QALBLARNI ZABT ETGAN SHOIR

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf hayot bo‘lganida yetmish yoshni qarshilagan bo‘lardi. Garchi sevimli shoirimiz oramizda bo‘lmasa-da, yaratgan asarlari bilan hamon yashamoqda. Uning sodda, samimiy, har qanday tinglovchi qalbiga chuqur joylashadigan umrboqiy she’rlarini o‘qimagan kishi topilmasa kerak.
Har yili bahorning eng so‘lim aprel oyida Qovunchi qishlog‘idagi shoir tavallud topgan moʻjaz hovli she’riyat ixlosmandlari bilan gavjum bo‘ladi. Shoir hayotiga bag‘ishlangan muzeyda she’rxonlik, mushoira o‘tkaziladi. Shoir ijodi azaldan ko‘plarni qiziqtirgani, uning hayoti haqidagi oddiy haqiqatlarni qiziqib o‘rganuvchilar soni ko‘pligi haqiqat. Bosib o‘tgan qisqa umri, ijod yo‘llari haqida kitobxonlarga aniq ma’lumotlar berish, yanayam yaqinroq tanishtirish maqsadida ajoyib tadqiqotlar olib borildi. Ana shunday tadqiqot, izlanishlar samarasi natijasida bir qator o‘qishli asarlar dunyoga keldi. Shunday asarlardan birining muallifi Xalq ta’limi a’lochisi, “Ijodkor o‘qituvchi” nishoni sohibasi jalaquduqlik faxriy o‘qituvchi Sohibaxon Hoshimovadir. “Shoir qissasi”, “Bizdan nima qolar?” deb nomlangan she’riy, dramatik, publitsistik asarlar ko‘plab izlanishlar, suhbatlar, muloqotlar mevasidir. Sohibaxon opa bilan shoir ijodini qanday o‘rgangani, asarlarining yaratilish tarixi haqida suhbatlashdik.
– 2013-yilda yaratilgan “Shoir qissasi” nomli kitobni yozish uchun uch yil vaqt sarflandi. Shoirning yoshlik yillari o‘tgan Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlog‘ini kezdim. Muhammad Yusufning oila a’zolari, ustozlari, opa-singillaridan ma’lumotlar oldim. Toshkentga borib, turmush o‘rtog‘i Nazira as-Salomning xotiralarini yozib oldim. Nihoyat, shoir vafot etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumaniga borib, tuman hokimi Ne’matjon Egamberdiyev, bir guruh qoraqalpoq shoirlari bilan qizg‘in suhbatlar o‘tkazdik, Muhammad Yusufni xotirladik. Ularning shoir haqidagi fikrlarini o‘rgandim. Ellikqal’a tumanida To‘xtaboy ota degan bir tabib bilan tanishdim. U shoirning eng yaqin do‘stlaridan biri ekanligini aytishgach, undan yangi, qiziqarli taassurotlar olish maqsadida huzurida bo‘ldim. “Muhammadjon bilan juda qadrdon bo‘lganmiz. U qachon biz tomonlarga tashrif buyursa, albatta, menikiga kelar, bir kun-yarim kun xonadonimda aziz mehmonim bo‘lar edi. U bir she’rida:
Tiriklar mudroqda,
O‘liklar uyg‘oq,
– deb yozgan edi. Biz uzoq suhbatlashar, dunyo ishlaridan uzoqda bo‘lib, yig‘lashardik...”. Ota bilan suhbatimiz uzoq davom etdi, so‘ng, Bo‘stondagi Muhammad Yusuf nomidagi kollejning o‘qituvchi, o‘quvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdik. Kollej ijodkorlarining shoirga bag‘ishlab yozgan she’rlaridan bahramand bo‘ldik. “Shoir qissasi” kitobi nashrdan chiqqach, Bo‘stondan Andijon davlat universitetida tahsil olayotgan talabalardan biriga kitoblardan qoraqalpog‘istonlik qadrdonlarga berib yubordim. Kunlarning birida ellikqal’alik shoira Gulxumor Aytmatova menga qo‘ng‘iroq qilib, “Opa, hozir Bo‘stonda katta anjuman bo‘lyapti, yoshullining(hokimning demoqchi) qo‘lida siz jo‘natgan kitob, Andijondan bir ijodkor kelib, bizning Bo‘ston tumanimizning ta’rifini ham chiroyli keltirib, Muhammad Yusuf haqida chiroyli kitob yozibdi”, dedi, deya xabar aytib qoldi. Men ular bilan suhbatlashganimdan, kitobimga befarq bo‘lmaganlaridan juda quvondim. 2019-yili yana sevimli shoirimiz haqida yangi kitobga qo‘l urdim. “Mendan nima qolar?” kitobi shoir, uning oilasi, taqdirlari haqidagi izlanishlar natijasi bo‘lib, qiziquvchan kitobxonlar savollariga javoblar oldi. 2019-yili “Moʻtabar siymolar” deb nomlangan kitobim nashrdan chiqdi. Kitobdan tariximizda o‘zlarining hayot yo‘llari bilan katta iz qoldirgan moʻtabar insonlar haqidagi dramalar o‘rin olgan. Bular: Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Nodirabegim, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon hamda yigirmanchi asrning mumtoz shoiri Muhammad Yusuf haqidagi dramatik asarlar bo‘lib, ular maktablar jamoalari, keng kitobxonlar e’tiboriga tushdi, sahnalashtirildi. Xullas, shoir ijodini o‘rganish, she’rlarini tahlil qilish to‘xtagani yo‘q. Vatanni sevish, yurtga bo‘lgan muhabbatini izhor etish shoir she’rlarining bosh, yetakchi mavzusi bo‘lgan.
O, ota makonim, onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q, seningday ko‘rkam,
Rimni alishmasman bedapoyangga.
Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin,
Yo xudbinman, yo bir sodda kasman men.
Parijning eng go‘zal restoranlarin,
Bitta tandiringga alishmasman men.
Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing,
Arab ohusidan azizroq menga.
Sen bilan o‘tgan kun bayram-u-bazm,
Sensiz bir on qolsam, vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta’zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi...
Sohibaxon opa shoir tug‘ilgan kun arafasida Marhamat tumanida ko‘plab tadbirlar, mushoiralar o‘tkazishni, shoir haqidagi o‘zi yozgan kitoblardan tadbir ishtirokchilariga taqdim qilishni rejalashtirayotganliklari haqida ham gapirib o‘tdi. Bunday ezgu ishlarda ko‘plab kitobxonlarning ishtirok etishi tabiiy, zero shoirning muxlislari bisyor.
Umida EGAMBERDIYEVA,
O‘zbekiston
Jurnalistlar uyushmasi a’zosi
Shu kecha va kunduzda
Ta’limda sun’iy intellektning o‘rni: o‘zgarishmi yoki qo‘shimcha?
Grantni qayta taqsimlash yoxud adolatli yondashuv haqida
Gugurt qutisidagi xotiralar
ILIMIY-AMALIY ANJUMAN
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

SUMALAK ASLIDA “SE MALAK”MI?

Test sinovi topshiriladigan fanlar boʻyicha test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi

2-kurs talabasi Yaponiyadagi Xalqaro notiqlik tanlovida g‘olib bo‘ldi
