MENEJERLIK SERTIFIKATINI QANDAY OLSAM BO‘LADI?

Bilarmidingiz? MENEJERLIK SERTIFIKATINI QANDAY OLSAM BO‘LADI?
194

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022–2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va 2022-yil 21-iyundagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, maktab direktori lavozimiga nomzodlar menejerlik sertifikatini olish uchun A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida sinov tariqasida(bir marta) o‘qitildi. Jarayonning davomi bilan qiziqib, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda menejerlik sertifikati uchun galdagi o‘quv mashg‘ulotlari haqida siz ta’lim fidoyilarini qiziqtirgan savollarga javob oldik. 



1. Maktab direktori lavozimiga nomzodlar menejerlik sertifikatini ­olish uchun navbatdagi o‘quv jarayonlari qachondan boshlanadi?

– A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida 2024-yil 1-yanvardan boshlab maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik kurslarida o‘qitish jarayoni boshlanishi rejalashtirilmoqda. Institutda rasman kurslar boshlanishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiri­tilgan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasining tasdiqlanishiga bog‘liq. 

2. O‘qish istagida bo‘lganlar dastlab qayerga murojaat qilishi kerak?

– Qaror loyihasi tasdiqlangandan so‘ng o‘qish istagida bo‘lganlar kursga uydan tashqariga chiqmasdan ham hujjat topshirsa bo‘ladi. Buning uchun institutda ishlab chiqilayotgan maxsus elektron portal orqali ro‘yxatdan o‘tadi va elektron ariza qoldiradi. Ayni vaqtda esa institut tomonidan elektron portal ishlab chiqish loyihasi amalga oshirilmoqda.

3. Ushbu kursda qatnashish uchun kadrga yosh, lavozim yoki boshqa cheklovlar qo‘yilganmi?

– Jarayonga qo‘yilgan talablar maktab direktori lavozimiga qo‘yilgan talablar bilan bir xil. Ma’lumki, maktab direktori lavozimiga nomzodlar uchun yosh chegarasi belgilanmagan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 29-avgustdagi 270-buyrug‘iga asosan maktab direktori lavozimiga nomzodlarga qo‘yi­ladigan talablar quyidagilardan iborat:

•  maktab direktori lavozimiga davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash huquqi qonunchilik bilan cheklanmagan va malaka talablariga javob beradigan fuqarolar nomzod bo‘lishi mumkin; 

•  kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot;

•  (Endilikda) menejerlik sertifikati; 

•  ta’lim sohasida kamida 5 yillik pedagogik staj; 

•  xorijiy tillarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foyda-

lanishni bilish (tanlov jarayonida ustuvorlik beradi).

4. Jarayonda belgilangan o‘qish muddati qancha?

– Maktab direktori lavozimiga nomzod­lar uchun o‘qish muddati – 1 oy (144 soat hajmda).

5. O‘qish mobaynida aynan nimalar o‘rgatiladi? 

– O‘zbekiston Respublikasi Prezi­dentining 2022-yil 11-maydagi 134-son Farmoniga asosan jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalariga o‘qitiladi. Nomzodlar kasbiy rivojlanishga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib boshqa ko‘nikmalarga ham o‘qitilishi mumkin.

6. O‘quv dasturi uchun qaysi davlatlardan andoza olingan?

– Maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik kurslarida o‘qi­tish uchun Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Finlandiya tajribasi o‘rganilgan va o‘rganilmoqda.

7. O‘qish uchun ayni vaqtda qay­si viloyat(shahar)larimizda imkon bor? Nechtagacha bo‘lib o‘qitish rejalashtirilgan? 

– Qaror tasdiqlangandan so‘ng nomzod­lar A.Avloniy nomidagi milliy-

tadqiqot institutida o‘qishi mumkin.

Nizom loyihasiga asosan menejerlik o‘quv kurslari 20–30 nafar nomzodlardan iborat akademik guruhlarda tashkil etiladi. 

8. O‘quv mashg‘ulotlari qaysi tillarda olib boriladi?

– Kurslardagi dars mashg‘ulotlari o‘zbek tilida olib boriladi. Agar guruh faqat rus yoki qoraqalpoq tilida so‘zlashuv­chi nomzodlardan shakllantirilgan bo‘lsa, dars mashg‘ulotlari tegishli tilda olib borilishi mumkin.

9. O‘qish vaqtida ham xodimga ish joyidan maosh beriladimi yoki shu oy ish emas, o‘qishdaligi sababli maoshi kesiladimi?

– Nomzodlarning ixtiyoriy tanlovi asosida menejerlik o‘quv kurslari ishlab chiqarishdan ajralgan yoki ajralmagan­(masofaviy, onlayn) holda tashkil etilishi mumkin. 

Ishlab chiqarishdan ajralgan holda menejerlik o‘quv kurslariga jalb etilgan nomzodlarning o‘rtacha ish haqi saqlanadi, ularning o‘quv yuklamasi yoki ish vazifalari esa boshqa xodimlar o‘rtasida taqsimlanadi.

10. Sertifikatsiya uchun olinadigan test sinovidagi savollar ustida kimlar ishlayapti? 

– Yakuniy sinov topshiriqlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida Milliy-tadqiqot instituti tomonidan shartnomaviy munosabatlar asosida yetakchi olimlar va malakali mutaxassislar, shu­ningdek, nodavlat tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda ishlab chiqiladi.

Yakuniy sinov topshiriqlari Milliy-tadqiqot instituti tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi.

11. Dastlabki o‘tkazilgan test sinovida nimalarga alohida e’tibor qaratildi? 

– Test savollarining mazmuni bevosita maktab amaliyotidan kelib chiqib tuzildi. 

12. O‘rgatilayotgan metod, mavzular bir xilligi sababli test sinovlari mohiyati ham bir xil bo‘ladimi yoki bu xususida yana yangi rejalar bormi?

– Kurs uchun o‘quv dasturlari maktab direktorining kasb standarti asosida ishlab chiqiladi va shu asosida dars mashg‘ulotlari olib boriladi. Yakuniy sinovlar ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich – berilgan nazariy va amaliy bilimlardan kelib chiqib test (keys, kazusli), ikkinchi bosqich – amaliy topshiriqlar taqdimoti (Maktabni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilishi) shaklida amalga oshiriladi.

13. O‘qish jarayoni pullimi yoki bepul?

– Nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda baholash ular bilan Milliy-tadqiqot instituti o‘rtasida tuzilgan xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.

14. Testdan o‘tish uchun ma’lum ball yoki foiz belgilanganmi? 

– Yakuniy sinovlarda 70 foiz va undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi va ularga belgilangan tartibda menejerlik sertifikati beriladi.

15. Sertifikatning amal qilish muddati necha yil?

– Menejerlik sertifikati 5 yil davomi­da amal qiladi. Nomzodlar menejerlik sertifikatining amal qilish muddati davomida mazkur muddatni uzaytirish maqsadida menejerlik sertifikatini yangilash bo‘yicha yakuniy sinovlarda ishtirok etishlari mumkin.

16. Testdan o‘ta olmagan xodim navbatdagi o‘quv jarayonida qatnashib yana qayta urinib ko‘rsa bo‘ladimi?

– Belgilangan balni to‘play olmagan nomzodlar bir yil ichida bir marta navbatdagi yakuniy sinovda ishtirok etish huquqiga ega.

Ikki marta ham yakuniy sinovlarda belgilangan balni to‘play olmagan nomzodlar menejerlik o‘quv kursida yana qayta o‘qiganidan so‘ng yakuniy sinovlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


“Ma’rifat” muxbiri 

Shahnoza YANGIBOYEVA

tayyorladi.

Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Jarima

Ulashish