CHANGI, O‘ZBEKISTON

Toshkentni chang qopladi. Yer-u samo, nafas olay desang — havo, yursang ham tursang ham hammayoq chang! Internetdagi bilgichlarning xabar berishicha, shimoldan kelgan sovuq havo oqimi sabab tuproqning ustki qatlami ko‘chibdur, qanot yozib falakka uchibdur. Shundan hammayoq changib ketganmish. To‘g‘risi, bu kabi kitobiy gaplarga uncha tushunmayman. Lekin chang borasida o‘zimning ham ba’zi taxminlarim yo‘q emas. Eshitarga sizdayin tekinquloq topilib turganda, endi bu taxminlarni aytmasak ham bo‘lmas:
1. Volidayi muhtaramamiz momomizning momosidan qolgan kigizni olib chiqib qattiqroq silkiganga o‘xshaydi. Avvallari ham uning changi butun ovulni tutib ketgich edi.
2. Eski zamonlarda qishlog‘imizdan Nurotaga karvon yo‘li o‘tgan. Hatto Iskandar Maqduniyning ham qadami tekkan deyishadi. Ammo shu qadim yo‘llarning ahvoli bugun xarob. “Yo‘limizni asfalt qilib bering”, deb oqsoqollarimizning bormagan eshigi qolmadi, biroq bu boruvlardan biror foyda bo‘lmadi. Ehtimol, qishlog‘imizning tuproq yo‘llari najotni poytaxtdan istab, bosh urarga o‘z changlarini yuborgandir(meni sog‘inib kelgan bo‘lishlari ham mumkin).
3. Joni uzilay deb turgan maktab kutubxonasiga instag‘iromning o‘gay bolalaridan birortasi adashib kirib qolgan-u, “Bu nima ekan?” deb kitoblardan birini ehtiyotsizlik bilan ochib yuborganmikan?
4. Tomorqaga ekin ekish kerak, deb otam qo‘limga ketmon berdi. Bu ketmon tushmagur odam tanlar ekan. Uquvlining qo‘liga tushsa, har tomon bog‘-u bo‘ston, uquvsizga tushsa, san-manga borib o‘tirmay, shartta sinarkan-qo‘yarkan…
Ketmonimning dastasi sindi, endi qutuldim-ov, deb turgan edim, otam singan ketmondastani u yer, bu yerini yo‘nib, eshakka minsang — xalacho‘p, avjing kelib qo‘shiq aytay desang — gitara bo‘lgulik siyoqi bor bir kaltak holiga keltirdi. So‘ng meni qo‘y boqishga jo‘natib yubordi. Lekin bu kaltak qurg‘ur ham odam tanlar ekan. Yaxshi cho‘ponning qo‘liga tushsa, 10 ta qo‘yi bir qo‘ra bo‘lar, yomoniga tushsa, o‘novi ham ochidan o‘lar ekan.
Oxiri qo‘ylarni o‘ldirib, o‘lmaganini ham bozorga chiqarib, qo‘yinga pulni to‘ldirib, shaharga qarab qochdik. Endi bu changning sababiga kelsak. Shaharga uloqib ketgan dangasa o‘g‘li otamning esiga tushib ketgan-u, qog‘oz-pog‘ozga o‘ramay changitib so‘kib yotganga o‘xshaydi.
5. (Ekopartiyaning saylovda yutqazganini hamma qabul qilsa ham tabiat qabul qilmadimi deyman-da...).
6. Bu chang bo‘roniga daraxtlarning kamayib ketgani sabab deb ham eshitdim birovlardan. Bunda siz aytganday Sitichi akalarning aybi yo‘q. Xo‘sh unda daraxtlarning kamayishiga kim aybdor? Albatta o‘qituvchilar-da! U sho‘rlikning tagi yumshatilmasa, oqlanmasa, suv quyib turilmasa, qurimay nima qilsin? Muallimlarning shunday olamshumul ishlari turib dars o‘tayotganiga o‘lgim keladi!
7. O‘qituvchi zotining hammasi oyliklar oshadi degan gapga chippa-chin ishonib, yer tepib o‘ynaganidan hosil bo‘lgandir, balki, bu chang.
8. Tahririyatlarning obuna dardida chopib yurgan mashinalaridan ko‘tarilgan bo‘lsa ham ajab emas…
Xullas aytay desak gap ko‘p. Shunisi ayonki, Ulug‘ qudrat “Changi, O‘zbekiston” demaganida Yangi O‘zbekistonimiz changimagan bo‘lardi.
Ibn TUFROQIY
10.11.2021
Shu kecha va kunduzda
OTMlarda jinoyatchilik statistikasi eʼlon qilindi
Fitch agentligi Toshkentning kredit reytingini qayta tikladi
“Yangi O‘zbekiston” universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi
Xalqaro hamkorlik loyihasi doirasida 58 ta maktab quriladi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

So‘ragan edingiz

TA’MIRTALAB YOZUVLAR KIMDAN BUYRUQ KELISHINI KUTMOQDA?

Jaloliddin Manguberdiga tegishli "Yada" toshining asli Buyuk Britaniyada saqlanishi ma’lum bo‘ldi
409.webp)