“Mening onam instagram "jinnisi’”

Bir soatlik dars “Mening onam instagram "jinnisi’”
37

O‘quvchilarimning qobiliyati va qiziqishiga qarab “Yosh ijodkorlar” to‘garagini tashkil etganman. Unda yigirma nafarga yaqin o‘quvchi bor. Har gal mashg‘ulotlarni noodatiy tarzda olib borishga harakat qilaman. Ularning ijodkorligini sinash maqsadida turli qiziqarli, hayotiy hikoyalar va ijodiy matnlar tuzdiraman. Bolalarni ruhlantirish uchun esa ularni muntazam rag‘batlantirib boraman.


Navbatdagi mashg‘ulotni ham yaxshi kayfiyatda boshladik. Ammo bu galgi topshiriq o‘quvchilarni o‘ylantirib qo‘ydi, hatto taajjublantirdi. Nega deysizmi? Chunki kichik matnimiz mavzusi “Ota-onamning sevimli mashg‘uloti” edi.


Uzoq shivir-shivir va imo-ishoralardan so‘ng, shaddodroq Sayyora ismli qizim:

— Ustoz, nimani yozishni bilmayapman… Onam bo‘sh bo‘ldiki, seriallarining ichiga kirib ketadi, — dedi.


Durdona esa:

— Oh, mening onam esa instagramning “jinnisi”, dadam shunday deydilar-da, — dedi.


Malikaxonning onasi dugonalari bilan telefonda uzoq suhbatlashar ekan. Muniraxon esa:

— Onam ham, dadam ham “YouTube”dan har xil videolar ko‘radi, — dedi.


O‘g‘il bolalarning ko‘pi esa otalari haqida:

— Futbol tomosha qiladi, keyin internetda sahargacha kino va videolar ko‘radi, — deb aytishdi.


Faqat ayrimlari ba’zan shaxmat o‘ynashlarini aytishdi, bir qizim esa oyisining shirinliklar pishirishi haqida gapirdi. Har gal tabiat, gullar, qushlar, suvni tejash, kitob haqida sahifalarni to‘ldirib yozadigan, hatto she’rlar ham to‘qiydigan jajji qorako‘zlarim bugun nimani yozishni bilmay hayron edi.


Beixtiyor bolaligim yodimga tushdi. Yoz kunlari kattakon tut daraxti soyasida — so‘rida ko‘rpachalar yozilardi. Qo‘shni qizlar, dugonalar, yangalar, bizdan kattaroq opalar to‘planib, ipak iplardan bejirim kashtalar, zar iplardan do‘ppilar tikardik. Onajonim va buvijonim qo‘li gul ayollar edi — ular tikkan kashta, quroq ko‘rpa-yu so‘zanalar bo‘y yetgan qizlarning seplaridan joy olardi.


Aka-ukalarimiz esa otalarimiz, tog‘a va amakilarimiz yonida payvandlash, duradgorlik sirlarini o‘rganishardi.


Shularni eslab, bolajonlarga zavq bilan so‘zlab berdim:

— Albatta, sizning ham ota-onangizga buvi-bobolaringiz shunday hunarlarni o‘rgatgan. So‘rasangiz, ular ham so‘zlab berishadi. Balki siz ham yozishga mavzu toparsiz, — dedim.


So‘ng o‘zimga ham, o‘quvchilarimga ham shunday dedim:

— Zora, ular telefonni chetga surib, biror foydali mashg‘ulotga o‘tishsa…


To‘g‘ri, hozir texnika asri, odamlarning ongi ham zamonga mos ravishda rivojlanib bormoqda. Lekin biz kattalar o‘zimiz o‘rganib katta bo‘lgan milliy mashg‘ulotlar va hunarlarni unutib qo‘ymasligimiz kerak. Balki ularni yanada rivojlantirib, yangi usullarini kashf etib, bolalarga o‘rnak bo‘lishimiz lozim.


Kitobxon, mutolaaga mehr qo‘ygan oilada ulg‘aygan farzand bilan telefon va kompyuterga berilib ketgan ota-onaning farzandi orasidagi farqni inkor etib bo‘lmaydi. Axir farzandlarimiz bizga ergashadi.


Bolalar ota-onasining qiziqishlari haqida jo‘yali gap yoza olmasligi ayanchli emasmi? Nahotki, kitob o‘qiydigan, chiroyli kiyim tikadigan, issiq ust-bosh to‘qiydigan, yangi narsalar yaratishga qiziqadigan onalar kamayib borayotgan bo‘lsa?


O‘quvchilarim seriallarga berilgan, ijtimoiy tarmoqlarda faol, telefonda uzoq gaplashadigan onalari yoki futbol va “YouTube” ko‘rishdan charchamaydigan otalari haqida yoza olmadi. Balki uyalishgandir…


Keling, bir oz o‘ylab ko‘raylik: farzandlarimiz “Ota-onangizning sevimli mashg‘uloti nima?” degan savolga to‘lqinlanib, sahifalarni to‘ldirib yozadigan bo‘lishsin!


Tursunoy HASANOVA,

G‘ijduvon tumanidagi 43-maktab

boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish