FUTBOL AHLIMIZNING ASRIY ORZUSI USHALDI!

Deydilar, uzoq kutilgan orzu ushalganda quvonchi shirin bo‘ladi. Nihoyat, 2025-yil 5-iyun oqshomida xalqimiz, futbol ahlimizning asriy orzusi ushaldi: O‘zbekiston milliy terma jamoasi kelgusi yili AQSH, Meksika va Kanada davlatlarida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Quvon va faxrlan, elim, endi o‘zbek futbolchilari kelgusi yili sehrli diyorda yangi kashfiyot yaratish uchun yashil maydonlarda g‘ayrat-shijoat ko‘rsatishadi!
Terma jamoamiz a’zolari bu yo‘llanmani qo‘lga kiritishi uchun Osiyo qit’asining hal qiluvchi saralash bosqichida biri-biridan og‘ir va mas’uliyatli to‘qqiz o‘yinda kurash olib borishdi. Ular g‘alaba qozonganda quvondi, xatolarga yo‘l qo‘yganda alamini ichga yutdi, lekin har gal uchrashuvga yanada irodaliroq bo‘lib maydonga chiqishdi. Jamoaning irodasi qiyin uchrashuvda kerakli natijaga erishishida ko‘rinadi.
Birlashgan Arab Amirliklari(BAA) jamoasi bilan bo‘lgan Abu-Dabi shahridagi safar uchrashuvida futbolchilarimizning irodasi toblangani yaqqol namoyon bo‘ldi. BAA futbolchilariga bu o‘yinda g‘alaba suv va havodek zarur ekanligini bilganimiz uchun bizga kerakli bir ochkoni olish oson emasligini hamma his qilib turgandi. Bu o‘yinda futbolchilarimizning birinchi navbatda darvozamiz daxlsizligini saqlashi muhim ahamiyatga ega edi. Ular bu vazifani bir tan-u bir jon bo‘lib sharaf bilan uddalashdi. Ayniqsa, darvozabonimiz O‘tkir Yusupov muqarrar golli vaziyatlarni bartaraf etganda barcha muxlislar uning mahoratiga tahsinlar aytishdi. Uchrashuvda biz uchun muvaffaqiyatga teng durang qayd etildi va O‘ZBEKISTON JAHON CHEMPIONATIDA! Shu vaqtgacha Xalqaro futbol federatsiyasi(FIFA)ga a’zo 211 davlatdan 79 tasi jahon chempionatida qatnashgandi. O‘zbekistonimiz saksoninchi mamlakat bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabiga qo‘ng‘iroq qilib, murabbiy va futbolchilarimizni qo‘lga kiritilgan jahon chempionati yo‘llanmasi bilan qutlab, muhim vazifani sharaf bilan bajargan milliy terma jamoamiz a’zolariga tabrik yo‘lladi:
– Avvalo, siz azizlarni Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etgan saralash o‘yinlarida chinakam jasorat
va matonat namunasini ko‘rsatib, tom ma’noda ulkan g‘alabaga erishganingiz – Vatanimiz tarixida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Hech shubhasiz, milliy sportimiz solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan bunday yorqin natija yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari, butun xalqimizning necha yillik orzusi edi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Sizlar professional bilim va malakangiz, tajriba va mahoratingiz, eng muhimi, yuksak irodangiz va g‘alabaga bo‘lgan ishonchingiz bilan ana shunday orzuni real haqiqatga aylantirganingiz har qanday tahsin va tasannoga munosibdir...
Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari va murabbiylaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, milliy terma jamoamiz murabbiylari va futbolchilari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ertasi kuni Toshkent xalqaro aeroportida qahramon futbolchilarimizni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi. Marosimdagi har bir qatnashchining yuzi-ko‘zidagi quvonchni ta’rif-tavsiflashning o‘zi bir kitob bo‘ladi. Ha, xalqimiz bu kunni orziqib kutgandi. Biz yuz-ko‘zi chaqnab turgan qahramonlarimizning dil so‘zlariga quloq tutdik.
Temur Kopadze, milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi:
– Bu kunni o‘zim ham futbolchi, ham murabbiy sifatida ko‘p kutganman. Mazkur g‘alabamiz zaminida, avvalo, xalqimizning ishonchi va duosi yotibdi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jamoamiz
a’zolarini qutlagani hammamizni quvontirdi. Bizga yo‘llagan tabrikdagi so‘zlari esa o‘zim kabi barcha jamoamiz a’zolarini ruhlantirdi.
O‘tkir Yusupov, milliy terma jamoamiz darvozaboni, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi:
– Bu shunchaki g‘alaba emas. Bu ota-onalarimizning duosi, davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlovi, yillar davomida bizga ishonib, maydonga tushganimizda biz bilan birga hayajonlangan, mag‘lubiyatimizdan qayg‘urgan va hech qachon umidini so‘ndirmagan xalqimizning g‘alabasi!
Abbosbek Fayzullayev, milliy terma jamoamizning hujumkor yarim himoyachisi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi:
– Kimdir taslim bo‘lmay mana shu og‘ir yo‘lni bosib o‘tishi shart edi. Bu bizning chekimizga tushdi va biz buni uddaladik. Bizgacha bosilgan qadamlar tufayli bugungi natijaga yetib keldik. Shuning uchun futbolga daxldor barchaga rahmat aytaman, chin dildan tabriklayman.
Davlat rahbari, jahon futbol mutasaddilari, taniqli murabbiy va futbolchilar milliy terma jamoamiz muvaffaqiyati munosabati bilan tabriklashdi, qutlovlar yo‘llashdi. Biz FIFA prezidenti Janni Infantinoning tabrigini e’tiboringizga havola etamiz:
– O‘zbekiston, futbol bo‘yicha jahon chempionatiga xush kelibsiz! Sizni AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan 2026-yilgi jahon chempionatiga tarixiy yo‘llanma olganingiz bilan tabriklashdan mamnunman. Siz 1994-yili FIFAga a’zo bo‘lganingizdan beri ajoyib o‘yin ko‘rsatdingiz, Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdingiz. Yoshlar o‘rtasida bir necha jahon chempionatlarida ishtirok etdingiz. Kelgusi yozda bo‘ladigan final bochqichida dunyo muxlislari “Oq bo‘rilar”ning global tomoshabinlar oldidagi chiqishlarini intiqlik bilan kutishadi.
Jahon chempionatiga chiqqan jamoamiz 10-iyun kuni o‘n minglab muxlislar va millionlab teletomoshabinlar ko‘z o‘ngida Qatar jamoasiga qarshi chiroyli o‘yin namoyish etdi. Albatta, Jahon chempionatiga chiqqan jamoa kamida shunday o‘ynashi kerak edi. Hisob 3:0; g‘alaba biz tomonda. Ushbu uchrashuvdan keyin futbol bayrami o‘tkazildi…
YURTIMIZ FUTBOL TARIXIGA NAZAR
Qadim-qadimdan xalqimizning to‘pli o‘yinlari ko‘p bo‘lgan: podachi, chavgon, otib qochar, bir tayoq... Ayrimlarida hozirgi futbol qoidalari ham bo‘lgan. Zamonaviy futbol esa yurtimizga 1912-yili kirib keldi. Aynan o‘sha yili Qo‘qonda birinchi futbol jamoasi tuzildi. Keyin boshqa shaharlarimizda. Futbol yurtimizda tez ommalashdi va iste’dodli to‘p ustalari kamolga yetdi. 1928-yildayoq hujumchimiz Muso Xo‘jayev mamlakat terma jamoasiga taklif etildi. Chunki aynan o‘sha yili O‘zbekiston terma jamoasi birinchi xalqaro uchrashuvida Shveytsariya terma jamoasi ustidan 8:4 hisobida g‘alaba qozongandi. Yurtimiz futbolchilari xalqaro uchrashuvda 1931-yili Norvegiya, 1932-yili Germaniya terma jamoalarini ham mag‘lubiyatga uchratishdi. Muso Xo‘jayev FIFA tomonidan 1930-yili birinchi jahon chempionati tashkil etilayotganini eshitgan va jamoadoshlari bilan futbol bayramida qatnashishni orzu qilgan. Undan keyin qancha yillar o‘tdi, o‘zbek xalqi yangi-yangi iste’dodli futbolchilarni tarbiyalashdan to‘xtamadi. Ammo mustabid tuzum davrida “O‘zbekning jahon chempionatiga borishiga yo‘l bo‘lsin, borib paxtasini tersin!” deydigan siyosatchilar ko‘p edi.
Holbuki, 1964-yili Toshkentning “Paxtakor” jamoasi xalqaro uchrashuvda Urugvayning “Natsional” jamoasini 2:1 hisobida yengib, dunyo futbol ahlini hayratga solgandi. Negaki, Urugvay ikki karra Olimpiya o‘yinlari, ikki karra jahon chempionati g‘olibi sanaladi. “Natsional” jamoasi esa shunday futboli rivojlangan mamlakatning o‘sha vaqtdagi 25 karra(!) chempioni edi. Bundan tashqari, o‘sha yili “Natsional” futbolchilari Toshkentga kelgunga qadar Yevropaning 8 ta nomdor klubi bilan xalqaro uchrashuv o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongandi. Ular Toshkentdagi o‘yindan keyin g‘alabali odimini davom ettirishni rejalashtirishgandi. Ammo Toshkentdagi qaqshatqich mag‘lubiyatdan keyin ular Urugvayga qaytib ketishdi.
1991-yil 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini e’lon qildi. 1992-yili futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi tashkil etildi. 1994-yili O‘zbekiston futbol federatsiyasi FIFA a’zolari qatoridan o‘rin oldi. O‘sha yili Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tkazilgan XII Osiyo o‘yinlarida futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz o‘zining birinchi dovruqli g‘alabasiga erishdi. Endi xalqimiz milliy terma jamoamizni jahon chempionatida ko‘rishni astoydil orzu qila boshladi. Orzumiz ushalishini uzoq kutdik, sabrli-irodali xalqimiz orzu qilishdan aslo charchamadi.
Milliy terma jamoamiz 1998-yilgi jahon chempionati saralashida qatnasha boshladi. Saralashning birinchi bosqichida ishonarli g‘alabalar qozongan jamoamiz, ikkinchi bosqichning guruh musobaqasida 4-o‘rinni egalladi. 2002-yilgi jahon chempionati saralashining ikkinchi bosqichi guruh o‘yinlarida 3-o‘rin band etildi. Bu jamoaga olti nafar rossiyalik va bolgariyalik futbolchilar mahalliylashtirilgan holda jalb qilingandi. “Legioner”lar jahon chempionatiga chiqishni eplay olishmadi, endi bilamiz, bu vazifani o‘zimizning qorako‘z futbolchilarimiz uddalashdi.
2006-yilgi jahon chempionati saralashining ikkinchi bosqichida guruhning 3-o‘rinidan joy oldik va Bahraynga qarshi o‘tish musobaqasida qatnashdik. Toshkentda bo‘lgan birinchi o‘yinda 1:0 hisobida yutayotgandik. Shundan keyin yaponiyalik hakamlar qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishdi... FIFA o‘yinni qayta o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqardi. Qayta o‘tkazilgan o‘yinda 1:1, safardagi uchrashuvda 0:0 hisobi qayd etildi va safardagi gol qoidasiga ko‘ra, Bahrayn keyingi bochqichga yo‘l oldi.
2010-yilgi jahon chempionati saralashi biz uchun alamli yakunlandi. Besh jamoa qatnashgan ikkinchi bosqichda oxirgi o‘rinda qoldik. 2014-yilgi jahon chempionati saralashining ikkinchi bosqichida yana bizdan omad yuz o‘girdi. Safarda Janubiy Koreyadan uchralgan 1:0 hisobidagi mag‘lubiyat qimmatga tushdi (bu gol kim tomonidan urilganini eslatmoqchi emasmiz). Natijada Janubiy Koreya va Eron ikki yo‘llanma taqdirini o‘zaro o‘yinda hal qilishdi.
2018-yilgi jahon chempionati saralashining ikkinchi bosqichida 3-o‘rinni egalladik, endi o‘tish musobaqasida qatnashamiz deb turganimizda davom etayotgan o‘yinda Eron qo‘shib berilgan daqiqalarda suriyaliklardan gol o‘tkazib yubordi va Suriya kurashni davom ettiradigan bo‘ldi. 2022-yilgi jahon chempionati saralashining birinchi bosqichidayoq guruhda 2-o‘rinni olib, musobaqani tark etdik. Bu holatda ham bizga bog‘liq bo‘lmagan sabablar natijaga ta’sir o‘tkazdi (Boshqa guruhda qatnashgan KXDRning musobaqani erta tark etishi, ochkolar taqsimotini bizning zararimizga o‘zgartirdi).
O‘ZBEKISTON 2026-YILGI JAHON CHEMPIONATIDA!
Milliy terma jamoamiz 2024-yil 5-sentabr kuni Toshkentda KXDR termasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Besh kundan keyin safarda Qirg‘iziston termasi mag‘lubiyatga uchratildi – 2:3. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rindan joy oldik. Voqealardan o‘zib aytishimiz kerak, musobaqa oxirigacha yo‘llanma beruvchi ikkinchi o‘rindan quyiga tushmadik. 10-oktabr kuni guruhdagi asosiy raqobatchimiz Eron termasini Toshkentda qabul qildik. Murosasiz kechgan o‘yinda hisob ochilmadi. Besh kundan keyin o‘z maydonimizda BAA termasi ustidan 1:0 hisobida ustun keldik. 14-noyabr kuni safarda Qatar termasi bilan bo‘lgan uchrashuv keskin o‘tdi. Uchrashuvning 80-daqiqasida hisobni tenglashtirdik – 2:2. O‘yinning asosiy vaqtida shu hisob saqlanib qoldi. Ammo hakam qo‘shgan 12-daqiqada qatarliklar g‘alaba golini urishdi – 3:2. Besh kundan keyingi safarda KXDR termasi ustidan 1:0 hisobida zafar quchdik.
Milliy terma jamoamizga Srechko Katanes o‘rniga Temur Kopadze bosh murabbiy etib tayinlandi. 2025-yil 20-mart kuni o‘z maydonimizda Qirg‘iziston termasi bilan bo‘lgan o‘yinda bizga tanish 1:0 hisobi qayd qilindi. Besh kundan keyin terma jamoamiz Tehronning ulkan “Ozodiy” stadionida Eronga qarshi maydonga chiqdi. Bu muhtasham o‘yingohda qancha jamoalar dovdirab qolishgan. Kurashlarda chiniqqan milliy terma jamoamiz “Ozodiy”da mardonavor to‘p surdi va jangovar durangga erishdi – 2:2. Bu durang Eronga jahon chempionati yo‘llanmasini berdi. Biz esa o‘z yo‘llanmamizni yuqorida yozganimizdek 5-iyun oqshomida qo‘lga kiritdik.
2025-yil 10-iyun. Toshkentdagi “Bunyodkor” o‘yingohi bayramona bezatilgan. Muxlislar bilan to‘lib-toshgan stadionga O‘zbekiston va Qatar terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni ko‘rish uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham tashrif buyurdi. Uchrashuv futbolchilarimizning hujumlari ostida kechdi. Bu hujumlardan biri 28-daqiqada Aziz Turg‘unboyevning chiroyli goli bilan yakunlandi. Ikkinchi golni hayajon bilan kuta boshladik. 86-daqiqada terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov mahoratini namoyish etib, chiroyli gol kiritdi. Hakam qo‘shgan daqiqalarda Shomurodov o‘rniga maydonga tushgan Igor Sergeyev sanoqli soniyalardan keyin burchakdan uzatilgan to‘pga boshi bilan zarba berib, raqib darvozasiga joyladi – 3:0. Ha, futbol faqat oyoqlar bilan emas, bosh bilan ham o‘ynaladi.
Uchrashuvdan keyin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taqdirlangan milliy terma jamoamiz murabbiylari va futbolchilariga, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xodimlariga Davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi. Shuningdek, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan mukofotlangan bosh murabbiy va yigirma besh nafar futbolchiga, taqdirlangan soha xodimlariga Prezident sovg‘asi – BYD avtomobili kalitlari taqdim etildi. Albatta, terma jamoamizni boshqargan Srechko Katanesga ham shunday avtomobil sovg‘a qilindi. Shundan keyin Toshkent osmoni, futbol muxlislari dillarini mushaklar charog‘on qildi.
Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov yozgandi: “Dunyoda diyonat hali mavjuddir, hali mard yigitlar yashab yuribdi”. Islom To‘xtaxo‘jayev ilgarigi uchrashuvlarda termamiz safida to‘p surgan, lekin keyingi o‘yinlarda ro‘yxatga kirmay qolgan Bobur Abduxoliqovga o‘ziga berilgan avtomobilni sovg‘a qildi... Bunday mard yigitlari bor jamoadan katta g‘alabalar kutishga haqlimiz. Katanes esa ish faoliyatida yaqindan yordam bergan tarjimon Davron Ahmedovga o‘ziga berilgan avtomobilni sidqidildan topshirdi. Mashhur “O‘tkan kunlar” romanidagi Yusuf hoji bu holni ko‘rganda: “Sloveniyada shunday tanti murabbiyimiz bor ekan, bilmay yurgan ekanmiz”, – degan bo‘lar edi.
