Dissertatsiyalar amaliyotdan uzilib qolmoqda!

Dolzarb mavzu Dissertatsiyalar amaliyotdan uzilib qolmoqda!
83



Har yili O‘zbekistonda yuzlab falsafa doktori(PhD) va fan doktorligi(DSc) dissertatsiyalari yoqlanadi. Ilmiy tadqiqotlarda “ilmiy ishning dolzarbligi” va “amaliy ahamiyati” yaqqol ko‘rsatib beriladi. Ammo amaliyotda bu natijalar qay darajada joriy qilinmoqda?


Afsuski, bugungi kun holati shundan dalolat beradiki, mamlakatimizda ilmiy-tadqiqot natijalarini ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga transfer qilish tizimi juda past darajada. Ilm-fanning milliy iqtisodiyotga ta’siri yetarli emas. Himoya qilinayotgan ishlarning 10–15 foizi ishlab chiqarish va jamiyat hayotiga integratsiyalashadi. Shu kungacha 300 dan ortiq PhD uchun mustaqil tadqiqodchi va doktorantlarga ilmiy ish yozish bo‘yicha “PhD sari qadam”, “Ilm va oila”, “Gʻoyadan dissertatsiyagacha” kurslarida dissertatsiya mavzusini shakllantirishdan tortib uni himoya qilish va amaliyotga joriy etish bosqichlaridan dars berar ekanman, doktorantlarning 80 foizining mavzusi ilmiy rahbari tomonidan shunchaki tanlab berilganligi va bu mavzularning amaliyotga joriylanishi pastligiga shaxsan guvohman. Doktorant himoya payti qog‘ozbozlik uchun turli idora va tashkilotlardan(pul va tanish-bilish orqali) “Ilmiy ishning amaliyotga joriylanishi haqida ma’lumotnoma” oladi. Dissertatsiya himoya qilinadi va unutiladi. Real hayotga joriy etilmaydi. Hatto o‘ta dolzarb bo‘lgan dissertatsiya ishlari ham ilm-fanning qaysidir tarmog‘ida qo‘llanishi o‘rniga eskicha metodika davom etaveradi. Bu bir mening emas boshqa soha vakili bo‘lgan hamkasblarimning ham dardi va muammosi.


Mavjud muammolarni soddaroq qilib tushuntirsak:

1. Ilmiy natijalarni qabul qiladigan amaliyotchi tuzilmalar mavjud emas. Dissertatsiyada berilgan metodlar, modellar, texnologiyalar ularni qabul qilib oladigan sohaviy tashkilotlar bilan bog‘lanmagan.
2. Monitoring va baholash tizimi yo‘q. Ilmiy ish natijasining qachon, qayerda, qay tarzda joriy etilgani haqida yagona ma’lumot bazasi mavjud emas. 
3. Ilmiy faoliyatning iqtisodiy natijasi hisobga olinmaydi. Ilmiy ish samarasi jamiyat va iqtisodiyotga ta’siri nuqtayi nazaridan emas, balki qog‘ozbozlik asosida baholanadi.


Jahon amaliyotida bu masala qanday yo‘lga qo‘yilganligiga qiziqdim.


Buyuk Britaniya: Research Excellence Framework (REF)

  Har 5 yilda universitet tadqiqotlari ta’sir(impact) bo‘yicha baholanadi.

  Dissertatsiya yoki ilmiy loyiha natijasining ijtimoiy, iqtisodiy va ta’lim sohalariga ta’siri asosiy mezon hisoblanadi.

  Ilmiy guruhning moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi aynan shu ta’sir ko‘lamiga bog‘liq.

Janubiy Koreya: Kommersiyalashgan ilmiy ish

  Har bir dissertatsiya natijasi uchun commercialization indeksi yuritiladi.

  Ilmiy ish mahsulot, texnologiya, startap yoki patent shak­lida ishlab chiqarilishi zarur.

  Tadqiqot natijasi amaliyotga tatbiq etilmasa, unga berilgan grant yopiladi.

Germaniya: Texnologik transfer markazlari

  Universitetlarda maxsus “texnologiyani transfer qilish markazlari” mavjud.

  Ilmiy natijalar sanoat, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassa­salari bilan bog‘lanib, shartnoma asosida joriy qilinadi.


Takliflar

1. Milliy tadqiqotlar platformasini yaratish. Har bir dissertatsiya natijasini ro‘yxatga oladigan va joriy etilish jarayonini kuzatib boradigan elektron tizim tashkil etish zarur.

2. Ilmiy ta’sir indeksi joriy

etilishi lozim. Ilmiy ishni baholashda Scopus ballari bilan bir qatorda, uning real hayotdagi ta’siri ham e’tiborga olinishi kerak.

3. Universitetlar va sohaviy tashkilotlar o‘rtasida shartnoma asosida ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish.

Tadqiqot mavzusi ilmiy rahbar emas, balki ijtimoiy buyurtmachi – iqtisodiy yoki ta’limiy sohalardan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim.

4. Ilmiy ishni patentlash va litsenziyalashni rag‘batlantirish. Unumli tadqiqotlarga grantlar berish, startaplarga aylantirish uchun maxsus dasturlar tashkil etish kerak. Grantlar tadqiqotni olib borish uchun beri­lishi shart. “Dissertantning ishidan falon grant doirasida foydalanildi” degan feyk MA’LUMOTNOMA bilan o‘zimizni aldashni bas qilaylik!


Shaxsiy fikrim, agar ilmiy tadqiqot natijasi hayotga tatbiq etilmasa, u holda bu ilmning emas, balki qog‘ozning g‘alabasidir. Ilm faqat nazariy mulohaza emas, balki jamiyat muammolariga yechim berishi lozim. O‘zbek olimlarining ilmiy salohiyati ulkan, ammo uni real hayotga tatbiq etish uchun innovatsion va institutsional islohotlar zarur.


Gulnoza ODILOVA, 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti professori,

filologiya fanlari doktori(Dsc)

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish