“Mard o‘g‘lon” – yurtimiz kelajagi

Zamondosh “Mard o‘g‘lon” – yurtimiz kelajagi
147

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan buyon Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan o‘g‘lonlarni munosib taqdirlash, ularni rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Ana shunday tashabbuslarning amaliy ifodalaridan biri “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotidir.


“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ta’sis etilgan. Ushbu mukofot o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi. U har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 2 nafardan jami – 28 ta munosib nomzodga beriladi. Taqdirlash marosimi esa har yili 30-iyun “Yoshlar kuni” arafasida amalga oshiriladi. Mukofot sohiblari Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti g‘oliblari, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.


“Mard o‘g‘lon” davlat mukofotining joriy yilgi g‘oliblari safida xorazmlik yurtdoshimiz Maqsadbekning nomi ham faxr bilan tilga olindi. Maqsadbek Egamberdiyev 2007-yili 23-yanvarda Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida tug‘ilgan. U bolaligidan kitob o‘qishga, shaxmat va stol tennisiga qiziqqan. Shu paytgacha ko‘plab tanlov va musobaqalarda qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, 2024-yili Qozog‘istonning Olmaota shahrida matematika, fizika va informatika fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan 20-xalqaro Jautikov olimpiadasida ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritgan.


– “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotining nomzodi bo‘lishimga, mahallamiz yoshlar yetakchisi sababchi bo‘lgan – deydi Maqsadbek Egamberdiyev. – U yutuqlarimni ko‘rib: “Seni “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga nomzod qilishimiz kerak” – deb zarur hujjatlarni yig‘ishda yordam berdi. Bu mukofotni olishgacha ko‘plab olimpiadalarida qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Xalqaro matematika olimpiadalarida esa bir nechta medallar sohibi bo‘ldim. Shuningdek, IELTSda C1 sertifikatiga ega bo‘lganim ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochdi desam bo‘ladi.


“Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga talabgorlar taqdim etishi lozim bo‘lgan hujjatlar:


1. Talabgorning tavsiyanomasi, obektivkasi.

2. Talabgorning to‘ldirilgan so‘rovnomasi va tarjimayi holi.

3. Taqdimnoma(2 ta), tavsiyanoma(2 ta).

4. Fikrnomalar(4-5 ta), taqriz(1-2 ta).

5. Talabgorning erishgan yutuqlari ro‘yxati.

6. Talabgorning erishgan yutuqlari bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarining nusxalari.

7. Talabgorning tashabbuskorligi, targ‘ibotchiligi, faolligi bo‘yicha hujjatlar.

8. Talabgorning OAVlarda e’lon qilingan ijodiy, ilmiy ishlari yoki boshqa e’tirofli yutuqlari.

9. Talabgorning ijodiy yoki ilmiy ishlaridan namunalar.

10. Talabgorning fuqarolik pasporti yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasidan nusxa.

11. Talabgorning ota-onasining fuqarolik pasportidan nusxa, ish joyidan ma’lumotnoma.

12. Talabgorning yashash joyidan ma’lumotnoma va mahalla fuqarolar yig‘ini raisining tavsiyanomasi.

13. Talabgorning fotosurati, faoliyati aks ettirilgan fotolavhalar(5-6 ta).


Tanlov esa 2 bosqichda amalga oshiriladi. Tuman bosqichida ishtirokchilar suhbat asosida saralab olinadi va yuqori natija bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishadi. Respublika bosqichida ham hakamlar hay’ati nomzodlarni saralashda ularning shu vaqtgacha qo‘lga kiritgan yutuqlari, ya’ni bu faqat individual(nomzodning ushbu mukofotni olishgacha bo‘lgan bosqichgacha erishgan)yutuqlarini baholaydi. Shu bilan birga, mukofotga nomzodlar bilan suhbat o‘tkaziladi. Barcha shartlardan muvaffaqqiyatli o‘tgan va yuqori natijalarni egallagan yigitlar ushbu mukofotni qo‘lga kiritadi.


Yillar davomida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti pul miqdori ham BHM(Bazaviy hisoblash miqdori)ga qarab oshib bormoqda. Hozir u taxminan 18.75 mln so‘mni tashkil qiladi. Har yili o‘rtacha 25–35 nafar yigit ushbu mukofot sohibiga aylanmoqda. 2024-yili mukofot bilan 25 nafar yigit taqdirlangan bo‘lsa, pul mukofoti o‘sha yili BHM asosida taxminan 16.5 mln so‘mni tashkil etgan. 2025-yili sovrindorlar soni 30 nafarga yaqin bo‘lib, pul mukofoti BHM oshishi sabab 18.75 mln so‘mga yetdi.


– Kelgusida matematikaga qiziqishi bor, iqtidorli yoshlarni tayyorlab, respublika va xalqaro arenalarda o‘z bilimlarini ko‘rsatishi, yuqori marralarga erishishi, ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritishi uchun yordam beraman va shu paytgacha olgan tajribalarimni ular bilan bo‘lishaman. Bu yutuqlarga erishishimga sababchi bo‘lgan ota-onamga, bilim bergan va yo‘l ko‘rsatgan ustozlarimga katta rahmat aytaman. Bu biz uchun juda katta motivatsiya bo‘ldi. Bizga bildirilgan ishonch kelajakda o‘z mevasini berishiga ishonchim komil – deydi mukofot g‘olibi Maqsadbek Egamberdiyev.


Xulosa qilib aytganda, mukofotning asosiy maqsadi ham, jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan yoshlarni e’tirof etish va ularga motivatsiya berish. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti yurt sha’ni va g‘ururini ulug‘lagan yigitlarga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasidir. “Mard o‘g‘lon” bo‘lish esa bu chinakamiga katta mas’uliyat va sharafli burch. Biz yurtimizda mana shunday jasur va mard o‘g‘lonlar borligi bilan faxrlanamiz.


Muqaddam SAYDULLAYEVA,

O‘zJOKU talabasi

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Yoshlar

Ulashish