ADABIY QAHRAMON – JONLI INSON buni o‘quvchilar anglab turishi kerak

Adabiyot darslarida nazariy bilimlarni shakllantirishda o‘qituvchining ta’lim jarayonini interaktiv metodlar orqali tashkil etishi samarali bo‘ladi. Ayniqsa, o‘quvchilarning maqsadni anglashi, uning ta’lim jarayonida nechog‘li amalga oshganini tahlil qilish, badiiylik qonuniyatlarini anglash, asarga to‘g‘ri baho bera olishga o‘rgatishda muhim o‘rin tutadi.
Ta’kidlash joizki, adabiyot fanini o‘qitishning asosiy vazifalaridan biri o‘rganilayotgan asarni o‘zlashtirish va his etish, o‘quvchida bilim hamda estetik zavqni ta’minlashdan iborat. Asar ustida ishlash jarayonida o‘quvchi qahramonning ichki dunyosi, shaxsi va xarakteri, xatti-harakatlari, fikrlari nutqida namoyon bo‘lishini o‘rganadi. Shunday belgilarga qarab odamni baholashga odatlanadi. Eng muhimi, asar qahramoni o‘quvchilar tomonidan hamisha tirik inson sifatida his qilinishi kerak. Metodik adabiyotlarda aytilganidek, ko‘pincha kuzatiladigan holat shuki, o‘quvchilar, ba’zan o‘qituvchilar ham asar matni ustida ishlash davomida adabiy qahramonning tirik odamligini unutib qo‘yadilar. Asar tahlili o‘quvchining adabiy qahramonni ko‘p qirrali, jonli inson sifatida qabul qilishiga ko‘maklashishi kerak.
Yuqori sinf “Adabiyot” darsligi ko‘zdan kechirilganda, unda “Farhod va Shirin” dostoni materiallaridan so‘ng berilgan nazariy ma’lumot bilan bog‘lanadigan boshqa nazariy ma’lumotlar ham mavjud. Bir-birini to‘ldiruvchi “Komil inson”, “Tasavvuf va tasavvuf atamalari” haqidagilar shu jumlaga kiradi. Aytmoqchimizki, komil inson mavzusiga to‘xtalishda oldingi mavzularda ko‘rib o‘tilganlardan ham foydalaniladi, mavzular uzviyligi ta’minlanadi.
Albatta, bu ma’lumotlarning darslikka kiritilishi bejiz emas. Chunki ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va ayni paytda, biri ikkinchisini taqozo etadigan tushunchalardir. Shuning uchun ham “Komil inson” tushunchasi ta’rifida quyidagilar bayon etilgan:
“Tasavvufga ko‘ra ko‘ngilni poklash ham bir ilmdir. Ilm esa ustozlardan o‘rganiladi. Farhodning ustozlaridan kasb o‘rganishini eslang. Ular shunchaki hunarmand ustalar obrazi emas edi. Boniy – ko‘ngilga ishq binosini qurgan va qurishni o‘rgatgan, piri Moniy – Olloh ishqini qalbda naqshlash sirlarini anglatgan ustoz. Qoran – ko‘ngildagi toshdan ham qattiq nafsoniy istaklarni parchalash ilmini bildirgan murshid. Shular kabi yana Suhaylo, Suqrotdek ulug‘lardan ishq sirlarini, poklanish ilmini o‘zlashtirgan insongina hayotlik davrida o‘z botinida dev, ajdaho, arslondek bo‘lgan nafsoniy illatlarni yenga biladi, kundalik hayotda duch keladigan o‘z nafsiga qul Xusrav, Sheruya kabi odam qiyofasidagi shaytonlarga bas kela oladi. Bir so‘z bilan aytganda, u insoniy o‘zligini yo‘qotmay, poklanish yo‘lida davom etadi. Poklanishga erishgan komil inson esa ayni paytda yuksak axloq va odob timsoliga aylanadi. Shu ma’noda, Farhod o‘zbek adabiyotida mukammal yaratilgan komil inson obrazidir”.
Darslikda ishqning markaziy tushuncha ekanligi shunday ta’riflanadi:
“Tasavvufda ishq deganda faqat mehr, sevgi kabi tuyg‘ulargina emas, ulardan tashqari yana iroda, sabot, ilm, ibodat, oqillik, xokisorlik, sabr, qanoat, g‘ayrat, kamtarinlik, adolat, saxiylik, halimlik, mardlik, hayo, pokizalik, shirinso‘zlik, shafqat, umuman, inson qalbini, ruhini poklashga xizmat qiladigan, uni Ollohga yaqinlashtiradigan barcha ezguliklar, pokliklar yig‘indisi tushuniladi. Ishqning o‘rni ko‘ngilda bo‘ladi. Ko‘ngil ishq tufayli poklanadi. Ko‘ngil poklansa, ishq yanada o‘tli, nurli bo‘ladi, ilohiy mohiyat kasb etadi”.
Darslikdagi ma’lumotda nafs tushunchasi ham o‘ziga xos tarzda talqin etilgan. U, bir tomondan, o‘quvchiga axloqiy bilim bersa, ikkinchi tomondan, tasavvuf istilohlarini o‘rganish uchun ham muhimdir. Nafs deganda yemoqlik, ichmoqlik, kiymoqlikdan tashqari yana johillik, ilmsizlik, manmanlik, kibr-u havo, dunyoparastlik, zulm, o‘g‘rilik, tanballik, g‘urur, tama’, ko‘rolmaslik,baxillik, mansabparastlik, shahvat, ko‘ngli torlik, g‘azab, umuman, inson ruhini, qalbini bulg‘aydigan, uni Ollohdan uzoqlashtiradigan barcha illatlar yig‘indisi tushuniladi.
Umuman, so‘fiyona adabiyot insoniyatni ruhiy-ma’naviy poklanishga da’vat etuvchi g‘oyalar silsilasi sifatida katta tarbiyaviy ahamiyatga molik. O‘zlikni anglash va o‘zini poklash bilan bog‘liq uzluksiz jarayon sifatida qarash tasavvuf mohiyatini teranroq anglashga ko‘mak berishi bilan birga, uning ijtimoiy ahamiyatini oshirib, hayotiy, ma’naviy-ma’rifiy o‘rnini aniq tasavvur etishga zamin yaratadi.
Badiiy adabiyotda esa tasavvuf ta’limoti obrazlar olami rang-barangligi, axloqiy ideallarni mujassam etgan inson siymosini yaratish asosi hisoblangan. Binobarin, bunday mavzularni o‘rganish ham komil inson tarbiyasida, yoshlarning barkamol inson, yetuk shaxs bo‘lib kamol topishida muhim rol o‘ynaydi.
Husan BERDIYEV,
Qarshi Iqtisodiyot va pedagogika universiteti
Samarqand kampusi dotsenti,
Xolbo‘ta XO‘JANOV,
shu universitet katta o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
Inson qadri – eng oliy qadriyat
XALQI MA’NAVIYATLI VATAN – KUCHLI
XOTIRA – MUQADDAS!
TAVSIYANOMALAR TANTANALI TOPSHIRILDI
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank