KARIM BAHRIYEV: MATBUOTNING ULUG‘ XIZMATI ROSTINI YOZISHIDIR ASSALOMU ALAYKUM, MAHORAT BILAN BIRGA JASORATNI O‘RGANAYOTGAN JURNALIST DO‘STIM!

Umr – saboq KARIM BAHRIYEV: MATBUOTNING ULUG‘ XIZMATI ROSTINI YOZISHIDIR  ASSALOMU ALAYKUM, MAHORAT BILAN BIRGA JASORATNI O‘RGANAYOTGAN JURNALIST DO‘STIM!
69



Avvalgi maktublardan birida jurnalistikada mahorat masalasiga qisman to‘xtalgandik. Bugun esa sen bilan birga tajribali publitsist Karim Bahriyevning mahorat va jasorat maktabiga nazar tashlaymiz. Mavzumizni boshlashdan avval qahramonimiz haqida ikki og‘iz so‘z. Karim Bahriyev 1962-yili Samarqand viloyatining Urgut tumani tog‘lari bag‘rida joylashgan bahavo Go‘s qishlog‘ida tavallud topgan. O‘zining ta’kidicha, u yanvar oyida tug‘ilgan, lekin qorlar erib otasi tog‘dan pastga tushib guvohnoma olgan vaqti iyulga tog‘ri kelgan. Shu bois qog‘ozdagi mavlud fursati iyul oyidadir. Maktabni tugatgach dastlab Samarqand, keyinchalik Moskva davlat universitetlarida tahsil oladi. Jurnalistik faoliyatini “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida boshlaydi. Karim Bahriyev degan nomni aynan shu paytda biz − talabalar ilk bor kashf etganmiz. Karim akaning sovet armiyasidagi “dedovshina” muammosi qalamga olingan “Oy borib, omon qaytmagan bolam” maqolasi o‘shanda shov-shuv bo‘lib ketgandi. Yurakni o‘rtaydigan, toshbag‘irlarni ham yig‘latadigan, jamiyatdagi adolatsizliklar fosh etilgan publitsistika edi u. Unga taqlid qilishga harakat qilganmiz.

Talaba-jurnalist ishini taqliddan boshlashi ayb emas aslida. O‘xshash muammoni “Yosh kuch” jurnaliga kelgan onayizor maktubi asosida kamina ham o‘rganishga harakat qilgan. Asosiy masala yigitning armiyadan temir tobutda kelishi emas, undagi jasadni ona tan olmasligi edi. Tobutni olib kelgan ofitser va askarlar e’tiroziga qaramasdan temir sandiq kesiladi. Badani momataloq mayyitni ota taniydi, lekin ona tan olmaydi − “hamma joyi o‘xshaydi, faqat bolamning qulog‘ida tirtig‘i yo‘q edi...”. Tahririyatga yo‘llangan maktubning asosida shu gap, o‘zi bilan uchrashganda ham... Yakka-yu yagona o‘g‘lidan ayrilganini anglagan-u ishonishni istamayotgan onaning isyoni, bechora ahvoli... dilingizni ezmasligi mumkin emas. “Dedovshina” sharoitida harbiyda xizmat qilgan bo‘lsam-da, maqolani yozguncha bir necha yoshga ulg‘aydim. Lekin Karim Bahriyev har tomonlama mahorat va jasorat bilan yozgan “Oy borib, omon qaytmagan bolam” publitsistikasi oldida talabaning bitiklari hech narsa edi. U dardli maqolasini yozib, senzorlar “qaychi”sidan omon o‘tkazguncha qancha yoshga ulg‘aydi ekan-a?..


Karim Bahriyev bilan besh yil o‘tib “Ma’rifat” gazetasi bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida ish boshlaganida yaqindan tanishganmiz. Uning qo‘l ostidagi bo‘lim muharriri edim. Tahririyatda oz fursat ishlagan bo‘lsa-da, tajribalarini biz kabi uka-singillari bilan baham ko‘rganiga, gazeta mazmunini yaxshilashga o‘z hissa- sini qo‘shganiga guvohman.


Bir misol. 1995-yilda maktab bitiruvchilarining ota-onalar mablag‘i hisobiga “vecher” o‘tkazishi, ya’ni spirtli ichimliklar iste’moli, uning ta’sirida turli qiliqlar, quyushqondan chiqishlar an’anaga aylana boshlagan kezlar. Tahliliy maqola yozdim-u tuzukroq sarlavha topish qiyin bo‘ldi. Bitiruvchiga 25-may sanasini nishonlama deyish ham qiyin... “Navbatchi” sarlavha qo‘yib, bosh muharrir o‘rinbosariga olib kirdim. Qisqasi Karim Bahriyevdan maqola sarlavhasi “Bazm emas, bayram bo‘lsin” (“Ma’rifat”. 1995-yil 7-iyun) tariqasida chop etishga ruxsat etildi. Maktabni tugatgan o‘quvchining maishatga ruju qo‘yishi emas, kelajakdagi mustaqil hayotga qadami mas’uliyatini bayram qilishi muhimligi matnda aytilgan bo‘lsa-da, maqola sarlavhasida uning mohiyatini Karim akadek chiqara olmaganman.


Uning rahbarligida ishlagan har bir jurnalist bu kabi o‘z dalil-u misollarini keltirishi mumkin. Ko‘p o‘tmasdan Karim akani “Xo‘jalik va huquq” jurnaliga bosh muharrir etib tayinlashdi. “Ma’rifat”da uning o‘rnida, ya’ni bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlash nasib qilganidan hanuzgacha faxrlanib yuraman-u, lekin o‘sha fursatdagi mas’uliyat hissi hozir ham tark etgani yo‘q. Negaki...

“Hurriyat” gazetasi dastlab Karim Bahriyevning bosh muharrirligida chop etilgani ko‘pchilikka ma’lum. Biroq amaldagi hukumat mustaqil gazeta chiqishlariga besh haftagina chidadi. Bu haqda totalitar, avtoritar jamiyat matbuoti qonuniyatlari, aslida illatlari xususidagi maktubda batafsil gaplashgan bo‘lsak-da, Karim akaning quyidagi fikri-pozitsiyasini anglasang gazetaning u rahbarlik qilgan sonlari mazmunini, nega ishdan bo‘shash uchun ariza yozishini “taklif” etishganini va maqolalarini hech bir OAV chop etmay qo‘ygani sabablarini anglab yetasan:

“Siz orzu qilayotgan demokratik matbuot jamiyatdagi kamchiliklarni ayovsiz tanqid qiladi, lekin bu shunchaki fidoyilik emas. U xalq g‘amini ham bekorga yemaydi, albatta. Zero, u haqiqatni yozmasa, mashhur gazeta chiqarolmaydi, o‘quvchisini ko‘paytirolmaydi. O‘quvchisi ko‘paymasa, ko‘p tirajda chop etilmasa, hech kim reklama bermaydi. Reklama berishmasa, moliyaviy ahvoli og‘irlashadi, inqirozga uchraydi, to‘xtab qoladi. G‘arb matbuotidagi iqtisodiy raqobat muxbirlar va noshirlarni kerak bo‘lsa har bir gazetxon uchun kurashishga majbur qiladi. Kurashning birdan-bir yo‘li esa haqiqatni yozishdir”.


Bu fikrlarda demokratik davlatlar erishgan jamiyat matbuotining nazariy asoslari, amaliyotining sabablari o‘rin olgan. Haqiqatlar ko‘p, albatta. Jamiyatimizdagi har bir ijobiy o‘zgarish, shaksiz haqiqatdir. Lekin demokratik matbuot nazariyasi mohiyatida jamiyatdagi muammoni muhokamaga olib chiqish haqiqati yotadi. Aynan ana shu haqiqatni jamiyatga yetkazish juda qiyin kechmoqda. O‘shanda Karim Bahriyevning maqsadini totalitar jamiyatda toblangan hukumat vakillari jamiyatdagi o‘zgarishlar bo‘yicha ish yuritadigan qismi mutlaqo qabul qilmadi. Tushunsak-da, totalitar jamiyat qatag‘onlaridan qo‘rquv hissini qonidan tozalay olmayotgan biz hamkasblari ham uni himoya qila olmadik, qo‘llash yo‘lini topa olmadik, balki izlamadik. Bu nazariyadan mutlaqo bexabar jamiyatning qolgan qismi Karim Bahriyevning “Hurriyat” gazetasi bosh muharrirligidan bo‘shatilishi voqeasiga parvo ham qilma¬di, deyilsa balki qo‘pol xulosa bo‘lar. Axir demokratik jamiyat sharoitida yashash tarziga o‘rgatilmagan-ku, degan e’tirozlar bildirilishi mumkin. Holbuki, jamiyatning demokratik qadriyatlar asosida ish tutishini o‘rganishi uchun mas’ul hisoblangan millat ziyolilari qatorida biz jurnalistlar birinchi navbatda javobgarmiz...


Jamoatchilik nazorati susaygach, har bir jabhada korrupsiya tomir otdi. Hatto millatning xavfsizligi haqida qayg‘uradigan kuchishlatar tizimlarda ham inson qadri toptalishi, ishbilarmonlarning oyoqosti bo‘lishi, qarshilik bildirilsa, hatto, “stolbani ham qamaydi”gan muhit vujudga keldi jamiyatda.

Shukrki, bugun so‘z erkinligi birmuncha qaror topmoqda, lekin hanuz jasorat yetishmayapti. Jurnalist uchun jasorat nima? O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning fikriga e’tibor qaratamiz: “El-yurtimizning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, ta’magirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchi¬lik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan jurnalistlarni men haqiqiy jurnalist deb hisoblayman.


Albatta, barchamiz yaxshi tushunamiz, buning uchun ommaviy axborot vositalari vakillaridan nafaqat professional bilim va malaka, hayotiy tajriba, o‘z so‘zi uchun mas’uliyat hissi, ayni vaqtda yuksak grajdanlik pozitsiyasi, ma’naviy jasorat ham talab etiladi” (http://uza.uz/oz/politics/ matbuot-va-ommaviy-akhborot-vositalari-khodimlariga-27-06-2017).


Prezident ma’naviy jasorat masalasini ko‘taryapti. Uni o‘zimizda qanday tarbiyalaymiz? Maqolamiz qahramoni Karim Bahriyev bu borada nimani xohlaydi?

Dastlab uning quyidagi fikriga nazar tashlaymiz:

“Miyaga ulug‘ fikr kelsa-yu, mahorat yetishmasa, til qashshoq bo‘lsa, uni yetarlicha ifoda qilolmaysan, mahorat kerak bo‘ladi...

Mahorating bo‘lsa-yu, yozgan go‘zal matningda tafakkur bo‘lmasa, hikmat bo‘lmasa befoyda, shuning uchun ma’rifat kerak bo‘ladi...

Inson juda buyuk narsalarni mahorat ila yozishi, ammo qo‘rqib chiqarolmasligi mumkin, ehtiyotkorligidan qaltirab turishi mumkin. Shunda jasorat kerak bo‘ladi”.

Karim Bahriyev o‘z maslagi yo‘lida jasorat ko‘rsatib kelmoqda. Prezident aytgan muammolarni bartaraf etish yo‘lida jamoatchilik fikrini shakllantirishga bel bog‘lagan va qarorini qat’iy himoya qil- moqda:

“Jamoatchilik nazorati” iborasidagi “nazorat” so‘zining o‘zagi “nazar” so‘zidandir. Nazorat − ko‘z solmoq, nazar tashlamoq, ko‘z-quloq bo‘lmoq deganidir. Jamoatchilik nazorati xalqning davlat va jamiyat ishlarida ko‘z-quloq bo‘lmog‘idir. Bu barakot keltiruvchi buyuk harakat demakdir”, deydi u.

Aziz jurnalist do‘stim! Karim aka nazdidagi barakotli buyuk harakatni jamiyatda qaror toptirish ustida birgalikda bir tan-u jon bo‘lib o‘ylashimiz kerak emas-mi? Buning uchun nimalar qilishimiz darkor? Uning o‘zi bu haqda nima deganidan xabaring bormi? Yo‘q, desang quyidagi fikriga quloq tut: “Mening nazarimda, matbuotni demokratlashtirish jamiyatni demokratlashtirish bilan chambarchas bog‘liq jarayondir, ya’ni totalitar jamiyatda demokratik matbuot bo‘lolmaydi, xuddi shuningdek, demokratik jamiyatda matbuot ibtidoiy qolishining iloji yo‘q”.


Bugun siz talabalar o‘zgachasiz, siz. Baxt bu aslida, lekin... Korrupsiyaga qarshi kurashda jurnalist surishtiruvining o‘rni haqida mavzu o‘tilmoqda. Muam¬moni o‘rganish jarayonida gap jurnalist jasoratiga kelib taqaldi. Talabalardan biri umr insonga bir marta berilishini, hayotini, sog‘ligini garovga qo‘ymasligini, xotirjamlik uning uchun birlamchi ekanligini, qolaversa nega aynan u korrupsiyaga qarshi kurashishi kerakligini aytib qoldi. Befarqlarcha gapirdi, desam xato bo‘ladi. Bu gapni sovuqqonlik bilan aytdi. Aytdi emas, “misol keltiring, shunday jurnalistlarimiz bormi?” deya dangal so‘radi. Ba’zi talabalar to‘rt yarim qatordan ko‘proq matnni o‘qishga erinadi. Albatta, bugunning talabi fikrni yarim qog‘ozda tushuntirib berish bo‘lib qolgan. “Oz bo‘lsa-da, bor”, dedim. Misol tariqasida O‘zA e’lon qilgan “Karim Bahriyev: “O‘zbekiston zaminidagi hech kim qonundan ustun emas!” va “Sud hokimiyati va matbuot erkin bo‘lmasa korrupsiyani yo‘qotish aslo mumkin emas” maqolalarini birgalikda tahlil qilishga kirishdik.


Birinchisida jurnalist Andijon viloyati hokimi va sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rtasida ijtimoiy tarmoqda tarqalgan mojaro (“HOKIM VA VAZIR: manfaatlar to‘qnashuvimi yoki dahanaki jang?) mohiyatiga e’tiborni qaratadi.


“Elning og‘zini lang ochdirgan janjalning asl sababi ayon bo‘ldi: gap sog‘liqni saqlashga ajratilgan pullarning tasarruf qilinishida ekan. O‘zining talabini ikki tomon ham bir qarashda haqli ko‘ringan da’volar bilan dalillaydi va qarama-qarshi tomonni tamagirlikda ayblaydi.


Hokim hududida faoliyat yuritayotgan firmaning tibbiy ashyolarini sotib olish lozimligini, bu firmada shu yerlik xalq ishlayotganini va u mahalliy budjetga sezilarli soliq to‘lashini aytadi hamda qarshi tomondagi sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning yuqoridagi vazirligini o‘zlariga tanish firma orqali davlat budjeti pulini sarflayotganini, shundan manfaatdorligini da’vo qiladi (“Uning tepasida 15-20 foizdan hammasi o‘tiribdi. Endi, ularning rizqi qirqildi-da!).


Sog‘liqni saqlash vaziri va viloyat boshqarmasi rahbariyati bemorlarning sog‘lig‘i muhimligini, sotib olinayotgan tibbiy ashyolar sifatli bo‘lishi lozimligini, viloyatdagi firmadan olinishida hokimning manfaati borligini aytadi.


Ikki tomonning ham da’vosi asosliday jaranglaydi va shubhasiz asosliday ham ko‘rinadi”. Jurnalist bu tarafkashlikning qonuniy asosiga tayanib muammoning yechimi “shundoq yuzada turibdi”, deya davlat budjeti mablag‘larining tasarruf etilish jarayoni hali ham tor xonalarda hal etilayotganini tanqid qiladi.


“Soha tomonida buni vazir yoki boshqarma boshlig‘i hal qiladi. Hokimlikda hokimning aytgani-aytgandir. Aslida har ikki tomonni shubhadan xoli qilish uchun davlat xaridlari sohasini shaffoflashtirish, xaridlarni oshkora va halol tenderlar orqali amalga oshirish zarur. Bu Korrupsiyaga qarshi kurashga oid davlat dasturida ham, hukumat qarorlarida ham bevosita ko‘rsatilgan. O‘sha hokimiyat xayrixoh bo‘lgan firma ham, vazirlik xayrixoh bo‘lgan dilerlar ham oshkora tenderda qatnashsa, jamoatchilik sohaga qancha pul ajratilganini, qayoqqa sarflanganligini bilsa, matbuotda oshkoralik qaror topsa, shu taxlit janjallar va o‘zaro ayblovlarga hojat qolmasdi”.


Hozirgacha jamoatchilik, jumladan, tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘layotgan muammo bu. Maqolaning “HOKIM VA TADBIRKOR: qurilishlar va buzilishlar” qismida Qashqadaryo viloyatidagi “snos”lar mohiyatini ochib beradi, undagi korrupsion harakatlarni tahlil qiladi. U fojiali voqeadan boshlanadi: “2019-yil 20-iyulda qashqadaryolik tadbirkor uning do‘konini buzmoqchi bo‘lgan hokim o‘rinbosarini yoqib yubordi. Voqea simtomatikligi bilan hammani larzaga soldi.


...Shubhasiz, samosud − ya’ni qonunbuzarliklarga qarshi qonunbuzarlik qilish maqbul ish emas. Birovning ustiga benzin quyib yoqib yuborish va natijada o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘yish jinoyatdir. Har ikki tomonning ham xatti-harakatlariga adolat bilan yondashish kerak.


Yakkabog‘lik tadbirkorning hokimiyat vakiliga benzin sepib, o‘t qo‘yishiga baho berdik. Endi hokimiyat vakilining harakatini ko‘raylik: ichida odamlar turgan binoni buzishga uning zarracha haqqi-huquqi bormi?! Kim unga dalda va huquq berdiki, na ogohlantirish xatisiz, natovon puli to‘lamasdan o‘zganing mulkini vayron qiladi? Buldozerchilikka o‘qiganmi, o‘qigan bo‘lsa, aynan shu vayronkor mashinani haydashga dalolatnoma yo ishonchnoma olganmi?


Hokim o‘rinbosarining bu harakati ham uning o‘ziga xos samosudidir”. Jurnalist bu muammoning ham yechimini izlashga harakat qiladi. “Konstitutsiyasi va qonunlariga ko‘ra demokratik huquqiy respublika tuzumiga ega bo‘lgan O‘zbekiston qonunlariga har ikki tomon rioya etganda, bu balo yo‘q edi. Konstitutsiyamizda mulk daxlsizligi kafolatlangan. Qonunlarimizda fuqaro mulkini faqat davlat ehtiyojlari uchun va olti oy oldin ogohlantirib, tovon puli to‘langachgina, buzish mumkinligi ko‘rsatilgan.


Dinimizda “o‘z mulkini himoya qilib o‘lgan mo‘min shahid maqomiga ega”ligi aytilgan (Rasulullohdan Termiziy keltirgan hadislarda)”. Bundan tashqari jahon tajribasiga, xususan, AQSH konstitutsiyasiga ko‘ra, “xususiy mulk o‘rni qoplanmasdan jamiyat foydasiga musodara qilinishi mumkin emas”, degan huquqiy qoidani yodga oladi va ular hayotidan misol keltiradi. Shu bilan birga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimlarni tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga yo‘l qo‘ymaslik haqida qat’iy ogohlantirganini ta’kidlaydi: “Barcha hokimlarni qat’iy ogohlantiraman asosli zarurat bo‘lmagan holda tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga umuman yo‘l qo‘yilmasligi zarur va shart”.


Bunda ijro hokimiyatining quyushqonda chiqmasligi uchun qonunlar ishlashi zaruratini ko‘rsatib beradi.“Sud hokimiyati va matbuot erkin bo‘lmasa korrupsiyani yo‘qotish aslo mumkin emas” maqolasida uch hokimiyat o‘rtasida bo‘zchining mokisidek yugurib haqiqat izlab, xalqqa ko‘prik bo‘lishga harakat qilayotgan jurnalistikadan jamiyat naqadar manfaat ko‘rishini asoslab beradi va qat’iy xulosa chiqaradi:  “Sud hokimiyati va matbuot erkin bo‘lmasa korrupsiyani yo‘qotish aslo mumkin emas”. Anglayapsanmi, Karim Bahriyev muammo yechimlarini ko‘rsatish uchun huquqiy adabiyotlarni, Prezident ma’ruzalarini, xalqaro tajribalarni, hatto hadislarni o‘qigan, izlangan, asos topgan, uning qaymog‘ini o‘quvchiga bergan. Bu sen uchun juda katta maktabdir.


Talaba-jurnalist tengquring Karim Bahriyev maqolalari tahlilidan biroz toliqqan bo‘lsa-da, shashtidan tushmasdan “nega aynan bizlar korrupsiyaga qarshi kurashishimiz kerak, tegishli tashkilotlar bor-ku” singari e’tirozlarni qalashtirib tashladi... Albatta, tegishli tashkilotlar bor. Lekin, kel, bu e’tirozga javoban yana K.Bahriyevdan ikkita iqtibos o‘qiymiz:

“Delegatsiya bilan Germaniyaga bordik. Ularning prokurori delegatsiya a’zolari bilan ko‘rishyapti. Ular bizni o‘sha paytda uchinchi dunyo davlati, qashshoq bir davlat, deb qaraydi. Hammaga shunchaki qo‘l uzatib qo‘yyapti. Tarjimonimiz “Karim Bahriyev, jurnalist” degandan keyin hushyor tortib “Jurnalistlar bor ekan, ehtiyot bo‘lib gapirishimiz kerak ekan”, dedi. O‘sha davlatlarda jurnalistdan ko‘proq qo‘rqadilar. Kulgili bo‘lishi mumkin. Lekin o‘sha mamlakatlar hukumatining kichik bir xatosi bo‘lsa, jurnalist izlab topadi, oshkor qiladi, xalqqa yetkazadi, natijada o‘sha amaldor ishdan ketadi. Shu qo‘rquvgina ularni korrupsiyadan tiyib turadi”.


“Aslida matbuotning, so‘z erkinligining katta hissasi amaldorlar uchun foydali. Jurnalist biror narsani gapirsa, tanqid qilsa, zarar qilmayotgani, ularning foydasi uchun ekanini tushunishi kerak. Jurnalistlar hamma narsani o‘ylashi kerak. Xorijdan keladigan pul korrupsiya tufayli yo‘q bo‘lib ketmasligi kerak. Zarur joyga sarflanishi, tezroq natija berishi lozim. Ish o‘rinlari yaratilishi kerak. Korrupsiyaga qarshi kim kurashadi? Matbuot”.


Demak, taraqqiyotga katta to‘siq bo‘lgan muammolarni butun jamiyat bilangina bartaraf etish mumkinligini, bir yoki ikki jurnalist amalga oshira olmasligini anglasak-da, bu harakatning avvalida biz jurnalistlar turishimiz shartligi kunday ayon bo‘lib turibdi.


Karim Bahriyev jasorati O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Jamoatchilik kengashi raisi sifatida amalga oshirgan ishlarida ham namoyon bo‘lmoqda. 2020-yilda “Ma’rifat” gazetasining Farg‘onadagi muxbiri Sharifa Madrahimovaga jurnalistik faoliyati uchun bosim o‘tkazilgani yodingda bo‘lsa kerak. Uchko‘prik tumani hokimligining “karantin vaqtida aholiga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada sifatli mahsulotlar arzon narxlarda sotilayotgani” haqidagi xabaridan so‘ng, jurnalist Sharifa Madrahimova bozorga borib, holatni telefonida video va foto tasvirga ola boshlaydi. O‘zini “tuman hokimligi vakili”, deya tanishtirgan Sh.Mo‘ydinov kelib uning telefonini tortib oladi va jurnalist tuman IIBga olib ketiladi. Tuman IIB xodimlari bergan savollarga e’tibor bergin: “Gazetada ishlasangiz, nega video-tasvirga oldingiz? Haqqingiz yo‘q”, “Siz yarmarkani syomka qilayotganingizdan hokimning xabari yo‘q ekan-ku?”.


Bu voqea haqida jamoatchilik kengashi raisi K.Bahriyev xulosalaridan birini o‘qisang ijro hokimiyati, misolimizdagi tuman hokimligi vakili va IIB xodimining qurilayotgan demokratik jamiyatga nomunosib xatti-harakati, ularning ma’naviy-huquqiy ahvolidan chekayotgan faryodini his qilasan: “Bozorda suratga olayotgan jurnalistni ichki ishlar bo‘limiga olib borish, uning guvohnomasini tekshirish, (Davomi. Boshi 8-9-betda.). Uning bu fikrlari huquqiy toblangan jasoratli jurnalistga munosib emasmi? Bunday fikrlaydiganlar ko‘pdir, lekin uni baralla ayta oladigan jasoratli jurnalistlarimiz juda oz. Nega biz uning yoniga qo‘shilmasligimiz kerak? Xalq turmushini yaxshilashda, xalqaro maydonda so‘z erkinligi bo‘yicha yurt imijini oshirishda, ya’ni korrupsiya hamda boshqa illatlarga qarshi kurashishda nega Karim Bahriyev va u kabilar bilan hamnafas bo‘la olmaymiz?


Bu asr muammosi. Behbudiy, Munavvarqori, Qodiriy qatag‘onidan qolgan asorat qo‘rquv. Qo‘rquvdan avvalgi ahvol qanaqa edi?

Jadid bobolardan biri Hoji Muindan iqtibos bilan bu savolga javob bermoqchiman: “Bizlar hech kimga xushomad go‘ylik qilmaymiz va hech kimdan qo‘rqmaymiz. Bizlar vijdon va nomusimizni pulg‘a sotmaymiz. Bizning do‘stimiz va ma’shuqimiz yolg‘iz haqiqat bo‘lg‘onlig‘i uchun haqiqat va to‘g‘riliqdan boshqa hech kimni rioya etmaymiz. To‘g‘riliq yo‘linda bo‘hton, hibs va hatto, o‘lim- dan ham qo‘rqmaymiz. To‘g‘riliq va muqaddas maslakimiz yo‘linda qurbon bo‘lmoqni o‘zimiz uchun bir sharaf deb bilamiz” (“Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1919. 23-yanvar).


Haqiqat yo‘lida jon bermoqni sharaf deb bilgan bobolar 1919, 1929, 1938-yillarda turli bahonalar bilan qatl etildi. Ana shu qattolliklar vositasida mahalliy xalq yuragiga qutqu solindi, qonga, ongostiga qo‘rquv zarpechakdek yopishdi.

Matbuotning ulug‘ xizmati rostini yozishidir


Holbuki, 30 yildan buy on mustaqil bo‘lsak-da, undan xalos bo‘lolmayapmiz. Ana shu qo‘rquvdan millatni, jumladan, uning jurnalistlarini ozod qilish sizning avlodingiz zimmasiga tushmoqda. Buning uchun har biringiz kamida ham huquqiy, ham siyosiy savod, ham ma’naviy jasorat nuqtayi nazaridan Karim Bahriyev darajasiga yetishingiz talab etiladi.

Shu o‘rinda siz talabalarga K.Bahriyev murojaatlaridan yana uch iqtibos: “Yoshlarga tilagimiz sergak bo‘lsinlar, ko‘proq o‘qisinlar va fikrlasinlar, shunda rost va yolg‘onni ajratib oladilar. Kimga ergashishlaridan ko‘ra, ko‘proq e’tiqodlari, vijdon va iymonlari muhimroqdir”.

“Hech kimda: “Hali hammasi orqaga ketadi, rost so‘zlasang baloga qolasan, jim yurgan o‘sadi”, degan fikr bo‘lmasligi kerak”.

“Matbuotning xalqqa eng zarur va ulug‘ xizmati rostini yozishidir”.


Buning uchun “qaynona-kelin muammosini yozish darajasida” qolib kelayotgan, yirik masalalarni yoritishga “yuragi dov bermayotgan jurnalistikamizni” qutqarish bo‘yicha takliflarini ilgari suradi. Ular OAVning huquqiy asoslarini chinakamiga takomillashtirish, eng asosiysi, o‘sha “qonunlarning amal qilishiga erishish, mustaqil va halol sud tizimini barpo etish, OAV biznesidagi cheklovlarni liberallashtirish, so‘z erkinligi bilan birga so‘z aytganlarning erkinligini himoya qi¬lish lozimdir”.


Karim Bahriyevni o‘ta mahsuldor ijodkor deb bilaman. Uning “Sabr kosasining siniqlari”, “Tomchidil” she’riy kitoblari, “Demokratiya va inson huquqlari”, “Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyati”, “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari” nomli o‘zbek tilidagi ilmiy-ommabop kitoblari, “OAV va saylovlar” nomli o‘zbek va rus tilidagi qo‘llanmasi, “So‘z erkinligi haqida so‘z” nomli siyosiy-ijtimoiy kitobi o‘zbek, ms va ingliz tillarida chop etilgan.


Ularni topib o‘qishing, shaksiz, senda jaso ratni tarbiyalaydi, bilimingni boyitadi, dunyoqarashingni kengaytiradi.


Karim aka zamonamizning juda mahoratli tarjimonlaridan biridir. U sabab Seneka, Platon, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Laroshfuko, Labryuyerning falsafiy asarlarini, jahon xalqlari hikmatlarini, Chingiz Aytmatov, Dino Bussati, Jovanni Papini, Korrado Alvaro, Marchello Venturi hikoyalarini, uyg‘ur shoiri Temur Davomatning she’riy kitobini, ozarboyjon shoiri Romiz Ravshanning she’rlari va dostonini, A.Avtorxonovning “Kreml saltanati” kitobini, Jorj Oruellning g‘ayrixayoliy “1984” romani va “Molxona” rivoyat-qissasi, Malkolm Gladuelning “Zukkolar va landovurlar” kitobi, Henri Fordning “Hayotim va muvafaqqiyatim” asarini o‘zbek tilida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Shu bilan birga u yunon, olmon, ingliz, ispan, farang, turk, ozarboy¬jon, arab, amerika, eron, yapon, vyetnam, koreys, malay, hind, golland, daniya, islandiya, afrika va boshqa ko‘plab xalqlar va mamlakatlar shoir va yozuvchilarining she’rlari va balladalarini tilimizga o‘girgan. Har gal yangi tarjimasini ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganida ozgina vaqtini bir necha yil avval ba’zi “daho”larning qarshiligi sabab yoqlanmay qolgan dissertatsiyasiga ajratishini qitmirlik bilan eslatib turaman. Axir OAVga tegishli qonunlarni huquqdan boxabar olimning sharhlashi yosh jurnalistlar faoliyati uchun, qonunlardagi noqisliklarni bartaraf etish uchun juda muhimdir.


O‘zining ta’kidicha, ayni paytda “Zulm texnologiyasi” siyosiy kitobi, ikki tomlik publitsistik asarlari, bir jildga yig‘ilgan adabiy maqola va suhbatlari, uch tomlik tarjimalari, “Axborot huquqi”, “Demokratiya va inson huquqlari o‘zbek yo‘li”, “Dorulbaqoga qizimga maktublar” kitob S ari, yangi she’rlari jamlangan kitobining chop etilishi kutilmoqda.


Demokratik matbuot nazariyalarini va ular jamiyatga tatbiq qilinishini o‘rgangan mutaxassis sifatida bundan yigirma yil avval Karim akaning demokratik matbuotni tezroq yaratishga bo‘lgan da’vatini qabul qilmaganman. Yevropa ikki yuz yil davomida bosib o‘tgan yo‘lni O‘zbekiston o‘n yilda bosib o‘ta olmasligini ba’zi maqolalarimda ta’kidlaganman ham. Oradan yigirma yil o‘tgach bu qarorimdan qaytdim va Karim Bahri¬yev fikrlariga qo‘shildim. Negaki, avtoritar boshqaruvni afzal bilgan hokimlar, bundan foydalanadigan korrupsionerlar uchun ma’lumotlarning ochiqlanmasligi natijasida jamoatchi S ikning xabarsiz qolishi eng maqbul yo‘l ekan. Karim aka¬ning bu boradagi fikrlarini quyida o‘qigin: “Shuni aytish kerakki, hech qaysi hokimiyat ommaviy axborot vositalarini yaxshi ko‘rmaydi buni orzu ham qilmaslik kerak. Totalitar hukumat matbuotni jilovlashga, bo‘g‘ishga urinadi. Demokratik hukumat ham mass-mediani sevmaydi, ammo u ommaviy axborot vositalariga “chidaydi”, sabr-toqatli munosabatda bo‘ladi”.


“Matbuot hokimiyatlarga ko‘z-quloqdir, xalqning nazaridir va davlat hamda xalq orasida bir ko‘prikdir”

Yosh hamkasb do‘stim!

Bugun Karim Bahriyev O‘zbekiston jurnalistika va kommunikasiyalar universitetida talabalarga saboq bermoqda. Sening o‘rningda bo‘lganimda boshqa ilm dargohida, kursda yoki guruhda bo‘ladimi, uning jurnalist jasorati haqidagi darslariga iltimos qilib bo‘lsa-da, albatta qatnashgan bo‘lardim. Sening avloding bu g‘animat dunyoda uning bilimlarini o‘zlashtirib olishini istardim.

Halim SAIDOV,

filologiya fanlari doktori

2022-yil 14-iyul, 27-son


Maqola muallifi

Halim SAYID

Halim SAYID

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish