O‘ZBEK TILI TARIXI QANCHALIK YORITILGAN?

Ajdodlar merosi – bebaho xazina O‘ZBEK TILI TARIXI QANCHALIK YORITILGAN?
35

Atigi ikki yil oldin “O‘zbek tili tarixi. I. Eng eski chog‘lar” deb atalgan ilmiy izlanishimiz O‘zR FA “Fan” nashriyoti tomonidan chop etildi. Yaqin oylarda esa u qayta nashr qilindi. Kitobda turkiy tillarning bundan 2–2,5 ming yil oldin uchraydigan so‘zlariga to‘xtab o‘tilgan bo‘lib, bosh urg‘u O‘rxun-Enasoy bitiktoshlaridan oldingi chog‘larga qaratilgan, bitiktoshlar va undan keyingi turkiy tilli yozma asarlar izlanishlari keyinga qoldirilgan edi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, kitobda turkiy tillar o‘tmishi to‘g‘risida so‘z borsa ham, uning “Turkiy tillar tarixi” deb nomlanmaganining o‘ziga xos sabablari bo‘lib, ushbu izlanishda qadimiy so‘zlarning turkiy tillar orasida o‘zbek tilida qay darajada saqlangani, ming yillar oldin boshqa turkiy tillardan ajralib chiqib, o‘z yo‘nalishida davom etgan “bulg‘or”, “xalach” tillari bilan tilimizning qanchalik yaqinligi masalalariga e’tibor qaratildi. Shuning uchun bu kitob “O‘zbek tili tarixi” deb ataldi.


Kitobda tilimiz tarixi bo‘yicha shu paytgacha yozilgan o‘nlab monografiya, risola va darsliklardan farqli o‘laroq, turkiy tillar va uning qarindoshlari masalasi  birmuncha keng yoritildi. Shuningdek, keyingi yillarda ilm dunyosida, ayniqsa, Gʻarb turkologiyasida oltoy til oilasiga qarshi chiqilayotgani sababi haqida to‘xtalib, buning negizida nima yotishiga urg‘u berildi. Bundan tashqari, keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan “Shumerlar turk bo‘lgan”, “Skif-saklar turkiy tilda so‘zlashgan”, “Avesto bizning tilda yozilgan” kabi ayrim o‘rinlarda ilmiy izlanishlarga ham kirib qolgan masalalar qisqacha ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, ko‘pchilik oydinlarimiz tomonidan ko‘tarilgan, biroq teran izlanish olib borilmagani uchun chala qolib ketgan kushonlar, eftaliylarning tili bo‘yicha ham qisqacha so‘z yuritildi. Boshqa tomondan esa vengr tilining turkiy tillar o‘tmishi uchun nechog‘lik ahamiyatga egaligi, avar-bulg‘or tillarining keyingi taqdiri ham birmuncha yoritib o‘tildi. Eng qizig‘i, izlanishimizda “yozma manbalarda ilk bor uchragan turkiy yoki o‘zbekcha so‘z qaysilar?” degan savol-u so‘roqlarga javob topishga intildik. Holbuki, miloddan oldingi yuzyilliklarga tegishli xitoy va yunon yilnomalarida turkiy tilni esalata­digan o‘nlab so‘zlar uchrab, bu borada yetarlicha so‘z yuritilmagani uchun elimiz shu choqqacha bundan xabarsiz bo‘lib keldi.


