TIRILGAN MURDA

Xalqaro hayot TIRILGAN MURDA
47



Kishi bolaligini sog‘inadi, yana bola bo‘lgisi keladi. Vaqt mashinasiga o‘tirib olib, o‘sha beg‘ubor kunlariga sayohat qilgisi, bolaligiga qaytgisi keladi. Umuman, o‘tmishni sog‘inish, uni ideallashtirib tasavvur qilish barcha odamlarga xos xususiyat. Bu uchun birovni ayblash yoki mazax qilish mutlaqo o‘rinsiz. Ammo qo‘lida dahshatli quroli, qudratli armiyasi bo‘lgan kimsalar o‘tmishni sog‘inib, qaytarishga intilsa, oqibati ayanchli bo‘lar ekan. Buni biz, afsuski, bugungi Ukrainadagi qonli voqealar misolida yaqqol ko‘rib turibmiz.


Sobiq ittifoqdosh respublikani mustaqilligidan mahrum qilib, yana markaz tasarrufiga kiritish, ko‘nmagan taqdirda jazolash maqsadida ketayotgan jang-u jadallar mana, to‘rtinchi yildirki kuchaygandan kuchayib bormoqda. Davom etayotgan muhoraba, albatta, bir kunmas bir kun to‘xtaydi, bunga shak-shubha yo‘q. Biroq kishi dilini xira qiladigan boshqa bir yangi gap-so‘zlar chiqib qolmoqdaki, bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmas.


Yaqinda Rossiya Federatsiyasi pre­zi­dentining maslahatchisi Anton Kobyakov yuridik jihatdan SSSR hali ham mavjud ekanligi haqida safsata gaplarni tarqatdi. Bir paytlar bir imperialist siyosiy arbob 1991-yil 17-mart kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi natijalari asosida sobiq ittifoqdosh respublikalarning tarqalib ketishi yuridik kuchga ega emasligi to‘g‘risida iddao qilgandi. O‘shanda biz matbuotda chiqishlar qilib, totalitar tuzumlarda odamlarning o‘z fikrlarini erkin izhor etish imkoniyati bo‘lmaganligi va aynan shu bois ham sobiq ittifoqda o‘tkazilgan saylov va referendumlarning birortasini haqiqiy deb bo‘lmasligi haqida yozgan edik. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: O‘zbekiston SSR davrida xalqimizning 90 foizdan ko‘prog‘i ittifoqni saqlab qolish uchun ovoz bergan ekan. Mustaqillik eʼlon qilinib, jumhuriyatimiz ozodlikka erishgach, o‘sha yil dekabr oyida o‘tkazilgan referendumda O‘zbekiston xalqining 90 foizdan oshig‘i mustaqillikni yoqlab chiqdi. Endi sog‘lom fikr bilan o‘ylab ko‘rilsa, kishi o‘z xohishini tutqunlikda erkin bildiradimi yoki ozodlikda?! Ana shu mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, 17-martda o‘tkazilgan referendum natijalarining asosi mutlaqo zaif ekanligi ochiq ayon bo‘ladi.


Endi masalaga boshqa tomondan yondashsak, aytaylik, Rossiyada 1917-yil oktabrida sodir etilgan davlat to‘ntarishining yuridik asosi bormidi? Bir guruh qurollangan bolsheviklar endigina shakllanayotgan demokratik muvaqqat hukumat qo‘lidan hokimiyatni qaysi yuridik asos bilan tor­tib olgandi?! Tarix sahifalarini varaqlasak, SSSRning tarqalib ketishi mutlaqo qonuniy bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, sobiq SSSR Konstitutsiyasida har bir res­publika istagan payti ittifoqni tark etish huquqi qayd etib qo‘yilgandi. Qolaversa, 1991-yil dekabrida Rossiya, Ukraina va Belorussiya rahbarlari Belovejskaya Pushchada to‘planib, SSSR tarqatib yuborilib, va o‘rnida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi(MDH) taʼsis etilganini eʼlon qilishdi. Nega desangiz, 1922-yili aynan ana shu respublikalar tashabbuskor bo‘lib, sobiq SSSR poydevoriga tamal toshini qo‘ygan edi. Shundan so‘ng yangi ittifoq ko‘p kunlarni boshidan kechirdi. O‘tgan asrning 20-yillarida G‘arbning ko‘magi bilan ocharchilik balosidan qutulib qoldi, 30-yillarda AQSH, Germaniya kabi davlatlar yordamida sanoatni oyoqqa qo‘ydi. 40-yillarda AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada singari mamlakatlarning harbiy-iqtisodiy ko‘magi bilan Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozondi. 50-yillarda yana iqtisodiy-ijtimoiy muammolar iskanjasida qoldi. Hatto, 60-yillarga kelib xalqni shunchaki non bilan taʼminlashda ham katta mushkulliklar paydo bo‘ldi. Yaxshiyamki, 70-yillarga kelib Volgabo‘yi va Sibirda yirik neft-gaz konlari topildi. Xazinada pul ko‘payib, nisbatan farovon, xalq orasida  “Brejnevning kommunizm davri” deya nomlangan yillar boshlandi. “Puli ko‘pay­sa, o‘zbek xotinni ikkita qiladi, o‘ris urush boshlaydi” degan hazil­o­muz naqlni dastlab kim aytganini bilmadim-u, afsuski, ushbu gap haqiqatan to‘g‘ri ekan.


ORZULI DUNYO

Yangi neft-gaz konlarining ochilishi Ikkinchi jahon urushidan keyin rivoj­lanish bosqichiga kirgan dunyo iqtisodiyoti uchun ayni muddao bo‘ldi. Natijada sho‘ro davlati xazinasiga neftdollarlar yomg‘ir­dek yog‘ila boshladi. Brejnev hukumati ulardan kichik bir ulushni xalqqa bergan bo‘lsa-da, daromadning asosiy qismi harbiy xarajatlarga yo‘naltirildi. Shu asosda dunyodagi eng qudratli armiyalardan biri vujudga keldi. Bundan ruhlanib ketgan sho‘ro arboblari o‘tgan asrning 80-yillari boshida “baynalmilal yordam” degan bahona bilan Afg‘onistonga qo‘shin kiritishdi. Biror ijobiy natija bermagan ushbu harbiy harakatlar 1989-yili to‘xtatildi. Ammo uning oqibatlari sobiq ittifoq uchun g‘oyat achinarli bo‘ldi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, afg‘on urushi ellik milliard dollardan ko‘proq mablag‘ni yelga sovurib, 15 mingdan ortiq sho‘ro askar va ofitserlarining hayotiga zomin bo‘ldi. 80-yillar oxi­rida jahon bozorida neft narxining tushib ketishi vaziyatni yana og‘irlashtirdi. Oqibat shu bo‘ldiki, iqtisodiy inqiroz girdobiga tushib qolgan mamlakat siyosiy tanazzul tomon yo‘l oldi. Putin iborasi bilan aytganda, “XX asrning eng buyuk geosiyosiy halokati” yuz berdi, yaʼni SSSR parchalanib ketdi. Rossiya prezidentining ana shu bergan bahosi XXI asr bo‘lajak voqealariga o‘ziga xos dastur bo‘ldi. Ittifoq­ning tarqalib ketishi dastlab rus ziyolilari tomonidan ijobiy qabul qilingan esa-da, Rossiyada boshlanib ketgan demokratik islohotlar natija bermaganligini ko‘rib, ularning hafsalasi pir bo‘ldi. Kommunistik ideologiyadan xalos bo‘lgan omma ongida demokratiya salbiy tushuncha sifatida shakllana bordi. Asta-sekin demokratik islohotlarga chek qo‘yilib, shovinistik millatchilik mafkurasi kirib keldi. Tor doiralarda aytiladigan buzg‘unchi fikrlar keng targ‘ib qilindi. Hozir irqchilik va millatchilik ruhi bilan sug‘orilgan o‘ng reaksion g‘oyalar baland minbarlardan baralla aytilmoqda. Ular o‘tmishda ayrim davlatlar va hatto millatlar bo‘lmaganligi haqidagi ig‘vo gaplarni tarqatib, turli milliy-etnik ziddiyatlarni yuzaga keltirmoqda. Aytish mumkinki, qo‘poruvchilik maqsadini ko‘zlagan ushbu mafkura oxir-oqibat buyuk davlatchi shovinistlarning o‘ziga katta muammolarni paydo qilishi mumkin. Tarixdan yaxshi maʼlumki, millatchilik illati bilan kasallangan jamiyatlar uzoqqa borolmaydi. Bunday davlatlar har qancha qudratli bo‘lmasin, oxir-oqibat halokatga mahkumdir. Aksincha, millat-elatlari ahil, do‘stlik-birdamlikda yashab, bir yoqadan bosh chiqarayotgan mamlakatlar kundan kunga rivojlanib bormoqda.


“Brand Finanse 2025” xalqaro tahlil markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini o‘qib, ko‘nglimda g‘urur hissini tuydim. Unda qayd etilishicha, dunyodagi 200 ta davlat orasida O‘zbekiston faxrli uchtalikka kirgan. Keyingi yillarda mamlakatimizning o‘sish surʼatlari va brendi 26 foizga o‘sdi. Bu esa dunyodagi yuqori ko‘rsatkichlardan biri sifatida qayd etildi. Mamlakatimiz erishayotgan yutuqlar yurtimizdagi islohotlarga, iqtisodiy o‘sishga, inson salohiyatiga berilgan xolis baho, birgalikda qilinayotgan saʼy-harakatlarimiz eʼtirofidir. Qolaversa, men buni yurtimizdagi barcha millat-elatlarning ahil-inoqligi va do‘stligi samarasi deb bilaman.


Xalqimizda “Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ketadi” degan dono naql bor. Shu maʼnoda jahonning qaysi chekkasiga nazar solsangiz, qayerda tinchlik bo‘lsa, o‘sha yerda xalq to‘kin-farovon hayot kechirayotganini ko‘rasiz. Aksincha, urush-to‘polonlar sodir bo‘layotgan joylarda yangidan yangi siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy muammolar paydo bo‘lmoqda. Yaqin-yaqingacha butun dunyo Amerikaga havas bilan qarar, hamma bu sehrli diyorga intilardi. Bugun ana shu mahobatli mamlakatda ham turli ziddiyatlar paydo bo‘lib, mamlakat rivojini deyarli to‘xtatib qo‘ydi. Sababi, u yerda ham bir vaqtlar mavjud bo‘lgan, ammo keyinchalik barham berilgan irq va millat ajratish taomili yana bosh ko‘tarmoqda. Bu holat, ayniqsa, jahondagi umumiy notinchlik fonida vujudga kelgan muhojirlar oqimining kuchayishi bilan birgalikda yuzaga kelmoqda.


MUHOJIR MUHOJIRGA QARSHI

Tramp maʼmuriyatining immigratsiya siyosatiga qarshi Kaliforniya shtatida boshlangan norozilik namoyishlari Texas va keyinchalik Amerikaning boshqa sha­harlariga ham keng yoyildi. Bundan xavo­tirga tushgan AQSH prezidenti Donald Tramp namoyishlarni bostirish uchun milliy gvardiya va dengiz piyodalarini Los-Anjelesga yuborishga buyruq berdi, bu esa noroziliklar yanada avj olishiga sabab bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, Trampning ota-bobosi bir paytlar Amerikaga nochor muhojir bo‘lib borgan. AQSH voqeligi­ning yana bir xususiyati, u yerga muhojir bo‘lib borganlar to oyoqqa turib olgunlaricha demokrat bo‘ladilar. Pullari ko‘pa­yib, obro‘-eʼtibor qozongach, bir yumalab respublikachiga aylanib qoladi. Donald Tramp ham bir paytlar demokratik partiya faollaridan biri bo‘lgan. U qiyinchilik pog‘onalaridan o‘tib, katta boy bo‘lgach, o‘z demokratik qarashlaridan voz kechib, respublikachilar partiyasining yirik arboblaridan biriga aylandi va bu unga katta siyosat sari yo‘l ochib berdi. Ammo, nima bo‘lganda ham, uning siyosatchi arbob sifatida shakllanishida demokratik partiyaning katta hissasi bor. Ana endi u demokratik firqa va uning arboblari, ayniqsa sobiq prezident Jozef Bayden ustiga kunda bo‘lmasa kunora mag‘zava ag‘darishdan sira erinmayapti. Uning gapi bo‘yicha hayotda qanaqa kamchilik bo‘lsa, hammasiga Bayden aybdor, qanaqa yutuq bo‘lsa, barisiga o‘zi sababchi. Bu borada unga ustozi Vladimir Putin chinakam rahnamo bo‘lsa, ajab emas. Tramp Putinning ish uslubi, shon-shuhratiga astoydil havas qiladi. Putindek mashhur bo‘lgisi, u singari uzoq yillar davr-davron surgisi keladi. Unga o‘xshab xalqini qo‘rqitib olishni, “gah” desa qo‘liga qo‘nadigan bo‘lishini istaydi. Ammo Amerika jamiyati ozodlik totini totib ko‘rgan, qolaversa, dunyodagi zulm, adolatsizlik, yo‘qsillik illatlaridan chora izlab o‘z yurtini tark etgan erkparvar insonlar va ularning avlodlaridir. Ulardagi erkinlik va hurfikrlilik ko‘nikmalarini yo‘qotish uchun bir vaqtlar sobiq SSSRda bo‘lganidek, millionlab erkparvar odamlarni qirib yo‘qotish lozim. Yaxshiyamki, AQSH prezidentlarining hukmdorlik muddati qatʼiy to‘rt yil qilib chegaralab qo‘yilgan. Bu esa avtoritarizm va totalitarizm illatlariga qarshi eng yaxshi immunitetdir. Agar Tramp prezidentlik davomida xuddi Putinga o‘xshab kons­titutsiyaga o‘zgartirish kiritib, siyosiy umrini uzaytirishga erishsa, ana unda ish jiddiylashib, Amerikaning yer yuzidagi gegemonligiga butkul barham beriladi va mamlakat ko‘pqatori oddiy bir imperiyaga aylanib qoladi. Chunki AQSH jamiyatiga hayotiy quvvat berib turgan narsa mamlakatda ustuvor bo‘lib turgan demokratik tizim va qonun tamoyillaridir. Bundan chekingan jamiyat ertami yoki kechroq halokat xavfi bilan yuzma-yuz bo‘ladi. Chunki odamlar yo‘qchilikka ham, qiyinchilikka ham, qimmatchilikka ham chidab berishi mumkin, ammo adolatsizlikka sira chidolmaydi. Aynan shu bois ham namo­yishlar, qo‘zg‘olonlar, inqiloblar hali u yerda, hali bu yerda sodir bo‘lib turaveradi. Hatto, farovon va dorilomon mamlakatlar ham bundan mustasno emas. Buni biz bugun Amerika misolida yaqqol ko‘rib turibmiz. Bugungi AQSH alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib yotgan hayot qozoniga o‘xshab qoldi. Prezident Tramp chiqarayotgan telba-teskari farmonlar oqibatida Amerika jamiyatida, va umuman, dunyoda katta-kichik noxushliklar yuzaga kelmoqda. Xalqaro maydonda AQSH yakkalanib qoldi. Turli mamlakatlar bilan orada jiddiy ziddiyatlar paydo bo‘ldi. Oqibatda dunyoda Amerikaning nufuzi, Trampning obro‘si ham pastlagandan pastlab bormoq­da. So‘nggi so‘rov natijalariga qaraganda, iyun oyida uning umumiy reytingi eng past daraja: 34–36 foizga tushib qolgan. Ayniqsa, Ilon Mask bilan bo‘lib o‘tgan mojaro uning o‘rta sinf vakillari orasidagi obro‘siga jiddiy putur yetkazdi. Garchand Mask keyinroq undan kechirim so‘ragan bo‘lsa-da, kekchi Tramp u bilan yarashishni istamadi. Oqibatda, Ilon Mask Amerikani tark etganligi aytilmoqda. Aytaylik, Xitoy uni jon-jon deb quchoq ochib kutib oladi. Chunki Ilon bilimi va fikriy quvvati bilan butun dunyoni qoyil qoldirgan inson. Afsuski, Tramp haqida bunday deb bo‘lmaydi.


Yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida u oddiy geografiyani va Kaliforniya shtati sug‘orish tizimini yaxshi bilmasligini fosh etib qo‘ydi. Shu maʼnoda, Donald Tramp yaxshi biznesmen va shoumen bo‘lsa-da, dunyo ilmlaridan uzoq o‘rtamiyona oddiy bir bakalavr ekanligi ayon bo‘lib qoldi. Amerikadek buyuk davlatni boshqarish uchun esa juda katta bilim va tajriba zaxirasi zarur. Bunda allaqachon o‘z umrini o‘tab o‘lib bo‘lgan, tarix axlat­xonasiga uloqtirilgan yaramas qadriyatlarga suyanish baayni o‘zi o‘tirgan shoxni kesish harakatiga o‘xshab ketadi.


Xudoyberdi KOMILOV,

siyosiy sharhlovchi

Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish