Ota-onalar va o‘qituvchilarning bolalar ustidan nazorati qanchalik muhim?

Bilasizmi? Ota-onalar va o‘qituvchilarning bolalar ustidan nazorati qanchalik muhim?
93


Ko‘cha-ko‘yda yig‘lab kattalarni charchatadigan bolani ko‘rganmisiz? Yoki butunlay bo‘ysunuvchan, yerga qarab turgan, so‘ramasangiz gapirmaydigan bolani-chi? Ikkala holat ham muhim narsani ko‘rsatadi: nazorat yoki uning yo‘qligi bolalar kelajagini belgilab beradi. Xo‘sh, sog‘lom nazorat qanday bo‘lishi kerak va uni amalga oshiruvchi shaxs kim?


Nazorat diktatorlik emas

Haqiqiy nazorat – bolaga uzoq muddatli muvaffaqiyat va ruhiy salomatlikni ta’minlaydigan chegaralar belgilash, o‘zini tutishni o‘rgatish, mas’uliyatni his qildirishdir.


Psixolog Diana Baumrindning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, eng yaxshi ota-onalar – mehribon, lekin qat’iy tartibli va farzandini qo‘llab-quvvatlaydigan ota-onalardir. Ularning bolalari o‘ziga ishonchli, ijtimoiy va hissiy jihatdan barqaror bo‘lishadi.


Nazorat bolani cheklamaydi, balki unga yo‘l-yo‘riq beradi – masalan, bouling o‘yinidagi xavfsizlik panjaralari kabi. Bola dunyoni tabiiyki, birinchi navbatda ota-onasidan o‘rganadi. U onasining mehribonligi yoki otasining qattiqqo‘l va tajovuzkorligini kuzatadi. Dastlabki nazorat uyqu, ovqatlanish, ekran vaqti bilan bog‘liq bo‘lsa, keyinchalik bu – qadriyatlar, his-tuyg‘ularni boshqarish va o‘zini tutishni o‘rgatishga aylanishi kerak. Masalan, jakartalik Rina ismli ona o‘g‘lining kechasi soat 2 gacha planshetda o‘tirishini aniqladi. Jazolash o‘rniga, u bilan suhbatlashib, yangi jadval tuzdi, ya’ni bu nazorat hamkorlik orqali amalga oshirildi.


O‘qituvchi murabbiy, hakam, terapevt bo‘lishga majbur

Bolalar aslida chegaralarga muhtoj! Chegaralar – g‘amxo‘rlik belgisi. Cheksiz erkinlik esa, ko‘pincha befarqlik sifatida qabul qilinadi. O‘qituvchi – bolalar ongini shakllantiruvchi eng muhim shaxslardan biridir. Ular har kuni murabbiy, hakam, terapevt bo‘lishga majbur bo‘lishadi. Sinfdagi nazorat – bu faqat intizom emas, balki barqarorlik, kelgusidagi yaxshi natijalarni ta’minlovchi omildir. Masalan, manchesterlik Holloway o‘z sinfini futbol jamoasidek boshqaradi: har kimning o‘z vazifasi bor, qoidalar birgalikda belgilanadi. U kamdan-kam hollarda baqiradi, hurmat orqali obro‘ qozongan. Bu uslub sinfdagi ijobiy muhit va yuqori o‘qish ko‘rsatkichlariga erishga yordam bergan.


Nazoratsiz o‘sgan bolalar ko‘proq xavfli xatti-harakatlar qiladi, o‘qishida sustlik kuzatiladi va ruhiy muammolarga ham ko‘p duch keladi. Masalan, nyu-yorklik 11 yoshli Zara TikTokdagi zararli parhez trendlariga berilib ketib, shifoxonaga tushib qolgan. Muammo – ota-onaning nazoratsizligi edi.


Bugun algoritmlar bolaning diqqatini tortib, uni nazorat qilishga urinmoqda. Bu sharoitda ota-ona va o‘qituvchi nazorati zarur. Biroq haddan tashqari nazorat ham yomon. Nazorat kuchayib ketganda, bu nazorat emas, kuzatuvga aylanadi. Har doim nazorat ostida bo‘lgan bolalar mustaqillikni yo‘qotadi yoki qarshilik ko‘rsatishga o‘tadi. Xatolarga nisbatan qat’iy jazolar emas, o‘sish imkoniyati sifatida qarash kerak.

Raqamli davrda nazorat

Bugunning bolalari raqamli olamda ulg‘aymoqda – bu esa nazoratni murakkablashtiradi. Ularga oddiy “yo‘q” demasdan, raqamli savodxonlikni singdirish kerak. Masalan, Finlyandiyadagi bir dastur ota-onalar va o‘qituvchilarga birgalikda bolalarni raqamli muhitga moslashishga yordam beradi – soxta yangiliklarni ajratish, ekran vaqtini boshqarish va zararli onlayn holatlarning oldini olishni o‘rgatib boradi.

Hamkorlik 

Ota-ona va o‘qituvchi raqib emas, hamkor bo‘lishi kerak. Ular o‘zaro hamkorlik qilgandagina bolalar uchun aniq va barqaror tuzilma yaratiladi. Ko‘pincha esa aksincha bo‘ladi: maktabda berilgan intizom uyda inkor qilinadi. Bu esa bolalarga salbiy ta’sir qilmay qolmaydi. Eng samarali yo‘l – ota-ona va o‘qituvchi hamkorligini kuchaytirish va bolaga yetarlicha e’tibor qaratishdir.


Baxtiyorjon ShOKIROV,

O‘zDJTU talabasi

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish