Maktabda psixologik xizmat: o‘quvchi ruhiy salomatligi doimiy nazorat talab qiladi
O‘zbekistonda o‘quvchilarning 15,4 foizi o‘rtacha va o‘ta og‘ir darajadagi bezovtalikdan aziyat chekmoqda. Ushbu ko‘rsatkich mamlakatimizda 2022-yili UNICEF va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga asoslanadi. Unda respublikaning 14 hududidagi 299 ta maktabdan 22 854 nafar 6-, 9- va 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etgan.
Tadqiqot orqali o‘spirinlarning ehtiyojlari, ruhiy salomatligi va ruhiy-ijtimoiy farovonligiga ta’sir qiluvchi maktab bilan bog‘liq omillar o‘rganildi. Unga ko‘ra, o‘quvchilarning 10 foizdan ko‘prog‘i bilan ijtimoiy muloqot mavjud emas va ajratib qo‘yishdan aziyat chekadi, jumladan, har 10 o‘quvchidan bittasida maktab bilan bog‘liqlik hissi yo‘q (8,7 foiz), yanada ko‘prog‘i o‘zini maktabning bir qismi sifatida ko‘rmaydi (13,1 foiz) yoki sinfda o‘zini yolg‘iz sezadi (16,7 foiz).
Maktab o‘quvchilari qiyin vaziyatlarda ishonchli vakil sifatida yordam so‘rash uchun ota-onasini (77%), keyin do‘stlarini (55%) va boshqa qarindoshlarini (21%) ko‘rsatdi. Ushbu ro‘yxatda maktab psixologlari oxirgi o‘rinni egalladi: o‘g‘il va qiz bolalarning atigi 17 foizi ularga yordam so‘rab murojaat qilishini aytdi.
Ta’kidlash joizki, dunyo bo‘yicha 10 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har 7 nafar o‘smirdan birida ruhiyat buzilishlari uchraydi, ularning orasida bezovtalik va ruhiy tushkunlik (depressiya) yetakchilik qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda har yili 700 mingdan ortiq o‘z joniga qasd qilish holati qayd etiladi(2023). Biroq dunyo mamlakatlarida suitsid bo‘yicha tadqiqotlar sifati va qamrovi turlicha ekani sabab bu raqamlar taxminiy hisoblanadi. BMTga a’zo atigi 80 ta davlat bu holat bo‘yicha rasmiy ro‘yxatga olish ma’lumotlarini yig‘adi. O‘z joniga qasd qilish ayniqsa yoshlar orasida keng tarqalgan bo‘lib, 10–14 yoshdagi bolalar o‘limining ikkinchi sababi hisoblanadi. Shuningdek, 15–29 yoshdagilar orasidagi o‘lim sababi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi. Qolaversa, so‘nggi paytlari ayrim mamlakatlarda o‘quvchilarning maktab, sinfxonaga bostirib kirib, zo‘ravonlikka qo‘l urishi, shuningdek, boshqalarni turli sabablar bilan kamsitishi, ruhiy yoki jismoniy zarar yetkazishi bilan bog‘liq holatlar tez-tez kuzatilmoqda. Bunday fojiali voqealar jamiyatni jiddiy o‘ylantirishi tabiiy. Savol tug‘iladi: xo‘sh, maktab psixologi bunday holatlarning oldini olish, o‘quvchilardagi ruhiy buzilishlarni aniqlashda qanday rol o‘ynaydi?
Maktab psixologi, avvalo, o‘quvchilarning ruhiy holatini muntazam kuzatib boruvchi mutaxassisdir. U tajovuzkorlik, ichki zo‘riqish, ijtimoiy yakkalanish, kayfiyatning keskin o‘zgarishlari kabi xavf signalini beruvchi belgilarni erta bosqichda aniqlash imkoniga ega. Boisi, aksariyat holatlarda ruhiy buzilish bilan bog‘liq xatti-harakatlar birdan paydo bo‘lmaydi − uning ortida e’tiborsizlik, rad etilish, kamsitilish yoki ichki ruhiy ziddiyatlar yotadi.
Psixologning yana bir vazifasi − maktab muhitida bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat madaniyatini shakllantirishdir. Bunda sinf va maktab miqyosida psixologik treninglar, suhbatlar va profilaktik mashg‘ulotlar tashkil etilishi muhim hisoblanadi. Psixolog nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar va ota-onalar bilan hamkorlikda ishlashi lozim. Maxfiylikka asoslangan individual suhbatlar esa bolaga ichki bosimni xavfsiz yo‘l bilan chiqarishga yordam beradi.
Butun dunyoda maktab psixologlari o‘quvchilarning ruhiy salomatligi va ta’lim samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli ularning malakasi, ishlash sharoiti va maoshiga katta e’tibor qaratiladi. Maktab psixologlarining oyliklari mamlakat iqtisodiyoti va mutaxassisning ish tajribasiga qarab farq qiladi: AQSHda oyiga o‘rtacha 7–11 ming dollar, Shvetsiyada 4–5 ming dollar, Singapurda 7 500 dollar, BAAda 3 800 dollar, O‘zbekistonda esa o‘rtacha 3-4 million so‘m atrofida.
Ma’lumki, Finlandiya PISA reytinglarida yetakchi o‘rinlarni egallaydi, ya’ni uning ta’lim tizimi dunyodagi eng sifatlilaridan biri. Bu mamlakatda ham psixologik xizmat maktab tuzilmasining majburiy elementi sifatida tashkil etilgan. Maktab psixologlari o‘quvchilarning individual ehtiyojlarini aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda faol ishtirok etadi. Ularning o‘rtacha oylik maoshi 4-5 ming dollarni tashkil etadi.
Finlandiyada bolalar ruhiy salomatligiga g‘amxo‘rlik bog‘cha paytidanoq boshlanadi va maktabda ham tizimli davom ettiriladi. Fin maktablarida bir necha yildan buyon “Salomatlik darslari” o‘tiladi. Ushbu darslarda nafaqat to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik, balki ruhiy salomatlik, stressni boshqarish, o‘z his-tuyg‘ularini anglash, muloqot va ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, 13–16 yoshdagi o‘smirlar bilan ishlashga alohida urg‘u beriladi. Darslarni maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan pedagoglar olib boradi.
Fin maktablarida yana bir muhim lavozim − maktab hamshirasi mavjud. U nafaqat o‘quvchilarning jismoniy holatini kuzatadi, balki ruhiyatiga ham e’tibor qaratadi. Amaldagi me’yorlarga ko‘ra, bitta maktab hamshirasiga 600 nafardan ortiq o‘quvchi to‘g‘ri kelmasligi kerak. Bu esa har bir bola bilan individual ishlash imkonini yaratadi. Fin olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra, maktab hamshiralariga eng ko‘p murojaatlar diqqatni jamlay olmaslik, xavotir, tushkunlik, oilaviy muammolar bilan bog‘liq bo‘ladi. Maktab hamshiralarining tezkor aralashuvi ko‘plab muammolarning chuqurlashib ketishining oldini oladi.
Mamlakatimizda ham maktablarda psixologik xizmat ko‘rsatishning ahamiyatini hisobga olgan holda qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Biroq muammolar ham yetarli. Xususan, tajribali mutaxassislar yetishmasligi, maktab psixologlari maoshining pastligi, psixologik diagnostika vositalarining cheklanganligi, psixologlar malakasini oshirish va milliy standartlarni ishlab chiqish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Ushbu jarayon amaliyotda qanday yo‘lga qo‘yilgani, bolalar bilan individual ishlash va psixologik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida Yangibozor tumanidagi 33-ayrim fanlar chuqur o‘qitiladigan sinflari mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktabining psixologi Sevara Yo‘ldosheva bilan suhbatlashdik.
– So‘nggi yillarda maktab o‘quvchilari orasida zo‘ravonlik va bir-birini kamsitish holatlari tez-tez sodir bo‘lmoqda. Maktab psixologi mana shunday holatlarni qanday qilib erta aniqlashi va amaliy choralar orqali xavfli vaziyatlarning oldini olishi mumkin?
− Тo‘g‘ri, hozirgi kunda maktab o‘quvchilari orasida zo‘ravonlik va bir-birini kamsitish holatlari juda ko‘paygan. Buning asl sababi internet va turli gajetlarning bolalarimiz hayotiga tobora chuqur kirib borayotganidir. Aksariyat bolalar internetdagi videolarning mohiyatini to‘g‘ri tahlil qila olmaydi. Maktab psixologi ruhiy holatida o‘zgarish bor, zo‘ravonlikka moyil o‘quvchilarni aniqlash uchun har bir bolaning ijtimoiy pasportini shakllantirib olishi zarur. Bunda avvalo o‘quvchining oilaviy ahvoli haqida ma’lumot yig‘iladi, chunki tarbiya negizida oila turadi. Agar bola oilada mehr-e’tibor ko‘rmagan, kamsitilishga uchragan bo‘lsa, oila a’zolari tomonidan uning fikri so‘ralmasa, dildan suhbatlashilmasa, unda agressivlik shakllana boradi.
Shuningdek, psixolog sinf rahbarlari bilan ham hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘yishi kerak. Sinf rahbari xulqida o‘zgarish kuzatilgan o‘quvchini darrov aniqlab psixologga murojaat qilsa, katta muammolarning oldi olingan bo‘lardi. Masalan, juda sho‘x bolalar jiddiy tusga kirib olsa yoki og‘ir-bosiq bolalar haddan tashqari agressiv yoki jahldor bo‘lib qolsa, darsga qiziqishi yo‘qolsa, darrov psixologga murojaat qilinishi maqsadga muvofiqdir.
Maktab psixologi zo‘ravonlikka moyil o‘quvchilarni aniqlash uchun maxsus belgilangan dastur asosida so‘rovnomalar oladi. Masalan, “Deviant xulq-atvor” yoki “Delikvant xulq-atvor” so‘rovnomalari, proyektiv testlar sinab ko‘riladi. Aniqlangandan keyin maxsus korreksion guruh tashkil qilinib, trening mashg‘ulotlari olib boriladi. Olingan metodikalar asosida o‘quvchilarni aniqlab maxsus toifalarga ajratiladi, masalan, o‘z-o‘ziga zarar yoki o‘zgalarga zarar yetkazuvchi o‘quvchilar toifasi yoki oilasi notinch, muammosi bor o‘quvchilar aniqlanib toifalanadi. Shu asosida maxsus belgilangan metodikalar o‘tkazilib, korreksion ishlar amalga oshiriladi. Hafta kunlariga ajratilib trening mashg‘ulotlari olib boriladi. Har bir toifalangan guruh uchun maxsus chora-tadbir rejalari ishlab chiqiladi.
– Psixolog faqat o‘quvchi bilan ishlovchi mutaxassismi yoki u o‘qituvchi va ota-onalarning psixologik savodxonligini oshirishga ham mas’ul bo‘lishi kerakmi? Amaliyotda bu qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Maktab psixologlari faqatgina o‘quvchilar bilan emas, o‘qituvchi va ota-onalar bilan ham ishlashi zarur. Belgilangan ish rejasi asosida o‘quvchi, o‘qituvchi bilan qanday ishlash va ota-onalarga qaysi metodika va mashg‘ulotlar o‘tkazilishi aniq ko‘rsatiladi.
Faoliyatim davomida ko‘plab o‘quvchilar bilan ishlaganman, masalan, ota-onasi bilan munosabati yaxshi bo‘lmagan o‘quvchilar tez jazavaga tushadi. Ota-onasi ajrashgan o‘quvchilar esa hayotdan umidini uzgan, alamzada bo‘ladi, hech narsaga qiziqishi qolmaydi. Bunday o‘quvchilar bilan dastlab suhbatlashilib muammoning negizi o‘rganiladi, keyin mavzuga oid mashqlar bajariladi. “Hayotda kimga suyanasiz?”, “Siz ideal insonmisiz?”, “Mehr ulashamiz”, “Mening quyoshim” deb nomlangan trening mashg‘ulotlari olib boriladi. Bu mashg‘ulotlarda bolada o‘ziga ishonch shakllanadi, hayotga qiziqish uyg‘onadi. Proyektiv metodikalar yordamida 5-sinf o‘quvchilarining psixologik holati o‘rganilganida 90 foiz o‘quvchilarning onasi bilan munosabati yaxshi emasligi, sirlashmasligi aniqlangan. Keyin bu o‘quvchilarning onalari chaqirtirilib, ular bilan ham treninglar olib borilib, “Farzandingizni bilasizmi?” so‘rovnomalari olingan va tahlili onajonlarga o‘qib berilgan. Ko‘plab ota-onalar o‘zlari bilmay qilgan xatolarini tushunib, rahmat aytib ketishgan.
Shuningdek, o‘zlashtirishda orqada qolgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan ham mashg‘ulotlar olib boriladi, diqqat, xotirani mustahkamlovchi mashqlar bajariladi. Shunda ham o‘zgarish kuzatilmasa, ota-onalari chaqirtirilib bolaning biror kasallikka chalingan-chalinmagani, uydagi holat o‘rganiladi. Bolaga biror vitamin yetishmasa ham o‘zlashtirishi qiyin kechishi tushuntiriladi.
Ota-onalarning o‘zlari ham murojaat qilib turishadi. Masalan, 9-sinf o‘quvchi qizimizning xulqida o‘zgarish kuzatilgani, hech narsaga qiziqmay qo‘ygani, o‘zidan uyalishi, uyda yolg‘iz qolishni xohlab qolgani haqida bildirishgan. O‘quvchining o‘zi bilan suhbatda onasini dadasidan qizg‘anishi, otasi chet elda ishlashi va uyga qaytganida onasining bor e’tibori dadasiga qaratilgani unga yoqmayotgani sezildi. Suhbat va tushuntirishlar natijasida o‘quvchimizda o‘zgarish kuzatildi, ota-onasi bilan ham suhbat va metodikalar o‘tkazildi. O‘zbek mentalitetida ibo-hayo tushunchasi juda yuqori shakllangan, ota-ona bolalari yonida bir-biriga mehr ko‘rsatishi uyat sanalgan. Agar ota-ona avvaldan bir-biriga mehr ko‘rsatmagan bo‘lsa, keyinchalik bolalar balog‘at yoshiga yetganida bir-biriga ko‘rsatilgan mehr bolalarga erish tuyuladi. Shuning uchun maktabda “Oila psixologiyasi” fani dars sifatida kiritilishi maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.
− O‘zbekistondagi maktablarda psixologlar ko‘pincha hujjat to‘ldirish va tadbirlar bilan band bo‘lib qolayotgani tez-tez aytiladi. Bu holat ularning asosiy vazifasi − bolalar bilan individual ishlashiga qanchalik to‘sqinlik qilmoqda?
− Ha, avvallari qog‘ozbozlik, hujjat to‘ldirish ishlari juda ko‘p bo‘lgan, chunki psixologlar qanday metodikalarni sinab ko‘rish va qaysilarini olish kerakligi haqida ma’lumotga ega emas edilar. Hozirgi kunga kelib psixologlar uchun maxsus ish rejalari taqdim qilinadi va qaysi sinflarda qanday metodika va treninglarni o‘tkazilishi aniq ko‘rsatib beriladi. Shu metodika va treninglarning ilovalari ham taqdim qilinadi. Faqatgina psixologdan qilinadigan talab tayyor metodika va mashg‘ulotlarni qo‘llash va shu asosida ishni tashkillashtirish. Hozirgi kunda qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, so‘rovnoma va testlar elektron tarzda olinishi yo‘lga qo‘yilgan.
− Bugungi yoshlar oldingilardan ancha farq qiladi, shu jihatdan ularga psixologik yondashuv ham zamon talabiga mos bo‘lishi kerak. Sizningcha, O‘zbekistonda maktab psixologlarining tayyorlanish sifati bugungi zamon talablariga mosmi? Qaysi jihatlarda malaka yetishmovchiligi sezilmoqda?
− To‘g‘ri, zamon rivolanmoqda, yoshlarning fikrlash doirasi ham ilgarilab ketmoqda. Bugunning yoshlari oldingi yoshlardan katta farq qiladi, ular bilan ishlash, ularga maslahat va ko‘mak berish ancha murakkablashgan. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, o‘z ustida ishlamaydigan, berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalana olmayotgan psixologlar ham yo‘q emas. Shu bois psixologlar o‘z ustida ishlashi va har kuni yangiliklar izlashi shart. Psixologlarni tayyorlov va malaka oshirish kurslarida esa zamonaviy psixologik metodikalardan qanday foydalanish va ularni qaysi muammolarda ko‘proq qo‘llash kerakligi haqida o‘rgatilsa nur ustiga nur bo‘lar edi. Qolaversa, mamlakatimizda maktab psixologlari ish samardorligini oshirish uchun dars soatlari ajratilsa psixologik trening va mashg‘ulotlarni o‘tkazish, har bir sinf bilan yaqindan tanishish, o‘quvchilar bilan individual ishlash uchun ancha foydali bo‘ladi.
Shohsanam MAHMUDOVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
Maktabda psixologik xizmat: o‘quvchi ruhiy salomatligi doimiy nazorat talab qiladi
Vazir jamg‘armasi: kimlar ustama oladi va qanday hujjat topshiriladi?
Ta’limning ilk bosqichi 6 yoshdan boshlanadi
Kishini yig‘latgan, hushyor torttirgan va o‘zgartirgan kitoblar
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank