"Hellados" – Vatan va Insoniyat darsi

Bir soatlik dars "Hellados" – Vatan va Insoniyat darsi
50



​Bugun Jizzax shahar 3-sonli ixtisoslashtirilgan maktabida men uchun juda hayajonli va sermazmun kun bo‘ldi. 5-"A" sinf o‘quvchilari bilan birgalikda gruzin adibi Nodar Dumbadzening "Hellados" hikoyasi asosida ochiq dars o‘tdim. Bu dars shunchaki adabiyot tahlili emas, balki haqiqiy ma’naviyat darsiga aylandi.



Zamonaviy texnologiyalar va fanlararo bog‘liqlik

​Darsimni nafaqat adabiyot, balki Geografiya fani bilan ham uzviy bog‘lagan holda tashkil etdim. Mashg‘ulot davomida audio materiallardan unumli foydalandim — asarning eng ta’sirli qismlarini audio shaklda tinglash o‘quvchilarga asar ruhini chuqurroq his qilishga yordam berdi.

​Doskamizdan yozuvchining portreti, uning asarlari yozilgan rangli varaqlar, Gretsiya va Gruziya davlatlarining bayroqlari hamda ramziy "Poseydon" kemasi tasvirlari joy oldi.

O‘quvchilarning darsni chuqurroq anglashlari uchun zamonaviy pedagogik texnologiyalardan samarali foydalandim:

​"Zanjir" usuli orqali asar voqealarini mantiqiy bog‘ladik.
​"Sinkveyn" orqali obrazlarga tavsif berdik.
​"Pinbord" interaktiv usulida ma’lumotlarni tizimlashtirdik.
​"FSMU" texnologiyasi orqali esa o‘quvchilar o‘z dunyoqarashlarini dalillar bilan isbotlab berdilar.


Maqsadimiz – Vatanparvar avlod!

​Darsning bosh g‘oyasi – o‘quvchilarni vatanparvarlik, insoniylik, o‘ziga bo‘lgan ishonch va g‘urur ruhida tarbiyalash edi. Asar qahramonlari orqali har bir insonda Vatanga sadoqat, uni har qanday vaziyatda ham sevish va unga xizmat qilish eng oliy burch ekanligini uqtirishga harakat qildim.


 

Natija va xulosalar

​45 minut vaqtimiz shunchalik shiddatli va samarali o‘tdiki, buni o‘quvchilarning barchasi darsda faol ishtirok etganidan ham sezish qiyin emas edi. Darsimizni kuzatib borgan to‘rtala mutaxassis ham dars jarayoniga va qo‘llanilgan metodlarga juda yaxshi deb yuqori baho berishgani men uchun eng katta quvonch bo‘ldi.


​O‘quvchilarimning faolligi, ularning Vatan haqidagi samimiy fikrlari meni ruhlantirdi. Zero, maqsadimiz – faqat bilim berish emas, balki qalbida milliy g‘ururi bor komil insonlarni tarbiyalashdir!

Maqola muallifi

To'lqin Xoljo'rayev

To'lqin Xoljo'rayev

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish