Qo‘ng‘irot etnonimiga oid qarashlar

Tarix haqiqatlari Qo‘ng‘irot etnonimiga oid qarashlar
38




Qadimiy xalqlar haqida gap ketar ekan, bunda ko‘p mingyillik tarixga ega o‘zbek eli va uning urug‘, qabilalari haqida to‘xta­lish o‘rinli. Professor Norali Norboyevning yozishicha, 92 bovli o‘zbek eli Oltin O‘rda xonlari O‘zbekxon, Jonibekxon, Berdibek­xonlar davrida tashkil topgan. Chunki o‘sha davr tarixiy manbalarida O‘zbekxon hukmronlik qilgan yerlarni “o‘zbeklar mamlakati”, askarlarini esa “o‘zbeklar sipohi” deb yuritgan. O‘zbeklar deganda qabila, urug‘lar ittifoqi ma’nosini tushunish kerak. O‘zbek xalqining qabila va urug‘lari haqida tarixiy kitoblarda, xususan, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida qadimiy xalq bo‘lgan turklar 20 ta qabiladan tarkib topganligi to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tilgan va quyidagi nomlar qayd etilgan: beyenek, qipchoq, o‘g‘uz, yaman, bashg‘irt, basmil, qay, yoboku, totar, qirg‘iz, chi­gil, tuxsi, yag‘mo, ig‘roq, yumup(Shamul), uyg‘ur, tangut, tovg‘och.


Rashididdinning “Jome at-tavorix” kitobida o‘zbek xalqi qabila va urug‘larining kelib chiqishi, urug‘ boshliqlari, ularning yashagan joylari to‘g‘risida ma’lumot beri­ladi. Alisher Navoiyning “Chor devon” asarida temuriylar davrida qo‘ng‘irot, qiyot, og‘ar, bilgut kabi qabilalarning katta mavqega ega ekanligi ta’kidlanadi.


Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarayi turk”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Binoiyning “Shayboniynoma”, Muhammad Solihning “Shayboniynoma”, “Abulxayrnoma” kabi asarlarida ham o‘zbek urug‘ va qabilalari haqida ma’lumotlar mavjud. Ko‘rinadiki, o‘zbek xalqining urug‘ va qabilalari tarixan uzoq va murakkab tarkib asosida shakllangan. Shunday murakkab genetik tuzilish va shajaraga ega bo‘lgan urug‘lardan biri – qo‘ng‘irot urug‘idir. Bu urug‘ning kelib chiqishi va qaysi hududlarda yashaganligi haqida turli qarashlar mavjud. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, etnonimlar haqidagi ma’lumotlar tarixiy manbalar, xalq og‘zaki ijodiga xos afsona va rivoyatlarga tayangan holda beriladi. Bunda shubhasiz keksa avlod vakillarining yodnomalari ham ahamiyatli. Shuning uchun tadqiqotchilar­ning(bizning ham) fikrlarida ba’zi bir munozarali o‘rinlar bo‘lishi mumkin.


Tarixga nazar tashlasak, ma’lum bir xalqning paydo bo‘lishi qaysidir urug‘, to‘da, qabila yoki shu jamoaning yirik vakili nomi bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, jonivorlar, xususan, uy hayvonlari nomi bilan atalgan etnonimlar(urug‘ nomlarini ifodalovchi tilshunoslikka oid atama) eng qadimiylari hisoblanadi. Urug‘larning muqaddas hayvonlari(totemi) bo‘lgan. Masalan, oqbura, qorabura etnonimi bug‘ra – bichilmagan erkak tuya totemi bilan bog‘liq bo‘lib, bura-buvra-bug‘ra tarzida shakllangan.


Qo‘ng‘irot – avlodlari O‘rta Osiyodagi bir qator turkiy xalqlarning etnogenezida ishtirok etgan qadimgi mo‘g‘ul qabilasi. Ba’zi tadqiqotchilar bu etnonimning kelib chiqishi mo‘g‘ullarga borib taqalishiga asos­lar yetarli emas deb hisoblaydi. Xususan, M.S.Mukanovning yozishicha, “Qo‘ng‘irot etnonimining turkiy muhitda mavjudligi bu qabilaning Markaziy Osiyo va Qozog‘iston xalqlari etnogenezisida kelib chiqishi mo‘g‘ul ekanligini tasdiqlamaydi. Tilga olingan xalqlarning shakllanishida mo‘g‘ul-qo‘ng‘irot elementlari uchrasa-da, biroq ularning asosiy tarkibi­ni turkiy qavmlar tashkil qilgan. Bu yerda qavmlar, shu­ningdek, qabilaviy guruhlar­ning Dashti Qipchoqda hukmron bo‘lgan Jo‘ji sulolasi vakillaridan biri – qo‘ng‘irot etnonimi bilan atala boshlagan yangi etno-ijtimoiy tashkilot(EIT)ga birlashganini ko‘rish mumkin. Fikrimizcha, qo‘ng‘irot etnonimining Dashti Qipchoq qabilaviy guruhlariga tarqalishi mo‘g‘ul jamiyatida mavjud bo‘lgan “nökör”, “nököd”(nuker) jamoasi bilan bog‘liq. Nuker – bu mo‘g‘ul jamiyatida muhim o‘ringa ega bo‘lgan noyon, baatura, mergen kabi feodal sinf vakillaridan iborat jamoa. Ammo ko‘plab tarixiy ma’lumotlarda mazkur etnonimning mo‘g‘ullarning mahalliy Klan xalqining Darlekin bo‘limiga kirishi va ilk bor 1129-yili “Mo‘g‘ullarning maxfiy tarixi” asarining 61-bandida “ongirad” shaklida uchrashi qayd etiladi. Mo‘g‘ul tarixchilarining fikriga ko‘ra, ularning nomi “xun” – oqqush va “ard” – xalq, qabila (oqqush qabilasi) so‘zlaridan kelib chiqqan. Chunki oqqush mo‘g‘ul xalqlarining, xususan, buryatlarning totemlaridan(ramz) biri hisoblangan.


Tadqiqotchi G.R.Galdanovaning xulosasi ham yuqoridagi fikr bilan deyarli bir xil. Uning fikricha, xongodor etnonimi xungirat so‘zi bilan bog‘liq, so‘z tarkibidagi -rat, -dorning o‘zgargan variantidir. A.Angarxayev ham mazkur mavzuda ma’lumot berar ekan, xon(xong) va arad kabi qismlardan hosil bo‘lgan xongarad(xongirad) so‘zi xongodordan kelib chiqqan, uning o‘zgarishga uchragan shakli deb yozadi. Yuqoridagi olimlarning fikrlaridan kelib chiqib, xongirad(xungirad) etnonimi buryat tilidagi xongodor etnonimi bilan bir xil deb xulosa chiqarishimiz mumkin.


Qo‘ng‘irot etnonimining etimologiyasiga oid yana bir qancha fikrlar mavjud bo‘lib, bu tahlillarda ham har xillik ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, Sh.Chidenjapov mazkur etnonimni xunlar davridagi xun – oqqush totemidan kelib chiqqan deb hisob­laydi. S.Baldayev xulosalariga ko‘ra, bu etnonim xon – olijanob qush, goodor – hiyla, nayrang so‘zlaridan hosil bo‘lgan. D.Dugarovning fikricha, bu etnonim hosil bo‘lishida turkiycha xun/xon(kun) – quyosh va xuba – oqqush so‘zlari asos bo‘lgan. B.Nanzatov esa mo‘g‘ul tilidagi xongor so‘zini qadimgi qonur(qo‘ng‘ir) so‘zi bilan bog‘laydi. Uning fikriga ko‘ra, xongirat, xongodor, konirat etnonimlari turkiy mo‘g‘ul tilidagi xongor – kongur atamasidan kelib chiqqan bo‘lib, hayvonning rangi, ya’ni qizg‘ish, jigarrang ma’nolarini bildiradi. A.Ochirning fikricha esa xongirad, xonxirad, xonxereyed etnonimi kermet(xereyed, xereyd) – qarg‘a totemi nomidan kelib chiqqan. Chunki mo‘g‘ullar qarg‘aning yirik turlaridan birini xon kereye deb atashadi. Shu qarashga bir qator o‘zbek tilshunos va tarixchi olimlari ham qo‘shilgan. Xususan, Xudoyberdi Doniyorov shunday yozadi: “Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, bu so‘z aslida mo‘g‘ulcha bo‘lib, “qora qarg‘a” ma’nosini bildiradi”. Tarixchi olim S.Tursunov ayni mavzuga “Qo‘ng‘irot – etnonim. O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq xalqlari tarkibidagi qabila. Mo‘g‘ulcha “xongirat” qo‘ng‘ir so‘zining rang bildiruvchi “qo‘ng‘ir” so‘ziga aloqasi yo‘q. Qo‘ng‘ir mo‘g‘ulcha xun kerey(“qora qar­g‘a”, “qarg‘a kishi”) so‘zlaridan tashkil topgan. So‘z oxiridagi -t affiksi kishilar jamligi va kollektivni bildirgan: xun+kerey+t > xunkerey > xunkirat > qo‘ngirat > qo‘ng‘irat. Kerey/qar­g‘a – qadimgi turkiy va mo‘g‘ul xalqlarida totem, muqaddas jonzot sanalgan. Shu tariqa urug‘, qabila nomi yuzaga kelgan”, deb munosabat bildirgan. B.X.Karmishevaning yozishicha, qo‘ng‘irot, yuz(juz), laqay, semiz, kesamir, qatag‘on, do‘rmon kabi urug‘lar XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Buxoro sharqida mavjud bo‘lgan va ular Dashti Qipchoqdan kelib chiqqan. Shuningdek, olimaning ma’lumotiga ko‘ra, qo‘ng‘irot urug‘ining bosh bobosi Qo‘ng‘irot ota(Qo‘ng‘ir bey) hisoblanadi. Uning besh o‘g‘li bo‘lib, ulardan tarqagan avlod urug‘ shoxobchalariga bo‘linadi:


Vaxtamg‘ali(Jonqulbegjon) 18 ta urug‘: ochamayli(ochomoyli), boymoqli, taroqli, chan-chiqli, qozoyoqli, cho‘michli, qaychili, ishqili, qiyg‘ochli, jilontamg‘ali, bolg‘ali, qoraqo‘ng‘irot, bug‘ajili, uyuvli, xandaqli, irg‘oqli, aboqli, kesovli.


Qo‘shtamg‘ali(Aliqulbekjon) 16 ta urug‘: kal, barmoq, savribuzar, qoraqalpoq, ko‘chaxo‘r(go‘jaxo‘r), oqpichoq, chalbachcha(cholbachcha, kalbachcha), to‘lang‘it, tilovmat, o‘troqi, chalka, mavlush, bandiguchuk(bandikuchuk), zamburi, qoraqasmoq, ko‘sa.


Qonjig‘ali(Haydarqulbegjon) 14 ta urug‘: ko‘rto‘g‘ay, qo‘ldovli, jelkillak, moltaka, qoraxonjig‘ali, qorabuvra, do‘sna, chola, no‘g‘ay, tunqora, quyun, cho‘llik, ulus, qoravursoq.


Oyinni(Mullamurod) 12 urug‘: qovg‘a, qochay, qoraqalpoq, tipor, beshbola, cho‘rak, turmak, hajibachcha, qal, qora, oqtana, oytamg‘ali.


Tortuvli(Jiyanbek) 6 urug‘: to‘g‘iz, mo‘nka, moydatovoq, cho‘poq, obodli, o‘ra.


O‘rganilgan va tahlil qilingan ma’lumotlarning har biri haqiqatga yaqin. Albatta, ular qaysidir manbaga asoslangan. Lekin fikrlar mazmunining xilma-xilligi bu etnonim etimologiyasida yakdil yakuniy qarorning mavjud emasligini ko‘rsatadi. Bizning xulosamizga ko‘ra, qo‘ng‘irot etnonimi qarg‘a semasi bilan bog‘liq. Chunki qadimgi urug‘ va qabilalar o‘z ramzlariga ega bo‘lgan. Qabilalar madaniy va ma’naviy qarashlaridan kelib chiqib, asosan, qushlar va hayvonlarni qabila yoki urug‘ ramzi sifatida tanlashgan. Qadimgi mo‘g‘ul madaniyatida qora qarg‘a bardoshli, nigohi o‘tkir, kuchli qush sifatida baholangan. Shuning uchun mazkur qush totem sifatida tanlangan bo‘lishi haqiqatga yaqin. Mo‘g‘ul tilida qarg‘a khereye (xeree) ekanligini inobatga olib, qo‘ng‘irot etnonimiga asos bo‘lgan “kermet”, “kerey”, “xeret” leksemalari “khereye”ning fonetik o‘zgarishga uchragan varianti deb hisoblash mumkin. Bu fikrlar hozirgacha o‘rganilgan manbalarga asoslanib chiqarilgan xulosa bo‘lib, mazkur mavzu doirasida izlanishlari­miz davom etmoqda.




Maqola muallifi

Nargiz QURBONAZAROVA

Nargiz QURBONAZAROVA

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Teglar

  • #Tarix

Ulashish