Yangi iqtisodiy model: yuqori texnologiya, mehnat unumdorligi va inson kapitali

Jarayon Yangi iqtisodiy model: yuqori texnologiya, mehnat unumdorligi va inson kapitali
19

   Bugun dunyo iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan texnologik o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Sun’iy intellekt, robototexnika, avtomatlashtirish, raqamli platformalar, “yashil” texnologiyalar, biotexnologiya va yangi avlod ishlab chiqarish tizimlari mamlakatlar o‘rtasidagi raqobat qoidalarini tobora o‘zgartirmoqda. Ilgari iqtisodiy o‘sishning asosiy manbalari sifatida tabiiy resurslar, kapital va mehnat resurslari qaralgan bo‘lsa, endilikda ularga qo‘shimcha ravishda texnologik salohiyat, innovatsiya, bilim va mehnat unumdorligi hal qiluvchi omilga aylanmoqda.

  Shunday sharoitda mamlakatning raqobatbardoshligi qancha mahsulot ishlab chiqarilayotgani bilan birga, bir xodim qancha qiymat yaratayotgani, ishlab chiqarishda qanchalik zamonaviy texnologiyalar qo‘llanayotgani va inson kapitali iqtisodiy natijaga qay darajada aylanayotgani bilan ham belgilanadi.

   O‘zbekiston ham taraqqiyotning ana shunday yangi bosqichiga kirib bormoqda. Mamlakatimizda keyingi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, investisiyalarni jalb etish, sanoatni diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

    Bu jarayonlarning natijasi iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025-yili O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti real hisobda 7,7 foizga o‘sib, tarixda birinchi marta 145 milliard dollardan oshdi. Sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foizga, qurilish 14,2 foizga, bozor xizmatlari 14,7 foizga o‘sdi. Tashqi savdo aylanmasi 81 milliard dollardan oshib, eksport 33,8 milliard dollarga yetdi. Shu yili mamlakatga jalb etilgan xorijiy investisiyalar hajmi 43,1 milliard dollarni tashkil qildi.
   2026-yilning birinchi yarmida ham yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida yalpi ichki mahsulot 1 072,7 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 8,5 foizga o‘sdi. Investitsiyalarning asosiy kapitaliga kiritilgan mablag‘lar 17,5 foizga, xizmatlar 16,9 foizga, qurilish 13,8 foizga o‘sgan.
    Eng muhimi, bu natijalar mamlakat iqtisodiyotida yangi sifat o‘zgarishlari uchun zamin yaratmoqda. Ana shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yettita milliy dastur mamlakat taraqqiyotining keyingi o‘n yillik ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergani bilan alohida ahamiyatga ega. Davlat rahbari kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davri sifatida ta’riflab, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan yangi milliy dasturlarni amalga oshirish vazifasini belgiladi.

   Shular orasida uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish vazifasi mamlakatning iqtisodiy kelajagi nuqtai nazaridan strategik ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy o‘sishdan yuqori unumdorlikka. Uchinchi milliy dastur doirasida kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifalari belgilandi. Shuningdek, kelgusi o‘n yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini 10 ming dollardan oshirish maqsad qilingan. Bu raqamlar, avvalo, iqtisodiyotni faqat miqdoriy jihatdan kengaytirish emas, balki uning sifat jihatdan yangi modeliga o‘tishvazifasi qo‘yilayotganini anglatadi.
   Chunki iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashning ikki xil yo‘li bor. Birinchi yo‘l – mavjud resurslar, mehnat va kapitalni ko‘proq jalb qilish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish. Ikkinchi yo‘l esa mavjud resurslardan ko‘proq iqtisodiy qiymat yaratish, ya’ni mehnat unumdorligini oshirishdir. Yangi bosqichda ikkinchi yo‘nalishning ahamiyati ortib boradi.
   Masalan, bir korxonada 1 ming nafar xodim ishlab, muayyan hajmda mahsulot ishlab chiqarsa, uning raqobatbardoshligini yana 500 nafar ishchi yollash orqali emas, balki raqamli boshqaruv, avtomatlashtirish, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar yordamida shu 1 ming nafar xodim bilan ko‘proq mahsulot ishlab chiqarish orqali oshirish mumkin. Demak, yangi iqtisodiy modelning markaziy tushunchalaridan biri “ko‘proq mehnat”dan “unumli mehnat”ga o‘tishdir.
   Investitsiyaning yangi mazmuni: kapitaldan texnologiyaga. O‘zbekistonning investisiya siyosatida ham sifat o‘zgarishi kuzatilmoqda. Davlat rahbari o‘z nutqida mamlakatga avval yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investisiya jalb etilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 40–50 milliard dollar darajasiga chiqqanini va investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim hamda yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelayotganini ta’kidladi.

   2025-yili o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarni tashkil etib, bir yilda 24 foizga o‘sgan. Uning 38,2 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Bu yerda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihat – investitsiya hajmining o‘zi emas, balki investisiyaning iqtisodiy samarasi.

Ya’ni yangi investisiya:

• qanday texnologiyani olib kirmoqda;

• qancha yuqori daromadli ish o‘rni yaratmoqda;

• qancha mahalliy mutaxassisning malakasini oshirmoqda;

• qancha mahalliy korxonani global qiymat zanjiriga jalb qilmoqda;

• eksport salohiyatini qanchalik kengaytirmoqda;

• mehnat unumdorligini qanchalik oshirmoqda degan mezonlar asosida baholanishi tobora muhimlashadi.

   Bu nuqtayi nazardan, 450 milliard dollarlik yangi investitsiya maqsadi oddiy moliyaviy ko‘rsatkich emas. U mamlakatning keyingi o‘n yillikdagi texnologik modernizatsiyasi uchun katta resurs bazasi bo‘lib xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.

   Sanoat: yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yangi tarmoqlar. Yuqori texnologiyali iqtisodiyotni shakllantirish, birinchi navbatda, sanoatning texnologik tarkibini o‘zgartirishni talab etadi.
2025-yilda mamlakat sanoati 6,8 foizga o‘sdi. 2026-yilning yanvar-iyun oylarida esa sanoat ishlab chiqarishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga oshdi.

   Shu bilan birga, 2025-yilda mamlakat YAIMida xizmatlar sohasining ulushi 48,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil birinchi yarmida iqtisodiyotda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymatning 50,8 foizi xizmatlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Sanoatning ulushi esa 26,5 foizni tashkil etdi.
   Bu raqamlar iqtisodiyotning asta-sekin sanoat, xizmatlar, raqamli iqtisodiyot uyg‘unligiga asoslangan modelga o‘tayotganini ko‘rsatadi. Ayni paytda sanoatning texnologik tarkibini yanada takomillashtirish dolzarb bo‘lib qolmoqda. 2026-yilga Murojaatnomada kelgusi besh yilda sanoatda qo‘shilgan qiymatni 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazish, yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali tarmoqlar mahsulotlari hajmini 2,5 barobar oshirish vazifalari belgilangan. Demak, yangi bosqichda “qancha ishlab chiqarildi?” degan savol bilan bir qatorda “qanday texnologik darajada va qancha qo‘shilgan qiymat bilan ishlab chiqarildi?”degan savol ham muhim ahamiyat kasb etadi.

   Sun’iy intellekt – mehnat unumdorligining yangi omili. Uchinchi milliy dasturda yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani bejiz emas. Bugun sun’iy intellekt iqtisodiyotning alohida sohasi emas, balki deyarli barcha tarmoqlarga kirib borayotgan universal texnologiyaga aylanmoqda. Ayniqsa, sanoatda sun’iy intellektdan foydalanish ishlab chiqarish jarayonlarini aniq boshqarish, uskunalardagi nosozliklarni oldindan aniqlash, mahsulot sifatini nazorat qilish va energiya sarfini optimallashtirish imkonini beradi. Qishloq xo‘jaligida esa ma’lumotlar tahlili, ob-havo va hosildorlik prognozlari, suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlar yaratadi. Moliya, logistika, savdo, tibbiyot va davlat xizmatlarida ham sun’iy intellekt inson mehnatini to‘ldiruvchi muhim texnologiya sifatida namoyon bo‘lmoqda.
   Biroq sun’iy intellektning mehnat unumdorligiga ta’siri faqat texnologiyaning o‘ziga bog‘liq emas. Bu jarayonda inson kapitali hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yangi texnologiyalardan samarali foydalanish uchun xodimlarni raqamli ko‘nikmalar, ma’lumotlar tahlili, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy boshqaruv usullariga o‘qitish, shuningdek, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini kuchaytirish zarur.

   Shu nuqtayi nazardan, kelgusi o‘n yillikda O‘zbekistonda sun’iy intellektni joriy etishning asosiy maqsadi inson mehnatini shunchaki almashtirish emas, balki inson va texnologiya hamkorligi orqali yuqori qo‘shilgan qiymat va yuqori mehnat unumdorligini ta’minlash bo‘lishi muhim. Takrorlanuvchi vazifalar avtomatlashgan sari insonning ijodkorlik, tahlil qilish, muammoni hal etish, muloqot va boshqaruv kabi yuqori darajadagi ko‘nikmalariga talab ortadi. Biroq sun’iy intellektni joriy etishning eng muhim natijasi texnologiyaning o‘zi emas. Asosiy natija inson mehnatining samaradorligini oshirish. Shuning uchun sun’iy intellekt siyosati mehnat bozori siyosati bilan uzviy bog‘lanishi lozim. Ayrim kasblarda avtomatlashtirish natijasida vazifalar qisqarishi mumkin, biroq yangi texnologiyalar bilan ishlash, ma’lumotlarni tahlil qilish, raqamli mahsulotlar yaratish, algoritmlarni boshqarish va texnologik jarayonlarni integratsiyalash kabi yangi kompetensiyalarga talab ortadi. Bu esa ta’lim tizimi oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo‘yadi.
   Inson kapitali – texnologik iqtisodiyotning bosh resursi. Aslida yuqori texnologiyalar iqtisodiyotining eng katta boyligi texnologiyaning o‘zi emas. Uning eng katta boyligi – texnologiyani yaratadigan, o‘zlashtiradigan va undan iqtisodiy qiymat yaratadigan inson. Shu jihatdan, uchinchi milliy dasturni birinchi milliy dastur bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rish mumkin.
   Birinchi milliy dasturda bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish vazifasi belgilangan. Xususan, texnik mutaxassislarni tayyorlash, yuqori daromadli kasblarga o‘qitish, texnik ta’lim qamrovini oshirish va universitetlarni xalqaro reytinglarga olib chiqish maqsadlari qo‘yilgan. Demak, bilim, malaka, texnologiya, innovatsiya, mehnat unumdorligi, yuqori daromad zanjiri yangi iqtisodiy modelning muhim asosiga aylanadi. Shu sababli kelgusi davrda mehnat bozori uchun faqat diplomli kadr emas, balki texnologik kompetensiyaga ega mutaxassis kerak bo‘ladi. Bu esa oliy ta’lim, professional ta’lim va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

   Kichik biznesdan – milliy korporatsiyalargacha. Uchinchi milliy dasturning yana bir muhim yo‘nalishi – kichik biznesning o‘sish trayektoriyasini ta’minlash. Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik biznesni o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarni esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylantirish uchun yaxlit ekotizim yaratilishini ta’kidladi. 2026-yil avgust oyida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda mamlakatdagi biznes hamjamiyati 1,2 million kishiga yetgani, tadbirkorlik uchun kredit portfeli qariyb uch barobar oshib, 450 trillion so‘mga yetgani ma’lum qilindi. Shuningdek, sanoat hajmi 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga, xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mdan oshgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetgan. Bu raqamlar hududlarda tadbirkorlik faolligi kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Endigi vazifa esa biznes subyektlari sonini ko‘paytirish bilan cheklanib qolmasdan, ularning o‘sishini ta’minlashdir. Buning uchun tadbirkorlik sub’yektlariga faqat kredit yoki soliq imtiyozlari emas, balki zamonaviy texnologiyalarga kirish, biznes boshqaruvi, marketing, eksport, korporativ boshqaruv va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks imkoniyatlar zarur. Ayniqsa, startaplar va innovatsion korxonalar uchun venchur moliyalashtirish tizimining rivojlanishi yangi g‘oyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan biznesga aylantirishga xizmat qilishi mumkin.
   Kichik korxonaning yirik kompaniyaga aylanishi, avvalo, uning mehnat unumdorligi, texnologik salohiyati va bozor ko‘lamini kengaytirish qobiliyatiga bog‘liq. Shu sababli kelgusi bosqichda biznesni “qancha korxona tashkil etildi?” degan mezondan tashqari, “qancha korxona barqaror o‘sib, yangi bozorlarga chiqdi, eksport qildi va yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratdi?” degan mezonlar asosida baholash muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday yondashuv hududiy iqtisodiyot uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi. Har bir hududda mahalliy resurs, kadr va bozor imkoniyatlariga tayangan o‘sish nuqtalarini shakllantirish, kichik korxonalarni kooperatsiya zanjirlariga jalb etish va ularni yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lash orqali yangi ishlab chiqarish ekotizimlarini yaratish mumkin. Buning uchun moliya, texnologiya, kadrlar, eksport, marketing, logistika, raqamlashtirish va korporativ boshqaruv bir-biri bilan bog‘langan yaxlit ekotizim sifatida shakllantirilishi zarur. Yuqori daromadli ish o‘rinlari – yangi mezon. Bugungi kunda iqtisodiy taraqqiyotni faqat yangi ish o‘rinlari soni bilan baholash yetarli emas. Zamonaviy mehnat bozorida ish o‘rnining sifati, xodimning daromadi, mehnat unumdorligi, texnologik jihozlanganligi va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari ham muhim mezonga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish O‘zbekiston iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqishning muhim shartlaridan biridir.

   Uchinchi milliy dasturda kelgusi o‘n yilda sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasining belgilanishi aynan shu yondashuvning ifodasidir. Bu vazifa faqat bandlik ko‘rsatkichini oshirishni emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan va xodimlarga munosib daromad keltiradigan mehnat muhitini shakllantirishni nazarda tutadi. Yuqori daromadli ish o‘rnining asosida, avvalo, yuqori mehnat unumdorligi turadi. Zamonaviy texnologiyalar, avtomatlashtirish, raqamli boshqaruv va sun’iy intellektdan samarali foydalanish bir xodimning ko‘proq iqtisodiy qiymat yaratishiga imkoniyat beradi. Natijada korxonaning raqobatbardoshligi oshadi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati kengayadi va xodim daromadini oshirish uchun iqtisodiy asos paydo bo‘ladi.
   Shuning uchun yangi iqtisodiy model “ko‘proq ish o‘rni”dan “ko‘proq qiymat yaratadigan ish o‘rni”ga o‘tishni taqozo etadi. Bunda sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni kengaytirish, innovatsion korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqori daromadli ish o‘rinlarini shakllantirishda inson kapitali hal qiluvchi omildir. Chunki zamonaviy texnologiyani samarali boshqaradigan va undan yangi qiymat yarata oladigan mutaxassis bo‘lmasa, texnologik yangilanishning iqtisodiy samarasi cheklanadi. Shu bois raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, muhandislik, ma’lumotlar tahlili, boshqaruv va xorijiy tillar kabi zamonaviy kompetensiyalarga ega kadrlarni tayyorlash dolzarb vazifaga aylanmoqda. Bu jarayon ta’lim tizimi bilan mehnat bozori o‘rtasidagi aloqani yanada kuchaytirishni talab qiladi. Oliy va professional ta’lim muassasalarida kelajak kasblariga mos dasturlarni joriy etish, korxonalar bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini rivojlantirish yuqori daromadli bandlikni ta’minlashning muhim shartlaridir.
   Ayni paytda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish kichik va o‘rta biznesning o‘sishi bilan ham bevosita bog‘liq. Kichik korxonalarning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning yirik kompaniyalarga aylanishi yangi investitsiyalar, texnologiyalar va malakali kadrlarga bo‘lgan talabni oshiradi. Shu tariqa tadbirkorlikning o‘sishi nafaqat korxonalar sonini, balki sifatli ish o‘rinlari va aholi daromadlarini ham ko‘paytirishga xizmat qiladi. Bunda hududiy yondashuv ham muhim. Zamonaviy sanoat korxonalari, texnologik parklar, innovatsion markazlar va eksportga yo‘naltirilgan klasterlarni hududlarning mavjud salohiyatidan kelib chiqib rivojlantirish mahalliy mehnat resurslaridan samarali foydalanish imkonini beradi. Natijada yuqori daromadli ish o‘rinlari nafaqat yirik shaharlarda, balki hududlarda ham ko‘payib, aholi daromadlarining barqaror o‘sishiga zamin yaratadi.

   E’tiborli jihati shundaki, sun’iy intellekt va avtomatlashtirishning kengayishi mehnat bozori oldiga yangi talablarni qo‘ymoqda. Ayrim takroriy vazifalar avtomatlashishi mumkin, biroq shu bilan birga yangi texnologik kasblar va kompetensiyalar shakllanadi. Shu sababli kelgusi davrda xodimning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi uning bir marta olgan kasbi bilan emas, balki doimiy ravishda yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtira olishi bilan belgilanadi.
   Shunday qilib, 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasi sanoatni modernizatsiya qilish, investitsiyalarni texnologik loyihalarga yo‘naltirish, inson kapitalini rivojlantirish va mehnat bozorini zamonaviy kasblarga moslashtirishni bir butun jarayon sifatida ko‘rishni talab etadi.
   Pirovardida, yuqori daromadli ish o‘rinlari iqtisodiy o‘sishning oddiy natijasi emas, balki uning sifat ko‘rsatkichiga aylanadi. Yuqori texnologiya, yuqori mehnat unumdorligi va yuqori qo‘shilgan qiymat asosida yaratilgan har bir yangi ish o‘rni mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish bilan birga, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
   Hududlar – yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalari. Yangi iqtisodiy modelni shakllantirishda hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish alohida ahamiyatga ega. Chunki mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi faqat poytaxt va yirik shaharlar rivoji bilan emas, balki har bir viloyat, tuman va shaharning mavjud imkoniyatlarini iqtisodiy qiymatga aylantirish bilan ta’minlanadi. Shu bois kelgusi davrda hududlar mamlakat iqtisodiy o‘sishining yangi nuqtalariga aylanishi zarur.

   Bunda har bir hududning tabiiy resurslari, mehnat salohiyati, infratuzilmasi, investitsiya imkoniyatlari, tadbirkorlik muhiti va bozorlarga yaqinligi inobatga olingan holda ixtisoslashuvini kuchaytirish muhim. Masalan, bir hududda sanoat va mashinasozlik, boshqasida to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, yana birida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, turizm yoki raqamli xizmatlar uchun katta imkoniyat mavjud bo‘lishi mumkin. Ana shu ustunliklar asosida hududiy iqtisodiy klasterlarni rivojlantirish yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini kengaytiradi.
   Ayniqsa, kichik va o‘rta biznesni hududiy rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylantirish muhim. Kichik korxonalarning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning yirik ishlab chiqarish subyektlariga aylanishi hududlarda investitsiya, texnologiya va yangi ish o‘rinlariga bo‘lgan talabni oshiradi. Bu jarayonni moliyalashtirish, infratuzilma, eksport, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash mexanizmlari bilan kompleks qo‘llab-quvvatlash zarur. Bu borada mahalla darajasidagi iqtisodiy faollik ham muhim ahamiyat kasb etadi. Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirish va ularni bosqichma-bosqich barqaror biznesga aylantirish orqali mahallaning o‘zida yangi iqtisodiy faollik nuqtalarini shakllantirish mumkin. Shu tariqa mahalla – tuman – viloyat – milliy va tashqi bozor o‘rtasidagi iqtisodiy zanjirni kuchaytirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Hududlarning yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalariga aylanishida investitsiyalarni maqsadli jalb etish ham muhim. Investitsiya faqat yangi korxona tashkil etishga emas, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilsa, uning hududiy iqtisodiyotga ta’siri yanada yuqori bo‘ladi.
   Shuningdek, hududlarning texnologik rivojlanishi inson kapitali bilan uyg‘unlashishi lozim. Zamonaviy korxonalarni tashkil etish bilan birga, ular uchun zarur bo‘lgan muhandislar, texnologlar, IT-mutaxassislar, boshqaruvchilar va boshqa malakali kadrlarni mahalliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tayyorlash muhim. Bu yondashuv yoshlarning o‘z hududida munosib ish topishi va yuqori daromad olishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
   Eng muhimi, hududlarni rivojlantirishda “barcha hududlar uchun bir xil yondashuv”dan voz kechib, har bir hududning raqobat ustunligiga asoslangan o‘sish modelini shakllantirish maqsadga muvofiq. Bunda hududning iqtisodiy natijasi faqat ishlab chiqarish hajmi bilan emas, balki yaratilgan qo‘shilgan qiymat, mehnat unumdorligi, investisiya samaradorligi, eksport salohiyati va aholi daromadlari bilan ham baholanishi kerak.

   Eksport: xomashyodan texnologik mahsulotga. Yangi iqtisodiy taraqqiyot bosqichida eksport hajmini oshirish bilan bir qatorda uning tarkibini sifat jihatdan o‘zgartirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mamlakatning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi faqat qancha mahsulot eksport qilinayotgani bilan emas, balki ushbu mahsulotda qancha qo‘shilgan qiymat, texnologiya va intellektual mehnat mujassam ekani bilan ham belgilanadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston uchun strategik vazifalardan biri xomashyoni eksport qilishdan uni chuqur qayta ishlash va yuqori texnologik mahsulot sifatida tashqi bozorga chiqarishga bosqichma-bosqich o‘tishdir.
   Bu borada mamlakatimizda muayyan natijalar shakllangan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonning mahsulot eksporti 33,8 milliard dollarga yetdi va 2024-yilga nisbatan 24 foizga o‘sdi. E’tiborli jihati, 1991-yildagi 1,8 milliard dollarlik eksport hajmi bilan taqqoslaganda, 2025-yil ko‘rsatkichi qariyb 18,8 barobar yuqoridir. Shu yilda O‘zbekiston 210 ta davlat bilan tashqi savdo aloqalarini amalga oshirgan. Eksport geografiyasining kengayishi ham muhim ko‘rsatkichdir. 2025-yilda O‘zbekiston eksportida Rossiya 4,3 milliard dollar, Xitoy 2,5 milliard dollar, Qozog‘iston va Afg‘oniston 1,5 milliard dollardan, Turkiya esa 1,1 milliard dollar bilan asosiy yo‘nalishlar qatorida bo‘ldi. Bu mamlakat eksportchilari uchun tashqi bozorlar doirasi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
   Eksport tarkibida ham yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lmoqda. Masalan, 2025-yilda xizmatlar eksporti 9,76 milliard dollarga yetdi va umumiy eksportning 28,9 foizini tashkil qildi. Uning tarkibida turizm 4,88 milliard dollar, transport xizmatlari 3,22 milliard dollar, telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari esa 921,5 million dollar bo‘lgan. Bu raqamlar eksport tushunchasi tobora xomashyo va tovarlar doirasidan chiqib, bilim, texnologiya va xizmatlar eksportini ham qamrab olayotganini ko‘rsatadi. To‘qimachilik sohasidagi o‘zgarishlar ham bu jarayonga misol bo‘la oladi. 2025-yil yanvar-noyabr oylarida O‘zbekiston qariyb 2,3 milliard dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qildi. Uning 52 foizi tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, 28 foizi ip-kalava, 11 foizi trikotaj polotnolar, 6 foizi matolar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Demak, xom paxtani eksport qilishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish orqali qo‘shilgan qiymatni mamlakat ichida shakllantirish imkoniyati kengaymoqda.
   Shu bilan birga, eksportning keyingi bosqichi yanada yuqori texnologik mahsulotlar va xizmatlar ulushini oshirishni talab etadi. Masalan, 2025-yilda IT-xizmatlar eksporti rasmiy ma’lumotlarda qariyb 940 million dollar darajasida qayd etilgan. Bu yo‘nalishning muhim jihati shundaki, raqamli xizmatlar eksporti katta miqdorda tabiiy resurs yoki transport infratuzilmasini talab qilmaydi; uning asosiy resursi – bilim, dasturiy mahsulot, intellektual mehnat va inson kapitali.
   Shu nuqtayi nazardan, kelgusida eksport siyosatining asosiy vazifalaridan biri xomashyoning o‘zini sotishdan ko‘ra global bozorda raqobatbardoshlikni ta’minlovchi diversifikatsiyalashgan qiymat zanjirini mustahkamlashdan iborat bo‘lishi lozim. Masalan, paxtani xomashyo holida sotishdan ko‘ra tayyor kiyim-kechak, elektron komponentlar, mashinasozlik mahsulotlari, farmatsevtika vositalari yoki raqamli xizmatlarni eksport qilish iqtisodiyotda ko‘proq qiymat qolishiga xizmat qiladi. Bunday yondashuvning yana bir muhim jihati eksportning yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan bog‘liqligidir. Yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish uchun texnologlar, muhandislar, dizaynerlar, IT-mutaxassislar, marketologlar, logistika va tashqi savdo bo‘yicha mutaxassislarga talab ortadi. Demak, texnologik eksportning kengayishi bir vaqtning o‘zida mehnat unumdorligi va yuqori daromadli bandlikni oshirish omili ham bo‘ladi.
    Hududlar kesimida ham eksport salohiyatini kengaytirish uchun imkoniyatlar katta. 2025-yilda eksport hajmi bo‘yicha Toshkent shahri 6,6 milliard dollar, Toshkent viloyati 2,2 milliard dollar, Navoiy viloyati 1,4 milliard dollar, Andijon viloyati 1,3 milliard dollar va Samarqand viloyati 1,2 milliard dollar ko‘rsatkichga erishgan. Bu hududlarning eksport salohiyatini yanada chuqur ixtisoslashtirish va boshqa hududlarda ham eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi. Shuning uchun kelgusi davrda eksport siyosatida faqat eksport hajmini oshirish emas, balki eksportning texnologik darajasi, qo‘shilgan qiymati, geografiyasi va raqobatbardoshligini oshirish asosiy mezonlardan biriga aylanishi zarur.
    Zero, xomashyoni eksport qilish iqtisodiyotga ma’lum daromad keltirsa, uni qayta ishlab, tayyor mahsulotga aylantirish qo‘shimcha ish o‘rinlari, texnologiya, bilim va soliq bazasini yaratadi. Innovasion mahsulot va raqamli xizmatlar eksporti esa mamlakatning intellektual salohiyatini global bozorga olib chiqadi. Yangi iqtisodiyotda davlatning roli ham o‘zgaradi. Yuqori texnologiya, xususiy tashabbus, innovatsiya va raqobatga asoslangan yangi iqtisodiy model davlatning iqtisodiyotdagi roliga ham yangicha yondashuvni talab etadi. Bunda davlatning asosiy vazifasi iqtisodiy jarayonlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lishdan ko‘ra, barqaror qoidalarni belgilash, raqobat muhitini ta’minlash, xususiy sektor va investorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda strategik sohalarni qo‘llab-quvvatlashga tobora ko‘proq yo‘naltiriladi.
   Bu borada O‘zbekistonda amaliy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. 2026-yil aprel oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotida davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalar soni esa 1 685 tani tashkil etgan. So‘nggi besh yilda xususiylashtirish natijasida davlat korxonalari soni 60 foizga qisqargan. 2025-yilda qariyb 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, byudjetga 10 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ tushgan.

   Bu raqamlar iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish va xususiy sektor uchun kengroq maydon yaratish jarayoni ketayotganini ko‘rsatadi. 2025-yilda qabul qilingan xususiylashtirish dasturida 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish, 115 ta jamiyatdagi davlat ulushlarini, 659 ta ko‘chmas mulk obyekti va 6,1 ming gektar yerni savdoga chiqarish kabi vazifalar belgilangan. Shuningdek, 2030-yilgacha yangi davlat ishtirokidagi korxonalar tashkil etishga moratoriy joriy qilingan. Biroq davlatning iqtisodiyotdagi roli qisqarishi uning ahamiyati pasayadi, degani emas. Aksincha, davlatning regulyator, strategik rejalashtiruvchi va iqtisodiy muhit tashkilotchisi sifatidagi roli kuchayadi. Ya’ni davlat korxona o‘rniga bozor qoidalarini belgilaydi, tadbirkor o‘rniga biznes qarorlarini qabul qilmaydi, balki tadbirkorlik uchun zarur sharoitlarni yaratadi.

    Bunda eng muhim masalalardan biri – raqobat muhitini ta’minlash. Yangi iqtisodiyotda korxonaning muvaffaqiyati uning davlatga yaqinligi yoki ma’muriy imtiyozlarga ega ekani bilan emas, balki mahsulot sifati, narxi, texnologiyasi va innovatsion salohiyati bilan belgilanishi kerak. So‘nggi yillarda 160 turdagi litsenziya va ruxsat berish tartibining bekor qilinishi yoki soddalashtirilishi, 24 ta faoliyat turidagi ayrim eksklyuziv huquqlarning bekor qilinishi tadbirkorlik muhitini erkinlashtirishga qaratilgan choralardan bo‘ldi. Shu bilan birga, davlat xususiy sektorning rivojlanishi uchun zarur infratuzilmani shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Yo‘llar, elektr energiyasi, gaz, suv, raqamli infratuzilma, logistika markazlari, sanoat zonalari va zamonaviy ta’lim tizimi biznesning texnologik rivojlanishi uchun asos yaratadi. Demak, davlatning vazifasi iqtisodiyotdan chetlashish emas, balki bozor samarali ishlashi uchun zarur muhitni yaratishdan iborat bo‘ladi. Investitsiya siyosatida ham davlatning roli yangilanmoqda. 2026-yilda mamlakatga 50 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilish maqsadi qo‘yilgan bo‘lib, investorlar uchun zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim va ishonchli, shaffof biznes muhitini ta’minlash zarurligi ta’kidlangan. Bunday yondashuvda davlat xususiy kapital bilan raqobatlashuvchi emas, balki uni harakatga keltiruvchi omilga aylanadi. Ayniqsa, yuqori texnologiyali, innovasion va eksportbop loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, startaplar va venchur investitsiyalar uchun huquqiy va moliyaviy muhit yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan bo‘lishi mumkin. Yangi iqtisodiy modelda davlat boshqaruvining samaradorligi ham boshqacha baholanadi. Endi davlat organining faoliyati faqat qabul qilingan qarorlar yoki ajratilgan mablag‘lar bilan emas, balki qancha investitsiya jalb etildi, qancha yangi biznes paydo bo‘ldi, qancha yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi, eksport qancha oshdi va aholi daromadlari qay darajada ko‘paydi kabi aniq natijalar bilan o‘lchanishi muhim. Shu nuqtayi nazardan, hudud rahbarlari va davlat organlari faoliyatini iqtisodiy natijalar bilan bog‘lashga e’tibor kuchaymoqda. 2026-yil birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgan, investitsiyalar 28 milliard dollarga, eksport esa 14,4 milliard dollarga yetgan. Shu bilan birga, davlat rahbari rahbarlar faoliyatini aholi turmushi, tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoit va daromadlarni oshirishdagi amaliy natijalar bilan baholash zarurligini ta’kidlagan. Shunday qilib, yangi iqtisodiyotda davlatning roli “ishlab chiqaruvchi davlat”dan “imkoniyat yaratuvchi davlat”ga, “bozordagi asosiy ishtirokchi”dan “bozor qoidalarining kafili”ga tomon o‘zgarib boradi. Bu jarayonda xususiy sektor iqtisodiy o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylansa, davlat raqobat, qonun ustuvorligi, investitsiya xavfsizligi va ijtimoiy manfaatlar muvozanatini ta’minlaydi.
    Eng muhimi, davlat ishtirokining qisqarishi davlat mas’uliyatining kamayishi emas, balki uning mazmuni o‘zgarishidir. Davlatning iqtisodiyotdagi bevosita ishtiroki qisqargan sari, adolatli raqobatni ta’minlash, monopoliyalarni cheklash, xususiy mulk huquqini himoya qilish, inson kapitaliga investisiya kiritish va strategik infratuzilmani rivojlantirish kabi vazifalarning ahamiyati yanada ortadi. Eng katta vazifa – iqtisodiy o‘sishni inson farovonligiga aylantirish. Iqtisodiy o‘sishning haqiqiy natijasi faqat yalpi ichki mahsulot yoki investitsiyalar hajmining ortishi bilan emas, balki uning inson hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani bilan belgilanadi. Shu ma’noda, kelgusi o‘n yillikda O‘zbekiston oldida turgan eng muhim vazifalardan biri yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini aholi farovonligi, daromadlari va turmush sifatidagi ijobiy o‘zgarishlarga aylantirishdir.
   Uchinchi milliy dasturda kelgusi o‘n yilda yalpi ichki mahsulotni 300 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga YAIMni 10 ming dollardan oshirish va sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifalarining belgilanishi aynan shu maqsad bilan uyg‘un. Bunda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘sishi aholi uchun yangi imkoniyatlar, barqaror daromad va munosib mehnat sharoitlarini yaratishi muhim. So‘nggi yillarda mamlakatda aholi daromadlarida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Masalan, 2025-yilda aholi umumiy daromadlari 1 287,3 trillion so‘mni tashkil etib, nominal hisobda 20,9 foizga, real hisobda esa 9,2 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich iqtisodiy o‘sishning aholi daromadlariga ta’sirini baholashda muhim mezonlardan biridir.
    Biroq farovonlikni faqat daromad bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Inson farovonligi sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish, munosib mehnat sharoiti, zamonaviy infratuzilma, uy-joy, transport, ekologik muhit, ijtimoiy himoya va raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini ham qamrab oladi. Shu sababli iqtisodiy siyosatning yakuniy natijasi “ko‘proq ishlab chiqarish”dan “yaxshiroq hayot”ga aylanishi lozim. Bu jarayonda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish alohida ahamiyatga ega. Mehnat unumdorligi oshgani sari korxonalarning raqobatbardoshligi va xodimlarning daromad olish imkoniyatlari ham kengayadi. Demak, investisiya va texnologiyaning yakuniy maqsadi faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish emas, balki inson mehnatining iqtisodiy qiymatini yuksaltirishdir.

     Aholi farovonligini ta’minlashda hududiy mutanosiblik ham muhim. Iqtisodiy o‘sishning samarasi faqat markaziy shaharlarda emas, balki barcha viloyat, tuman va mahallalarda sezilishi kerak. Hududlarda yangi korxonalar, xizmat ko‘rsatish obyektlari va zamonaviy infratuzilmaning rivojlanishi mahalliy aholi uchun yangi daromad manbalarini shakllantiradi. Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish natijalarining aholi qatlamlari o‘rtasida adolatli taqsimlanishi ham muhim
    Tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kasbga o‘qitish va qayta tayyorlash orqali aholining iqtisodiy faolligini oshirish farovonlikni barqaror ta’minlashga xizmat qiladi. Yangi iqtisodiyotda insonning o‘zi iqtisodiy taraqqiyotning ham maqsadi, ham asosiy resursiga aylanadi. Bilimli, malakali va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirgan inson yuqori unumdorlikni ta’minlaydi, yuqori unumdorlik esa yuqori daromad va farovonlik uchun iqtisodiy asos yaratadi. Shu bois inson kapitaliga sarmoya kiritishni iqtisodiy o‘sishning eng uzoq muddatli investitsiyalaridan biri sifatida qarash mumkin. Shu bilan birga, yuqori texnologiyali iqtisodiyotga o‘tish aholining barcha qatlamlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishi bilan birga, mehnat bozorida yangi talablarni ham shakllantiradi. Shu sababli qayta tayyorlash, uzluksiz ta’lim, raqamli savodxonlik va yangi kasblarga o‘qitish masalasi strategik ahamiyat kasb etadi.

   Xulosa o‘rnida, uchinchi milliy dasturning mazmun-mohiyati iqtisodiyotni oddiy o‘sish modelidan yuqori texnologiya, mehnat unumdorligi va inson kapitaliga tayangan yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqish bilan belgilanadi. Belgilangan $450 milliardlik investitsiya, 2030-yilga borib YAIM hajmini $300 milliardga yetkazish, sanoatda 2 million yuqori daromadli ish o‘rni yaratish kabi maqsadlar, avvalo, iqtisodiy salohiyatni sifat jihatdan oshirishga qaratilgan.
   Bu jarayonda investisiyaning o‘zi yetarli emas. U zamonaviy texnologiya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, innovatsiya, tadbirkorlik va malakali inson kapitali bilan uyg‘unlashgandagina yuqori iqtisodiy samara beradi. Shu ma’noda, mehnat unumdorligini oshirish yangi iqtisodiy modelning eng muhim mezonlaridan biriga aylanadi. Kelgusi o‘n yillikda O‘zbekiston uchun asosiy vazifa nafaqat ko‘proq ishlab chiqarish, balki ko‘proq qo‘shilgan qiymat yaratish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va aholi daromadlarini oshirishdan iborat bo‘ladi. Kichik biznesning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning esa yirik kompaniyalarga aylanishi ham shu iqtisodiy transformatsiyaning muhim shartidir. Eng muhimi, iqtisodiy o‘sishning yakuniy natijasi raqamlarda emas, inson hayotida namoyon bo‘lishi kerak. Yangi ish o‘rinlari, munosib mehnat va daromad, sifatli ta’lim, zamonaviy kasb va ko‘nikmalar, tadbirkorlik imkoniyatlari hamda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy farqlarni qisqartirish – yangi taraqqiyot modelining insonga qaratilgan mazmunini belgilaydi.

   Zero, XXI asr iqtisodiyotida mamlakatning eng katta boyligi yer ostidagi resurslar emas, balki insonning bilimi, g‘oyasi, qobiliyati va uni iqtisodiy qiymatga aylantira oladigan texnologik muhitdir. Shu nuqtayi nazardan, uchinchi milliy dasturni O‘zbekistonning kelgusi o‘n yillikdagi texnologik, innovatsion va inson kapitaliga asoslangan iqtisodiy yuksalish dasturi sifatida ham baholash mumkin. Prezident ta’kidlaganidek, kelgusi o‘n yillik mamlakatimiz uchun milliy yuksalish davri bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. 

Sanjar GʻOYIPNAZAROV,

TDIU, Mehnat itisodiyoti kafedrasi mudiri,

  i.f.d., professor

TDIU, Mehnat itisodiyoti kafedrasi mudiri,

i.f.d., professor 

Maqola muallifi

Katta o'qituvchi

Katta o'qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Gazeta
  • #Zamon va makon
  • #"Ma'rifat" gazetasi

Ulashish