QULLIK SARHADLARIDA – 3 Yoxud gastarbayterlik jodusi

Dolzarb mavzu QULLIK SARHADLARIDA – 3 Yoxud gastarbayterlik jodusi
421



Kishan kiyma, bo‘yin egma, 

Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen. 

(Cho‘lpon) 


Gastarbayterlik yoki oddiyroq qilib aytsak, mehnat muhojirligi, mehnat migrantligi orzusi haqida avval ham maqolalarimda fikr yuritganman. Bu ta’lim tizimimizdagi eng katta muammolardan biridir. Ayniqsa, qishloq joylarda, chunki ish o‘rinlarining kamligi, borlarida ham ish haqining pastligi, fermer xo‘jaliklari va budjet tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan insonlarning turmush darajasi xorijda ishlab kelayotganlar turmush darajasidan keskin farq qilishi va qator sabablar yoshlarning ongini pul topish, ayniqsa, gastarbayterlik, ya’ni xorijda mehnat qilish orzusi jodulab olishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘quvchilar, hatto ularning ota-onalarining ham ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlari so‘nishiga va uning o‘rnini xorijda ishlash rejasi to‘ldirishiga olib kelmoqda. 


Xalqimizning “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan maqoli bor. Ota-onalar mehnat muhojirlari sifatida xorijda mehnat qilayotgan oilalarning farzandlari ongida, albatta, ota-onalariga o‘xshash, tezroq maktabni bitirib, xorijga chiqib pul topish orzusi bo‘lmaydi deb ayta olamizmi?! Yoki dars berayotgan o‘qituvchilari­ning moddiy-moliyaviy holati, bilim, ma’lumot, diplom talab qilinmaydigan turli yumushlarda faoliyat yuritayotgan, xalqona tilda aytganda “mardikorlar”ning ahvoli bilan solishtirganda ham o‘qishdan ko‘ngli sovushi, “...o‘qiganning holi shu bo‘lsa, o‘qimaganim bo‘lsin” degan qarorga kelishi aniq. 


Ijtimoiy tarmoqlarda “Qishloqlik o‘qituvchi” taxal­lusi bilan postlar qo‘yib, ta’limdagi muammolarni achchiq satiraga o‘rab ko‘tarib chiqadigan blogerni deyarli barcha biladi. Yaqinda feysbukka “Mardikorchilik fakulteti kerak” degan post qo‘yibdi: 

“Qo‘shnimning 17 yoshli o‘g‘li Turg‘un har kuni mardikorlikka boradi. Kecha kechqurun Ermat sartarosh­ning “saloni”ga soch-soqolimni oldirgani ketayotsam ro‘paramdan Turg‘un chiqib qoldi. Qo‘lida yangi telefon, yetti millionga olibdi. Sekin gap boshladim:

– Turg‘unboy. Shu desang otpuskada odam zerikib qolar ekan. Ertadan meni ham sherik qilib olmaysanmi? Birga mardikorlik qilsam...

– Mayli, malim. Ertaga ertalab soat 7:00 da Ali kal­ning darvozasida ko‘rishamiz. Bir haftalik ish bor. 

Ertasiga soat 7 bo‘lmasdan Ali kalning uyiga yetib bordim. Turg‘un bilan chiroyli dasturxon ustida no­nushta qildik. Devor urish kerak ekan, vazifamiz usta­larga yordamchilik qilish: loy, g‘isht yetkazib berish. Tushlikka chiroyli ovqat bo‘ldi. Soat 17:00 da Turg‘un:

– Malim. Bo‘ldi. Yuvinamiz. Ish vaqti tugadi, – dedi.

Ali kal ikkalamizga 150 mingdan berib xayrlashdi. Bir pulga, bir Ali kalga, bir Turg‘unga qarayman. Uyga kelguncha hisob-kitob qildim. 17 yoshli bola bir kunda 150 ming pul topsa, bir oyda to‘rt yarim million bo‘ladi. Agar ikki mahal ovqatlanishni ham pulga chaqsak, besh yarim million naqd pul. Maoshidan soliqqa, obuna­ga, shanbalikka, remontga va yana balo-battarga ushlab qolinadigan, pedsovet-u bo‘lar-bo‘lmas majlislarda dakki eshitadigan oliy ma’lumotli o‘qituvchidan ikki barobar ko‘p pul topadigan tirranchaga havas qildim (Qadrimga yig‘laganimni o‘zim bilaman). 

P/S: Kattalardan iltimos. Pedinstitutlarda Mardikorchilik fakulteti ham ochilsa. Bechora pedagoglarga g‘isht terish, loy qorish kabi hunarlar mukammal o‘rgatilsa. Erta bir kun Rossiyaga borganda, qiynalmasdan pul topib, uyiga jo‘natsa. Mardikorlik fakulteti kerak”.


Post biroz satiraga yo‘g‘rilib bitilgani rost. Ammo voqelik hayotiy haqiqat. Oddiy mardikorlar o‘qituv­chidan ko‘proq pul topishi, mehnat migrantlari esa amaldorlar minadigan mashinadan qolishmaydigan mashinalarda yurganini ko‘rgan bolaning o‘qishdan bezishi tabiiy hol. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan maqolimizni bemalol “Bola hayotda ko‘rganini qiladi. Hayotdan ta’lim oladi” deb qo‘llasak bo‘ladi. Chunki ijtimoiy muhit, real voqelik ong va dunyoqarashning shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. So‘zlarimning isboti – ikki qo‘shni qishloqda ijtimoiy muhit, maktablaridagi holat bir-biridan keskin farq qiladi. Qishloqlardan birining aholisi ikkinchisinikidan salkam uch barobar ko‘p. Shuning uchun shartli ravish­da Katta va Kichik qishloq deb atay qolaman. Katta qishloq yoshlari o‘qishdan ko‘ra ulfat-jo‘rachilik, to‘porilik va mardlik, urush-janjallarga o‘chligi bilan ajralib tursa, Kichik qishloq yoshlarida oila va maktab tarbiyasining ta’siri kuchliroq. Yoki aniqroq aytganda oila va maktab hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu sabab bo‘lsa kerak, Kichik qishloq bolalaridan har yili o‘rtacha yigirma nafar bola oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiradi, kamida besh-olti nafari esa shartnoma asosida harbiy xizmatda qoladi. Katta qishloqdan esa 15 yildan oshibdiki, birorta bola oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirmagan. Bir-ikki o‘qishga qiziqadigan bolalarni ham oshno-jo‘ralari darrov “izga solib” olishadi. 


Bundan uch yil oldin qisqa muddat repetitorlik qildim. Katta qishloqdan bir ota o‘g‘lini olib kelib, oliy o‘quv yurtiga tayyorlab berishimni iltimos qildi.

Sinov sharti bilan olib qoldim. Bolaning fikrlashi, xotirasi dahshat. Hozir Diplomatiya universitetida Prezident grantida o‘qiyotgan o‘quvchim bilan solish­tirib ko‘rdim. Saviya deyarli bir xil. O‘quvchimni oltinchi sinfdan boshlab maxsus dastur asosida tayyorlab kelaman. Bu bola esa deyarli “ko‘cha”dan kelgan. Otasiga qo‘ng‘iroq qilib, menga kelmaydigan kunlari uchun ingliz tilidan ham mashg‘ulotga qatnashini tayin­lab, yaxshi repetitorlarning manzilini berdim. Ammo ikki haftadan so‘ng bola mashg‘ulotga qatna­shini to‘xtatdi. Surishtirsam, oshnalari “Repetitorga borsang, bizga qo‘shilmaysan, sen bilan gaplashmaymiz” deb shart qo‘yishibdi. Xullas, o‘rtoqlarining ta’sirida bola maktabni bitirib, Rossiyaga gastarbayterlikka ketdi. Xuddi shu saviyadagi shogirdim esa Prezident granti asosida talaba bo‘ldi. Bu haqida zarafshonlik ta’lim fidoyisi Erkinjon Yarashevning quyidagi fikrlariga e’tibor qaratsak: 

“Katta avlod vakillari yaxshi biladi, maktab bizga nafaqat ta’lim, balki tarbiya ham berardi. Afsuski, hozir maktablar faqat bilim berish bilan chegaralanmoqda va bunga jamiyatning o‘zi aybdor. Bu ketishda yaqin yillarda ilmiga amal qilmaydigan olimlar, arzimas matohga vatanini sotadigan ziyolilar, poraxo‘r amaldorlar ko‘payadi. Ta’lim va tarbiya et bilan tirnoq kabidir. Ularni bir-biridan ajratish mumkin emas”(“Ma’rifat mushtariylari” telegram guruhidan olindi). 


Ta’limni yuksaltirish faqatgina moddiy-texnik baza yoki ilmiy-pedagogik salohiyatgagina bog‘liq emas, balki ta’lim oluvchilarning xohish-istagi va intilishlariga ham bog‘liqligini unutmasligimiz, ularning maqsadlarini qullik sarhadlaridan uzoqlashtirish zarur. 

   

IQTISODIYOTNING KO‘RINMAS LOKOMOTIVI

 

Gastarbayterlik haqida, uning ta’limga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri haqida anchagina gapirdik. Xo‘sh, gastarbayterlik jamiyat uchun keraksiz illatmi? Ammo afsuski, gastarbayterlik jamiyat uchun keraksiz illat emas, balki iqtisodiy zaruratdir. Quyida shu haqida to‘xtalsak.


Mehnat muhojirligi, xususan, Rossiyadagi mehnat muhojirligi haqida jamiyatimizda ikki xil qarash shakl­langan. Birinchi toifadagilar jamiyatimizning kambag‘al, mehnatkash qatlamlari uchun Rossiya o‘z kelajagini qurishning yagona vositasi, yagona imkoni. Ular o‘z kelajagini Rossiyada ishlab topadigan pullari asosida barpo etishmoqda. Uy olishyapti, qurish­yapti, mashi­na, kiyim-bosh, oziq-ovqat, farzandlari uchun repeti­tor va kontrakt uchun to‘lov, to‘y, o‘g‘il uylash, qiz chiqa­rish – bularning barchasi ularning musofirchilikda ishlab topgan pullari bilan amalga oshmoqda. Ikkinchi toifa esa jamiyatimizda, ayniqsa, uning ziyoli va o‘ziga to‘q qatlami orasida shakllangan bo‘lib, gastarbayterlikni qoralovchi, Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlari­mizni “o‘risqullar” deya haqoratlovchi, ularni inson o‘rnida ko‘rmaydigan, nafratlana­digan qatlam shakllanib bo‘lgan. Bular va soni tobora ortib borayotgan rusofoblar (ruslarga nisbatan nafrat va qo‘rquv bilan qaraydiganlar) nazdida Rossiyadagi mehnat muhojirlari vatan xoinlaridir. Ularning orasida taniqli insonlarning ham tobora ko‘payib borayotganligi ko‘ngilni xira qiladi. Ko‘pchiligi hatto rus tili va rus madaniyatidan nafratlanish darajasiga borishmoqda. Farzandlarini rus tilini o‘rgatishga qo‘yayotgan ota-ona­larni “o‘risqullar”, “millat xoinlari” deb haqoratlash allaqachon urfga aylanib ulgurdi. Ijtimoiy tarmoqlarda milliy nizo va millatlararo adovatni targ‘ib qilish had­dan tashqari kuchayib ketdi. 


 Xo‘sh, gastarbayterlik rostan ham yomon illatmi? O‘quvchilik yillarimda, o‘tgan asrning 70-yillarida Yevropa gastarbayterlari, aniqrog‘i, italiyaliklarning Germaniyada ommaviy mehnat muhojirligida bo‘lishi, ularning o‘z yurtida ham, nemislar diyorida ham kamsitilishi haqidagi ma’lumotlarni o‘qiganimda ularga achinardim. Nemis xalqi haqidagi tasavvurlarim, italiyaliklarning nemislar tomonidan kamsitilishini tushuni­shim uchun yetarli bo‘lsa-da, ammo bola tasavvurim nima sababdan italiyalik gastarbayterlar­ning o‘z yurtida ham kamsitilishini tushunishga ojizlik qilardi. Hozirgi Rossiyadagi mamlakatimiz mehnat muhojirlarining holatini o‘sha 70-yillardagi italiyalik gastarbayterlar­ning holatiga o‘xshataman. Mamlakat iqtisodiyotining salmoqli ulushini yaratayotgan Rossiyadagi mehnat muhojirlarini iqtisodiyotimizning ko‘zga ko‘rinmas lokomotivlari desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Fikrim­ning isboti, Rossiyadagi mehnat muhojirlari dunyoning boshqa mamlakatlaridagi mehnat muhojirlarimizga qaraganda anchagina ko‘proq. Rasmiy va norasmiy, patent bilan yoki patentsiz mehnat qilayotganlarini qo‘shib hisoblaganda uch million nafardan ko‘proq (aslida ko‘proq ekanligini barchamiz bilamiz). Men bunda statistika idoralari ma’lumotlaridan emas, balki Markaziy bank ma’lumotlaridan foydalandim. Rossiyadagi vaziyat tufayli so‘nggi vaqtlarda pul o‘tkaz­malari kamayayotganligi ta’kidlanmoqda. Migratsiya tashkilotlari tahlillariga ko‘ra kelajakda migrantlar soni ham kamayishi kutilmoqda ekan. Ammo hozirgi real raqamlarni tahlil qilsak. Avvalo uch million insonning resurslar iste’molini mamlakatimizdagi iste’mol savatchasi doirasida. Bir inson yashashi uchun bir oyda zarur deb topilgan 680 ming so‘mni o‘n ikki oyga ko‘paytirsak, 7 million 160 ming so‘m kelib chiqadi. Endi bu raqamni muhojirlar soniga ko‘paytirsak, 2 trillion 148 milliard so‘m mablag‘ kelib chiqadi. Kam mablag‘ emas-a?


Endi ularning faqat bank o‘tkazmalari orqali yuborgan mablag‘lariga to‘xtalsak. Ichki va tashqi risklar tufayli, pul o‘tkazmalari turli yillarda turlicha bo‘lgan. O‘rta hisobda yillik 15-16 milliard AQSH dollariga teng deb olsak bo‘ladi. Bu faqat banklar orqali o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari. Endi har yili mamlakatimizga qay­tib keladigan vatandoshlarimizning cho‘ntagida ham ancha-muncha pul kirib keladi. Buni ham o‘rtacha 4-5 milliard dollar deb hisoblasak, faqat pul ko‘rinishida 20 milliard AQSH dollariga teng qattiq, sof valyuta rusofoblar nafratlanadigan “o‘risqullar” tomonidan olib kelinmoqda. Kiyim-kechak, asbob-uskunalar, shirinliklar, boshqa turli-tuman sovg‘a-salomlar shaklida ham anchagina moddiy resurslar kirib keladi. 


Bundan tashqari, o‘sha uch million inson mamlakatimizda yashashganida, qancha miqdorda elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi kabi resurslar sarf etilardi. Buni ham yodda tutib, shuni hisobga olishimiz kerakki, mazkur resurslar taqchilligi kuzatilayotgan sharoitda bu ham mamlakat iqtisodiyoti uchun anchagina  yordam demakdir. 

Endi migrantlarimiz tomonidan yuborilayotgan 20 milliard AQSH dollarining mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni haqida to‘xtalsak. Iqtisodiyotda shunday qoida bor. Bir so‘m foyda qilish uchun aql va mehnatdan tashqari besh so‘m xarajat qilish kerak. Ana shunda bir so‘m foyda keladi. Besh yilda sarflangan kapital o‘zini qoplagandan so‘nggina, keyingi yildan foyda miqdori oshib boshlaydi. Ya’ni biznes o‘ziga sarflangan kapitalni qoplab bo‘ladi. Resurslar, ish haqi va soliqlardan oshiqchasi foyda. Mehnat muhojirlari yuborayotgan pullarga esa na kapital, na resurslar sarflanadi, na ish haqi to‘lanadi. Ularning mablag‘lari sof foyda, xorijiy valyuta shaklida kirib keladi. Gastarbayterlik orqali kirib kelayotgan  bu mablag‘larsiz mamlakat ichidagi ishlab chiqarish va savdo-sotiq, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalari anchagina qisqarib ketadi. Valyuta taqchilligi yuz beradi. Valyuta bilan ta’minlanmagan pul emissiyasi esa inflyatsiyaning kuchayishiga olib keladi.  Demak, gastarbayterlar, ularning mamlakat uchun yordami zarur.  Ziyrak mushtariy nazdida nimadir o‘xshamayotgandek, ya’ni dastlab gastarbayterlik qoralandi, endi esa oqlanmoqda. Endi shu masalaga oydinlik kiritsak. 


NAJOT BARIBIR TA’LIMDA...


2012-yili mamlakatimizga mehmon bo‘lib kelgan yoshi mendan ko‘ra ulug‘roq bir arman professori bilan suhbatlashib qoldim. Suhbatning asosiy mavzusi mamlakatlarimizning ittifoq tarqalganidan so‘nggi, matbuotda tasvirlanayotgan emas, balki real ahvoli haqida bo‘ldi. Professorning aytishicha, Armanistondagi hayot bizdagidan anchagina yaxshi edi. Aholisi oz, hududi kam, Ozarboyjon bilan urush holatidagi, atrofi dushman davlatlar bilan qurshalgan Armanistonning muvaffaqiyatlariga ishongim kelmadi. 

– Rost, Armanistonda O‘zbekistondagi imkoniyatlarning o‘ndan biri ham yo‘q. Rivojlanishning asosini xorijiy mamlakatlardagi arman diasporasining qo‘llashi, Rossiyaga mehnat migratsiyasiga ketgan yoshlarimiz yuborayotgan mablag‘lar tashkil etdi. Meva-chevalarimiz uchun esa Rossiya yaxshi bozor bo‘ldi. 

– Qo‘ysangiz-chi, Rossiyada qancha migrantlari­ngiz bor? Ular yuborgan pul nima bo‘lardi?! 

– To‘g‘ri (kuldi professor), sizlardagidan kamroq kishi mehnat qiladi, lekin sizlardan ko‘ra ko‘proq pul keladi. 

– Ya’ni... 

– Sizlarda til bilish muammo. Malakali mutaxassislaringiz ham oddiy qora ishda, arzimagan pulga ishlaydi. Bizning qo‘lida hech qanday hunari yo‘q, kasbi, mutaxassisligi bo‘lmagan yoshlarimiz esa rus tilini yaxshi bilganligi, hamyurtlarining bir-birini qo‘llashi tufayli boshqaruvchi, brigadir, qo‘riqchi, nazoratchi kabi ishlarda ishlab, sizning ishchilaringizdan uch-to‘rt karra ko‘p ish haqi olishadi. Topgan pullarini ham foydali ishlarga sarflashadi. Sizlar esa to‘y, hashamlarga sarflaysiz. Moskvada doktoranturada birga o‘qigan do‘stimning to‘yiga kelgandim. Bir to‘yga sarflangan xarajatga yaxshi bir ish ochsa bo‘ladi. 

Rostan, armani professorning aytgan gaplari o‘rinli edi. Ko‘plab qarama-qarshi jihatlar bor. Masalan, arman diasporasi o‘z vatandoshlarini qo‘llab-quvvatlasa, biznikilar orqa tortib borgan vatandoshlarini qullikka sotib yuborishadi. Bizning malakali mutaxassislar qora ishda ishlasa, ularning malakasiz qora ishchilari esa boshqaruvda ishlashadi. Til bilmasliklari tufayli esa biznikilar yanada ko‘proq murakkabliklarga duch kelishmoqda. Va eng achinarlisi, bu holat hanuz davom etmoqda. 

Shu joyda biroz lirik chekinish qilsam. O‘tgan asr­ning 90-yillari. U paytlar tumanimizdagi 26-maktabda ishlardim. Rus tili fani o‘qituvchisi tug‘ruq ta’tiliga chiqqan. Unga ajratilgan V va VI sinflardagi rus tili darslari o‘tilmasdan qoldi. Shunda o‘quvchilarga achin­ganimdan, o‘z darslarimning bir qismini hamkasbimga berib, sentabr oyidan yangi yilga qadar yigirma soat rus tili darsini o‘tdim. U paytda rus tili fani ikkiga “Rus tili” va “Rus adabiyoti”ga bo‘lingan holda o‘qitilar edi. Shoir va yozuvchilarning darslikka kiritilmagan asarlari haqida ma’lumotlar berib, asarlar mazmunini ifodali o‘qib va tarjima qilib berib o‘quvchilarni ada­biyotga qiziqtirib oldim. Bolalarning bilimi, til bilish darajasi deyarli yo‘q hisobi, oldingi o‘qituvchisi faqat mavzularni yozdirib, mazmunini o‘zbek tilida tushun­tirib berish bilan cheklanar ekan. Grammatikadan o‘quv­chilarni fanga qiziqtira olmadim. Rahbarlarga o‘tmayman deyishga ochig‘i uyaldim. Darsni nomiga o‘tishga esa vijdonim qiynaldi. O‘ylab-o‘ylab darsni besamar o‘tkazmaslik uchun o‘quvchilarning gaplashish va nutq mahoratini oshirish ustida ishlashga qaror qildim. Darsning 15 daqiqasini dastur bo‘yicha ishlashga, 30 daqiqasini esa gaplashishni o‘rgatishga ajratdim. To‘rt oyda bolalar binoyidek rus tilida gaplashadigan bo‘lib qolishdi. Yangi yildan esa o‘zlarining o‘qituvchisi ishga chiqdi. Oradan o‘n besh yil o‘tgandan so‘ng, ishdan qaytayotganimda, rus tilidan saboq berganim, qo‘shni qishloqqa turmushga chiqib ketgan shogirdlarimdan birini uchratib qoldim. Qachonlardir rus tili fanidan dars o‘tganim yodimdan ham ko‘tarilib ketgan. 

– Assalomu alaykum, yaxshimisiz, ustoz? 

– Vaalaykum assalom, – salomga alik olib yo‘limda davom etdim. 

– Ustoz, tanimadingizmi? Men Go‘zalman... 

– Tanidim, yaxshimisan? 

– Ustoz. Sizga rahmat aytmoqchi edim. O‘qitgani­ngiz uchun. 

– Nimasiga rahmat aytasan? Institutga kirganingda ham rahmat aytsang arzirdi...

– Yo‘q, ustoz, rus tilidan o‘tgan darsingiz uchun. 

– Rus tilidan ham dars o‘tganmidim? 

– Ha, ustoz, bizga rus tilida gaplashishni o‘rgatgandingiz. Uch yil Rossiyada ishlab keldim. Rus tilini bilganim uchun faqat tarjimonlik qildim. Ikki baravar oylik to‘lashdi. Rus tilini bilmaganimda buni orzu ham qilolmasdim. 

Xullas, shunaqa gaplar. O‘quvchilardagi gastarbayterlik orzusi ularning xorijda jismoniy qora mehnat bilan shug‘ullanishiga sabab bo‘lib qolmasligi kerak. Xorijga mehnat migratsiyasiga ketadiganlar ham zarur mehnat malakasiga ega bo‘lib, xorijiy tilni bilib, chetga chiqishsa o‘zlari uchun anchagina foydali bo‘lardi. Endi oddiygina til bilgan(til bilganda ham oddiygina muloqot darajasida) mehnat muhojirining o‘zi uchun shunchalik qulay sharoitga ega bo‘lishidan xulosa qilishimiz mumkinki, boradigan mamlakatining tilini, qonunchiligi va madaniyatini yaxshi biladigan, zamonaviy kasb-hunarlarga ega bo‘ladiganlarning imkoniyatlari qanday bo‘lishini tasavvur qilavering. Yana bir hayotiy misol, kambag‘al oiladan chiqqan, hatto daftar olishga imkoni bo‘lmagan, moddiy jihatdan nihoyatda qiynalsa-da, oliy o‘quv yurtida o‘qigan, o‘qishni bitirgach, AQSHdagi nufuzli kompaniyada ishlayotgan, Vashington shahrida o‘z uyiga, eng zamonaviy mashinaga ega buxorolik yigitni bilaman. Oylik maoshining miqdorini eshitsangiz, hatto orzularga sig‘maydigan darajada ko‘p. Bu darajaga esa u yaxshi o‘qish va mukammal ta’lim olish tufayli erishgan. Mamlakatimizda har holda yaqin o‘n yillarda barcha aholini ish bilan ta’minlash imkoniyati yo‘q. Sababi, yaratilayotgan ish o‘rinlariga nisbatan aholi tezroq ko‘paymoqda. Xohlaymizmi, yo‘qmi mehnat migratsiyasi davom etaveradi. Lekin chetga ishga boradigan vatandoshlarimiz arzimagan pulga og‘ir jismoniy mehnat qiladigan qora ishchilar sifatida emas, balki yuqori maosh oladigan, qulay sharoitlarda mehnat qiladigan zamonaviy mutaxassislar sifatida borishlari kerak. Bu yo‘l esa faqatgina ta’lim dargohlari orqali o‘tadi. 

Normamat ESHONQULOV,   

   Oltinsoy tumanidagi

63-maktab o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Normamat ESHONQULOV

Normamat ESHONQULOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar

Ulashish