ONA TILIMIZNI ASRASH O‘Z QO‘LIMIZDA

Sinab ko‘ring! ONA TILIMIZNI ASRASH O‘Z QO‘LIMIZDA
499

Ona tilimiz haqida gap ketganda professor Qozoqboy Yo‘ldoshevning quyidagi so‘zlari bot-bot yodimga tushadi: “O‘zbek tilini bayram qilishdan oldin maqomini joyiga qo‘yish, uni himoya qilish haqida o‘ylashimiz kerak. U halokat yoqasiga kelib qoldi”. 


Xo‘sh, tilimizning bunday ayanchli ahvolga kelishiga kim sababchi? Albatta, o‘zimiz. Ko‘pchilik insonlarning ong-u shuurida hali ham ruscha, inglizcha, nemischa, turkcha so‘zlash yoki shu tillardan so‘z qo‘shib gapirish madaniyatlilik sanaladi. Aslini olganda, o‘z tiliga hurmatsizlik qilish savodsizlikning oliy ko‘rinishidir. Yaqinda maktabimizga Filippindan ingliz tili o‘qituvchisi Maykl keldi. U kelgan kundan boshlab maktabimizda “ingliz”lar ko‘payib qoldi. Kimi qiynalib bo‘lsa ham bir-ikki ingliz so‘zini aytadi, kimi uyda gaplarning inglizchasini yodlab keladi, kimdir bitta so‘z aytib imo-ishora bilan gapirishga harakat qiladi. Ingliz tili fani o‘qituvchi­lariga “Maykl biz bilan o‘zbek tilida muloqot qilsin. O‘z tilimizga bo‘lgan hurmatimizni unga ko‘rsataylik. O‘zbek tilini oz bo‘lsa ham o‘rgansin”, dedim. Va Mayklga o‘zbekcha so‘zlarni o‘rgata boshladim. Bir hafta ichida u o‘zbekcha salomlashish, xayrlashishni, somsa, osh, non, suv, zo‘r, yaxshi, sovuq, issiq, Yashnobod kabi so‘zlarni bilib oldi. Har kuni biz bilan o‘zbek tilida salomlashib, o‘zbek tilida xayrlashadi. Maykl ajoyib inson ekan. Hatto, 1-oktabr kuni bayramimiz ekanini bilib, o‘zining milliy taomlaridan olib kelib bizni mehmon qildi. 


O‘tgan kuni avtobus kutib tursam, Maykl taksi chaqirgan ekan. O‘qituvchi deb menga murojaat qildi va o‘z tilida nimalardir dedi. Imo-ishora bilan avtobusda ketishimni aytdim. O‘zbekcha “Yashnabad” dedi. Ha desam, mashina eshigini ochib, meni o‘tirishga taklif qildi. Yo‘l-yo‘lakay novvoyxonalardagi nonlarni ko‘rsatib “nan”, do‘konlardagi suv­larni ko‘rsatib “sub” deb gapirishga harakat qildi. Men xatosini to‘g‘rilasam “raxmat” deb xursand bo‘ldi. Manzilimga kelib, haydovchiga pul uzatdim. Haydovchining qo‘lidan pulni olib, menga qaytarib berdi, o‘zini ko‘rsatib “uzim-uzim” dedi. “Rahmat” desam u ham menga bosh egib “raxmat” dedi. 


Bu voqea bilan nima demoqchiman? Biz o‘z  tilimiz hurmatini joyiga qo‘ysak, o‘zgalar ham hurmat qilishni o‘rganadi. Aksincha, tilimizga bepisandlik bilan qarasak, o‘zgalar o‘z tilini hukmron qilishga intiladi. Men Mayklga minnatdorligimni bildirmoqchiman. O‘zbekcha talaffuzda qiynalsang ham, osh-tuzimiz hurmati tilimizni hurmat qilyapsan. Har kuni hech bo‘lmaganda to‘rt-besh so‘zni o‘zbekchada so‘zlayapsan. Bizni o‘z tilimizda tushunishga harakat qilyapsan. Sen ko‘pchilik tilbuzarlarga o‘zing bilmagan holda ibrat bo‘lyapsan. Rahmat senga, Maykl!


Dilfuza G‘AZNAYEVA,

Yashnobod tumanidagi

340-maktabning ona tili va 

adabiyot fani o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Dilfuza G‘AZNAYEVA

Dilfuza G‘AZNAYEVA

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Olimpiada

Ulashish