Queen’s universitetida bolalarda ishonchni qayta qurish tadqiqotlari

Dolzarb mavzu Queen’s universitetida bolalarda ishonchni qayta qurish tadqiqotlari
48

Queen’s University Belfast olimlari tasavvur, empatiya va erta ta’lim orqali bo‘lingan jamiyatlarda ishonchni qayta tiklash yo‘llarini o‘rganmoqda. Ularning tadqiqotlari Shimoliy Irlandiya tajribasining Belfastdan tashqarida ham muhim saboqlar berishini ko‘rsatadi.


Adabiyot va san’at orqali tinchlikni tasavvur qilish


Dr Stefanie Lehner post-mojaro davridagi adabiyot va madaniyatni o‘rganadi. U Milkman, Trespasses romanlari va Tactics for Time Travel in a Toilet spektakli misolida Troubles (1960-yillardan 1998-yilgacha davom etgan Shimoliy Irlandiyadagi zo‘ravonliklar) davriga qaytib, og‘riqli xotiralar ichida ham kelajak uchun “kichik umidlar” – utopik imkoniyatlar paydo bo‘lishini tahlil qiladi.



Uning LGBTQ jamoalariga oid tadqiqotlari tinchlik siyosatidan chetda qolgan guruhlar uchun muqobil kelajak tasavvurlarini qanday yaratish mumkinligini ko‘rsatadi. Shuningdek, Lehner Sounding Conflict loyihasi orqali teatr va musiqa kabi tovush san’atlarining zo‘ravonlik, qarshilik va yarashuv tajribalarini ifodalashdagi rolini o‘rgandi. Bu ishlar 2023-yilda Sounding Conflict: From Resistance to Reconciliation kitobida jamlangan.


Bolalar, erta ta’lim va tinchlik qurilishi


Rivojlanish psixologi Dr Laura Dunne esa mojarodan chiqqan jamiyatlarda bolalar hayotini yaxshilashga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, sifatli erta ta’lim, onalarni qo‘llab-quvvatlash, toza suv va xavfsiz oziq-ovqat kabi dasturlar nafaqat bolalar rivojiga, balki jamiyatda ijtimoiy birdamlik va ishonchni tiklashga ham xizmat qiladi.


Dunne Timor-Lesteda olib borilgan tadqiqotlarni misol qilib, maktabgacha ta’lim markazlari atrofida jamoalar birlashib, davlat institutlariga bo‘lgan ishonch asta-sekin qayta tiklanganini ta’kidlaydi.




Shimoliy Irlandiya tajribasining global ahamiyati


Shimoliy Irlandiyada ishlab chiqilgan Media Initiative for Children dasturi bolalarda farqli insonlarga hurmat va empatiya shakllantirishga yordam berdi. Turli millat, madaniyat va jismoniy farqlarga ega “persona qo‘g‘irchoqlar” orqali bolalar bir-birini tushunishni o‘rgandilar. Bu dastur keyinchalik boshqa davlatlarda ham qo‘llanildi va hozir Ukrainaga moslashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.


Queen’s universitetidagi tadqiqotlar san’at, ta’lim va psixologiya orqali tinchlik qurish mumkinligini ko‘rsatadi. Asosiy xulosa shuki: bolalar nafrat bilan tug‘ilmaydi – empatiya va o‘zaro hurmat o‘rganiladi. Shu sababli Shimoliy Irlandiya tajribasi bugungi mojaroli dunyo uchun muhim dars bo‘lib xizmat qiladi.


The Guardian nashridan olindi.

Maqola muallifi

Shodiyona XUSHMURODOVA

Shodiyona XUSHMURODOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish