ONA TILI TA’LIMI: yutuqlar, muammolar, yechimlar MILLAT KO‘ZGUSI, TARAQQIYOT KALITI

Millat mulki ONA TILI TA’LIMI:  yutuqlar, muammolar, yechimlar MILLAT KO‘ZGUSI,  TARAQQIYOT KALITI
728

Ona tili ta’limi – har qanday jamiyat uchun ustuvor ahamiyatga ega soha. Chunki ona tili nafaqat muloqot vositasi, balki xalqning madaniyati, tarixi va milliy o‘zligi, ma’naviyati va mafkurasini ifodalovchi muhim unsur. Ona tilida fikrlash, ijod qilish, dunyoni anglash millatning ma’naviy boyligi va intellektual salohiyati­ning asosiy ko‘rsatkichi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ona tili ta’limiga alohida e’tibor qaratilib, bir qancha ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, ta’lim mazmuni tubdan yangilandi, o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga, ijodiy izlanishga undaydigan yangi avlod darsliklari yaratildi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish, interaktiv metodlarni qo‘llash orqali o‘quvchilarning ona tiliga bo‘lgan qiziqishi va motivatsiyasini oshirishga harakat qilinayotir.


Milliy til qurilishi ta’limi alohida e’tiborga molik. Yoshlarni ona tilining boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri va samarali foydalanishga o‘rgatish, nutq madaniyatini oshirish, og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etayotir. “Oʻzbek tili” doimiy anjumani faoliyati yoʻlga qoʻyilishi esa soha mutaxassislari uchun o‘zaro fikr almashish, tajriba ulashish va yangi g‘oyalarni ilgari surish uchun qulay platforma yaratdi. Shunga qaramay, ona tili ta’limida hali ham bir qancha muammo mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Darsliklar sifatini yanada oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini doimiy ravishda takomillashtirish, o‘quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiya­laridan samarali foydalanish masalalari dolzarb bo‘lib qolmoq­da. Ona tili ta’limi – doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikni talab qiladigan o‘ta mas’uliyatli va alohida ustuvor masala. Zero, ona tilimizning sofligi, go‘zalligi va ta’sirchanligini asrab-avaylash, uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish – har birimizning burchimiz.


YUTUQLAR –

MUAMMOLARNING SABABI


So‘nggi yillarda ona tili ta’limini rivojlantirish, mazmuni va shaklini zamon talablari asosida takomillashtirish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu sohada sezilarli yutuqlarga eri­shish imkonini berdi:

1.  Ta’lim mazmuni – milliy til qurilishi ta’limi. Bu islohotlar natijasida o‘quvchilar ona tilining boy milliy imkoniyatlaridan to‘g‘ri va samarali foyda­lanish, og‘zaki va yozma nutqni rivojlantirish, nutq madaniyatini oshirish borasida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishmoqda. O‘zbek tilining milliy talqini ta’limi ushbu ishlar markazida turadi.

2.  Ta’limning bosh maqsadi – ijodiy tafakkur sohibini tarbiyalash. Ushbu maqsadga erishish uchun o‘quv jarayonida interaktiv metodlar, innovatsion texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda. Bu esa o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga, o‘z fikrini erkin ifoda etishga, ijodiy izlanishga undamoqda.

3.  Kognitiv-pragmatik ta’lim. Ushbu o‘zgarish tufayli o‘quvchilar endilikda tilni nazariy jihatdan o‘rganibgina qolmasdan, balki uni amalda qo‘llash, turli vaziyatlarda to‘g‘ri va samarali foydalanish ko‘nikmalarini ham egallamoqda.

4.  Sxolastik grammatik ta’limga barham beri­lishi va tilni amaliy o‘rganishning ustuvorlashuvi. Bu o‘quvchilarda tilga nisbatan qiziqishni o‘stirish, ularning so‘z boyligini oshirish, nutqini ravon va ta’sirchan qilish imkonini bermoqda. Grammatika va grammatizm muammosining qo‘yilishi ona tili ta’limi­dagi muhim qadam bo‘ldi.

5.  “Oʻzbek tili” doimiy anjumani. Ushbu anjuman soha mutaxassislari uchun o‘zaro fikr almashish, tajriba ulashish, yangi g‘oyalarni ilgari surish uchun qulay platforma bo‘lib xizmat qildi.

6.  O‘qituvchi – darslik muallifi. Bu darsliklar­ning amaliy ahamiyatini oshirish, ularni o‘qituvchilar va o‘quvchilar ehtiyojlariga mos ravishda yaratish imkonini bermoqda.

Bu yutuqlar ona tili ta’limini rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlar bo‘ldi. Biroq hali oldinda bir qancha muhim vazifalar turibdi. 


MUAMMOLAR –

YECHIMLARNING SABABI


Ona tili ta’limida so‘nggi yillarda amalga oshi­rilayotgan keng ko‘lamli ishlar, shubhasiz, maqtovga sazovor. Biroq ayrim muammolar ushbu sohaning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotganini ham inkor etib bo‘lmaydi:

1.  Darslikka mutlaq qaramlik mavjud. Amaldagi tizim o‘qituvchini darslikka qaram qilib qo‘ygan. Bu esa ularning ijodiy salohiyatini to‘liq namoyon etish, dars jarayonini qiziqarli va ta’sirchan tashkil etish imkoniyatini cheklamoqda. O‘qituvchiga darslikdan tashqari manbalardan foydalanish, o‘zining noyob metodlari va g‘oyalarini qo‘llash uchun kengroq imkoniyatlar berilishi lozim.

2.  Darslik yaratish tizimi nomukammal. Bugungi kunda darsliklarni yaratishda yagona tizim, aniq mezon va talablar yetarli darajada shakllanmagan. Bu holat darsliklar sifatiga, ularning mazmuni va tuzilishidagi nomuvofiqliklarga sabab bo‘lmoqda. 

3.  Til darajalari aniqlanmagan. Kommunikativ ko‘nikmalarni rivojlantirishga urg‘u berish bilan birga, tilning leksik, morfologik va sintaktik darajalarini aniqlashga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Zero, tilning bu jihatlarini puxta bilmasdan turib, ravon va to‘g‘ri nutqqa erishib bo‘lmaydi.

4.  O‘quvchi lug‘at, qomus va platformalarga muhtoj. Bugungi kunda o‘quvchilarning so‘z boyligi xiyla sayoz bo‘lib qolmoqda. Bu esa ularning fikrlash doirasini toraytiradi, nutqini soddalashtiradi va badiiy didi shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kitob­xonlikka mehr uyg‘otish, so‘z boyligini oshiradigan mashqlarni ko‘proq qo‘llash bu muammoni hal etishda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, darslikka yordamchi o‘quv vositalarini yaratishga urg‘u berish – davr talabi.

5.  Fan ta’limdan uzilgan. Ona tili ta’limi sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish uchun ularni chuqur o‘rganib, ilmiy asoslangan yechimlar topish talab etiladi. Bu borada tizimli monitoring olib borish, o‘qituvchi, metodist va olimlarning hamkorligini kuchaytirish, fanga buyurtma berish katta ahamiyatga ega.

Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish uchun barcha mas’ul tashkilotlar va mutaxassislar birgalikda harakat qilishi zarur. Faqatgina shunday yo‘l bilan biz ona tili ta’limini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishimiz, barkamol avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirishimiz mumkin.


YECHIMLAR –

YUTUQLARNING SABABI


Ona tili ta’limidagi mavjud muammolarni bartaraf etish va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur:

1.  “Ta’lim-fan-ta’lim” zanjirini ishlatish. Bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar natijalari ta’lim jarayoniga yetarli darajada joriy etilmayapti. Ushbu zanjir­ning uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlash, ya’ni ilmiy tadqiqotlar natijalarini darsliklarga, o‘quv qo‘llanmalariga, metodik tavsiyanomalarga joriy etish orqali ona tili ta’limini zamonaviylashtirish, uni ilmiy asosda rivojlantirish mumkin. Buning uchun esa tadqiqotlar buyurtma asosida olib borilmog‘i lozim.

2.  Tilning darajalarini aniqlash. Tilning leksik, morfologik, sintaktik va uslubiy darajalarini uzviy tadqiq qilish o‘quvchilarning tilni chuqur o‘zlashtirishi, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri va samarali foydalanish ko‘nikmalarini egallashiga yordam beradi. Bu, ayniqsa, o‘zga til sohiblariga o‘zbek tilini o‘rgatish uchun juda zarur. 

3.  Yoshga mos so‘zlar reyestri yaratilishi. Sinf­lar kesimida, o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda so‘zlar reyestri yaratilishi ularning so‘z boyligini muttasil va tizimli boyitish, nutqni ravon va ta’sirchan qilish imkonini beradi. Bu bolalar adiblari uchun ham yoshga mos – sinflar kesimida badiiy asarlar yaratish uchun juda muhim.  

4.  Mantiqiy fikrlashni rivojlantiruvchi mashq­larga urg‘u berish. Darsliklardagi mashq va topshiriqlar o‘quvchilarning nafaqat bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga, balki ularning mantiqiy fikrlash qobiliyatini, tahlil qilish va xulosa chiqarish qobiliyatini rivojlantirishga ham qaratilgan bo‘lishi kerak. Bu maqsadli ilmiy tadqiqotlarni taqozo etadi.

5.  Darslik yaratishning davlat standarti mavjud emas. Darsliklarning sifati va mazmunini ta’minlash uchun ularni yaratishning yagona davlat standarti ishlab chiqilib, unga qat’iy rioya qilinishi shart. Bu esa darsliklarda ma’lumotlarning ilmiy asoslanganligi, ishonchliligi va xolisligini ta’minlashga yordam beradi.

6.  Darslik yaratish uchun ochiq tanlovlar bo‘lishi lozim. Darsliklarni yaratishda ochiq tanlovlar e’lon qilinib, eng yaxshi mutaxassislar, tajribali o‘qituv­chilar va metodistlar jalb etilishi lozim. Bu esa yuqori sifatli, zamonaviy talablarga javob beradigan darsliklar yaratish imkonini beradi.

7.  Darsliklarni vazirlik nomi bilan chop etish zarur. Yaratilgan darsliklar tuzuvchilarsiz holda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nomi bilan chop etilishi kerak. Bu esa darslik yaratish jarayonini shaxsiy ambitsiyalardan xalos qiladi, sifati va mazmuni ustidan davlat nazoratini ta’minlashga yordam beradi.

8.  “O‘zbek tili” doimiy anjumanini tiklash – ijtimoiy ehtiyoj. Uzoq yillar davomida ona (o‘zbek) tili va davlat tili ta’limi muammolarini o‘rganish, ularni soha jamoatchiligi bilan muhokama qilish hamda muam­molar yechimiga doir tavsiyalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullangan va juda katta samara bergan bu anjumanning qayta tiklanishini davr taqozo etmoqda. 

Bu chora-tadbirlarni bajarish ona tili ta’limining samaradorligini oshirish, o‘quvchilarni ona tilida ravon va chiroyli so‘zlash, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini shakllantirish, ijodiy tafakkurini rivojlantirish, Vatanga muhabbat va milliy g‘urur tuyg‘ularini yanada yuksal­tirish imkoniyatini oshiradi.


XULOSA

Ona tili ta’limi – doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikni talab qiladigan mas’uliyatli va sharafli vazifa. Qayd etilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali ona tili ta’limining samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning ona tilida ravon va chiroyli so‘zlash, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ijodiy tafakkurini rivojlantirish mumkin.

Baxtiyor MENGLIYEV,

Toshkent Amaliy fanlar universiteti 

tadqiqotchi-professori

Maqola muallifi

Baxtiyor MENGLIYEV

Baxtiyor MENGLIYEV

Professor

Teglar

  • #Ona tili
  • #Jarima
  • #Yoshlar
  • #Maktab
  • #Zamon va makon
  • #Nazorat
  • #Turk tili

Ulashish