YUTUQDAN YANGI KUCH VA RUH OLIB…
48 milliy terma jamoa qatnashadigan 23-jahon chempionati kelgusi yil 11-iyun kuni boshlanib, 19-iyul kuni nihoyasiga yetadi. Chempionatga qur’a tashlash marosimi shu yilning dekabr oyiga belgilangan. Milliy terma jamoamiz chempionatga bekam-u ko‘st tayyorgarlik ko‘rishlari uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va nazorat uchrashuvlarini ilmiy asosda rejalashtirish zarur. Mutaxassislarimiz esa jamoamizni yanada kuchaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashlari kerak. Bu masalada har bir bildirilgan fikrni e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Biz ham guruhimiz yakuniy jadvaliga nazar tashlab, o‘z fikrimizni aytishga harakat qilamiz.
“A” guruhining yakuniy musobaqa jadvali:
Eron 19–8 23
O‘zbekiston 14–7 21
BAA 15–8 15
Qatar 17–24 11
Qirg‘iziston 12–18 8
KXDR 9–21 3
Ko‘rib turganingizdek, futbolchilarimiz urgan gollar soni Eron, BAA va Qatarnikidan kam. Boshqa guruhlarda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Janubiy Koreya 20, Iordaniya 16, Yaponiya 30, Avstraliya 16 ta gol urganini hisobga olsak, milliy jamoamiz hujum chizig‘ini kuchaytirish kun tartibidagi masala ekani yaqqol ko‘zga tashlanadi. To‘g‘ri, durang qilish uchun darvoza daxlsizligini saqlash kifoya, lekin g‘alaba qozonish uchun albatta raqib darvozasiga gol urish kerak, gol urganda ham raqiblardan ko‘proq. Shuning uchun yosh iste’dodli hujumchilarni izlash, topish va ularni milliy jamoa tarkibiga singib ketadigan darajada tayyorlash kerak bo‘ladi.
Aslida, o‘zbek futboli hujumchilari, hujumkorligi bilan dong taratgan. Mamlakat terma jamoasiga 1928-yili jalb qilingan Muso Xo‘jayev hujumchi bo‘lgan. To‘purarlar klubi a’zolari bo‘lgan Gennadiy Krasnitskiy va Birodar Abduraimov nomdor hujumchilar edi. 1976-yili Olimpiya bronza medali bilan taqdirlangan Vladimir Fyodorov dunyoning yulduz hujumchilari qatorida tilga olinardi. 1994-yilgi Osiyo o‘yinlarida hujumkor yarim himoyachimiz Mirjalol Qosimov milliy terma jamoamiz g‘alabasiga katta hissa qo‘shgandi. Bu futbolchilarimizning maydonga tushganini ko‘rishi bilan raqib darvozaboni va himoyachilari cho‘chib harakatlanishardi. Jahon chempionatida qatnashadigan milliy terma jamoamiz safida ham ana shunday hujumchilar bo‘lishini istaymiz.
Prezidentimizning milliy terma jamoamiz a’zolariga yo‘llagan tabrigidagi quyidagi tilaklarni yodda saqlashimiz darkor:
– Sizlar futbol maydonlaridagi mana shunday shonli yutuqdan yangi kuch va ruh olib, kelgusi yili AQSH, Meksika va Kanada davlatlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo qit’asining birinchi va yagona vakili bo‘lishdek sharafni chuqur his etgan holda, yanada katta jonbozlik ko‘rsatasizlar, deb ishonaman.
Xullas, futbol sohamizning mutaxassislari, milliy terma jamoamiz murabbiy va futbolchilari jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun avvalgidan ko‘ra ko‘proq mehnat qilishlari, fidoyilik ko‘rsatishlari kerak. Shunda jahon chempionatida ilk marta qatnashayotgan yurtimiz milliy terma jamoasi murosasiz o‘tadigan uchrashuvlarda o‘zlarining chiroyli o‘yinlari bilan Prezidentimiz, xalqimiz, futbol ahlimiz, jumlayi jahon futbol muxlislarining ishonchini oqlashadi. Ana o‘shanda futbol ahlimizning asriy orzusi to‘la-to‘kis ushaladi.
Asror MO‘MIN,
O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan jurnalist
Shu kecha va kunduzda
Qog‘ozdagi kurash
TIRILGAN MURDA
FUTBOL AHLIMIZNING ASRIY ORZUSI USHALDI!
Ertaklar ̶ yaxshilikka yetaklar
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank