PARANORMAL EPIZOD NIMA?

Mutaxassis minbari PARANORMAL EPIZOD NIMA?
58


Jahon va o‘zbek adabiyotshunosligida asrlar davomida shakllanib, takomillashib kelayotgan poetik obrazlar va epizodlar mohiyatan o‘zining haqqoniy va tarixiy ildizlariga ega. Dunyo yaralibdiki, olam va odam, zamon va makon, yer-u osmon aro cheksiz tasavvurlar va sodir bo‘ladigan barcha hodisotlar, g‘ayritabiiy karomatlar so‘z san’atida ham aks etib keladi. Adabiy-tarixiy jarayonda an’anaviy obrazlar poetik takomilning asosini tashkil etsa, noodatiy obrazlar va sirli hodisotlarni aks ettirgan “paranormal epizodlar” o‘z genezisiga ko‘ra adabiy janrlar taraqqiyotini tashkil etuvchi muhim komponent sanaladi.


Ma’lumki, o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, mifologiya, maishiy turmush tarzida doimo duch kelinadigan g‘ayritabiiy voqealar, g‘ayrioddiy holatlar azal-azaldan badiiy adabiyotga ko‘chgan, ammo umumiy ma’noda ilmiy atama bilan izohlanmagan. Shuningdek, jin, ajina, iblis, shayton, oziqchi, alvasti, olabo‘ji, arvoh, qoraxayol, yovuz ruhlar kabi tashqi olam kuchlari folklorshunoslikda demonologik personajlar asosida talqin etilgan. Fikrimizcha, demonologik personaj atamasi tor ma’noda obraz(yovuz ruh)larni qamrab olgan va paranormal epizod tushunchasini to‘laqonli ifodalay olmaydi. Holbuki, paranormal epizodlar tarixan real hayotda uchrab kelgan natija o‘laroq, badiiy asarlarda g‘ayritabiiy tarzda tasvirlangan voqelik, hodisotlarning badiiy qatlamga ko‘chgan shaklidir. 



“Paranormal epizod” – bu gʻayritabiiy, gʻayrioddiy va ratsional mantiq bilan tushuntirib bo‘lmaydigan voqelik bo‘lib, zamonning to‘rtinchi, makonning yettinchi o‘lchamiga oid, ekstremal holat-vaziyatlardagina real olam sarhadlarida kuzatilishi mumkin bo‘lgan, uchinchi ko‘z, oltinchi sezgi bilan ko‘riladigan parapsixologik hodisaning badiiy asar sujeti ichidagi kichik bir epizod tarzida tasvirlanishidir. Zamonaviy o‘zbek qissalari misolida o‘rganilgan paranormallik hodisasi aynan poetik hodisa sifatida qaralar ekan, bu tushuncha o‘z-o‘zidan yo obraz, yo sujet, yo detal yoki biz tadqiq etayotgan “epizod” tushunchalari bilan birikkandagina muayyan badiiy-estetik mohiyat kasb eta oladi.


Zamonaviy o‘zbek qissalarida, xususan, Shoyim Bo‘tayevning “Shamol o‘yini” asarida “paranormal epizodlar” qamg‘oq ichidagi g‘ayritabiiy hodisalar, quyun, yonar suv, jin-shaytonlar, ilon-qiz, it-odam ko‘rinishida va jinlarning inson qiyofasidagi talqini – Berkinboy, Yoshi Uzoq, Baraka obrazlari hamda ularning razolatga to‘la amallarida namoyon bo‘ladi. Jumladan, qishloq kampirlari marosimi sanalgan “Momo uloq”, “ko‘ch-ko‘ch” amallari, kampirlarning fol ko‘rish holatlari ham paranormallikka yaqqol misol bo‘ladi. Xususan, “Qamg‘oqdan bir qarichcha yuqoridan quyun naq shiftga tegib charx urardi. Uning ostki qismida odam bo‘lib odamga, it bo‘lib itga o‘xshamagan allaqanday jonivorlar muallaq holatda bir-birlarini ezg‘ilab yanchib yotishardi. Bu maxluqlar quyun yer sahnidan supurilib kelgan suprindilar, burdi-balolar orasidan bitday bijg‘ib chiqishar, bir-birlarini chavaq­lashar, o‘zlarining uyat ishlariga shu qadar mashg‘ul edilarki, aqalli sal boshini ko‘tarib atrofi javonibga qarab qo‘yishni xayollariga keltirishmasdi(Bo‘tayev, 1995, 12). 


Yozuvchi “paranormal epizodlar” orqali badiiy adabiyotda azaliy mavzu bo‘lgan  ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni g‘ayritabiiy hodisalar fonida tasvirlaydi. Bu epizodlar xalq inonchlari bilan bog‘liq bo‘lib,  inson va jamiyat tanazzulining o‘ziga xos ramziy ifodasini aks ettiradi.





Isajon Sultonning “Onayizorim” va “Munojot” qissalarida esa “paranormal epizodlar” bola obrazining chuqur xayolot va tush mahsuli, ong osti bolalik qo‘rquvlarining samarasi, ruhiy-psixologik xavotirning mahsuli sifatida tajassum topadi. Ra’no va Gʻarib obrazida bolalarcha beg‘ubor va sof xayollar ta’sirida paydo bo‘lgan xavfsiz va ziyon yet­kazmaydigan yaratiqlar va sirli hodisotlar­ning yangicha talqini aks etadi.




Paranormal holatlar G‘arib tabiatidagi g‘ayrioddiylik bilan uyg‘un va bir-biriga chambarchas holatda tasvirlanadi. U “…ko‘zim uyquga ketay-ketay deganda ko‘rina boshlaydi shunaqa sharpalar. Tush bilan hushning orasidan qalqib chiqishadi… O‘sha odam tepamda uzoq o‘tiradi(I.Sulton, 2011, 95)”, deydi. Bu tasvirlar G‘arib obrazidagi illyuzion va gallyutsinatsion  holatlar bilan bog‘liq. U o‘zining botiniy olamida yolg‘iz, ruhan o‘zga olamda sayr etadi; G‘arib oddiy insonlar ilg‘amaydigan narsalarni, hodisotlarni ang­lay oladi, tafakkur dunyosi keng, qalbi she’riyatga va san’atga oshufta. Shoir Boborahim Mashrab g‘aza­liyoti va hayot yo‘li unga juda yaqin. Zero, G‘arib ham ona­sining qornida paytidayoq yig‘lagan, tug‘ilganida ham  ko‘zlarida nurli ifoda aks etib turardi. G‘arib obrazi muallif tomonidan ilohiy va ruhoniy quvvatga ega bo‘lgan, ichki intuitiv bilim bilan his etish qobiliyati borligini, “tush va hush” orasidagi olamda ekanligiga asarning ko‘p o‘rinlarida ishora qiladi. 


Xususan, “Tush va o‘ng oralig‘ida qandaydir oppoq kiyingan kimsalarning kelishi va ularning insonga o‘xshamasligi, tasavvurida maysalarning gapirishi hamda go‘yo jonsizday tuyulgan narsalarning ham asli­da jonli ekanligi kabi voqealarning bejiz emasligi­ni u aniq-tiniq bilib turardi(I.Sulton, 2011, 102)” kabi tasvirlar yuqoridagi fikrimizni dalillaydi. O‘zbek adabiyoti namunalarini kuzatish natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, paranormal epizodlar badiiy asar tarkibiga tasodifan kirib qolmagan. Uning uchta asosi bor: 

a) diniy, mifologik, folklor manbalari asosida; 
b) ijtimoiy-psixologik holat, hodisa va vaziyatlar ta’sirida; 
d) botiniy, individual holatlar natijasida. 


 “Paranormal epizodlar”ni badiiy aks ettirish an’anasi o‘zbek qissachiligiga miflar, folklor, klassik adabiyot namunalari orqali va hayotiy tajribalar vositasida kirib kelgan. Sovet davri qissachiligida ayni hodisaga tanqidiy-nigilistik munosabat bo‘lgani bois paranormal epizodning yaqqol namunalari uchramaydi. Jadidlar davrida “paranormal epizodlar” badiiy adabiyotda nisbatan kamroq aks etgan. Bu o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy muhiti bilan bog‘liq jarayon. Mustaqillik davriga kelib qissachilik o‘zining asl o‘zanlariga qaytdi, barcha taqiqlangan sujet, motiv va epizodlar qatorida “paranormal epizodlar”ning ham xilma-xil badiiy talqinlari maydonga keldi. 

Sanobar SAYDAZIMOVA, 

ToshDO‘TAU

 tayanch doktoranti

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Pedagog
  • #ToshDO‘TAU
  • #Nazariya

Ulashish