Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilmoqda

Bilasizmi? Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilmoqda
114

Keyingi yillarda mamlakatimizda bolalarning manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqlari va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan kafolatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.


Yurtimizda voyaga yetmagan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.


O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq voyaga yetmaganlar deganda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar tushuniladi. Yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishning yangi davri boshlandi, ya’ni voyaga yetmaganlar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari yanada mustahkamlandi.


Bugungi kunga qadar jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarning javobgarligi, ularga nisbatan jazo tayinlashning alohida tartibi belgilangan bo‘lsa-da, biroq voyaga yetmagan shaxslarning, shu jumladan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligining tugallanishiga oid alohida norma mavjud emas edi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 23-oktabrda imzolangan “Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–1092-son) bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik liberallashtirildi.


Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  77-, 841- va 85-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi.


Yangi normalarga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs o‘z jinoyati uchun belgilangan jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgach, sudlanmagan hisoblanadi. Bu o‘zgarish jinoyat sodir etgan yoshlarning keyingi hayotida ijtimoiy reabilitatsiyaga qaytish imkoniyatini kengaytiradi.


Shu bilan birga, alohida ta’kidlab o‘tish joizki mazkur imtiyoz o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlarga yoki jazoni o‘tab bo‘lgach, yana qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.


Shuningdek, qonun bilan ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum etishning eng kam muddatlari ham qisqartirildi, avvalgi olti oylik chegara o‘rniga endi bir oylik minimal jazo qo‘llanishi mumkin. Bu choralar voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish va jazo tizimini insonparvarlashtirishga qaratilgan.


Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, jinoyat kodeksining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qo‘riqlash, shuningdek jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratdir.


Ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun Kodeks javobgarlikning asoslari va prinsiplarini, qanday ijtimoiy xavfli qilmishlar jinoyat ekanligini aniqlaydi, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarini belgilaydi.


Jinoyat kodeksi qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi.

Shuningdek, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.


Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.


Yangi qabul qilingan Qonun bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga ta’sir qilmasligi va o‘z hayotini yangidan boshlashi uchun imkoniyat berilishini ta’minlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.


Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yangi qabul qilingan Qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga, o‘z hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangidan boshlashiga imkon beradi.


                                                                                                                                                                           Xurshid SODIQOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha 

Uchtepa tuman sudi tergov sudyasi

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Qaror

Ulashish