823-QARORDAGI O‘ZGARISHLAR: Ijodkor o‘qituvchi rag‘batlantirilishi zarur
O‘zbekiston ta’lim tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida o‘qituvchi shaxsi va uning mehnatini munosib rag‘batlantirish masalasi turadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom pedagoglar o‘rtasida sog‘lom raqobatni yuzaga keltirishga xizmat qilib kelmoqda. Biroq har qanday hujjat vaqt sinovidan o‘tishi, kamchiliklari tuzatilishi kerak.
So‘nggi o‘zgarishlar va joriy yildagi baholash mezonlari pedagogik jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, o‘qituvchining ilmiy-ijodiy faoliyati, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari va maqolalari uchun ball berish tizimining bekor qilinishi ko‘plab savollar tug‘dirmoqda. Xo‘sh, maqolalarga ball berish nega muhim?
O‘tgan yillar davomida o‘qituvchilarning tuman, viloyat va respublika miqyosidagi gazeta va jurnallar, shuningdek, nufuzli veb-saytlarda chop etilgan maqolalari ularning o‘z ustida ishlashidan dalolat bergan. Bu shunchaki matn yozish emas, balki tajriba almashish, ya’ni bir o‘qituvchining tajribasi butun respublika pedagoglari uchun metodik qo‘llanma vazifasini o‘tardi. Qolaversa, ball olish ilinji bo‘lsa-da, o‘qituvchining jamiyatning eng oldi vakili sifatida dolzarb muammolarga munosabat bildirishi, uni ko‘proq kitob o‘qish, tahlil qilish va fikrini qog‘ozga tushirishga undagan.
Yangi tartibga ko‘ra ushbu bandning olib tashlanishi o‘qituvchini faqat “ish rejasi” doirasidagi qolipga solib qo‘yishdek tuyulmoqda. Agar o‘qituvchi o‘z fikrini yozma ravishda bayon eta olmasa, u o‘quvchilarda qanday qilib kreativ fikrlashni shakllantirishi mumkin? Shuningdek, “Sinfdan tashqari ishlar” bo‘limidagi bo‘shliq ham kishini o‘ylantiradi.
Hozir sinfdan tashqari ishlar uchun ball berish tizimi faqat to‘garaklar faoliyati bilan cheklanib qolgan. Albatta, to‘garaklar muhim, lekin o‘qituvchining sinfdan tashqari faoliyati faqatgina to‘garak jurnalini to‘ldirishdan iborat emas-ku?!
O‘qituvchining badiiy asar yozishi, kitoblar nashr ettirishi, o‘quvchilar bilan birga adabiy-badiiy kechalar tashkil etishi – bularning barchasi ijodkorlik emasmi? Zero, ijodkorlik ta’limning asosini tashkil etadi. Xalqaro PISA va PIRLS baholash dasturlarida ham o‘quvchilarning tanqidiy va kreativ fikrlashi asosiy mezon qilib olingan. Mantiqiy savol tug‘iladi: ijodiy tashabbuslar yetarli qo‘llab-quvvatlanmagan o‘qituvchi ijodkor o‘quvchi tarbiyalay oladimi? Qarorning yangi tahririda “ijodkorlik” bo‘limining deyarli yo‘qligi pedagoglarni quruq statistik ma’lumotlar to‘plash, faqat hisobot uchun ishlashga majbur qilmoqda. OAVga maqola yozishni to‘xtatgan o‘qituvchi – jamiyatdan uzilgan, faqat darslik doirasiga qamalib qolgan mutaxassis demak. Maqsadimiz tanqid emas, balki tizimni takomillashtirishdir.
Mutasaddi tashkilotlar quyidagi jihatlarga e’tibor qaratishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi:
• Agar o‘qituvchining metodik yangiligi OAVda yoritilsa, bu uning kasbiy mahoratining isboti sifatida baholanishi shart;
• Ijodiy loyihalar uchun alohida band: faqat to‘garak emas, balki o‘qituvchining mualliflik dasturlari, badiiy ijodi va innovatsion g‘oyalari uchun ball joriy etilishi kerak;
• Sifat ko‘rsatkichi: maqolalar soniga emas, ularning sifati va ijtimoiy rezonansiga qarab ball beradigan tizimni ishlab chiqish lozim.
Xulosa o‘rnida, ma’rifatparvarlik an’anasi to‘xtab qolmasligi uchun o‘zbek ma’rifatparvarlari – jadid bobolarimiz ham avvalo gazeta nashr qilishgan, maqolalar yozib xalqni uyg‘onishga undagan. Ijodkor o‘qituvchi – millatning uyg‘oq vijdonidir. Bugungi kun o‘qituvchisi ham zamonaviy jadid bo‘lishi kerak. 823-qarordagi o‘zgarishlar o‘qituvchini ijoddan sovutmasligi, aksincha, uni yangi marralarga undashi lozim. Uning qalami to‘xtasa, jamiyatda fikrlar qashshoqlashadi. Umid qilamizki, vazirlik ushbu jihatlarni qayta ko‘rib chiqadi va o‘qituvchining ma’naviy-ma’rifiy mehnatini munosib baholashda davom etadi.
Sayyora YORQULOVA,
Olmaliq shahridagi 14-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
PARVOZGA SHAY AVLOD
Darsni samarali tashkillashtiramiz
823-QARORDAGI O‘ZGARISHLAR: Ijodkor o‘qituvchi rag‘batlantirilishi zarur
Zamonaviy ilm-fanda olima ayollarning o‘rni: global taraqqiyot va innovatsiyalar strategiyasi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank