QORA O‘RADAGI SAYYORA (yozuvchi Alisher Fayzullayevning “Ajdar sayyorasi” hikoyalar to‘plami haqida):

QORA O‘RADAGI SAYYORA  (yozuvchi Alisher Fayzullayevning “Ajdar sayyorasi”  hikoyalar to‘plami haqida)
53

“To‘ng‘ich botir” va “Baxt”


Asarning borlig‘i nima? Bu uyg‘unlik. Uyg‘un bir dunyo yaratish. Dunyoga qarang, hamma narsa uyg‘un bo‘lgani, tortishish kuchi o‘z qoidasiga muvofiq ishlagani uchun joyida turibdi. Bo‘lmasa, telba-teskari bo‘lib ketardik. Tanamiz hujayra zarralaridan yig‘ilgan va bir zarraga nishday talofat yetsin-chi? Nima bo‘ladi? Aynan hujayralarni ham o‘z vaqtida, maromida ishlatadigan narsa ham bu uyg‘unlik – ya’ni hujayra matritsasi. Hujayra matritsasi hujayralarni bir-birining ishini tartibga soladigan muhitda ushlab turadi. Asarda ham shunday ko‘zga ko‘rinmas yupqa matritsa bor. Xuddi olam matritsasi ko‘zga ko‘rinmagani kabi u ham ko‘z ilg‘amas. Ammo seziladi, tuyiladi. Olamning bu uyg‘unligi koinotning azal va boqiy qoidalariga ko‘ra ishlaydi. U qanday bu holga kelib qolgani Sir. Tana bilan ham shu jarayon kechgan. Asar bilan ham xuddi shunday. Agar shu uyg‘unlik bo‘lmasa yo buzilsa, asar o‘z maromiga yetmaydi. Aytaylik, qalamkash kimdandir o‘g‘irlab, nimadir yozyapti. Albatta bu seziladi. Chunki uyg‘unlik yozish mahali ijodkor qalbida sodir bo‘ladi. Kimdandir ta’sirlansa-yu, o‘sha uyg‘unlik qal­bida ham sodir bo‘lsa, bu endi ko‘chirma emas, mutlaqo boshqa ruh, boshga asar. Mana shuning nomi ijod. Yaratuvchanlik, olam yaratish yoki biror “tana tiklash”. 


Alfayzning har ikki hikoyasi tush motiviga quriladi. Tushda kechyapti, ammo hush alahsiraydi. Ya’ni hushda tushdagidek alahsirash emas, tush ichida hushni alahsirash. Ehtimol, Alfayzgacha ham tush va alahsirashdan asarlar barpo bo‘lgan, ammo Alfayz qalbi va qalamidagi uyg‘unlik kuchi bilan mutlaqo boshqa narsa yaraladi – tush ichida hush ba’zi-ba’zida alahsirab turadi va ko‘nglingizga moyday yoqadiki, hikoyalarda ilg‘anmas, ammo olam matosidek tebranib turgan uyg‘unlik bor. 


 “Ajdar sayyorasi” va “

Ajdar sayyorasi – 2” hikoyalari


Olam matosiga – matritsaga kosmik jism og‘irlik qilsa, qora o‘ra paydo bo‘ladi. Ya’ni qora sayyoraning og‘irligi o‘z atrofidagi matoni g‘ijimlab o‘ziga yutadi, tortadi. “Baxt” va “To‘ng‘ich Botir” yozilgan muddatlardan ancha o‘tib Alisher Fayzullayev ismli yozuvchining qalbdagi uyg‘unlik matosiga ham borlikning o‘zi og‘ir kela boshlaydi. Ijodkor qalbida qora o‘ra paydo bo‘ladi. Ammo yo‘q, bu qora o‘ra koinotdagi ekvivalentidan farqli o‘laroq o‘zidan nimadir chiqarar ekan – nur! Qora nur! Bu qora nur sekin sizib, badiiy dunyoda endi “Ajdar sayyorasi” degan yangi nom ostida yerlashadi. Bu o‘sha koinot va inson qalbidagi qora o‘ralar yodi. Bu hikoyani ilk o‘qiganimda suyaklarimgacha qaqshab og‘rigan. Chini bilan aytayapman. Chunki u inson yuradigan katta og‘riq bilan yulingan og‘ir, shu bilan birga vahshatli uyg‘unlik edi, vahshatli go‘zallik! Kimningdir yuragidan yulingan ruh parchasi, xuddi yulduzlar portlashi koinot matosiga larzali ta’sir qilgandek keskin ta’sir qiladi, nafas yetmay qoladi. “Ajdar sayyorasi” ijodkor qalbida, xuddi qora o‘ralar paydo bo‘lishi qancha uzoq vaqt olsa – yulduz yashab, umrini tugatib, so‘ng ichiga qulashiga million yil ketishi kabi – shuncha uzoq vaqtda pishib yetilgani ma’lum. Har bir jumla ortida o‘sha qora materiyalar og‘irligi kabi og‘irlik bor! Har bir jumla uzoq va og‘ir, uzun yashalgan! Har bir jumla hissiy yashalishdan so‘ng tafakkur qatlamiga o‘tib, insoniyat tomonidan umri uzaytirilib kelayotgan ma’noning haqiqatlari – mifologik obrazlar bilan qayta tiriltirilgan. Bu zamonaviy mif tushda yo hushda, yo uzoq o‘tmish emas, shundoq yonimizda, Qatortolda sodir bo‘ladi. Ammo u ijodkor qalbida ming yil davomida sodir bo‘lgandek. Ayni shu hikoyasidan boshlab Alisher Fayzullayev o‘z miflarini yaratishi boshlanadi. O‘zi­ning zamonaviy mifik dun­yosini! Bungacha men hozirgi zamonaviy adabiyotimizda bunday zamonaviy, falsafiy va o‘ta hissiy to‘yingan zamonaviy mif o‘qimagandim! To‘g‘ri, zamonning mifik dunyosini yaratishga urinishlar bor. Ammo sun’iylik darrov seziladi. Chunki hissiy to‘yinmagan.


