Bola va pul munosabatlari qachondan, qanday yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘ri?

Mulohaza, taklif Bola va pul munosabatlari qachondan, qanday yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘ri?
54



Aslida pul nima? Oddiy qog‘oz. Kishilarning moddiy ehtiyojlarini qoplaydigan vosita. Lekin uning o‘rnini shunchalik yuqori darajaga ko‘tarib qo‘yganmizki, uning kamligi yoki yo‘qligi bilan odamlarning jamiyatdagi o‘rnini belgilashga harakat qilamiz. Pulimiz kam bo‘lsa, kayfiyatimizga ham ta’sir qiladi. 


Aslida, pul –  yaxshi ustoz! Uning borligi ham, yo‘qligi ham kishini harakat qilishga, fikrlashga, tasavvurini ishga solishga undaydi. 


Axborot oqimi rivojlangani sari kishilarning yashash sharoitlari yuksalgani, moddiy ehtiyojlari ko‘payib ketayotganini ko‘ryapmiz. Qalblarda bergan ne’matlariga shukronalik kamayib borayotgandek, nazarimda. Hamma hovliqqancha qayoqqadir shoshadi, jonsarak, asabiydek ko‘rinadi. 


Avtobusga chiqqanmisiz? Metroga oxirgi marta qachon o‘tirdingiz?


E’tibor berib kuzatsangiz, aksariyat odamlar tund, tushkun qiyofada... Tabassum bilan qaragan, hayotdan mamnunligi, baxtiyorligi yuz-ko‘zida aks etib turgan, nur taratgan misoli yorqin chehralarni ko‘rish amrimahol...   


Aminmanki, agar shu odamlarning qal­biga quloq tutib, uni qiynayotgan muam­mosini so‘rasangiz, aksariyatini moddiy masalalar qiynayotgan bo‘ladi. Shuning uchun izimizdan o‘sib kelayotgan farzand­larimizning moddiylikka, pulga bo‘lgan munosabatini bolaligidan to‘g‘ri tarbiyalash muhim. 


– Bola ota-onasining moddiy ahvoli, oilaviy imkoniyatidan xabardor bo‘lishi kerak, – deydi toshkentlik Dilobar Ergasheva. – Ota-ona o‘zaro suhbatda bo‘lsa ham pul qanday topilayotganini tushun­tirishi, sekin-sekin oilaviy muammolarga bolaning diqqatini jalb etishi kerak. Biror masalani hal qilayotib boladan hech bo‘lmaganda fikrini so‘rash lozim. Shundagina farzand oilaga tegishliligini, uning ham ovozi hisobga olinishini his qila boshlaydi. Bolaning og‘zidan chiqqanini muhayyo qilaverish ham uni tantiq, erka qilib qo‘yadi. O‘zim tahririyatda operator-teruvchilik qilib, ro‘zg‘or tebratardim. Turmush o‘rtog‘im avtohalokatdan keyin nogiron bo‘lib qolgandi. Qiyin sharoitda bolalarimni o‘qitdim. Shunday bo‘lsa-da, qorni och yurmasligini ta’kidlab, imkonim boricha yo‘lkirasi va boshqa ehtiyojlariga pul berardim. Ayniqsa, to‘ng‘ichim Nodir vaziyatni ko‘rib, bilib turgani uchunmi, tez yonimga kirdi. Ta’til payti viloyatda yashaydigan ammasinikiga borib, sigir boqish, dalada ekinlar ekib yetishtirish, turli poliz mahsulotlarini olib kelib bozorda sotish kabi jarayonlarning ichida o‘sdi. Shaharga kelib ham uyimiz atrofidagi tomorqani chopib, turli sabzavot, ko‘katlar yetishtirardi. Meva va sabzavotlarni terib, sotib kelar, puliga ro‘zg‘orga kerakli narsalarni olardi. Bolaligidan mehnatga o‘rgangani, bozorda kishilar bilan muo­mala madaniyatini o‘zlashtirgani uni har bir muammoga tadbirkorlik bilan yechim topishga o‘rgatdi. Hozir o‘g‘illarim yirik tadbirkor. O‘z farzandlari o‘qishi, intilishi, komil inson bo‘lib yetishishi uchun shart-sharoitlar yaratib berishmoqda. 


Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bolaga pul berish kerakmi? Yosh bola pulni keraksiz o‘rinlarga ishlatib qo‘ymasligi uchun qanday choralar ko‘rish kerak? Bolani pul buzadi, degan gaplar qanchalik to‘g‘ri? 


Bu mavzu haqida Habibulla Qodiriy­ning “Otam haqida” kitobida o‘qiymiz: 

“... – Ada, menga kitob olishga pul kerak. 

– Yaxshi, – deb so‘raganimni berar edilar. Biroq bundan pulni osongina olib ketdi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, kechqurun chaqirib so‘rar edilar:

– Kitob oldingmi?

– Oldim.

– Qani, keltir.

Men kitoblarni keltirib oldilariga qo‘yardim. Muqovasidagi bahosini hisob­lab chiqar edilar.

– Qolgan pul qani?..

Dadam menga faqat birgina morojniyga ruxsat etar, qolganini qaytarib olar edilar. Maktabga ketishimda ham pulni juda o‘lchovli, tramvayga va bir-ikki stakan suvga loyiq berar, peshinlik ovqatni-ku, uydan papkamga solib olishga buyurar edilar. U kishining bizga nisbatan bunchalik siqiq bo‘lishidan bibim goho ranjirdi:

– Bolaga mehring juda qattiq, Abdulla...

– Gap qattiqlikda emas, oyi, pulga o‘rgatmaslikda, pul bolani buzadi... – der edi jiddiy va o‘z “qoida”larini davom ettiraverardi”.

Asar muallifi bu tutum bugungi zamonga qanchalik to‘g‘ri kelish yoki kelmas­ligini bilmasligini, biroq o‘sha vaqtda ranjigan bo‘lsa-da, bugun shu tarbiya uchun rahmat deyman, deya fikrini bildirgan. 

Abdumurod Tilovovning “Bolalarga gap uqtirish san’ati” kitobida shunday keltiriladi:

“Bolaligi og‘ir sharoitlarda o‘tgan ota-onalar ko‘pincha “Men qiyinchilik ko‘rdim, farzandim qiynalmasin, hech narsaga zoriqmay ulg‘aysin” deb farzandining har bir istagini bajarishadi, xatti-harakatlarini cheklamaydi. Ular mana shu tarzda farzandining baxtli bo‘lishiga ishonishadi. Biroq o‘ylaganlarining teskarisi bo‘ladi. Bola erkatoy, mas’uliyatsiz, qo‘lidagi narsaning qadriga yetmaydigan, gap tinglamaydigan va boshqalarni hurmat qilmaydigan shaxs bo‘lib o‘sadi.


“Hech narsaga zoriqtirmadim, yema­dim, yedirdim, kiymadim, kiydirdim, urmadim, urishmadim, nega bunday bo‘ldi?” deb hayron bo‘lib qolganlar qancha hayotda. 


Kuzatishlar bolalarning har sohani bilishlari, boshqalar bilan sog‘lom munosabat o‘rnata olishlari va muvaffaqiyatli bo‘lishlari uchun ularni  yo‘naltirib tura­digan cheklov va chegaralar zarurligini ko‘rsatmoqda. 


Qoidalar va cheklovlar aslida bolaga zarar keltirmaydi. Bola unga ahamiyat berilayotgani sababli chegaralanayotganini tushunib yetadi. Bola biror narsa istaganida uning rostan ham shu narsaga ehtiyoji bormi, yo‘qligini bilish muhim. Agar ehtiyoj bo‘lsa, bajarish; zarurat bo‘lmasa, u shunga loyiq bo‘lgandagina istagini qondirish lozim. Shu tariqa bola ba’zi istaklariga mehnat qilsagina erishishi mumkinligini anglab yetadi. Qolaversa, mehnati evaziga erishgan narsasining qadriga yetadi.


Bolaning zaruriy ehtiyojlarini qondirmaslik qanchalik noto‘g‘ri bo‘lsa, ularning har qanday istagini bajarish ham shu qadar xatodir”.


– Bolaga nimani taqiqlasang, shu narsaga ko‘proq qiziqib ko‘radi, bu tabiiy, – deydi Payariq tumanidagi 97-maktabning tarix fani o‘qituvchisi Fotima Hasanova. – Otam rahmatli pul so‘rasak, bizga “ana, televizorning ustiga qo‘yib qo‘yganman, o‘sha yerdan ol”, derdi. Keragini olardik, keyin nimaga va qancha ishlatganimizni albatta so‘rardi. Hozir 5-sinf o‘quvchi­lariga sinf rahbariman. Yonida har doim puli bo‘lgan va har zamonda pul berilgan bolani bir qarashda ajratsa bo‘ladi. Qo‘liga pul tushib qolgan o‘quvchi hovliq­qancha birinchi dars tugashi bilan maktab oshxonasiga yuguradi. Bo‘lar-bo‘lmas narsalar olib, darrov pulini tugatadi. Doi­miy puli bo‘lgan bola esa ko‘zi to‘q bo‘ladi, bosiqlik bilan keragini ishlatadi. Yoshlikdan bolaga pulni taqiqlash emas, aksincha pul bilan muomala qilish ko‘nikmasini o‘rgatish kerak. Ota-onalarga ko‘p aytaman, ortiqcha pul bermang, bergani­ngizni nimaga ishlatganini albatta so‘rang, deb. Bola unga pul berish bilan ishonch bildirilayotganini his qilsin. Shundagina farzandlarimiz mas’uliyatni his qilib, o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qiladilar.   

   

Bugun ijtimoiy tarmoqlarsiz kun o‘tmaydigan, bir kun telefonsiz bo‘lsak, bir narsamizni yo‘qotib qo‘yganday betoqat bo‘lib qoladigan zamondamiz. Maktab o‘quvchilarining ham qo‘lida shu matoh. Internetga kirsa, hamma omadli, baxtli, boy, hashamatli hayotini ko‘z-ko‘z qiladi. Shu o‘rinda xalq shoiri Gʻafur Gʻulomning “Yondaftardan” deb nomlangan bitiklaridan: “O‘zini badavlat ko‘rsatishga uringan kishi chinakam kambag‘aldir” degan fikrini keltirish to‘g‘ri bo‘lardi. Ko‘z-ko‘z etilgan to‘kin dasturxon-u restoranlar, zavq-u shavqqa to‘la sayohatlar, qimmatbaho buyumlar-u mashinalarni ko‘rgan yosh bola ham shunday hayotga erishishni xohlaydi, tez boyib qolgisi keladi. Natijada o‘smir yoshdagi bolalar, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik ortib bormoqda. 


Oliy sudning rasmiy telegram kanalida joriy yilning 30-yanvarida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2025-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan sudlangan shaxslarning 23 ming 973 nafari yoshlar(shu jumladan, 2 ming 431 nafari voyaga yetmaganlar) ekanligi kishini tashvishga soladi. Sodir etilgan jinoyatlar turiga e’tibor bersak, o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik, narkotik moddalar savdosiga aralashuv kabi jirkanch illatlar sanab o‘tiladi.  


Qalbida ma’naviy bo‘shliq, yetarlicha tushunchalarga ega bo‘lmagan yoshlar, afsuski ijtimoiy tarmoqdagi 90 foizi yolg‘on va soxtalikdan iborat bunday “sahna”larni rost deb qabul qiladi. Qisqa muddatda, oson yo‘l bilan boyib qolgisi keladi. 


Buyuk kishilar ko‘p ta’kidlagan bir haqiqat bor: har narsada me’yor yaxshi, ya’ni “oltin o‘rtalik”. Bolaga umuman pul berilmasa, pulga qiziqib, ko‘proq intiladi. Keragidan ortiq mablag‘ berilganda ham ko‘p hollarda oqibati yaxshilikka olib bormaydi.  

– Bolaga “cho‘ntak puli” berilishi kerak. Chunki o‘quv qurollariga yoki boshqa narsasiga kerak bo‘lib qolishi mumkin, – deydi Boymurod Shermatov. – Bola-ku, tengdoshi iste’mol qilayotgan taomni ko‘rib, uning ham yegisi kelib qolishi tayin. Turmush o‘rtog‘im bilan shu masalada ko‘p tortishib qolamiz. U uyda ovqat tayyorlab qo‘yaman yeyishlariga, ortiqcha pul bermang, deya ta’kidlaydi. O‘g‘illarim xususiy maktabda o‘qishadi. Kunbo‘yi maktabda, 4 mahal ovqati bor. Shuning uchun ularga kitobga pul so‘rashsa, beraman. Lekin qizlarimga onasidan yashirib bo‘lsa ham mablag‘ berib turaman. Qiz bola pulsiz yurishi kerak emas.   


“O‘zi aslida bolaga necha yoshdan pul berilishi kerak? Bolajonlarning maqola avvalida ta’kidlanganidek, moddiy boyliklarga, pulga qiziqishi ortib borayotganini mutaxassis sifatida qanday baholaysiz?”


Shunday savollar bilan shaxsiy moliya bo‘yicha murabbiy, inflyuenser va investor Saida’zam Xo‘jayevga murojaat qildik.


– Bolaga pulni o‘zi so‘ray boshlaga­nida berish kerak. Aniq yoshi bormi, deydigan bo‘lsak, 5-6 yoshdan boshlab bolani pul bilan munosabat qilishga o‘rgata borgan ma’qul. Bu yoshdan kechikmasa, yaxshi bo‘ladi. Bolaning moddiylikka qiziqishi, bir so‘z bilan aytganda, yaxshi. Bizning bolaligimizda kishilarda qandaydir moddiy boylikdan qo‘rquv bo‘lgan, pul munosabatlari o‘rgatilmagan. 


E’tibor qilsak, tabiatda jonivorlar o‘z bolasiga ov qilishni o‘rgatadi. Shermi, yo‘lbarsmi, jamiki hayvonlar, hattoki qushlar ham qanday qilib yemishini topib, donini terib yeyishni o‘rgatadi. Bizda esa ov qilish – bu pul topish demakdir. Demak, biz ham farzandlarimizga faqat maktabda, OTMda o‘qishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun sharoit yaratish bilan cheklanmasdan, birinchi navbatda pulni to‘g‘ri boshqarishni o‘rgatishimiz kerak. Bolaga yoshligidan so‘raganida pul berish, uning nimaligini, nima uchun ishlatilishini,  qayerdan paydo bo‘lganini ota-ona to‘g‘ri tushuntirishi zarur. Uni tejab, ortiqcha xarajat qilmasdan, jamg‘arib borishni o‘rgatish maqsadga muvofiq. Bolaga moliyaviy savodxonlikni ilk yoshlaridan o‘rgata  borish kerak. Ilk iqtisodiy saboqlarning ustuni bo‘lmish uchta asosiy formulani: bankrotlik formulasi(agar qarzga yashayotgan bo‘lsa, ya’ni xarajatlari daromadidan ko‘p bo‘lishi), kambag‘allik formulasi(qancha topishidan qat’i nazar, xarajati daromadiga teng bo‘lishi) va boylik formulasi(daromadi xarajatidan ko‘p bo‘lsa, orttirgan pulini kelajakka investitsiya  qilishi)ni bolaligidan sekin-sekin o‘rgatib borish kerak.    

Nazokat XOLMETOVA, 

“Ma’rifat” muxbiri


Maqola muallifi

Nazokat XOLMETOVA

Nazokat XOLMETOVA

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish