SHAHARDA NIMADIR BOR EDI... (esse)

Shahar – orzular, nekbin tuyg‘ularning ko‘kka parvozi, yashashni istayman degan ovoz. Bu hech qachon so‘nmaydigan hayotga bo‘lgan muhabbat, o‘lim yo‘q, yo‘q, aslo, bu faqat ertalabdan boshlanadigan avtomagistrallar va shosselarning shovqini emas, supermarket va gipermarketlarning vitrinalari oldidan betinim qatnayotgan oyoqlarning kechgacha tinmaydigan bemisl tovushlari emas, bu vazirliklar, yurisprudensiya idoralari, elchixonalar va konsulliklarning hashamatli binolari emas. Bu Rolls-roys, Bugatti, Mersedes yoki Lamborjini rusumidagi qimmatbaho mashinalarni ko‘z-ko‘z qilib minadigan, dunyoning eng dilovar qizlariga jentlmenlik qilib bor-u yo‘g‘ini to‘kadigan oliftalar saxovatpeshaligining mujdalari emas, bu turli mintaqa va iqlimlardan olib kelib ko‘kartirilgan daraxtlar va o‘simliklar o‘stiriladigan dendroparklar joylashgan va okeanariumlari bor g‘aroyib go‘shalargina emas, bu restoranlar, sushe-barlar, tungi diskotekalar, qimorxonalar, fahsh gullab-yashnaydigan mehmonxonalar, kamtaringina pansionatlar, o‘rtahol sinf uchun mo‘ljallangan uch yulduzli otellar, fabrikantlar, sanoat biznesi va ishlab chiqarishdan boyib ketgan ishbilarmonlar, davlat amaldorlari, chet elliklar, reket va mafiya tunab ketadigan besh yulduzli mehmonxonalar va simpoziumlar saroylari emas, bu osmono‘par ofis binolari, ko‘pqavatli turar joylar, zavodlar va xizmat ko‘rsatish byurolari, qahvaxonalar va pivoxonalarning mujrim qiyofalari va kutilmaganda tuyqusdan qadamlarni bu jabrdiyda go‘shalarga eltadigan yo‘llar emas, bu na metrolar va elektrichkalar qatnaydigan temir izlar, texnoparklar va avtosalonlar, avtobus bekatlari yaqinidagi tik turib yutiladigan buterbrodlar sotadigan tamaddixonalar, yozda yonib, chatnab yotadigan maydonlarda qurilgan, kunduz kunlari it ham o‘tmaydigan, ammo oqshomlari hovuzlari atrofida suvlari porillaganda, yaqin javonibda odamlar to‘lib ketadigan musiqa jo‘rligida otiladigan rangli favvoralargina emas, bu ilmiy-tadqiqot institutlari, media markazlar, korporatsiyalar, gazetalar va televideniye, radio va kompyuterlar, raqamli texnologiyaga asoslangan AT parklar, informatsiya va dezinformatsiya tarqatadigan axborot agentliklarigina emas, yo‘q, bu har xil bemaqsad assotsiatsiyalar, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashuvchi mahkamalar, banklarning boshqaruv ittifoqlari, direktorlar kengashi yig‘iladigan osmono‘par binolardagi ofislar emas, kim bilsin, shahar ehtimol bularning hammasidir, biroq u faqat va faqat shular bilangina bizni o‘ziga chorlolmasdi, shubhasiz, unda biz bilmaydigan, hali his qilmagan, yurak mehvarimizdan o‘tkazmagan nimadir bor edi. Ammo o‘sha nima edi, nima edi o‘sha sirli ohanrabo, ehtimol, u tungi chiroqlarning illyuziyalari, odamni o‘ziga bog‘lab oladigan muhabbat, uning jodu tilsimlari, tunuka va cheripitsa tomlar ustiga urilayotgan yomg‘irlarning tovushlari, archa shoxlarida erib ketayotgan qor kristallarining ko‘ngilga quyilayotgan ohori, vazmin tog‘ bulutlarining shahar osmonida o‘ynayotgan soyalari, tush gallyutsinatsiyalari, parfyum hidlari, eski kutubxonalarning chang bosgan mahobati, men bilan adabiyot haqida gaplashadigan kam sonli original fikrga ega yozuvchilar, teatrlarning sovuq sukunli zallari, futbol klublarining yashil maydonlari, tennis kortlari, syorfing va bodibilding bilan shug‘ullansa bo‘ladigan suv havzalari.
Sun’iy ko‘llar – unga har yili bahordan to kuzga qadar qolish uchun urushqoq, yovvoyi g‘ozlar uchib keladi, yana nimalarni aytishim mumkin bu haqda ochig‘i bilmayman, ammo biladiganim shuki, unda qandaydir sinoat bor, agar men oxirgi besh yilda boshqa bir xorijiy shaharda o‘tkazgan yillarimni olib tashlasam, o‘zim ilgari yigirma besh yil davomida muqim yashagan shahar haqida qanday o‘ylarda edim-u, undan qanday tuyg‘ular bilan ketganimni ichkin bir xotiralar bilan xayoldan o‘tkazaman: birinchi his qilgan og‘riqlarim bu mening chek-chegarasiz zerikishlarim edi, axir, hech kim bir shaharda Kyerkegor bo‘lib butun umr yashay olmaydi-ku, axir, hech kimning tuyg‘ulari Ayyub payg‘ambarning metin bardoshi kabi emas-ku, har holda men o‘zimni bunday kuchli inson deb hisoblamayman, shuning uchun shahardan ketishimni men gaplashadigan yozuvchilarning vafot etgani, boshqa ulug‘lar bilan ma’naviy yaqinligim yo‘qligi, ko‘p vaqtni uyda o‘tkazishim, yozishdan boshqa biror-bir mashg‘ulotni tan olmasligim va yana bir nimalar bilan izohlarman ehtimol, ammo besh yillardan so‘ng xorijiy safardan qaytib kelganimda, shaharda ilgari ilk kelgan yillarimdagidek, qandaydir g‘alati chanqoqlikni tuydim, tongda sahargi yurishlarga chiqqanimda, qo‘rg‘oshin tonglarning qanday otishini kuzatganimda, uyda nonushta qilayotganimda, derazam ortidagi sebargalarning shamolda qanday silkinishini ko‘rganimda, yozuv stolimda o‘tirib, Kurt Vonnegutning tushgacha yozish va tushdan keyin har qanday yozuv-chizuvni yig‘ishtirish haqidagi ijod laboratoriyasiga oid tavsiyalariga amal qilib, vaqtimni sayrlarda, ziyoratlarda, restoran va kafelarda o‘tkazayotganimda, men shaharning nuqsiga boqib bir hisni tuydim, bu qandaydir sinoatli, men bilmagan, ilgari yaxshi his qilmagan bir sir edi ittifoqo, o‘sha vaqtda men bir sobiq turk diplomatining “Mayna qanotidagi Toshkent” degan kitobini tuyqus o‘qib qoldim, darvoqe, oxirgi besh yilda shaharda maynalar chindan ko‘payib ketgandi, men bu makonning besh yilgi oldingi va yana chorak asr oldingi ornitologik qiyofasini kuzatgan inson sifatida allaqachon sezgandim, turk diplomati ana shu ko‘payish eng avj pallaga kirgan, shahardan chumchuqlar va boshqa qushlar g‘oyib bo‘lgan pallada, bu go‘shada diplomat bo‘lib xizmat vazifasini o‘tagan va maynalar shahar uchun ramzga aylanganiga e’tibor qaratgan, darvoqe, u maynalarning qushlar migratsiyasida kuzatilayotgan hududlar uchun kurashda g‘olib chiqqanligini, boshqa shahar qushlarining inlarini egallab olib, tuxumlarini yo‘q qilib, shahar istiqbolida yakka-yu yagona merosxo‘rga aylanganini sezgandir ehtimol, men unga qo‘shimcha sifatida xuddi mana shu shahar uchun timsolga aylangan maynalar kabi strukturalarni egallab olgan, o‘z sohasining professionallarini olimlar hamjamiyatidan, universitetlar va ilmiy markazlar tizimidan yiroqlashtirgan va ilmni demogogiyaga aylantirgan, gazeta va jurnallarni egallab olgan o‘rtamiyona ijodkorlar, adabiyotning muhim preferiyalarini zabt etib, eng yaxshi yozuvchilar va shoirlarni u yerga yaqinlashtirmaslikning har qanday sharmandali choralarini ko‘rayotganlarini, xuddi shunday bu kabi ishlar turli sohalar va tizimlarda avj olganini, budjetni o‘marayotgan amaldorlarning korrupsiya va o‘g‘irliklariga prokuratura va boshqa tegishli tizim mutaxassislari tomonidan chek qo‘yilayotganligiga qaramay, o‘g‘rilik va poraxo‘rliklarni tugatish masalasi hali-beri nihoyasiga yetmasligini, bu toifa odamlar xuddi shaharni egallab olgan maynalar kabi urchib ketganligini hadsiz-hududsiz iztiroblar bilan xayoldan