“Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur”
Dars shakli: Guruhlarda ishlash.
Maqsad:
a) ta’limiy: o‘quvchilar o‘rtasida shu bo‘limdagi hikoya, ertak, she’rlar va maqollar orqali qiziqarli musobaqa darsini o‘tkazish;
b) tarbiyaviy: ushbu bo‘limdagi asarlar orqali o‘quvchilarda mehnatsevarlikka, har xil kasb-hunarlarga qiziqish uyg‘otish;
d) rivojlantiruvchi: turli o‘yinlar orqali o‘quvchilarning og‘zaki nutqi, fikrlash doirasi, xotirasi va o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirish.
Dars metodlari: “Aqliy hujum”, “Hikoyani top”, “So‘z topish o‘yini”, “Tezkor savol-javob”, “Maqollar topish” va AKT.
Dars jihozlari: kesma harflar, asarlar mualliflari rasmi, mehnat qurollari rasmi, turli xildagi kartochkalar.
I. Darsning borishi.
1. Salomlashish.
2. Davomatni aniqlash.
3. Fasl haqida suhbat.
4. Noyabr oyidagi muhim sanalar haqida qisqacha suhbat.
O‘qituvchi: – Kuz fasli sovuq va bulutli bo‘lishiga qaramay, sinfxonamizda har doimgidek iliqlik hukm suraveradi. Shunday ekan, yangi musobaqa shak-
lidagi darsimizni boshlaymiz. Hamma darsga tayyormi?
II. Asosiy qism.
O‘qituvchi: ─ Bugun I bo‘lim yuzasidan qiziqarli musobaqa orqali takrorlash darsini o‘tkazamiz. Bu darsimiz har kungiga qaraganda boshqacha tus oladi, shuning uchun hammangizdan faol bo‘lishingizni so‘rayman.
II chorak boshida “Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur” nomli bo‘lim bilan tanishdik. Bugungi musobaqa darsimiz faqat shu bo‘limga doir asarlar bilan bog‘liq.
Endi guruhlarimiz bilan tanishib olamiz.
1-guruh: “Zukkolar”.
2-guruh: “Topqirlar”.
3-guruh: “Bilimdonlar”.
Darsimiz matematika, ona tili, tarbiya fanlariga integratsiya qilingan holda olib boriladi. Musobaqa shartlari bilan tanishamiz.
1-shart: O‘tilgan mavzular yuzasidan qisqa savol-javoblar.
2-shart: Raqamlar qatnashgan maqollardan aytish(matematika darsiga bog‘langan holda). Har bir maqol uchun 1 ta rag‘bat kartochkasi beriladi.
3-shart: Matndan parchalar o‘qish va u qaysi asarga tegishli ekanini topish.
4-shart: Ifodali she’r o‘qish.
5-shart: “So‘z topish” o‘yini.
1-shart. Savol-javob.
1-savol: Nasiba Erxonova haqida ma’lumot bering?
Javob: Bolalar yozuvchisi Nasiba Erxonova 1981-yili Samarqand viloyati Payariq tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan.
2-savol: “Arazchi svetofor” hikoyasining muallifi kim?
Javob: Nasiba Erxonova.
3-savol: “Arazchi svetofor” hikoyasida nima uchun svetoforlar arazladi?
Javob: Chorrahadagi mashinalar kimo‘zarga tez yurib, hatto svetofor ustunlarini urib ketaveribdi. Jahli chiqqan piyodalar esa svetoforning buyruqlarini pisand qilmay, qizil
chiroqda ham o‘tib ketganligi uchun arazladi.
4-savol: “Svetofor daraxt” qayerda joylashgan va unda nechta svetofor bor?
Javob: “Svetofor daraxt” Buyuk Britaniyaning London shahrida joylashgan. Undan 75 ta svetofor joy olgan.
5-savol: “Chin do‘st” hikoyasida muallif qanday g‘oyani ilgari surgan? Ya’ni qanday tarbiyaviy jihati bor?
Javob: “Chin do‘st” hikoyasida muallif kamtar, mehribon, saxiy va yaxshi inson bo‘lishni hamda maqtanchoq va manman bo‘lmaslikni o‘rgatadi.
6-savol: “Avtomobil” so‘zi qaysi so‘zdan olingan va qanday ma’noni
anglatadi?
Javob: Yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, “o‘zi yuruvchi” ma’nosini
anglatadi.
7-savol: Insonlarga yordam beruvchi qanday maxsus transport turlarini bilasiz?
Javob: 101 – o‘t o‘chiruvchi, 102 –ichki ishlar, 103 – tez yordam.
8-savol: Ne’mat Dushayev haqida ma’lumot bering. Darsligimizda uning qaysi asari berilgan?
Javob: Ne’mat Dushayev 1963-yili Toshkent viloyati Angren shahrida tug‘ilgan. Darslikda uning “Mehnat qurollari nima deydi?” she’ri berilgan.
9-savol: “Igna” hikoyasining muallifi kim va u qayerda tavallud topgan?
Javob: “Igna” hikoyasining muallifi Hakim Nazir, u 1915-yili Toshkentda tavallud topgan.
10-savol: Sora qaysi asar qahramoni?
Javob: Sora “Igna” hikoyasi qahramoni.
11-savol: Ilk po‘lat igna qayerda yasalgan?
Javob: Ilk po‘lat igna Xitoyda yasalgan.
12-savol: Zahro Hasanova haqida ma’lumot bering. Darsligimizda uning qanday asari berilgan?
Javob: Zahro Hasanova 1962-yili Toshkent shahrining Labzak dahasida tug‘ilgan. “Soat” she’ri berilgan.
2-shart. Maqollar aytish.
Bunda o‘quvchilar o‘zlari bilgan raqamlar qatnashgan maqollardan aytishadi.
3-shart. Matndan parchalarni topish.
Arazchi svetofor
Bir kuni uch og‘ayni o‘zaro gaplashib, bunday nohaqlikdan charchab ketganlarini aytib, dam olishga qaror qilibdilar.
Arazchi svetofor
Shunda odamlar bunday noqulaylikdan qutulish yo‘llarni izlabdilar. Falokatning oldini olish uchun muhandislarni yordamga chaqiribdilar. Texnik ustalar bor mahoratini ishga solib, svetoforlarni sozlabdilar.
Chin do‘st
Yurtning turli chetlaridan manzil tomon oshiqayotgan mashinalar taqdir taqozosi bilan bir yo‘lda uchrashib, oldinma-ketin ketishaveribdi. Bir payt mashinalar dam olish uchun bir daraxt tagida to‘xtashibdi.
Chin do‘st
Uchinchi ulov dilni og‘rituvchi gaplarni unutib, unga suv beribdi. Bundan xursand bo‘lgan ulov tezda yuzlarini yuvib, yana chiroyini ko‘z-ko‘z qilibdi.
Tez yordam – yordamga shay
Boburjonga oyisi yangi ertak aytib berarkan, uning qo‘ng‘iroq sochlarini silab-silab qo‘yardi. Xonada oyisining mayin ovozi eshitilar, ertaklarning qiziqligidan hatto tunchiroq ham uni berilib tinglayotganga o‘xshardi.
Tez yordam – yordamga shay
– Shifokorlardan juda ham qo‘rqaman. Nimaga ularning xalatlari oq bo‘ladi?
– Oq xalat tozalik va soflik belgisidir… Ular doimo oqko‘ngil va ochiq yuz bilan bemorlarni davolaydilar. Oq rang ishonch belgilisi ham sanaladi.
Igna
Keyin buvisining ishpechidan ignani olib, ko‘ylagiga tugmacha qadashga kirishdi. U ipni ignaga bir amallab o‘tqazdi-yu, u yog‘iga qiynalib qoldi.
Igna
Buviginasi darrov tugmachani chatib berdi. Sora bog‘chasiga borsaki, bolalar hozirgina tomoshaga ketishgan edi. Sora qovog‘ini solib, labini osiltirib uyiga qaytdi.
Soat
Ustasiga yugurdi,
Olib uni qo‘liga.
Dedi: ─ Davosini topib,
Solib bering yo‘liga.
4-shart. Ifodali she’r o‘qib berish.
Guruh sardorlari bo‘limda o‘tilgan teskari holatda qo‘yilgan she’rlardan birortasini tanlaydi. Guruhdagi o‘quvchilardan biri uni ifodali o‘qib beradi. O‘quvchilarga tanlash uchun bo‘limdagi “Mehnat qurollari nima deydi?” mavzusidagi “Bolg‘a”, “Ombur”, “Panshaxa” va “Arra” she’rlari beriladi.
Bolg‘a
Dangasa demang meni,
Men har ishda chaqqonman.
Bultur bir qop yong‘oqni,
Bitta o‘zim chaqqanman.
Bir qop yong‘oqqa, ehhe,
Qancha odam to‘ymoqda.
Mix deysizmi, bolg‘avoy,
O‘zi qoqib qo‘ymoqda.
Ombur
Xato qilsa bolg‘avoy,
Darrovda tuzataman.
Qiyshiq mixni sug‘urib,
To‘g‘rilab uzataman.
Ikki jag‘im – boyligim,
Ish ko‘p, ulgurish kerak.
Yordamlashib yuboring,
Mixni sug‘urish kerak.
Panshaxa
Xashak o‘rsa o‘roqvoy,
Yig‘ib, g‘aram qilaman.
Bundan tashqari sabzi
Qazishniyam bilaman.
Uy-ro‘zg‘orga qarashib,
Yoz-u qish ishim “besh”da.
Buyog‘in so‘rasangiz,
Barmoqlarim ham beshta.
Arra
Shoxmi, daraxt yo taxta
Shart-shurt arralagayman.
Hushyor bo‘ling, qo‘lingiz,
Yo‘qsa, yaralagayman.
Usta duradgor bilan,
Hali ko‘pdir ishlarim.
Tishlarimmi, temirdan,
Og‘rimaydi tishlarim.
5-shart. “So‘z topish” o‘yini.
Bo‘limdagi mavzularga oid so‘zlarning kesma harflari konvertga joylangan bo‘ladi. O‘quvchilar harflarni o‘z o‘rniga qo‘yib, so‘z hosil qilishi kerak.
Yordam ─ RYDOMA
Ko‘mak ─ KAMKO‘
Chaqqon ─ OQACHQN
III. Yakuniy qism.
O‘quvchilar har bir shartdan olgan “Rag‘bat”, “Harakat qiling” va “Jarima” kartochkalari yig‘ilib, ballar hisoblanadi. “Rag‘bat” kartochkasi uchun 5 ball, “Harakat qiling” kartochkasi uchun 4 ball va “Jarima” uchun 0 baldan hisoblanadi. 1-, 2-, 3-o‘rinlar aniqlanib, o‘quvchilar rag‘batlantiriladi. O‘quvchilarning I bo‘lim yoki
“Musobaqa darsi” yuzasidan savollariga javob beriladi. Darsda faol qatnashgan o‘quvchilar alohida rag‘batlantiriladi.
IV. Uyga vazifa.
O‘tilganlarni takrorlash.
Dilnoza BABASHEVA,
Olmaliq shahridagi
22-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
KARIM BAHRIYEV: MATBUOTNING ULUG‘ XIZMATI ROSTINI YOZISHIDIR ASSALOMU ALAYKUM, MAHORAT BILAN BIRGA JASORATNI O‘RGANAYOTGAN JURNALIST DO‘STIM!
“Xalqaro bolalar kitobi kuni”
O‘zbekistonda ilk bor o‘zbek imo-ishora tili onlayn lug‘ati veb-sayti va mobil ilovasi ishlab chiqildi
M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank
Mavzuga doir
TA’LIM VA ENERGETIKA: ikki sohaning uzviy bog‘liqligi nimada?
SO‘ZDAGI SEHR VA DILDAGI MEHR (Nobel mukofoti laureati pokistonlik Janna D’ark – Malala Yusufzayning mashhur nutqi haqida mulohazalar)
TA’MIRTALAB YOZUVLAR KIMDAN BUYRUQ KELISHINI KUTMOQDA?