Endi o‘zbek tili bilan bog‘liq ayrim chigalliklarga to‘xtalib o‘tsak. Tilimiz har bir yurtdoshimiz uchun qanchalik ardoqli bo‘lmasin, uning o‘tmishini yoritish ko‘proq tilchi, adabiyotshunos olimlarimiz yelkasiga tushgan yumushdek ko‘rinadi. Bu ishga qo‘l urar ekanmiz, “Shu nomdagi yoki shunga yaqinroq biror kitob bugungacha bot-bot yozilgan, ularning sal­mog‘i va ko‘lami ham ancha keng bo‘lsa kerak?!” degan o‘ylar ko‘z oldingizdan o‘tadi, deb o‘ylaymiz. To‘g‘risini aytsak, bunday so‘roqlar boshlang‘ichda bizning ham ko‘nglimizdan o‘tgan, “Bu ishga qo‘l ursak qaytariq bo‘lmasmikan?” deb hadiksiragan edik. O‘zbek tili o‘tmishiga bag‘ishlangan kitoblar bilan tanishib chiqa boshlagach, ayrimlarini aytmaganda, butunlay boshqacha bir holatga duch kelib, tilimiz o‘tmishiga bag‘ishlangan ishlarning ko‘lami 3-4 betdan oshmasligini ko‘rgach esa, “Nega bugungacha hech kim bu ishga qo‘l urmadi, axir bu birinchi galda tilchilarimizning yelkasidagi vazifa emasmidi?!” degan o‘ylar qurshovida qoldik. Keyin izlanib, surishtirib bilsak, tilchi va tarixchilarning bir-birini o‘zlariga yot, boshqa-boshqa tarmoq vakillari deb tushuna boshlaganliklari tilimiz o‘tmishini yotig‘i bilan tushuntiruvchi biror asar yozilishiga birmuncha to‘siq bo‘libdi. Bundan tashqari, XX yuzyillik boshlari­dan XXI yuzyillikning boshlarigacha qariyb yuz yilga cho‘zilgan – turkologiyaga qaratilgan “yovqarash” o‘zbek tili o‘tmishi bo‘yicha izlanishlar olib borishni cheklab qo‘yibdi. Achinarlisi, yurtimizdagi bunday yonda­shuv, bu boradagi izlanishlarga yaqin-yaqinlargacha o‘z ko‘lankasini tashlab kelmoqda.


Shu o‘rinda “bunday yondashuvlarning negizida nima yotadi, kimlar uning olovini qalaydi” degan so‘roqlarga duch kelishimizni ham aytib o‘tishimiz kerak. XX yuzyillikning 60‒80-yillari oralig‘ida sovet bo‘yinturug‘i ostidagi qardosh ellar orasida o‘zbek tilshunoslari yo‘lchi yulduz bo‘lib, “Devoni lug‘atit turk”, “Qutadg‘u bilig”, “Hibat ul-haqoyiq”ni o‘z tillariga o‘girib, o‘nlab arabcha-turkiycha so‘zliklar ustida ish olib borganlarida “o‘z og‘a”laridan qo‘rqishmaganining negizida nima yotgani-yu, ularning dovyurakligiga nimalar turtki bo‘lganini ochiqlash kerak bo‘ladi. Demak, har bir narsa istakka bog‘liq ekan, tilimiz o‘tmishining yetarlicha yoritilmasligi negizida faqat birovlarning qo‘li emas, o‘zimizning istaksizligimiz, “qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar” yo‘sinida ish tutishimiz turishi aniq.


Kezi kelganda aytib o‘tish kerak, tilimiz, uning o‘tmishiga bo‘lgan bunday yondashuvlar haligacha yo‘qolmagan. Yaqin yillarda yurtimiz yetakchilari­ning Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetini ochganini barcha yaxshi biladi. Bunday ezgu ishni olqishlaymiz, bu bilim o‘chog‘ining mangu qolishiga tilakdoshmiz. Biroq bu ishga bosh-qosh bo‘lgan tilshunos izlanuvchilarimiz tomonidan ushbu bilim o‘chog‘i yo‘riqnomasiga kiritib qo‘yilgan ayrim o‘rinsizliklarga qo‘shilib bo‘lmasligini uqtirib o‘tish kerakka o‘xshaydi. Yo‘riqda yozilishicha, “O‘zbek tili­ning Avesto davri”, “O‘zbek tilining yuzaga kelishida sug‘diy tilining o‘rni” bor emish. Avesto eng eski eroniy tillardan birida yozilgani, unda o‘zbek tiliga tegishli birorta so‘z uchramasligini bilib turgan va yo‘riqnomaga shu qo‘shimchani kiritgan tilchilarimizni qanday tushu­nish kerak. Yo bo‘lmasa, ular o‘zbek tiliga sharqiy eroniy tillarning bir tarmog‘i bo‘lmish sug‘diy tilining hech qan­day tegishli yeri yo‘qligi, tilimizda uchraydigan bunday so‘zlarning soni 100 taga yetmasligini bilisharmikan!?”. Bizningcha, bu yo‘riqnoma o‘sha kez­lardagi – birinchi ma’muriyat davridagi ayrim tilchi va tarixchilari­mizning fanni siyosatga moslashtirishga uringanliklari, shu yo‘sinda fanni emas, rahbariyatning xohish-istagini yuqori qo‘yganliklarining hosilasi edi. 


Tilimizning teran tomirlari ochiq-oydin ko‘rinib turgan O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarini o‘zbeklarga yot deb bilish, undan so‘z ochilganda “Bizning ildizimiz shu yerda, o‘troqchilik negizida yuzaga kelgan” deb hayqirish qachongacha va yana nimalarga yaraydi ekan! O‘zbek tilini quruq yurtimiz tuproqlari bilan chegaralash, uning tub ildizlaridan yuz o‘girish kimga kerak. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydigan bugungi kunda bunday yondashuv yana qachongacha davom eta oladi! “Og‘alar”ga qulluq qilingan 80-yillarda “So‘ylasin Afrosiyob-u, so‘ylasin O‘rxun xati” deb ochiq-oydin yoza olgan shoir-u oqinlarimiz qayda-yu, erkimiz o‘z qo‘limizda bo‘lib turgan bugungi kunda ildizlarimizdan yuz o‘girib, teran tomirlarimizni chegaralovchilar qayda? 


Ish shungacha yetib bordiki, bir siqim kishilar emas, yurtimizning to‘ridan o‘rin olgan oydinlarimiz bunday chegaralashga indamay bo‘ysunib, Mahmud Koshg‘ariy-u Yusuf Xos Hojibni “Bizniki emas, ular falon yerda tug‘ilgan, u yer bizdan shuncha chaqirim uzoqda” deyish bilan cheklandi. O‘tgan yuzyillikning 60–80-yillarida qanchalar ter to‘kishlar-u, ko‘z nuridan ayrilishlar evaziga qo‘lga kiritilgan o‘z ota-bobolari­mizni ataylab qo‘ldan chiqarish shunchalar qulaymi! Qolaversa, shunday yondashuvchilarga Alisher Navoiy­ning tug‘ilgan yeri qayer ekanini so‘raganingizda “U boshqa masala, panturkistlik qilma!” degan tahdidlarga duch kelganimizni aytsak-da, ularning ism-shari­fini kel­tirmay qo‘ya qolish bilan cheklandik.


Bugun har qaysi o‘zbekka, ayniqsa, tilshunos va bu tarmoqqa yaqin kishilarga “Eng eski o‘zbekcha so‘zlar qaysi, ulardan biror o‘rnak bera olasizmi, ular qachon va qanday yozma manbalarda uchraydi?” deb so‘rasangiz, barmoq bilan sanarli kishilargina bu borada o‘z qarashlarini bildirishiga duch kelasiz. Ilk bor bundan 2 ming yil oldin “Tangri”, “Qut”, “Yabg‘u”, “O‘rda” kabi Xitoy yilnomalarida uchragan so‘zlar barcha turkiy el-uluslar­ning, ayniqsa, o‘zbek tilining yozma manbalarda o‘rin olgan eng eski so‘zlari sanaladi. Milodning boshlarida esa xitoycha yilnomalari bilan birga yunon va lotin yozma manbalarda “Yoyiq”, “Idil” kabi atoqli otlar o‘laroq ko‘rina boshlagan turkiy so‘zlar keyinchalik – oradan 3-4 asr o‘tib sug‘diy va turkiy bitiklarda o‘rin ola boshlaydi. Ayniqsa, VII–VIII yuzyilliklarga tegishli O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida 1500 ga yaqin turkiy so‘z uchrab, ularning 1300 ga yaqini bugungi o‘zbek tilida saqlanib qolgani ko‘ngilni quvontiradi. Turk xoqonligi tomonidan o‘rnatilgan 580-yillarga tegishli sug‘diycha Bug‘ut(Mo‘g‘uliston) bitiktoshida “xoqon”, “tegin”, “tarxon”, “tudun” va boshqa o‘nlab turkiy atamalar, turk xoqonlari tomonidan bostirilgan Choch(Toshkent) tangalarida esa “jabg‘u”, “xoqon”, “to‘n”(to‘ng‘ich), “tardu” singari unvonlar, Choch Teginlari(605‒750) va Choch Tudunlari(640–750) sulolalariga tegishli tangalardagi “el-tegin”, “tegin”, “tudun”, “eltabar” unvonlari sug‘diy tilli yozuvda o‘z ko‘rinishini topgan turkiy so‘zlar sirasini kengaytiradi. Shuningdek, VIII yuzyillikning boshlariga tegishli Mug‘ tog‘i sug‘diy hujjatlarida uchraydigan “kul-erkin”, “inanchu”, “qurchi”, “o‘t-tegin”, “tarxon” unvonlari ham eski turkcha so‘zlar o‘laroq bilinadi.


VII–VIII yuzyilliklarda esa ular qatoriga Vizantiya (yunon), arman, suryoniy, pahlaviy(o‘rta fors), hind, tibet tillaridagi yozma yodgorliklarda o‘rin olgan o‘nlab turkiy so‘zlar qo‘shiladi. Ulardagi eski turklar bilan bog‘liq “yug‘”, “Tangri-xon”, “Qora-Idil” kabi turkiycha so‘z va atamalarni bunga o‘rnak ko‘rsatsa bo‘ladi. Yillar o‘tib yozma manbalarda o‘rin olgan turkiy so‘zlarning ko‘lami yanada kengayadi. XI asrda yaratilgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asarida 8000 ga yaqin so‘z uchrab, ularning ko‘pchiligi tub turkiy so‘zlar ekanligi bilan ajralib turadi. Bunday asarlar sirasiga Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”ini ham kiritamiz.


Endi, o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar ko‘lami va ular tarqalgan o‘lkalarga birmuncha to‘xtalib o‘tsak. O‘zbek tili bo‘yicha yaratilgan ko‘plab ilmiy izlanishlarda bu tilda so‘zlashuvchilar O‘zbekiston va unga qo‘shni o‘lkalar: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistonda yashashlari aytilib, ularning qanday tarmoqlarga bo‘linishiga qisqacha to‘xtalib o‘tilgani ko‘zga tashlanadi. Biroq ayrimlaridan tashqari, Afg‘oniston va Turkmanistonda yashovchi o‘zbeklarning qaysi tarmoqqa – qarluq, o‘g‘uz yo bo‘lmasa, qipchoq shevalaridan qay birida so‘zlashishlari bo‘yicha yetarlicha so‘z yuritilmaydi. Turkmanistonning Toshovuz va Chorjo‘y shaharlari tegralarida o‘g‘uz va qipchoq, bu o‘lkaning Amudaryo o‘rta qirg‘oqlari o‘zbek qishloqlarida esa qarluq va qipchoq tarmoqlarida so‘zlashuvchi o‘zbeklar borligini onda-sonda eshitib yoki o‘qib qolamiz.


Shu o‘rinda Janubiy Qozog‘istondagi ko‘pchilik o‘zbeklarning qarluq yoki qarluq-o‘g‘uz aralash shevalarda so‘zlashishi, Turkiston shahri va tegrasida o‘g‘uz­cha belgilar, Chimkent va Sayramda qarluqcha belgilar yetakchi ekanini, Qoratov(eski turkcha va o‘zbekcha Qorachuq) tog‘ining narigi yog‘ida – terskay tomonida Suzoq, Cho‘loq qo‘rg‘onda esa borgan sari qo‘llanilmay, “qozoqchalashib” borayotgan qipchoq o‘zbekchasi borligini aytib o‘tish kerak. Qirg‘iziston o‘zbeklari esa qipchoqcha so‘zlashuvchi ayrim oz sonli qishloqlarni aytmaganda, O‘sh, O‘zgan, Jalolobod va tegralarida qarluqcha shevada so‘zlashuvchi o‘zbeklar ko‘pchilikdir. Tojikistonda esa Xo‘jand, Dushanbe kabi yirik shaharlar va ularning tegra qishloqlarida qarluq, janubdagi Ko‘lob va tevaraklarida qipchoq tilli o‘zbeklar talay. Qirg‘iziston va Tojikistonda o‘g‘uz tilli o‘zbeklar uchramaydi.


Shunga o‘xshash Shimoliy Afg‘oniston o‘zbeklarining ko‘pchiligi, ayniqsa, Mozori Sharif, Shibirg‘on, Qunduz, Tahor kabi o‘lka va shaharlarda qarluq, ularning tegra qishloqlarida qipchoq, Andxo‘y tumani tegrasida birmuncha o‘g‘uz tilli o‘zbeklar yashashini deyarli ko‘pchilik tilshunoslarimiz bilishmaydi. Buning yana bir o‘rnagi Xuroson(Shimoli-sharqiy Eron) o‘lkasining o‘nlab shahar va qishloqlarida so‘zlashiladigan Xuroson turkchasi bilan o‘zbek o‘g‘uzchasida ko‘rinadi. “O‘zbek tilining o‘tmishdagi bir tarmog‘i” deya oladigan Xuroson turkchasi deyarli yarim yuzyillikdan – XX yuzyillikning 70-yillaridan beri o‘rganib kelinayotganiga qaramay, o‘zbek tilshunosligida bu bo‘yicha birorta ish qilinmaganligi achinarlidir. Holbuki, bu tilni sinchiklab tekshirish orqali temuriylar chog‘ida Xurosonda, ayniqsa, Hirot va uning tegrasida so‘zlashilgan “chig‘atoy turkchasi”, boshqacha aytganda “eski o‘zbekcha”ning ko‘plab ochilmagan qirralarini aniqlasa bo‘ladi.


Bugungi kun tilshunosligida o‘zbek adabiy tilini uyg‘ur tili bilan birga turkiy tillarning “qarluq lahjasi”ga kiritish keng yoyilgan. Biroq bu yondashuv shartli bo‘lib, biror yozma manbada “qarluq lahjasi” yoki “qarluq tili” atamasi uchramaydi. Holbuki, bugungi tilshunoslikda keng tarqalgan atamalar – turkiy tillarning “o‘g‘uz lahjasi” uchun arab tilli yozma manbalarda ko‘pincha “turkmon tili”, “turkmoncha”, ayrim o‘rinlarda “turkiy o‘g‘uz lahjasi” atamalari, “qipchoq lahjasi” uchun esa “qipchoq tili”, “qipchoqcha”, “qipchoq turkchasi” atamalari qo‘llanilgani ko‘zga tashlanadi. O‘z vaqtida turkiy tillarning bir necha lahjasi borligiga urg‘u bergan Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devoni lug‘otit turk” asarida eng yirik turkiy lahjalar deb “o‘g‘uzcha” va “qipchoqcha”ni keltirar ekan, ikkalasidan ham ajralib turuvchi “xoqoniya turkchasi”ga bot-bot to‘xtalib o‘tadi. Bir turkum tilshunoslar “xoqoniya turkchasi”ga Qoraxoniylar davlatida keng qo‘llanilgan turkiy adabiy til deb qarab, ko‘proq uyg‘ur va o‘zbek tillarini uning bugungi izdoshlari o‘laroq bilishadi.


Bugungi kunda turkiy tilda so‘zlashuvchi millat va elatlarning salmog‘i ikki yuz milliondan oshgan bo‘lib, ular bir-biriga yaqin va uzoq 30 dan ortiq tilda so‘zla­shadi. O‘z o‘rnida ular turkiy tillarning o‘g‘uz, qarluq va qipchoq kabi 3 ta yirik va nisbatan oz sonli xalach, chuvash, yoqut(saxa), Janubiy Sibir turkiy lahjalariga bo‘linadi. Ushbu lahjalarning deyarli har biri yoki ko‘pchiligi qadimgi turk tili – “O‘rxun-Enasoy bitiktoshlari tili”ning, ya’ni ko‘pchilik tilshunoslar ta’biri bilan aytganda, “Umumturkiy til” yoki “Umumturkcha” (ing. “Common Turkic”, rus. “Oбщeтюрскый язык”)ning to‘g‘ridan to‘g‘ri izdoshlari bo‘lsa, ayrimlari esa bu tillardan butunlay ajralib turadi. Bugungi chuvash va o‘rta asrlardagi Volga bulg‘orlari, ilk o‘rta asrlardagi o‘g‘ur-bulg‘or tillari “Umumturkiy til”ga kiritilmasdan, ular uchun tilshunoslikda ko‘pincha ilk turkchaning, ya’ni “Boshlang‘ich(proto-turk)chaning izdoshlari” yoki “xun tilining bir tarmog‘i” kabi atamalar qo‘llaniladi. Shu o‘rinda “Ilk turkcha”, “proto-turk” yoki “xun tili” atamalari negizida aynan qanday tushunchalar yotadi?”, “Oltoyshunoslar va turkologlar qanday dalillarga tayanib bunday to‘xtamlarga kelishgan?” kabi savollar tug‘iladi.


Qisqasi, o‘zbek eli o‘zini turli sohalarda – demografik o‘sish, sport(boks, futbol, kurash), ilm-fan(ayrim tarmoqlari)da dunyoga birmuncha tanitib ulgurdi. O‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholining yil sayin ko‘payib borayotganini ham shu kabi yutuqlar sirasiga kiritsak bo‘ladi. Tilimizni asrab-avaylashga intilar ekanmiz, uning o‘tmishini yoritishni ham buyuk burch deb bilishimiz, shunday yondashgan holda ko‘plab izlanishlar olib borishimiz kerak bo‘ladi.

G‘aybulla BOBOYOR, 

tarix fanlari doktori, 

professor, 

O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi

Maqola muallifi

G‘aybulla BOBOYOR

G‘aybulla BOBOYOR

Professor

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish