SO‘ZGA SIG‘G AN OLAM

Talqin SO‘ZGA SIG‘G AN OLAM
52

E’tibor berganmisiz, ba’zan birgina so‘z bizni uzoq yillarga − ortga qaytara oladi, osmonga bo‘ylashtiradi yoki bir nuqtadan ko‘z uzmay o‘ylar girdobiga g‘arq bo‘lishimizga sabab bo‘ladi.


“Onam” deysiz: rang-barang tasmalar xayolingizdan yashin tezligida o‘tib ulguradi: tandirdan endigina uzilgan issiq non, hovlining salqin supasi, u ekkan o‘sma, rayhonmi-yey?! Har safar ish, o‘qishga kuzatayotganda ko‘rinmay ketgunimizcha izimizdan termilgan ko‘zlar… “Vatan” deysiz: bolaligingiz izi qolgan ko‘chalar, maktab, mahalla, ota-ona, ilk qo‘l siqishgan do‘stlaringiz yodingizga tushib, beixtiyor labingizga nimtabassum yugurganday bo‘ladi. Zum o‘tmay, tomog‘ingizga tiqilgan sog‘inchdan yutinib, ko‘zoynagingizni olib ko‘zyoshingizni artgan bo‘lasiz. Qiziq, birgina so‘zga shuncha xotira, shuncha his qanday sig‘arkan?


“O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”, deganida Abdulla Qodiriy naqadar haq edi. Shu o‘rinda aytish joizki, til mavqeyi so‘z zalvori bilan o‘lchanganda edi, o‘zbek tili allaqachon butun dunyo o‘rganishga bel bog‘lagan tilga aylanardi! Deylik, “ko‘ngil” so‘zi. Uni boshqa tilga birgina so‘z bilan to‘la-to‘kis tarjima qilib qo‘yish qiyin. Ustiga-ustak, o‘zbek tilida “ko‘ngil qoladi”, “ko‘ngil topiladi”, “ko‘ngil ko‘tariladi”, “ko‘ngil og‘riydi”, “ko‘ngil yayraydi”, “ko‘ngil tusaydi”. Hatto “ko‘ngilga qaraladi”. Yoki “yuz” so‘zini olaylik. “Yuzi yorug‘ bo‘lish” degan go‘zal qochirimni boshqa tilda ayni ma’no va ohangda berish osonmikan?! “Yuzi shuvut bo‘ldi” degan achchiq ta’nani-chi?!. Yana qaysi tilda “yuz o‘girmoq”, “yuz ko‘rishmoq” deya bir so‘zni har maqomga “o‘ynatish” mumkin?! “Qara” bilan “nazar sol” bir xil emas. “Gapirdi” bilan “dardini to‘kdi” bir ma’noni anglatmaydi. “Yurdi” bilan “odimladi”, “kezdi”, “sudraldi”, “qadam tashladi”, “shoshildi”ning “og‘irligi” teng emas! Ayting-chi, siz o‘rgangan qaysi chet tilining ona xalqi uzoq yillar jamg‘argan shunday katta xazinasi bor?!


Tilimiz hatto tabiatni-da jonlantiradi: shamol esmaydi – ba’zan yelvizak hovlini aylanib yuradi. Tong otmaydi – tong yorishadi. Quyosh shunchaki chiqmaydi, u ufqdan bosh ko‘taradi. Kuz boshlanmaydi – kuz kirib keladi. Yomg‘ir yog‘maydi – gohida osmonning ko‘ngli bo‘shab ketgandek tuyuladi… “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar”, deydi xalqimiz. Qanday sodda jumla! Ammo undagi yashirin falsafani shu yuki bilan boshqa xalqlar anglay olishi uchun ular tilida yetkazib berishga so‘z topilarmikan?! Yana “Yaxshilik qil, daryoga ot”, deydi dono xalqimiz. Ajabo, deb yuborasan kishi! Bir qarashda oddiy nasihat, ammo unda olijanob xalqimizning ezgulikni mukofot kutmay qilish haqidagi axloqiy qarashi mujassamlangan. Mana, nima uchun o‘zbek tili asrlar qa’ridan omon kelmoqda!


O‘zbek tilini ajdodlarimizdan qolgan bebaho so‘zlar bilan to‘la katta bir sandiqqa o‘xshataman. Biz har kuni o‘sha sandiqni ochib, so‘zlar orqali kimgadir quvonch hadya etamiz, kimgadir sog‘inchimizni izhor aylaymiz, yana kim bilandir do‘stlik rishtalarini bog‘laymiz. Ammo unda hali ishlatilmagan iboralar, kashf etilmagan ma’nolar, hali yozilmagan she’rlar, hali yaratilmagan hikoyalar, yangi avlodning yangi so‘zlari uchun bo‘sh joylar ko‘p deb o‘ylayman. Ularni topish, asrash va kelajak avlodga yetkazish – zimmamizdagi eng sharafli vazifalardan biridir.


Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Zamon va makon
  • #Ona tili

Ulashish