Fayzullayev esa o‘zining chuqur va og‘ir hissiy olami, boy tafakkur dunyosi uyg‘unligida mif yaratishni maqsad qilmay, mif yaratadi. O‘zi ijodda tabiiy ritm, yo his fikrga olib borsagina ijod sodir bo‘ladi, uyg‘unlik paydo bo‘lib, asar yashab qoladi. 


Hikoyani “Ajdar sayyorasi” to‘plamida qayta o‘qirkanman, birinchi marta nainki his topilgan fabula, sujet va motivlardan qattiq hayajonga tushganimdek larza sezmadim. Nega? Sababi, hikoya e’lon qilinganidan beri katta ta’sirga ega bo‘lib kelyapti. Undagi o‘ra, tuproq chaynash va ilonga 40 yil odam ko‘zi tushmasa, ajdarga aylanishi allaqachon ko‘p o‘quvchilar uchun oddiy bo‘lib ulgurdi. Bu ham hikoyaning xizmati. Hikoya shu qadar biz o‘quvchilarga singishib ketdiki, endi u xuddi birinchi marta Alfayz hikoyasida yozgandek tuyilmaydi, go‘yoki, buni biz ming yildan beri bilardik. Bu ham hikoya haqida ancha-muncha yozilgan tahlillar va fikrlar samarasi. Hikoyadagi mutlaqo uyg‘unlik  undagi bo‘lgan  ma’noni o‘zimniki qilib berdi, qadrdon qilib berdi. Bu hamma hikoyalarga va hamma ijodkorlarga nasib etavermaydigan hol. Aynan shu hikoyadan boshlab Alfayz hikoyalarida ulug‘ uyg‘unlik ko‘rindi. Va u goh bir hikoyada kamroq, boshqasida ko‘proq ko‘rindi. Ammo chuqurlashdi. Mustahkamlandi. Aslo salqi tortmadi. 


Atymoqchi, nega qora o‘ra haqida boshladim o‘zi? Chunki bu sayyora o‘radagi sayyora, qora o‘radagi sayyora va uning nomi Ajdar sayyorasi! Yozuvchi oradan vaqt o‘tib, hikoyaning ikkinchisini yozishga ehtiyoj sezadi. Hikoyaning birinchisida mutlaqo savqitabiiy bilan zamonaviy mif yaratgan bo‘lsa, ikkinchisida endi o‘zbek mifologik dunyosini zamonaviy inson qalbida tiriltirib ko‘rmoqchi bo‘ladi – o‘z qalbida. Endi anglab qiladi bu ishni. Ammo Alpomishga tuproq yediradi, ilonga evriltiradi. Qiziq bir moslik: yaqinda folklorshunos olim Shomirza Turdimov “biz millat sifatida, xuddi Alpomish yotgan zindondamiz, hali undan chiqolmadik” deb aytdi. Qarangki, yozuvchi o‘zining bundan uch-to‘rt yil oldin yozgan “Ajdar sayyorasi-2” nomli hikoyasida Alpomishning aynan o‘sha zindon holatini badiiy qayta ishlab, zamonaviy hikoyaga aylantirgan va Alpomish o‘z qudug‘i(zindoni)dan chuqur qaza-qaza ilonga evrilgan, ammo hamon o‘radan chiqolmagandi. Unga chiqish uchun bir kalamush yordam bermoqchi bo‘ladi, afsuski bu yolg‘on bo‘lib chiqadi! Chunki faqat o‘z kuchiga suyanib, o‘z yordamida chiqiladi bu o‘radan. Yozuvchi nega Alpning zindondagi holatini qalamga oladi, chunki u o‘zining ham, zamondoshlarining ham, savqitabiiy holatda, millatning alp qiz-u erlari zindonda yotganini anglaydi va o‘sha ming urinib, chiranib chiqolmayotgan o‘zbekning zindondagi qalbini badiiy sathga olib o‘tadi. O‘sha qalbdagi kuchanish, intilish, chiranish, umidsizlig-u so‘ngsiz kurashlarning badiiy solnomasini yaratadi! Zamonaviy adabiyotda o‘zbek qalbi badiiy solnomasi yo‘q deymiz, ammo bu-chi, bu qalbimiz haqida, hozirimiz haqida kichik hajmli hikoyadagi badiiy solnoma bo‘lmay nima?! Qolaversa, hikoya shunchaki qurilmaydi, u o‘zbek qalbini, o‘zining qalbiga ming yillar davomida yerlashgan alp haqidagi xotiraning, hayotning yangi va to‘g‘ri talqiniga quriladi. U zamonga badiiy va hissiy to‘yingan, badiiy va hissiy yetukligi bilan javob beradi.


Aytmoqchi, biz mustaqillikni kurashib olmaganmiz deymiz, shunga chinakam erk qadrini bilmaymiz deymiz. Alfayzning Alpomish misolida qora o‘rada qolgan qahramoni ham shuni biladi, o‘zi kurashib olmasa, kurashilganining nima ekanini anglolmaydi. Xalqning ziyolisi ham, Alfayz qahramoni ham buni anglagan, ammo ular qanday chiqish va qanday kurashga yo‘l topolmaydi. Alfayzning mazkur ikki hikoyasidagi qahramoni faqat yozuvchining yo‘l topolmaslik qalb nidosi emas, zamonaviy o‘zbek alpining og‘rig‘i va dodi hamdir. Ya’ni shaxsning. Alfayz hikoyalarida aslida, go‘yoki bitta shaxs og‘rig‘i haqida gapiradi, qarangki, o‘sha shaxs og‘rig’i elning katta og‘rig‘i bo‘lib chiqaveradi. Bu ma’no tomonlama. Ammo badiiy qurilish tomonlama ham yozuvchi qalbida cho‘ng uyg‘unlik matosi-da yetiladi: har bir motiv va to‘liq hikoya sujeti.


Vaqt o‘tib Qultoyni topgan Alpomish Boychibor­ning 88-evara tulporiga duch keladi, muallifga ko‘ra 88 bu – cheksizlik soni, otning nechanchi avlodligi ahamiyatsiz, u qahramonning cheksiz vaqt bo‘shlig‘i ichida qolganini ifodalaydi. Ha, jarayondan uzilgan odam va xalqlar uchun vaqt hech narsani o‘zgartirmas turg‘un bo‘shliqqa evriladi. Surxayil esa bosh olib yer tagiga kirib ketadi – o‘ziga g‘or qazdirib, yer tagiga kirib ketadi. Surxayil maston, Alpomishga teng kuchli raqib, doston voqeligida uni Alpga aylangan qahramon zindondan chiqib, kunpayakun qiladi, hikoyada esa o‘ziga teng raqib qolmagan va o‘g‘illariga aza ochgan maston Alpomish kabi yer ostiga kirib ketadi. Yana hikoya qadimgi bir mifologik matnni urg‘ulaydi. Ilon 40 yil odam ko‘rmasa, ajdarga, ajdar 40 yil yotsa, pariga, pari 40 yil  odam nazari tushmasa, mastonga, maston 40 yil o‘z o‘rasida qolsa, Yuhoga aylanadi va Yuhoni endi hech kim to‘xtatolmaydi! Kim biladi, biz balki hikoyaning 3-, 4-variantlarida Yuhoga aylangan va hech kim to‘xtatolmas qora dushmanni – yerga kirib, 40 yil yotgan Surxayilni ko‘rarmiz! Elimiz boshidagi dushmanni yozuvchi mana shunday talqinda badiiy sathga olib kirar, yoki mastonga teng kuchli raqib – Alp o‘z o‘rasidan chiqishga kuch topar-u, qalbidagi va vatanidagi dushmanlarni tumtaraqay qilib, avvalo o‘zini, keyin elatini porloqlikka ko‘tarishga kuch topar! Bu endi yozuvchi o‘ylovidan ko‘ra davr va zamon masalasidir!


Tillaniso NUR