XXI ASR RITSARLARI

Sharh XXI ASR RITSARLARI
98


Urushqoq maxluq

“Toshbaqalar jangi” sarlavhali maqola chop etilganidan so‘ng bir necha muxlis menga uning davomini yozishni so‘rab sim qoqishdi. Haqiqatan ham, bugungi voqealar oqimining barcha qatlamlarini bitta maqolada yori­tib berib bo‘lmasligi tufayli ayti­lishi lozim bo‘lgan ko‘p gaplar qolib ketgandi. Avvalo, jonivorlar odamlarga qaraganda tantiroq jang qiladilar. Ularda mantiqiy fikr bo‘lmaganligi bois faqat va faqat o‘z jismoniy kuchlariga tayanishadi, xolos. Odamzod-chi?! U yorug‘ dunyoga tushibdiki, halol kurashdan iloji boricha qochadi(yakkama-yakka olishuv musobaqalari bundan mustasno). Odamlarning raqibni mahv etish borasidagi birinchi quroli tosh bilan kaltak bo‘lganligi aniq. Ana undan keyin nayza, o‘q-yoy, qilich va manjanaq o‘ylab topildi. O‘rta asrlardagi tirik qurollar – ritsarlar haqida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Ular dastlabki kamikadze - jangchilar bo‘lib, g‘alaba uchun o‘limga tik qarab borganlar. Temir sovut, o‘tkir nayza va duldul ot g‘alabaning chinakam garovi bo‘lib, keyinchalik ritsarlar haqidagi doston, qasida va romanlar jahon adabiyoti­ning nodir durdonalariga aylandi. Masalan, Servantesning “Don Kixot” romani hozirgacha dunyodagi eng ommaviy kitob sifatida birinchilikni qo‘ldan bermay kelmoq­da. Keyingi davrdagi jang­larda neft va poroxli qurollarning qo‘llanishi muqarrar g‘alaba vositalariga aylandi. XX asr boshlariga kelib fan-texnika inqilobining samarasi o‘laroq, pulemyot hamda ko‘potar miltiqlar paydo bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushida tanklar va aviatsiyadan keng foydalanildi. Qarabsizki, zum o‘tmay insoniyat bu borada finish chizig‘iga chiqib oldi – atom quroli yaratildi. Ammo uning dahshatini ko‘rib hamma­ +ning kapalagi uchib ketdi. Shunday bo‘lsa ham, har ehtimolga qarshi, yirik davlatlar bir-birini qo‘rqitish uchun atom bombasini yasab qo‘ydi. Mana endi XXI asr boshlanishi bilan “temirtan ritsarlar” davri boshlandi. 2001-yil 11-sentabr kuni fuqaro uchog‘i yordamida AQSHning yuragiga nayza urildi. Nyu-York shahridagi ikki egizak osmono‘par binoga uyushtirilgan hujum insoniyatni yangi xatardan ogoh qildi. Afg‘oniston va Iroqda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan “temir ritsar” – dronlar o‘zining o‘ta samarali qurol ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Qorabog‘ uchun bo‘lgan janglarda Turkiyada ishlab chiqarilgan dronlar Ozarboyjon armiyasining g‘alabasini to‘kis taʼminladi. Ozariylar qirq besh kun ichida Rossiya tomonidan tish-tirnog‘igacha qurollantirilgan arman armiyasini dronlar yordamida tor-mor qilib yanchib tashladi. Keyinchalik “temir ritsarlar” Ukrainada dunyoning ikkinchi kuchli armiyasining xurujini ham to‘xtatib qo‘ydi. Tasavvur qiling, bir necha yuz dollar turadigan uchuvchisiz uchoqlar dushmanning million dollarlik murakkab va qimmatbaho qurollarini bir-ikki daqiqada keraksiz temir-tersakka aylantirib qo‘ymoqda. Bu borada dronlar iqtisodiy jihatdan samarali ekanligini to‘liq isbotladi. Buni, albatta, rossiyaliklar ham payqab qolishdi. Xitoy va Eron ko‘magida minglab dron ishlab chiqaradigan yirik zavodlar qurildi, ammo endi boy berilgan vaqt va imkoniyatni ortga qaytarib bo‘lmasdi. Barbod bo‘lgan Barbarossa


Ushbu urushda rus qo‘mondonligi tuzgan reja anchayin puxta edi. Bundan xabardor bo‘lgan AQSH razvedkasi amerikaliklarga Ukrainaga bormaslikni tavsiya qildi, Buyuk Britaniya esa har ehtimolga qarshi, prezident Zelenskiyga Kiyevni tark etishni maslahat berib, o‘z himoyasiga olishini vaʼda qildi. Reja bo‘yicha Belorussiya orqali Kiyevga bostirib kirgan shturmchilar aerodromni qo‘lga olishlari va desantchilar hamda harbiy texnika ortilgan samolyotlarni qabul qilib olishlari lozim edi. Desant­chilar o‘z navbatida Kiyevdagi hukumat idoralari va muhim inshootlarni egallashlari ko‘zda tutilgandi. Shu tariqa qochib ketgan hukumat o‘rniga Moskvada tayyorlangan odamlar hokimiyat tepasiga kelib, Ukrainada “denatsifikatsiya” va “demilitarizatsiya” tadbirlarini amalga oshirishlari, yaʼni oddiy so‘z bilan aytganda, mustaqillik harakati va o‘zboshimchaliklarga chek qo‘yib, yana Ukrainani Belarus singari Moskvaga qaram vassal davlatga aylantirishlari kerak edi. Ammo harbiy harakatlar baʼzan bo‘ladigani kabi, rejadan mutlaqo chetga chiqib, boshqa o‘zanga tushib qoldi. Shturmschilarni olib aerod­romga yo‘nalgan vertolyotlar­ning ko‘pi “Stinger” raketalari yordamida urib tushirildi. Gap nimada ekanligini payqab qolgan ukrainlar o‘z aerodromlarini yaroqsiz holga keltirdilar. O‘ris armiyasi quruqlik yo‘li bilan Kiyevga bostirib kela boshladi. Endi “Javelin”lar ishga tushib, bosqinchilar tank kolonnasi hujumi to‘xtatildi. Ular orqaga chekina olmasligi uchun ko‘priklar portlatib yuborildi. Qopqonga tushib qolgan qo‘shinlar zamonaviy harbiy texnikalar yordamida tizimli ravishda yo‘q qilinib, dushmanning yashin tezligidagi harakat bilan maqsadga erishish rejasi barbod etildi. G‘alabadan ruhlangan ukrain jangchilari zabt etilgan hududlardan dushmanni tez muddatlarda haydab chiqarib, uning kuchli xurujini sindirdilar. Biroq shunday bo‘lsa ham, rus armiyasi mamlakatning kattagina qismini ishg‘ol qilishga erishdi va himoya chizig‘ida mustahkam o‘rnashib oldi. Keyingi bo‘lgan voqealar haqida avvalgi maqolalarimizda batafsil yozganimiz bois ortiq to‘xtalib o‘tirmayman.


Imperiyaning yuragi

Shu yerda o‘rinli bir savol paydo bo‘ladi. Nega endi rus imperialistlari Ukrainaga jon-jahd­lari bilan bunchalik yopishib oldi? Mana, qariyb to‘rt yildirki, harbiy harakatlar to‘xtamayapti, aksincha, kuchaygandan kucha­yib bormoqda. Qirim yarimoroli zabt etilgan muddat bilan qo‘shib hisoblasak, mojaroning boshlanganiga o‘n yildan ham oshib ketdi. Nima sababdan bosqinchilar har kuni minglab qurbon berayotgan holatda ham tinib-tinchimayapti? Bu savollarga javob topish uchun Rossiya imperiyasi­ning keyingi asrlardagi tarixi bilan tanishib chiqmoq joiz. Aslida ruslar va ukrainlar slavyan tillar oilasiga kiruvchi qardosh elat hisoblanadi. Hatto, rus davlatining paydo bo‘lishini qadimiy Kiyev knyazligiga olib borib bog‘lovchi ilmiy nazariya ham mavjud. Biroq, tarixdan shu narsa ayonki, ukrainlar o‘tmishda har doim va hamma joyda ham rus imperiyasi tarkibida bo‘lishmagan. Ularga goh mustaqil, goh qaram holda u yoki bu imperiyalar bilan baqamti holda yashashga to‘g‘ri kelgan. Rossiya maʼmurlarining keyingi davrdagi ruslashtirish siyosati oqibatida Janubi-sharqiy Ukraina hamda Kubanda yashov­chi ukrain millatiga mansub aholi to‘liq yoki qisman ruslar bilan aralashib-quralashib o‘zining etnik xususiyatlarini yo‘qotib, mentalitet jihatdan ruslashib ketgan. Maʼlumotlarga qaraganda, Ukrainada ichki ziddiyatlarning paydo bo‘lishi va avj  olishiga ham aynan ana shu omil katta rol o‘ynagan. Asrlar davomida bu ikki xalq goh yaqinlashib, goh uzoqlashib, birgalikda yashab kelishdi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, rus shovinistlari tinimsiz ravishda ukrain tili va madaniyatini kamsitish, iloji boricha yo‘qotish siyosatini yurgizib kelganlar. Xalq orasida rus tili, rus madaniyatini keng yoyishga uringanlar. Ana shu siyosatning samarasi o‘laroq ko‘p ukrainlar rus dunyosining taniqli vakillari­ga aylanishgan. Masalan, hozir Gosha Kutsenko, Aleksey Gorbunov, Anna Sedokova, Olga Krasko, Anastasiya Stotskaya, Nonna Grishayeva singari rossiyalik mashhur aktyor va aktrisalar, Tausya Povaliy, Ani Lorak, Anjelika Varum, Sergey Penkin, Igor Krutoy, Aleksandr Serov kabi taniqli musiqachilarning asli millati ukrain. Biznesmenlar: Viktor Vekselberg, Mixail Fridman, Leonid Fedun, Grigo­riy Yavlinskiy, Valentina Matviyenko, Kirill Dmitriyev singari siyosiy arboblar ham Ukraina­da tug‘ilib o‘sganlar. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, hozir Rossiyada besh milliondan ortiq ukrain millatiga mansub aholi yashaydi. Ammo ularning ko‘pchiligi Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olib ruslar bilan qo‘shilib-chatishib ketgan.


Mashʼum bashorat

Taniqli rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsin publitsistik maqolalarida Ukrainaning Rossiya imperiyasi uchun naqadar ahamiyatli ekanini ayta turib, uni hatto Chechenistondan ham ustun qo‘ygan edi. Yozuvchi “Rossiyani qanday obod qilish mumkin?” degan maqolasida kerak bo‘lsa Chechenistonni ajratib tashlab, Ukrainani imperiya tarkibiga kiritishni maslahat, balki vasiyat qilib ketgan edi. Bunda u rus, belarus va ukrain xalqlarini birlashtirib, umumslavyan davlati barpo etilishini orzu qilgandi. Soljenitsin bunda Rossiya ko‘p millatli mamlakat ekanini paqqos unutib, bu borada ukrain va belarus xalqlarining istaklarini umuman eʼtiborga olmagandi. Eng qizig‘i, xayolparast bu adib ilhomi jo‘shib, Shimoliy va Sharqiy Qozog‘istonni ham imperiya o‘z tasarrufiga olishi lozim ekanligini aytib, o‘ris shovinistlari­ning kelgusidagi muammolarini rosa ko‘paytirgandi. Hayotining keyingi yillarida imperializm millatchisiga aylangan bu adib bugungi kunda rossiyaliklar­ning haqli qahr-g‘azabiga duchor bo‘ldi. O‘rislarning bir qismi Soljenitsinni SSSRning tagiga suv quygan yozuvchi sifatida qoralasa, ikkinchi qismida esa rus imperiyasining go‘rkovi sifatida tavqi laʼnatga uchramoqda. Shu bois ham uning asarlari bugun rus kitobxonlari orasida modadan chiqib ketdi. Aksincha, u laʼnatlagan Stalin shaxsi ulug‘lanib, haykallari qayta tiklanmoqda. 


Bizning nazarimizda, Ukrainaning Rossiya imperiyasi uchun muhim ahamiyati omillarini amerikalik siyosatshunos Zbignev Bjezinskiy juda haqqoniy ko‘rsatib bergan. Uning ko‘p yillar burun yozgan maqolasida aytilishicha, Ukrainaning mustaqillik va demokratiya yo‘lida harakat­lanib, Yevropa sari intilishi muqar­rar ravishda Moskvada norozilik paydo qilib, qarshi xatti-harakatlar vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Bjezinskiyning yozganlari shunchaki basho­rat bo‘lmay, mavjud voqelikka asoslangan ilmiy xulosalardir. Ukrainaning qo‘ldan ketishi, deydi u, rus imperialistlarida qaq­shatqich og‘riq paydo qiladi va oxir-oqibat o‘zaro urushni muqarrar qilib qo‘yadi. Maqola bundan ko‘p yillar burun yozilganini eʼtiborga olmasak, bu gaplar xuddi kechagina aytilgandek tuyuladi. Bjezinskiy bunda o‘zi uzoq yillar davomida o‘rganib kelgan imperiyalar tarixi va mantig‘idan kelib chiqadi. U Ukraina demokratik dunyo bilan avtoritar imperiya chegarasiga tushib qolgan muhit sifatida kelajagi katta xatar ostida ekanligini ochiq aytadi. Uning nazarida Ukraina Yevropaning qoq markazida joylashgan yurakka o‘xshaydi. Agar Rossiya yurakni to‘xtatishga erishsa, deydi siyosatshunos, mintaqadagi barcha demokratik tomirlarni quritadi va dunyoda yangi tartib joriy bo‘ladi. Avtokratik tizimlarning qo‘li baland kelib, Yevropadagi shundoq ham susayib borayotgan liberal-demokratik kuchlar­ning quvvatini so‘ndiradi. Bunda, deydi u, Rossiyada hukumat tepasiga kim kelishidan qatʼi nazar, voqealar algoritmi o‘zgarmaydi, chunki imperiyalarning yashash uslubi shu yo‘nalishni taqozo etadi. Dastlab iqtisodiy dastaklar ishga tushadi, ish bermasa elitani turli usullar bilan og‘dirib olishga harakat qilinadi, bundan keyingi bosqich axborot xuruji bo‘lib, omma ruhi va ongiga taʼsir o‘tkaziladi, barcha ko‘rilgan choralar samara bermagach, reja harbiy yo‘l bilan amalga oshiriladi. Imperiyalarning o‘z-o‘zini saqlab qolishi uchun bundan o‘zga chora yo‘q. Ukrainada bugungi sodir bo‘layotgan voqealar Bjezinskiyning taxminlarini batamom tasdiqladi. Ukrainaning, deydi u, Rossiyaga na hudud va na resurslar tomonidan unchalik qizig‘i yo‘q.


Ammo u yerda demokratiya qaror topsa, imperiyaga muxolif boshqaruv tizimi paydo bo‘lib, sobiq SSSR respublikalari uchun taqlid obyekti vujudga keladi. Demokratik davlatlar qurshovida avtokratik imperiyaning kelajagi bo‘lmasligini rus maʼmurlari yaxshi anglab turishibdi. Bir qaraganda, Rossiya imperiyasi bepo­yon, tabiiy, insoniy resurslari ham o‘zi uchun yetarli miqdorda. Ammo Ukraina imperiya uchun ramziy maʼnoda o‘ta muhim. Soljenitsin ham Ukraina va Belorussiyasiz Rossiya to‘laqonli davlat bo‘la olmasligini qayta-qayta taʼkidlagan edi. Bjezinskiy esa ushbu omilni o‘zgacha talqin qiladi. Imperiyaning sobiq koloniyasida demokratiya urug‘ining unib chiqishi u yerda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotga yo‘l ochadi, tobora rivojlanib borayotgan Ukrainani rossiyaliklar o‘zlari bilan qiyos­lay boshlaydi va imperiya qadriyatlariga shubha paydo bo‘ladi, deydi u. Haqiqatan ham, 2021-yili Rossiyada YIM(yalpi ichki mahsulot) miqdori aholi jon boshiga taqsimlanganda oyiga 550 AQSH dollarini tashkil qilgan bir paytda, Ukrainada bu miqdor 650 dollarga yetgandi. Ayrim manbalarning maʼlumotiga ko‘ra, hozirgi og‘ir urush holatida ham ukrainlarning maosh va pensiyalari rossiyalik fuqarolarga qaraganda ancha ko‘proq ekan. Shu maʼnoda, imperiya biqinida gullab yashnayotgan yangi bir kichik erkin mamlakatning paydo bo‘lishi Kreml uchun naqd shapaloqdek tuyulishi tabiiy bir hol. Bjezinskiyning fikricha, agar Rossiya ixtiyoridagi boyliklarni harbiy maqsadlar uchun sarflamasdan, bunyodkorlik yo‘nalishiga qaratganida, tez orada u dunyoning peshqa­dam davlatlaridan biriga aylanishi mumkin edi. Buning uchun, deydi u, Rossiya hadeb tashqi va ichki dushman qidirmasdan, dunyodagi barcha davlatlar, eng avvalo, Yevropa bilan yaqin hamkorlikka kirishishi kerak. Imperiyaning istiqboli haqida to‘xtalib u shunday deydi: “Rossiyaning bepoyonligi unda har xil geografik va iqtisodiy muam­molarni paydo qiladi. Iqtisodiy nuqtayi nazardan imperiya sharqiy, markaziy va g‘arbiy qismlarga bo‘linib faoliyat ko‘rsatsa, har jihatdan qudratli saltanatga aylanishi mumkin. Bunda Sharq Tinch okeani havzasi mamlakatlari bilan, Markaz O‘rta Osiyodagi respublikalar bilan, G‘arb esa Yevropa bilan hamkorlikda iqtisodiy mo‘jizalar yaratishi mumkin. Aks holda, eʼtibordan chetda qolib ketgan Uzoq Sharq va Sibirda Xitoyning taʼsiri kuchayib ketishi muqarrar”. Bjezinskiy­ning fikriga ko‘ra, Moskva ushbu hududlarga iqtisodiy erkinlik berishi lozim, ana shunda, deydi u, G‘arbiy Rossiya, Sibir va Uzoq Sharq xuddi AQSH shtatlaridek iqtisodiy jihatdan kuchayib, rivojlanib ketadi. Biroq taniqli siyosatshunosning ushbu fikrlarini Rossiya maʼmurlari nayza o‘qtalib kutib oldilar. Uning fikrlari Rossiyaga qarshi qaratilgan tashviqotdan boshqa narsa bo‘lmay, separatchilik­ni kuchaytiruvchi buzg‘unchi g‘oyalar sifatida qabul qilindi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Uzoq Sharq va Sibirdagi bepo­yon kengliklarni Xitoy allaqachon asta-sekinlik bilan o‘z tasarrufiga olmoqda. 2018-yili imzolangan shartnomaga asosan Rossiya 3,5 milliard gektar(!)dan ziyod yerni 50 yillik muddat bilan Xitoyga ijaraga bergan. Shundan 50 ming gektariga xitoyliklar quyosh panellari o‘rnatib hosil qilingan elektr energiyasini Qozog‘iston, Mongoliya va Rossiyaning o‘ziga ham sotmoqda ekan. Yana shunisi ham borki, kelgusi ellik yil ichida qanaqa voqealar ro‘y berishi yolg‘iz Ollohga ayon. Xo‘ja Nasriddin Afandi iborasi bilan aytganda: “Yo podshoh o‘ladi, yo eshak”.


Xudoyberdi KOMILOV, 

siyosiy sharhlovchi

Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish