Og‘riq NOMOFOBIKMISIZ?
42



Dunyoning jadal raqamlashtirilishi jarayoniga oid eng dolzarb va keng qamrovli ma’lumotlarni jamlagan “Digital 2024 October Global Statistics Report” jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Ushbu hisobotda ta’kidlanishicha, smartfonlar orqali taqdim etilayotgan internet xizmatlari va ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda dunyoning deyarli barcha hududlarida yashovchi insonlar uchun kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan. Aholi kundalik ish faoliyatidan tortib muloqot, axborot olish, dam olish va o‘yin-kulgigacha bo‘lgan jarayonlarda tobora ko‘proq raqamli texnologiyalarga tayanmoqda.


Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzidagi aholining 66 foizi internet foydalanuvchisi hisoblanadi. Amaldagi foydalanuvchilar soni esa 5,35 milliard nafarga yetgan. Hisobotda qayd etilishicha, o‘rtacha bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi kuniga 2 soat 23 daqiqa vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi. Umuman olganda esa, oddiy internet foydalanuvchisi kuniga o‘rtacha 6 soat 40 daqiqa internetdan foydalanadi. Bu ko‘rsatkichlar inson hayotida virtual muhitning qanchalik muhim o‘rin egallab borayotganini yaqqol namoyon etadi.



Mazkur raqamlar va kuzatuvlar natijasida raqamli muhit, xususan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish masalasi olimlar va tadqiqotchilar diqqat markazida. Natijada telefon va internetdan foydalanish bilan bog‘liq yangi tushuncha va atamalar ilmiy muomalaga kirib kelmoqda. Ana shunday tushunchalardan biri — nomofobiyadir. Nisbatan yangi bo‘lgan ushbu atama ilk bor 2008-yilda ilmiy adabiyotlarda qo‘llanila boshlagan bo‘lib, kelajakda yanada dolzarb va muhim muammo sifatida namoyon bo‘lishi kutilmoqda.


Nomofobiya nima?


Nomofobiya (inglizcha no mobile phobia) — bu insonningshaxsning mobil telefonsiz qolishdan, aloqadan uzilib qolishdan yoki qurilmaga kira olmaslikdan kuchli bezovtalik va qo‘rquv his qilish holatidir. Shuningdek, ilmiy adabiyotlarda phubbing (phone + snubbing) tushunchasi ham uchraydi. Bu atama insonning real muloqot o‘rniga telefonga ortiqcha e’tibor qaratishini ifodalaydi.



Mazkur tushunchalar mobil telefonlarning haddan tashqari ko‘p va nazoratsiz qo‘llanilishi oqibatida yuzaga keladigan salbiy psixologik holatlarni ifodalash uchun ishlatiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, nomofobik shaxslar odatda:


doimiy ravishda xabar yoki qo‘ng‘iroqlarni tekshirib turadi;
internet aloqasi yo‘q joylarda kuchli asabiylik va xavotirni his qiladi;
telefonni 24 soat o‘chirmay yuradi;
uyquga yotishda ham telefonni yonidan ajratmaydi;
telefon zaryadi kamayishi bilan o‘zini noqulay sezadi.


Telefon zaryadining tugashi yoki qurilmaning nosozligi sababli telefondan vaqtincha uzoqlashishga majbur bo‘lgan shaxslarda qaramlikka xos sindrom kuzatiladi. Bunday vaziyat shaxs ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bezovtalik, asabiylik va hatto vahima holatlariga olib kelishi mumkin. Mutaxassislar nomofobiya nafaqat psixologik, balki jismoniy va ijtimoiy muammolarga ham sabab bo‘lishini ta’kidlaydilar.



Nomofobiya bilan bog‘liq asosiy muammolar quyidagilardan iborat:


hayotdan qoniqish darajasining pasayishi va salbiy ruhiy holat;
diqqatni jamlay olmaslik va unumdorlikning kamayishi;
ko‘z, bo‘yin va umurtqa sohasidagi jismoniy salomatlik muammolari;
ijtimoiy muhitdan chekinish, yolg‘izlik hissi va depressiya holatining kuchayishi;
jismoniy hamda ijtimoiy faollikning pasayishi;
o‘z-o‘zini baholash darajasining pastligi .


Shaxs tipi va nomofobiya


Tadqiqotlarga ko‘ra, smartfonlarga qaramlik A tipidagi shaxslarda hamda depressiv holatga moyil insonlarda ko‘proq uchraydi (Toda & Ezoe, 2013). A tipidagi shaxslar odatda:


haddan tashqari raqobatbardosh;
ishiga ortiqcha berilgan;
vaqt masalasiga juda sezgir bo‘ladilar.


Bundan tashqari, ularda tajovuzkorlik, sabrsizlik va asabiylik kabi xususiyatlar ham namoyon bo‘lishi mumkin. 

Xulosa qilib aytganda, “Digital 2024” hisobotida qayd etilganidek, smartfonlar va internet bugungi kunda inson hayotining ajralmas qismiga aylangan. Biroq texnologiyalardan haddan tashqari va nazoratsiz foydalanish nomofobiya kabi jiddiy psixologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ushbu holat shaxsning hayot sifati, ruhiy barqarorligi va ijtimoiy munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


Shu bois:

nomofobiya haqida jamiyatda xabardorlikni oshirish;
texnologiyadan ongli va muvozanatli foydalanish madaniyatini shakllantirish;
bolalar va yoshlar orasida raqamli gigiyenaga oid targ‘ibot ishlarini kuchaytirish;
mazkur yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish nomofobiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.



Maqola muallifi

Humoyun QUVONDIQOV

Humoyun QUVONDIQOV

Jurnalist

Teglar

  • #Og‘riq

Ulashish