STAKANMI YOKI TUSTAG‘ON? Rus tilidagi o‘zbekcha so‘zlar haqida mulohaza

Turkiy tilga oid so‘zlarning qardosh bo‘lmagan xalqlar tiliga o‘zlashgani, ular rivojiga ta’siri to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotni Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida uchratamiz. Shu o‘rinda bir necha misollarga murojaat qilsak:
“Dag‘ — qoramol va boshqalarga bosilgan tamg‘a. Forslar bu so‘zni turklardan olgan. Chunki forslarda turklardagidek qoramol yo‘q. Shuning uchun bu so‘zga ularda zarurat ham bo‘lmagan. Men bu so‘zni musulmonlar chegarasida eshitdim.
Yalma — paxtali to‘n, forslar buni turkiy xalqlardan olgan. Arablar esa forslardan olib, yalmaq shaklida qo‘llaydi. Arablar q ni h ga aylantirgan. Chunonchi: kandani xandaq, yarani yaraq qilib olgan”.
Bu an’ananing keyin ham davom etganini Alisher Navoiy ijodi misolida ko‘rish mumkin. Buyuk mutafakkir turkiy tilning forsiy tildan qolishmasligini, til imkoniyatlari boyligi, bu tilda ham go‘zal adabiyot namunalari yaratish mumkinligini ko‘rsatish barobarida turkiy tildan forsiy tilga o‘zlashgan so‘zlarni qayd etib o‘tadi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida bu haqda quyidagi jumlalarni o‘qiymiz: “Yana ot anvoidaki, tubuchoq va arg‘umoq va yaka va yobu va totu yo‘sunluq — borini turkcha-o‘q ayturlar. ...Yana ba’zi yemaklardin qaymog‘ va qatlama va bulamog‘ va qurut va uloba va mantu va quymog‘ va urkamochni ham turkcha ayturlar. Va qimizni va suzmani va boxsumni va bo‘zani dag‘i turkcha ayturlar. Yana tutmoch va umoch va kumoch va tolg‘onni ham turkcha ayturlar”.
Mutaxassislarning e’tiroficha, o‘zlashmalarning tilga singib ketishi muayyan sharoit va omillarga bog‘liq. Jumladan, so‘z uni qabul qilgan tilning amaldagi yozuv xususiyatlariga moslashgan bo‘lishi, fonetik, semantik, grammatik me’yorlari, kategoriyalariga muvofiq kelishi, o‘zlashma ma’nosi aniq bo‘lishi, chet so‘z uni o‘zlashtirgan tilda uzluksiz ishlatilishi kerak.
Boshqa tildan kirib kelayotgan leksik birliklar mustahkam o‘rnashib, singib ketishi uchun zarur mazkur talablar barcha tillarga xos. Xususan, rus tilida ham o‘zlashmalar qaysi tildan kirganiga qaramay, yuqoridagi talablarga bo‘ysunadi. Turkiy so‘zlar (turkizm) rus tiliga antik davrlar, yozma yodnomalar paydo bo‘lishidan ancha oldin kirib kelgan. Buning tarixi hozirgi Rossiya hududi, Volga va Qora dengizga yondosh cho‘l bilan o‘rmon-dasht hududlarda yashovchi xalqlarning ajdodiga borib taqaladi. Turkolog N.Baskakov turkiy qabilalar sharqiy slavyan tillarida, rus, ukrain va belarus lug‘atlarida sezilarli iz qoldirganini hamda shu tillarning frazeologiyasi va grammatikasiga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatganini qayd etadi.
XVII – XVIII asrlar oxiriga kelib tilshunos olimlar turkizmlarni emas, aksincha, Yevropa tillaridan kirib kelgan so‘zlarni tadqiq qila boshladi. Chunki turkiy leksemalar rus tiliga o‘zlashgan so‘zlar qatorida Yevropa tillaridan keyingi o‘rinda turardi. Shunday bo‘lsa-da, keyinchalik rus lug‘atlaridagi turkizmlar aniqlandi va maxsus lug‘atlar yaratildi. Turkiy so‘zlarning barqaror qatlami rus tili leksik tizimida hozirgacha saqlanib kelmoqda. G‘arbiy Yevropa kabi Sharq atamalari ham rus xalqlarining nutqi va yozuvini mustahkamladi.
Turkshunos olim Yusup Azmun “So‘z ko‘kimiz, o‘z ko‘kimiz”, ya’ni “So‘z tomirimiz, o‘z tomirimiz” kitobida turkiy tillar leksikologiyasi, boshqa tillar bilan aloqasi haqida fikr bildiradi. Xususan, “gilam” ma’nosidagi turkiycha “qavur” rus tiliga “kovyor” bo‘lib o‘tganini, shuningdek, kirpich hamda ayva so‘zlari rus tiliga ko‘chib, turkiy tilda ularning o‘rnini forsiy “g‘isht” va “behi” so‘zlari egallaganini ta’kidlaydi. Shuningdek, tilshunos olim fors tiliga bir necha ming turkiy so‘z kirib borganiga misollar keltiradi. Ayniqsa, toponimlar masalasida Eronda “qora” bilan boshlanadigan joy nomlari ko‘p: “Qoratepa”, “Qorako‘l”, “Qoratog‘”, “Qorabog‘”. Turkiy so‘zlar hatto Attila davrida Yevropa tillariga o‘tgan. Masalan, king – “xon” so‘zi “qang” – “ota” so‘zidan shakllangan.
Binobarin, ko‘pgina sohalarga doir qator leksemalar borki, ular turli davrlarda rus tiliga o‘tib, narsa-predmet, hayvonlar nomi va rangni bildirish uchun xizmat qilgan. Xususan, Kunakov antroponimining asosi sanalgan kunak leksemasi rus tilida “qo‘noq, mehmon”, “tutingan og‘ayni” ma’nolarini anglatadi. Aslida bu so‘z turkiycha qonuq bo‘lib, “Devonu lug‘otit turk” asarida “mehmon” ma’nosini bildirgan: Nelük arsïqar sen aja öldӓči özüŋ iki künlük qonuq boldačï (Nimaga mag‘rurlanasan, ey o‘luvchi, o‘zing ikki kunlik mehmon bo‘luvchisan). Mahmud Koshg‘ariy bu so‘zni “mehmondorchilik, ziyofat” ma’nosida ham qo‘llagan. O‘g‘uzlardan boshqa qabilalar tilida bu so‘z “uy egasi yoqtirmagan holda birovning uyida turish” ma’nosida ishlatilgan. Hozir Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo shevasida “mehmondorchilik”, “to‘ylarda beriladigan kichik ziyofat”, qoraqalpoq shevasida “mehmon” ma’nosida qo‘llanadi.
“Orqa va yon tomonlari yopiq bo‘lib, ichiga o‘t yoqiladigan, ovqat pishirish uchun ustiga qozon o‘rnatiladigan qurilma” ma’nosini beruvchi o‘choq leksemasi rus tiliga ochag shaklida o‘zlashgan va “o‘choq”, “oila, o‘z uyi”, “manba, makon” kabi ma’nolarni bildiradi. “Olov” ma’nosidagi o‘t va -chuq kichraytirish qo‘shimchasidan hosil bo‘lgan mazkur so‘z “Devonu lug‘otit turk”da ochaq shaklida uchraydi. Очагов familiyasining hosil bo‘lishida ham ushbu istiloh o‘zak vazifasini o‘tagani shubhasiz.
Rus tilidagi товар – “sotiladigan narsa, mol yoki tovar” so‘zining dastlabki shakli tavar bo‘lib, “Devonu lug‘otit turk” asarida “jonli, jonsiz mol, tovar”, “pora, boylik” ma’nolarini anglatgan. Tamu qapug‘in achar tavar – pora do‘zax eshigin ochadi, nega boshqalar ochmas ekan. Bu maqol ishi bitishini istagan odam pora berishi kerak, degan ma’noda qo‘llanadi. So‘zning kelib chiqishi Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asaridagi “tabmaq” fe’li bilan bog‘liq. “Tabmaq” fe’li “topmoq; ishlab topmoq; ega bo‘lmoq” kabi lug‘aviy ma’nolarni anglatadi. Shuningdek, qayd etilgan so‘z asosida rus tilida yangi bir leksema – товарищ so‘zi yasalgan: товарищ – “tovar + esh”, ya’ni “tovar – o‘rtoq”, tovar – mol vositasida birga ish qiladigan sherik, hamkor.T.Yefremovaning “Современных толковых словарь русского языка kitobida тюфяк so‘ziga bunday izoh beriladi: 1) “yumshoq to‘shak; 2) befarq odam; 3) daryo bo‘yini himoya qilish uchun ko‘priklar, to‘g‘onlarga qo‘llanadigan egiluvchan qopqoq. Mahmud Qoshg‘ariy lug‘atida atamaning tӧshӓk varianti kuzatiladi: tӧshӓk tӧshӓdi — to‘shak soldi, yozdi. Y.Shipova Dal, Dmitriyevning fikrlariga tayangan holda to‘sha fe’liga ot yasovchi -k qo‘shimchasini biriktirish yo‘li bilan hosil qilingan mazkur leksemaning rus xalqiga turkiy xalqlardan kirib kelganini aytadi. N.Baskakov Тюфякин familiyasini izohlaganda aynan mana shu so‘z turkiylardan o‘zlashgani, bu ism erinchoq, dangasa, faqat uyquni yaxshi ko‘radigan odamlarga nisbatan qo‘yilishini yozadi.
Tatar va boshqird xalqlarida bahorgi dala ishlari tugashi munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram sabanto‘y deb ataladi. Bu atama XIX asrda rus tiliga o‘zlashgan bo‘lib, sabantuy tarzida ishlatiladi. Turkiy xalqlarning eng katta an’anaviy bayramlaridan biri bo‘lgan ushbu ayyom Navro‘z arafasida o‘tkaziladi. Har yili O‘zbekistonda tatar va boshqirdlar ushbu bayramni keng nishonlab kelmoqda. Marosimda an’anaviy kurash, arqon tortish, ustunga chiqish, qopda sakrash o‘yini, chelakda suv tashish va ayollar o‘rtasida bilak kurashi kabilar ko‘plab odamlarni o‘ziga jalb qiladi. Saban istilohi “Devonu lug‘otit turk” asarida quyidagicha ta’riflanadi: saban – qo‘sh, qo‘sh ho‘kiz, omoch, bo‘yinturuq. Bu so‘z qo‘sh bilan yer haydash ma’nosida ham qo‘llanadi. Saban rus tilida “saban, so‘ka; omoch” ma’nosida uchraydi.
Чебурек so‘zi XIX asrda turkiy tillardan rus tiliga o‘zlashgan. U ham affiksatsiya, ham kompozitsiya usulida yasalgan. Tatar millatida börek – bürök so‘zi “qoplamoq, ustini yopmoq” ma’nosini beruvchi “bör – bür” so‘ziga harakatning natijasini bildiruvchi -aq//-ek qo‘shimchasini qo‘shish orqali yasalgan bo‘lib, “toblamoq” ma’nosini beradi. L.Budagov Пирогов familiyasi etimologiyasi xususida so‘z yuritar ekan, uning пирог so‘zidan kelib chiqqani va mazkur atama turkiycha börek – bürök leksemasining fonetik varianti ekanini ta’kidlaydi. Qardosh turkiy tillarda, jumladan, no‘g‘ay, qirim-tatar, qoraqalpoq tillarida bür so‘zi “qat-qat burma, achitilgan xamir” ma’nosida qo‘llangan. Qirim-tatar tilida chij – chig “qiyma go‘sht” + bürök < chij bürök, ya’ni “yog‘li go‘shtni xamirga o‘rab pishirmoq” ma’nosini bildiradi.
O‘rtasiga ingichka, uzun grafit joylangan cho‘p shaklidagi, xat yozish, rasm solish, chizma chizish uchun ishlatiladigan yozuv-chizuv asbobi карандаш deb yuritiladi. Ushbu so‘z turkiycha qara – “qora” va tash/dash “tosh” degan ma’noni anglatadi. Rus tiliga XV asrda kirib borgan карандаш – qara tosh bir vaqtlar grafit deb tushunilgan, keyinchalik Карандашов familiyasi shakllanishi uchun asos bo‘lgan. N.Dmitriyev карандаш so‘zidagi “н” undoshini so‘z o‘rtasida orttirilgan tovush deb hisoblaydi. Mazkur fikrlarni umumlashtirib, qalam grafit(qora tosh)dan tayyorlangani bois карандаш “qora” va “tosh” so‘zlaridan hosil bo‘lgan, deya xulosa qilamiz.
Тамга so‘zi rus tilida “belgi”, “muhr”, “savdo boji” ma’nolarini ifodalaydi. XIII asrda rus tiliga o‘zlashgan tamg‘a atamasi diplomatik aloqalarda faol qo‘llangan. Mahmud Qoshg‘ariy lug‘atida shoh va boshqalarning tamg‘asi, muhri sifatida izohlangan. Turfon matnlarida bu so‘z “muhr”, “belgi” ma’nolarida uchraydi. Istiloh “bog‘la, yopishtir” ma’nosidagi taq fe’lidan -ma qo‘shimchasi bilan yasalgan.
Rus tilidagi “boj olinadigan joy, idora, post” ma’nosini bildiruvchi томоженя so‘zi tarkibida ham tamg‘a asosi yotadi. Bugun tilimizga “bojxona” tariqasida o‘girilayotgan ushbu leksema qadimiy tarixga ega bo‘lib, uning shakllanishi Turk xoqonligi davriga borib taqaladi. Turk xoqonligi bosib olgan hudud mollarini o‘z mamlakatlariga kirgizar ekan, o‘zga davlatdan keltirilgan barcha xomashyoga o‘z muhri, tamg‘asini bosishgan. Bu ish chegarada bajarilgan. Hozir faoliyat yuritayotgan “таможня”ning vazifasi ham mamlakatlar o‘rtasidagi tovar-mol o‘tkazmalari bilan bog‘liq.
“Oldi-sotdi yoki to‘lov muomalalarida narx, baho, qiymat o‘lchovi bo‘lgan metall yoki qog‘oz belgi; aqcha” ma’nosida rus tilida деньги/деньга leksemasi istifoda etiladi. XIV asrda rus xalqlarida tanga/tenge kichik kumush tanga va umuman pul ma’nosida ishlatilgan. Bu so‘zning kelib chiqishi xususida turli qarashlar mavjud. Masalan, K.Fren tanga/tenga so‘zi bilan tamg‘a termini o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida yozgan. I.Dobrodomov pul birliklari mo‘ynali hayvonlar nomidan hosil qilingan, degan fikrni ilgari suradi: teying – tiyin “olmaxon” va hokazo. M.Fasmer lug‘atida aks etgan keng tarqalgan versiyaga ko‘ra, ruscha деньги/деньга turkiy tanga/tenga, tamg‘a “muhr” leksemalaridan hosil bo‘lgan. Bu qarash tarixiy nuqtayi nazardan to‘g‘ri, albatta. Qadimda Kushon va Baqtriya podsholigida davlat hukmdorlari tanga pullarni o‘z muhrlari bilan chiqarishgan, ya’ni tangada muhr aks etgan.
Бaшмаков familiyasi uchun asos bo‘lgan bashmak qadimda rus dvoryanlari uchun maxsus ishlangan oyoq kiyimini bildirgan. Ushbu turkiy leksema XVI asrda rus tili lug‘at tarkibidan o‘rin olgan. Bašaq (chigilcha) leksemasi “Devonu lug‘otit turk” asarida “to‘piq” ma’nosini anglatgan. Shuningdek, Mahmud Koshg‘ariy o‘g‘uz va qipchoqlar mim (m) orttirib, bašmaq shaklida qo‘llashini ta’kidlaydi. Atama “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “kigiz etik, piyma; umuman oyoq kiyimi” tarzida izohlangan.
Yog‘ochi qattiq, shoxlari tig‘iz joylashgan, bargi mayda va to‘q rangli, qalin soya beradigan, suvsizlikka chidamli daraxt ma’nosida qo‘llanuvchi karagach so‘zi rus tiliga XVII asrda o‘zlashgan deb qaraladi. Rus manbalarida bu so‘z kara – “qora”, agach – “daraxt” tarzida tavsiflanadi. Qadimgi yodgorliklarda qayd etilishicha, aslida qayrag‘och quyidagi komponentdan iborat: qadir – qayir “qattiq”, “puxta”, yig‘ach “daraxt”. Jumladan, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida yig‘ach “daraxt”, “yog‘och” ma’nolarida qo‘llangan. Mazkur istiloh Hazrat Alisher Navoiy asarlarida ham ayni ma’nolarda uchraydi: Onda to‘bivash yig‘ochlar jilvasoz. Hozirgi o‘zbek tilida bu so‘z asosan yog‘och tarzida ishlatiladi, lekin birinchi ma’nosi o‘rnida daraxt so‘zi qo‘llanadi.
Biz kiyim-kechak, gazlama va shu kabilarni qizdirib tekislash, silliqlash, g‘ijimini yozish uchun mo‘ljallangan uskunaga nisbatan forsiy tildan o‘zlashgan dazmol terminini ishlatamiz. Shuningdek, tilimizda o‘tuk so‘zi ham faol qo‘llanadi. Buni shu vaqtgacha rus tilidan o‘zlashgan, deb noto‘g‘ri talqin kelib kelamiz. Ammo o‘tuk so‘zi Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida keltirilgan: “dazmol: andavaga o‘xshash temir (asbob) bo‘lib, uni qizdiradilar va kiyimlarning chok hamda baxyalarini va tuklarini bostirib silliqlaydilar”. Mazkur leksema rus tiliga XVII asrda утюг shaklida o‘zlashgan. “Devonu lug‘otit turk”da keltirilgan quyidagi mulohaza ushbu atamaning etimologiyasi xususidagi turli fikrlarga oydinlik kiritadi: o‘tidi – dazmol qildi. Ul to‘nig‘ o‘tidi – u to‘n choklarini temir (dazmol) bilan silliqladi. Demak, o‘tuk so‘zi o‘ti – “dazmol qilmoq” fe’lidan yasalgan.
Ko‘pgina manbalarda rus tilida jem, meva konservasi, shokolod, kakao va boshqa qo‘shimchalar aralashtirilgan, qaymoqli, kremga o‘xshash sut-qatiq mahsuloti semasini beruvchi yogurt so‘zi etimologiyasini ingliz tilidagi yoghurt leksemasi bilan bog‘lashadi. N.Komlev esa mazkur istiloh asli turkiy yog‘urt-yogurt so‘zidan kelib chiqqanini ta’kidlaydi. Atama “Devonu lug‘otit turk”da jog‘urt shaklida “qatiq” semasini bildirgan: suvuq jog‘urt – suyuq qatiq. Alisher Navoiy asarlarida jug‘rot fonetik varianti uchraydi:
Ani uyga kelturdi tortib inon,
Ravon mohazar chekti
jug‘rotu non.
Стакан so‘zi rus tilida quyidagi ma’nolarni kasb etgan: 1) ichimlik
ichish uchun ishlatiladigan, dastasiz silindrsimon shisha idish; 2) silindrsimon metall qobiq (harbiy sohada); 3) silindr shaklidagi turli qismlarning nomi (maxsus). Rus yorliqlarida 1356-yildan boshlab ko‘zga tashlana boshlagan bu so‘z eski o‘zbek tilida: tustag‘on — qimiz va may ichadigan yog‘och idish; qozoq tilida: tostagan, tustagan — chog‘roq yog‘och kosa; qirg‘iz tilida: tostukan — kamyob yog‘och kosa kabi shakl va ma’nolarga ega. Hazrat Navoiy turkiy xalqning bir qavmi bo‘lgan sodda, qo‘li ochiq, bag‘rikeng o‘zbekni suyib tasvir etgan o‘rinlar anchagina. Bulardan birida o‘zbekning qimizu tustag‘onini madh etgan:
Halol ona sutidek gar
o‘zbakim tutsa,
Tobuk qilib, yukinib
tustag‘on ichinda qimiz.
Ma’lum bo‘ladiki, atama rus tili lug‘at boyligidan mustahkam o‘rin olgunga qadar qator fonetik jarayonlarga uchragan: tustag‘on>tostagan>dostokan>stokan> stakan. Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilidan rus tiliga ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, diplomatik, iqtisodiy, madaniy munosabatlar bois inson tana a’zolari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, narsa-predmetlar, oziq-ovqat, kasb-hunar, mansab-martaba, zoonim, fitonimlarni ifodalovchi bir qator leksik birliklar kirib o‘zlashgan. Mutaxassislar qayd etganidek, rus tili lug‘at tarkibidan joy olgan 2000 dan ortiq turkiy so‘z ichida nafaqat tub, shuningdek, yasama leksemalar ham mavjud. Albatta, bunday atamalarning mavjudligi, yasama so‘zlar uchun turkizmlarning asos vazifasini o‘tashi turkiy tillar, xususan, o‘zbek xalqi va tilining yana bir marotaba qay darajada mavqega ega ekanidan dalolat beradi.
Baxtiyor ABDUSHUKUROV,
filologiya fanlari doktori,
professor
Shu kecha va kunduzda
O‘zbekiston va Fransiya oliy ta’limi istiqbollari muhokama qilinmoqda
🚀“Kichik akademiya” – iqtidorlilar uyushmasi
FVV AKADEMIYASIDA “O‘ZBEKISTON-KITOBXONLAR YURTI” SHIORI OSTIDA “LIDERLAR KITOBI” TAQDIMOTI O‘TKAZILDI
“El-yurt umidi” stipendiyasi taʼsis etildi.
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir

SUMALAK ASLIDA “SE MALAK”MI?

Test sinovi topshiriladigan fanlar boʻyicha test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi

2-kurs talabasi Yaponiyadagi Xalqaro notiqlik tanlovida g‘olib bo‘ldi
