“Ustozlar milliy forumi”ning Toshkent shahar bosqichi oʻz ishini boshladi

Forumning Toshkent shahar bosqichi Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetida tantanali tarzda oʻz ishini boshladi. Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Karimov ishtirok etib, oʻqituvchilarni yangi oʻquv yili oldidan omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Tantanali ochilish marosimi kuy-qoʻshiq va bayramona sahna chiqishlari bilan boshlandi. Marosimidan soʻng oʻqituvchilar shoʻbalarga boʻlinib, mashgʻulotlarga yoʻl olishdi.
Ma’lumku, bu yilgi Forumning respublika bosqichi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida oʻtkazilib, unda hududlardan 210 nafar ilgʻor, tashabbuskor, yetakchi oʻqituvchi va tarbiyachilar jalb etilgan edi.
Forumning davomi kaskad usulida 13-14-avgust kunlari viloyat miqyosida, 19-20-avgust kunlari tuman(shahar)lar miqyosida, 25-29-avgust kunlari barcha taʼlim muassasalarida tashkil etilishi rejalashtirilgan edi.
Tadbir doirasida turli fan yoʻnalishlarida shoʻba mashgʻulotlari tashkil etiladi hamda umumtaʼlim maktablarining eng sara pedagoglari, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning ilgʻor oʻqituvchilari bilan hamkorlikda tayyorlangan master-trenerlari tomonidan olib boriladi.
— Soʻnggi yillarda Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida katta oʻzgarishlar, muvaffaqiyatlarga erishib kelinmoqda, — deydi Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshligʻi Iroda Yoʻldosheva. — Jumladan, o‘quvchilarni ikkinchi xorijiy tilga o‘rgatish va kasb-hunarga yo‘naltirish borasida umumta’lim maktablariga 37 ta davlatdan 280 nafar xorijiy mutaxassislar til egasi sifatida jalb etildi.
Ularning ko‘magida jami 3 521 nafar chet tili o‘qituvchilarining kasbiy mahoratlari oshirildi. Natijada, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar ulushi 75,0 foizga, o‘quvchilar ulushi esa 15,9 foizga ko‘tarildi.
O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha 19 ta tayanch maktablari tashkil etildi. Mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda mazkur maktablarni 24 ta ishchi kasblar va axborot texnologiyalari yo‘nalishida jihozlash ishlari amalga oshirildi.
Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida biriktirilgan vazirlik va tashkilotlar ko‘magida har bir tumanda kamida 1 tadan jami 13 ta maktabda 11 ta kasb-hunar yo‘nalishida tashkil etilgan to‘garaklarda qiziqishi bo‘yicha 830 nafar o‘quvchilarga bepul o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Forumda:
- oʻquv maqsadlar, yangi oʻquv-metodik majmualar sharhi va ulardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar;
- darsliklarda qoʻllanilgan ilgʻor metodikalar;
- Janubiy Koreya tajribasi asosida maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar – oʻyinga asoslangan taʼlim;
- boshlangʻich taʼlimda informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻqitishning zamonaviy usul va vositalari;
- taʼlimdagi zamonaviy yondashuvlar, namunaviy dars tashkil etish va uni tahlil qilish, mezonlarga asoslangan baholash tizimining maqsadi va mohiyati;
- loyihaga asoslangan taʼlim, eMaktab platformasidan foydalanish imkoniyatlari boʻyicha trening mashgʻulotlari tashkil etiladi.
Zilola MADATOVA,
"Ma'rifat" muxbiri
Shu kecha va kunduzda
“Ustozlar milliy forumi”ning Toshkent shahar bosqichi oʻz ishini boshladi
Malaka oshirish istagidagi shaxslarga “kasb vaucheri” beriladi
Texnikumlarga qabul boshlandi
Mobil aloqa vositalari bolaga qanday ta’sir qiladi?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank