IJODKORLIK, TOPQIRLIK, HUSHYORLIKni ta’limiy o‘yinlar orqali o‘quvchiga singdiramiz

Sinab ko‘ring! IJODKORLIK, TOPQIRLIK, HUSHYORLIKni ta’limiy o‘yinlar orqali o‘quvchiga singdiramiz
2.63k




Bola psixologiyasi yangilikka juda o‘ch bo‘ladi. Xususan, soat sayin jadallashib ketayotgan texnika asrida  bolaning bugun ko‘rgan, bilgan, eshitgan axboroti ertaga eskirgandek tuyuladi va unga nisbatan qiziqishi so‘nadi. Shunday ekan, bugungi kun pedagogi – o‘ta hushyor, mahoratli, izlanuvchan  va yaratuvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lmog‘i lozim. Siyqasi chiqib ketgan metodlardan voz kechib, o‘quvchilar jon  qulog‘i bilan tinglaydigan, ishtirok etadigan, eskirgan usullarni zamon nafasi bilan yangilaydigan va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan yangiliklar tizimini yaratmog‘i darkor.

Ko‘p yillik  pedagogik tajribalarimdan kelib chiqib, o‘qish darslarida samarali foydalanish mumkin bo‘lgan bir  qancha metodik tavsiyalarni  havola qilmoqchiman.


“Muallifning so‘zi bilan beshtalikni baholaymiz” interaktiv o‘yini.


Sinf 2 guruhga bo‘lib olinadi.  O‘yin sharti: tanishib chiqilgan asar mazmunidan kelib chiqqan holda guruhlar bir-birlariga navbat bilan savol beradilar, savollar beshtadan kam bo‘lmasligi kerak. Savolning javobi juda qisqa, muallifning so‘zi bilan ifodalanishi kerak. Mabodo, qaysi guruh savolga to‘g‘ri javob topmasa 0 ball bilan belgilanadi. Har bir to‘g‘ri javob 3 baldan baholanib boriladi. Masalan, Nasiba Erxonovaning “Arazchi svetofor” ertagi (3-sinf o‘qish darsligi) mazmun-mohiyatini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan savollar.


1-guruh: 1. Chorrahada nechta svetofor piyoda va mashinalarning harakatini tartibga solib turarkan? ( 2ta)
2-guruh: 1. Chorrahadagi mashinalar qanday yurgani o‘qibatida svetofor ustunlariga urilib ketaverdi? (Kimo‘zarga)
1-guruh: 2. Svetofor chiroqlari yana qanday nom bilan atalgan? (Uch og‘ayni)
2-guruh: 2. Uch og‘ayni yana qanday qaror qabul qildi? (Dam olish haqida)
1-guruh: 3. Svetoforning chiroqlari almashlab yonmaganda chorrahada qanday hodisa yuz berdi? (Tartibsizlik)
2-guruh: 3. Mashinalar va odamlar bir-birini kutmay, bir-biriga yo‘l bermay harakatlanishi oqibatida nima sodir bo‘ldi?  (Tirbandlik)
1-guruh: 4. Odamlar falokatning oldini olish uchun kimlarni chaqirdi? (Muhandislarni)
2-guruh: 4. Texnik ustalar hamma mahoratini ishga solib svetoforni nima qilibdi? (Sozlashibdi)
1-guruh: 5. Qanday haydovchilar sekinroq yurayotgan mashinalarning orqasidan borib urib olishibdi? (Jahli tez)
2-guruh: 5. Yo‘lovchilar nimani his qildi?  (Svetoforning uzzukun ishlashini)


O‘yin tugagach, ballar hisoblanadi. G‘olib guruhga “Eng faol muxbirlar” unvoni beriladi. 

Bu mashq o‘quvchining xotirasini mustahkamlashga xizmat qiladi. 


“Xazonchinak” o‘yin musobaqasi ham biror-bir o‘rganilgan badiiy asarni mustahkamlash uchun qo‘l keladi. Bu mashg‘ulot kuz oylarida tashkillashtirilsa, yanada ijobiy samara beradi. Bu o‘yinni tashkil qilishda o‘quvchilarning bilimi mustahkamlanib boradi, ikkinchi tomondan bolalarni dehqonchik ishilariga qiziqtirishda asqotadi. 


O‘yin qoidasi:
Guruhlarga uzumzor maketi beriladi. Maketdagi uzumzorda uzumlarning asosiy qismi allaqachon terib olingan. Lekin ishkomning har qayerida qolib ketgan uzum donalari ko‘rinmoqda. O‘quvchilar berkinib qolgan uzum donalarini terib olishi kerak. Bunday hosilni terish – xazonchinak deyilishi bolalarga tushuntirib o‘tiladi.
Har qaysi guruh o‘z uzumzoridan yashirinib qolgan uzumlarni yig‘ib oladi. Keyin topib olingan uzum donalarining orqasiga yozilgan axborot haqiqatdan ham rost bo‘lsa, oq savatga, yo‘lg‘on bo‘lsa qizil savatga joylashtiriladi. Aks holda, adashib qolganlarini savatlarga solish mumkin emas. Bunday uzumlar bog‘da qolib ketib nobud bo‘ladi.  Shuning uchun o‘quvchilar uzumlar nobud bo‘lishiga yo‘l qoymaslikka harakat qiladilar.


Nasiba Erxonovaning “Chin do‘st” (3-sinf) ertagi asosida tuzilgan uzum donasidagi rost va yo‘lgon axborotlar:
1.  Qadim zamonda ishlab chiqarilgan Kaptiva, Neksiya va lasetti mashinalari har tomondan yo‘lga chiqibdi. (Yo‘lg‘on)
2.  Bir payt mashinalar dam olish uchun dala chetiga to‘xtashibdi. (Yo‘lg‘on)
3.  Shunda uch ulov bahs boylashib qolibdi. (Rost)
4.  “Men uchalangdan ham kuchliman, hurmatim, obro‘-e’tiborim ham yuqori”, debdi Lasetti (Yo‘lg‘on)
5.  Oliftagarchilk qilgan Lasettining oxirgi gaplarini safdoshlari eshitmabdi. (Rost)
6.  Neksiya hammadan chiroyli ekanligi bilan maqtanibdi. (Yo‘lg‘on)
7.  Kaptivaning yonilg‘isi kamayib qolibdi. (Rost)
8.  Lasetti zaxirasidagi yonilg‘isidan Kaptivaga quyibdi. (Yo‘lg‘on )
9.  Neksiya Lasettiga suv beribdi. (Yo‘lg‘on)
10.  Kaptiva bilan Lasetti Neksiyadan kechirim so‘rabdi. (Rost)
Bu ertakni o‘rganishda  o‘quvchi  ozgina e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ysa, rost va yo‘lg‘on xabarni bir-biridan ajratolmay qoladi. Shuning uchun ham asarni puxta o‘rganib kelish tavsiya etiladi.


5M – metodi.

Metodning maqsadi: O‘rganilgan asarning:

1) Mag‘zini;

2) Muammosini;

3) Muhokamasini;

4) Motorini;

5) Maqsadini asar ichidan topib, aniq qilib yozish.


Masalan, O‘tkir Hoshimovning “Qoziq” (4-sinf “O‘qish” darsligi) hikoyasini shu usul bilan o‘rganish o‘quvchiga birmuncha qulaylik tug‘diradi.  Darsning  mustahkamlash qismida bu metod qo‘llanilsa (albatta, o‘qituvchi yordamida), o‘rganilgan bilimlar o‘quvchi xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolishiga ko‘mak beradi.


Demak, mag‘zi – tengqur bolalar bilan jiydazorda mol boqardik. Shunday kunlarning birida temir qoziq topib oldim. O‘sha kuni emas-ku, ertasiga g‘alati ish bo‘ldi. Otam qo‘limga qoziqni tutqazdi.

Xuddi o‘sha jiydaning tagiga tashlab kelishimni buyurdi. Qo‘limda muzdek temir qoziq bilan yo‘lga tushdim. Rostini aytsam, Qonqus bo‘yigacha bormadim. Qolimdagi qoziqni kuchim boricha uloqtirib, orqaga qarab yugurdim.


Muammosi. Mening sigirim yuvosh bo‘lsa ham, bir aybi bor edi. Nuqul qozig‘ini sug‘urib daydib ketardi. Har kuni qoqavergandan keyin boshi yediriladi, sinadi. Qarabsizki, boshqa qoziq yasash kerak.


Muhokamasi. Ayvon burchagida turgan oyim ertalab tashlab kelishimni aytib, yalindi. Uyg‘onib, ichkaridan chiqqan akam men bilan birga borishini aytdi. 

– O‘zi topganmi, o‘zi oborib qo‘yadi, – dedi otam shiddat bilan.


Motori. Kuz. Salqin tushub qolgan. Salqin havodanmi, qo‘rquvdanmi oyog‘im qaltirab ko‘prikdan o‘tdim. G‘ira-shira ko‘roydinda sirli sukunat cho‘kkan jiydazorga kirdim. Nazarimda, har bir daraxt orqasida nimadir berkinib turgandek edi. Qayerdadir boyqush “huv-huv”ladi.


Maqsadi. Oradan bir oy o‘tgach, otamning “Sen topib olgan qoziqqa bog‘langan sigir arqonini uzib, adashib ketgan bo‘lsa, yoki birov o‘girlagan bo‘lsa-da, qoziq sening uyingdan chiqsa, egasi seni o‘g‘ri gumon qilsa, nima bo‘ladi” , degan gaplaridan otamning qanchalar haq ekanligini anglab yetdim.


Bu usuldan foydalanish o‘quvchidan  topqirlik, ziyraklikni, asar tilini mukammal tushunish, shu jumladan, muallifning hissiyotini anglab yetishni talab etadi. Shu bois g‘olib guruhga “Eng yaxshi bloger” unvoni  beriladi.  Guruhlararo bajarilgan  bu metod jamoada o‘zaro bir-birini   tushunish, hurmat qilish, maslahatlashib ish tutish kabi do‘stona munosabatlarni uyg‘unlashtirib boradi.


“Tandirda non yopaman”  o‘yin musobaqasi.  Bu o‘yin musobaqasi asosan 1-2-sinf o‘quvchilari yoshiga  mos keladi va buni bo‘lim yuzasidan takrorlash darslarida qo‘llash mumkin. O‘yin qoidasi: Mustahkamlanayotgan nechta bo‘lim bo‘lsa, shuncha tandir maketi guruhlarga tarqatiladi. Har bir tandir tepasida bo‘lim nomi yozib qo‘yiladi. Stolda zuvalachalar qilingan kulchalar orqasiga bo‘limga mos so‘zlar yozilgan. Har bir guruh o‘zining tandiri nomiga mos tayanch so‘zlar yozilgan kulchalarni ajratib oladi. Aytgancha, tandirda faqat oltita nonni yopish mumkin. Shuning uchun faqat oltita so‘zli kulchalar  tanlab olinib tandirda yopiladi. Masalan, 1-sinf “O‘qish” savodxonligi (1-qism) darsligi bo‘limlarini o‘rganish uchun o‘yinni qo‘llaymiz. Darslikning 1-qismi 4 bo‘limdan iboratliligi uchun  4 ta tandir maketini tayyorlab olib, sinf o‘quvchilarini ham 4 guruhga bo‘lib olamiz.


 1-tandir nomi: “Aziz Vatan, jonajon Vatan” (kulchalarga yozilgan so‘zlar xonadon, askar, vatan, o‘tov, Xiva, birdamlik).
2-tandir nomi: “Qoyilman qish ishiga, zavq beradi kishiga” (chumchuqlar, yaxmalak, Azizvoy, Izza, yelim, qizcha). 
3-tandir nomi: Kitob – bilim bulog‘I, o‘quvchining o‘rtog‘i (Ensiklopediya, gazeta, sovg‘a, o‘yinchoq, erkin).
4-tandir nomi: “Bahor keldi, keladi Navro‘z” (Maftuna, arg‘imchoq, samolyot, sayyoh, Osmon buva, no‘xat).


Bo‘limdagi so‘zlarni shunday saralab  olish kerakki, o‘quvchi uni tanlab olishda mulohaza, munozara yuritsin, ya’ni topishi oson bo‘lgan so‘zlarni yozmaslik kerak. Bu mashg‘ulot o‘quvchilarda novvoylik hunariga havas uyg‘otadi. Tandirdan foydalanish, non yopish bahonasida o‘quvchilar ruhiyatida  milliy qadriyatlarimizga,  ulug‘ ne’mat sanalmish nonga  bo‘lgan mehr-muhabbat, hurmat-e’tibor uyg‘otiladi. 

 

“Uchar gilam” o‘yin musobaqasini boshlashdan avval o‘quvchilarga “Uchar gilam” ertagi aytib beriladi. Gilamdo‘zlik, gilam to‘qish texnologiyasi haqida videotasvir orqali  tushuncha beriladi. O‘yin qoidasi: Lenta shaklida qirqib olingan turli xil rangdagi tasmalardan  tanlab olinib gilam ko‘rinishidek format qog‘ozga yelimlanib boriladi. Shu rangli tasmalarning orqa tomonida test savollari berilgan bo‘ladi. O‘yinning sharti shuki, ana shu test topshirigi to‘g‘ri bajarilgan bo‘lsagina, tanlab olingan rangli tasmalar gilam to‘qish uchun xomashyo bazasi hisoblanadi. Tasmalardagi testlar  yechilgandan keyin o‘qituvchi yordamida tekshiriladi. Ya’ni tasmaning buklangan qatida test kaliti yashiringan bo‘ladi. Mana shunga qarab o‘quvchi o‘zining ishini baholaydi. Tog‘ri javobli tasmalardan  gilam to‘qishga ruxsat beriladi. Kimning gilamida ko‘proq rangli tasmalar ishtirok etgan bo‘lsa, shu gilam oyga birinchi bo‘lib parvoz qiladi va guruh o‘quvchilariga “Mohir gilamdo‘zlar” unvoni  beriladi.

Gilam to‘qish uchun rangli tasmalar orqasidagi test savollari (4-sinf “O‘qish” kitobidan) Kavsar Turdiyevaning “Mikrob, virus va Salomat qiz haqida ertak” asaridan tuzildi.


1-test 

     Salomat sayyora ahlini qanday qilib tuzatdi? 

A) Shirin so‘zi bilan       B) Dori-darmon bilan            C) Moddiy ta’minot orqali


2-test

Salomat to‘rvasiga nimalarni solib oldi? 

  A) Yalpiz, qalampirmunchoq, na’matak, zanjabil

  B) Olma, shirinliklar, asalli idish

  C) Don mahsulotlari, quritilgan  mevalar, bodom, yong‘oq 

  

3-test 

 “Yash” sayyorasining asosiy dushmani kimlar edi? 

   A) O‘zga sayyoralikllar 

   B)  Gripp, Mikrob, Virus

   C) Vahshiy hayvonlar

 

4-test 

 Salomat o‘q-dorivorlarni nimadan tayyorladi?

  A) Tokning bargidan

  B) Shaftolining gulidan 

  C) piyozning sharbatidan

                                            

5-test 

Salomat mikrofonda qanday ishlarni bajarishni tayinladi?

A) Bo‘sh joylarda mevali va manzarali daraxtlarni ko‘paytirishni, dehqonchik ishlariga e’tibor berishni. 

B) Niqob taqib yurishni,  uylar, ko‘chalarning tozalanishini, qo‘llar toza yuvilishini  

C) Sayyorada barcha hamjihatlik bilan birga mehnat qilishini, kerakli bilimlarga ega bo‘lishni, kasalmandlarga yordam berishni 

                                                    

6-test

Razil Virus va Mikrob jangda   mitti odamlarga qanday talofat yetkazdi? 

       A) Isitmani ko‘tarib, darmonini quritdi

       B) Suvsizlikdan, ochlikdan sillasini quritdi 

       C) Boshpanasiz qoldilar, uylaridan  quvilib

                                                  

7- test 

Virusning boshiga kim to‘qmoq bilan urdi? 

         A) Salomat

         B) Sarimsoq

         C) Sog‘lomjon-Polvonjon

                                                   

8-test 

        “Yash” sayyora ahli nimadan xursand bo‘ldilar? 

       A)  Salomat bo‘lganlaridan 

       B) Sovg‘a olganlaridan 

       C) Sayrga chiqib, o‘yin-kulgidan 


Test variantlarini tuzishda o‘qituvchi to‘g‘ri javobga sal yaqinroq javob variantlarini moslab olsa, o‘quvchilar ko‘proq mushohada yuritishga, asar mazmunini yaxshiroq yodga olishga harakat qiladi.

Ertak so‘ngida  mavzu  va o‘yin  mazmuniga bagishlab tez aytish  yaratiladi. Salomat sehrli  so‘zni sakkiz marta  sanab,  sakkiz rangdan iborat uchar gilamga sakrab, “Yash” sayyorasiga  bordi. 

O‘quvchilarni ijodkorlik, topqirlik, hushyorlikka undovchi  bunday yangi o‘yin mashg‘ulotlardan  foydalanish  ta’lim va tarbiya rivojiga samarali hissa qo‘shadi, deb o‘ylayman. 

                           Dilnoza NARZULLAYEVA, 

  Vobkent tumanidagi 21-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi 

Maqola muallifi

Dilnoza NARZULLAYEVA

Dilnoza NARZULLAYEVA

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish