Yangi yil bayramiga tuhfa: 34-maktabning yangi qo‘shimcha binosi foydalanishga topshirildi

Jarayon Yangi yil bayramiga tuhfa: 34-maktabning yangi qo‘shimcha binosi foydalanishga topshirildi
32

Toyloq tumani “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 34-umumta’lim maktabida ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish yo‘lida muhim loyiha amalga oshirildi. Mazkur maktabning 900 o‘rinli asosiy binosi 2009-yili qurilgan bo‘lib, 2024-yili to‘liq rekonstruksiya qilingan. Bugungi kunda maktabda 1164 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, bu esa 2,1 yuklama koeffisiyentini tashkil etgan edi.


Maktabda jami 73 nafar pedagog faoliyat yuritadi. Ularning 21 nafari oliy, 14 nafari birinchi, 17 nafari ikkinchi toifali o‘qituvchilardir. Shuningdek, 28 nafar pedagog milliy va xalqaro sertifikatlarga ega. Ta’lim muassasasiga 2018-yildan buyon F.Ahrorov  rahbarlik qilib kelmoqda.


So‘nggi yillarda maktab bitiruvchilarining natijalari ham e’tiborga loyiq. Jumladan, 2024–2025-o‘quv yilida maktabni 45 nafar o‘quvchi tamomlab, ularning 20 nafari, ya’ni 44 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. 2025–2026-o‘quv yilida esa 80 nafar bitiruvchi maktabni tamomlashi kutilmoqda, ularning 18 nafari allaqachon milliy va xorijiy sertifikatlarga ega.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, maktab infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida qo‘shimcha 360 o‘rinli yangi bino qurildi. Mazkur loyiha uchun 2 milliard 524 million so‘m mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari “MEHR-OQIBAT RAMZI” MCHJ tomonidan amalga oshirildi va bino foydalanishga topshirildi.


Yangi qo‘shimcha bino ishga tushirilishi natijasida maktabda 11 ta zamonaviy o‘quv xonasi tashkil etildi va o‘quvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Eng muhimi, maktabdagi yuklama koeffisiyenti 2,1 dan 1,3 ga tushirilib, ta’lim jarayonining samaradorligi sezilarli darajada oshirildi.


Bugun mazkur qo‘shimcha binoning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Toyloq tumani hokimi Behzod Rahmatullayev, tuman jamoatchiligi vakillari, nuroniylar hamda mahalliy Kengash deputatlari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi bino maktab jamoasi va o‘quvchilar uchun katta sovg‘a bo‘lib, hududda ta’lim sohasini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Maktab

Ulashish