O‘zbekistonlik olimalar izlanishlarini dunyoga namoyish etuvchi platforma yaratildi

Fanimiz fidoyilari O‘zbekistonlik olimalar izlanishlarini dunyoga namoyish etuvchi platforma yaratildi
362

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Wonder Women xalqaro hamjamiyati hamkorligida Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi asosida birinchi marta “O‘zbekiston olima ayollari” sayti "www.womeninscience.uz (https://www.womeninscience.uz/)" yaratildi, deya xabar beradi UzA.  


Darhaqiqat, mamlakatimiz ilm-fan jabhasining salkam bir asrlik fan tarixini yaxshilab ko‘zdan kechirsak ko‘plab olimalarimiz ilm-fanda o‘chmas iz qoldirganini, beqiyos ilmiy izlanishlar olib borib borib, ko‘plarga namunali hayot kechirganini o‘rganishimiz mumkin. Ammo O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilganiga 80 yildan oshgan bo‘lsa-da, olimalarimiz haqida to‘la ma’lumot beradigan manba hali mavjud emas edi.  


Shu bois yurtimiz olimalari to‘g‘risida ma’lumot beradigan veb-sayt yaratildi.


Saytning asosiy maqsadi o‘zbek ilm-fanida o‘ziga xos maktablar yaratgan olimalarni, zamonaviy fanda yangiliklar qilayotgan iste’dodli, ilmli ayollar faoliyatini jahonga tanitish, shu bilan birga, mamlakatimizda ilm- fan rivoji uchun hissa qo‘shgan va hozirda qo‘shib kelayotgan olimalarimizni bugungi kun qahramonlari sifatida namoyish etishdir.


Saytning birinchi qismida tarixda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan olima ayollar Xadicha Sulaymonova, Galina Pugachenkova, Maqsuda Xojanova singari ayollar hayoti, ilmiy izlanishlari kiritilgan, deyiladi Fanlar akademiyasi ma’lumotida.


Ikkinchi qismi hozirda Fanlar akademiyasida faoliyat  yuritayotgan olimalar va besh nafar akademik ayollarga bag‘ishlangan.


Saytda fizika-matematika, kimyo-biologiya va tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar fanlarda zamonaviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan fan doktorlari va professor olimalarning hayoti, ilmiy faoliyati, yutuqlari to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Kelgusida ular mazmun va son jihatdan yanada boyitib boriladi.  


Qisqa qilib aytganda, bu sayt olimalarimiz va ularning sermahsul izlanishlarini dunyoga namoyish etib boradi.

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Sayt
  • #Akademiya

Ulashish