o‘tkazaman, kechki salqin tushganda park skameykalarida shaharning ko‘nglimga solgan ezgin hislarini xotirdan o‘tkazib o‘tirganimda, g‘arbning qizarishidan rang olgan bulutlar erinchoq alfozda tepamda yoyilganida, meni shaharga bog‘lab turgan mislsiz tuyg‘ular nimalar ekanligini yana o‘ylayman, bu yashagan yillar va o‘tmishmikan, chunki faqat o‘tmishgina uzoq zamonlar o‘tsa ham, boshqa makon va zamonda xotiralar va tuyg‘ular orqali bostirib kiradi, xohlasa u hayotingni ostin-ustin qiladi, xohlasa huzunli kechmishga seni g‘arq qilib, kelajakni unutib faqat o‘zi bilan yashashga undaydi, kim bilsin, ehtimol, shahar bu – ana shu dilgir xotiralar, o‘sha yashalgan yillarning ongimizda muhrlanib qolgan ko‘lankalari, bu biz ko‘rgan xiyobonlar va ularning ko‘chalari, muyulishlari, daraxtlar – ularni oxirgi yillarda minglab daraxtkesarlar millionlab odamlarning taqdiriga tupurgan holda qirib, shaharni ekologik bo‘hronga tashladi, ittifoqo, buning natijasida Toshkent vaqti-vaqti bilan dunyoning havosi iflos shaharlari reytingida eng oldingi o‘rinlarga chiqib oldi, ammo daraxtkesarlarni hech qanday narsalar to‘xtata olmayapti, na prezident moratoriylari, na hukumat qarorlari va na farmoyishlar, bu yashirin qudratli qo‘lga zig‘ircha ham ta’sir etgani yo‘q, aksincha, ular shahar ekotizimida muhim rol o‘ynaydigan daraxtlarni kesish, ko‘llarni quritish, so‘ng yo‘q qilish bo‘yicha master-klass o‘tishda davom etmoqda. Ha, ko‘proq ko‘priklar, ko‘proq binolar kerak shaharga, ammo uning o‘pkasi bo‘lgan daraxtlarni yo‘q qilish evaziga emas, shahar florasini yo‘q qilish bizga o‘ta qimmatga tushmoqda, budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar evaziga har yili mamlakat ekomuhitiga mos bo‘lmagan millionlab archalar ekamiz har mavsum, ularning aksari issiq havoga moslasholmay qurib ketmoqda, nega hududga mos mahalliy daraxtlardan ko‘proq ekmaymiz, nega budjetni bu taxlit talon-toroj qilayotgan mahalliy administratsiyalar ishiga ko‘z yumamiz, nega kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan barbod qilyapmiz, avlodlar erta bizga kiydiradigan la’nat tamg‘asini egnimizga ilishdan vijdonimiz nega og‘rimayapti?! Bu kabi savollar katta yurak bilan yashayotgan har bir vijdon egalarini, vaqti-vaqti bilan bezovta qiladi, mening esa xayolimda bir paytlar Toshkentda yashagan betakror rus shoirasi Anna Axmatovaning shu misralari aylanadi:
Nega suvga qo‘shdingiz zahar,
Va nonimni qordingiz loyga?
Nega so‘nggi erkimni battar,
Berkitdingiz eng iflos joyga?
Bu – xorlanib do‘stlar o‘lganda,
Qilmaganim uchunmi bayram?
Yoki qolib sho‘rbaxt Vatanda,
Dard chekkanim uchunmi hamdam?
Jallod bilan kundani kutib,
Yashar ekan shoirlar har choq.
Bizga qismat yig‘lab, sham tutib,
Gunohkorlik jubbasin kiymoq –
deb yozgandi shoira xuddiki shahar ekoflorasini yo‘q qilayotgan ko‘rnamaklarga bashoratomuz yanglig‘. Aslida bu she’r 1935-yili mutlaqo boshqa maqsadda yozilgan, ammo san’atning kuchi shundaki, u har bir davr uchun o‘z ma’nosiga ega, men ham, ehtimol, shahardan ana shu ilohiy ma’noni qidiraman, ana shu ilohiy jazbaga oshufta bo‘lib, uning ko‘chalarini kezaman, hayotning rangin lahzalarini tutib qolishga intilaman, zero, unda men izlagan, axtargan, shodlik onlarida quvnatgan, to‘g‘ri kelganida esa yig‘lab-siqtatgan nimadir bor edi...
Sherzod KOMIL
Shu kecha va kunduzda
TIRILGAN MURDA
FUTBOL AHLIMIZNING ASRIY ORZUSI USHALDI!
Ertaklar ̶ yaxshilikka yetaklar
30-iyun – Yoshlar kuni: Kelajak bunyodkorlariga e’tibor va ishonch bayrami
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank