O‘QITUVCHI IJARADA TURSA…

Dolzarb mavzu O‘QITUVCHI IJARADA TURSA…
63


Toshkentga kelmagan kim bor, nonini yemagan kim bor? Biz ham ulkan orzularni safarxaltaga joylab, “Toshkentni zabt etaman!” deb kelgan qishloqilardan birimiz. Ammo… Toshkentni zabt etish uncha-munchasiga emas ekan, aka. Hatto ilk boshda jahongir bobomiz Amir Temur ham Toshkent shahriga yaqinlashish naryoqda tursin, loyga belanib, Chinozdan qaytib ketgan ekan...

Uydagilar qo‘ymadi, qarindoshlar gapiraverdi, oxiri bor-e-e, mazmunsiz hayotimga ma’no kirar deb, dollarning oshgani, oqibatning tushgani, qimmat narxlar, kesilgan daraxtlar, havodagi changlar, yerdagi jang­lar, ekologiyaning buzilgani, dunyoning ertasidan umid uzil­gani, suvlarning qurishi, Ukraina urushiga qaramasdan ko‘zni shartta yumdim-u uylanib yubordim. To‘ydan to‘rt-besh kun o‘tar-o‘tmas, Toshkentga ketishga qaror qildim.


Qishloqda nima ham qilish mumkin: muallim bo‘lay desang  – dars, birovdan olay desang – qarz yo‘q, qo‘y boqay desang – qirlar tap-taqir, dehqonchilik qilishga – suv, bozorchi bo‘lishga uquv yo‘q.


Toshkentda yashash uchun nima kerak? Avvalo, ijaraga uy kerak. Agar kvartira topish bu qadar mashaq­qatli ish ekanini bilganimda, o‘lay agar qishlog‘imdan bir qadam ham chiqmagan bo‘lardim. Toshkent televizorda ko‘ringani kabi emas ekan, qayerdan bilay?!


“Hammasi yaxshi bo‘lar”, deb katta umidlar bilan ko‘ch-ko‘ronimni yig‘ishtirdim-u avtobusga chiqdim. Yo‘l-yo‘lakay Toshkentdagi tanishlarga telefon qilib, men borguncha kvartira topib qo‘yinglar, dedim. Ular ham boshda ko‘ngli sinmasin deganmi, “Kelaver, uy bo‘lsa, topiladi” deyishdi.


To‘yda kayfi oshgan jo‘ralar va qarindoshlarning qistirgan to‘rt-besh so‘midan boshqa cho‘ntakda pul yo‘q. Shunga qaramay, ming qo‘yli boydek o‘zimcha yo‘l-yo‘lakay kelajagim haqida uzundan uzoq rejalar tuzib keldim: diplom bor, Xudoga shukur. O‘ldim deganda biror maktabdan ish toparman. Direktorga chiroyli qilib bir-ikkita she’r aytib bersam, 1 stavka ish naqd. Qayerdan topadi mendek o‘qituvchini? Toifa-poyifa olguncha 3-4 million oylik berishdi, deylik. 1 million – nari borsa, kommunal to‘lovlari bilan 1,5 millionga o‘rtacharoq sharoitda bo‘lsa ham kvartira topsam, 2 milliondan ko‘proq pul qoladi. Ovqatlanish uydan. Tushlikni xotin qilib beradi. Tugunchaga solib bersa, o‘quvchilardan panaroq joyda qorinni to‘ydirib olaveramiz-da. Ellik-ellikni tashlasak, kamroq cheksak, u yog‘i gullab-yashnab ketadi…


Avtovokzalda Toshkentda o‘qiydigan bir qishloq­doshim kutib oldi. Uy ham topib qo‘yibdi, baraka topsin. “Sharoiti zo‘r”, deydi. Metroga yaqin joydan emish. Konditsioner bor, televizor bor. Birgina aybg‘i­nasi – kir mashinasi yo‘qmish. Shunga ancha arzon narxda berayotganmish egasi. 


– Ee-e, uka, ajoyib odamsan-da. Bizga to‘rtta devori, yarimta kigizi bo‘lsa bo‘ldi edi. Konditsioner-u televizorni nima qilaman? Yana kirmoshin yo‘q deb kuyunasan.


Uning bizga keragi yo‘q. Mana yangang – kirmoshin, ovqat pishirgich, changyutkich, uchtasi birda. Har zamonda qarg‘ab turishini aytmasa, inq etmay ishlaydi. Hali yangi, Xudoga shukur. Qani, bizni olib bor yangi uyimizga. Yo‘l charchatdi. Tezroq joylashib olaylik. Yangang oshni boshlasin. Keyin yonboshlab gurung qilaveramiz.


Taksiga ko‘ch-ko‘ronni amallab joylab, yangi kvartira tomon ravona bo‘ldik. Yo‘l-yo‘lakay o‘zimga deyman: “Xudo degan bandaman-da, o‘ziyam. Har ishim shunday oson hal bo‘lib ketaveradi. Toshkentga qadamimni bosar-bosmas ijara uy muammosidan qutul­dim. Endi amallab ish topsak bo‘lgani”.


Kvartira shaharning sal chetida bo‘lsa ham, yangi qurilgan metroga yaqin joyda ekan. Ko‘p qavatli uylarning biri yonida to‘xtadik. Taksidan tushar-tushmas xushmuomalagina bir opaxon bizni kutib oldi. Hali podyezdga kirar-kirmas, ijara uyni og‘zidan bol tomib maqtay ketdi. O‘zi bir xona bo‘lsa ham, kengishgina emish: yozda salqin, qishda issiq. Bu uyda ijarada kim turgan bo‘lsa, barchasi yangi uy olib chiqib ketganmish. Qo‘shnilar ahil, mahalla tinch…


Opaxon nafas olmay gapirishda davom etdi. Ichimda: “Uyning egasi sal ezmaroq bo‘lsa ham, yaxshi xotinga o‘xshaydi. Kelishib ketamiz”, deb o‘yladim.


Uy opaxon maqtaganchalik bo‘lmasa ham, yashasa bo‘ladigan joyga o‘xshadi. Katakdekkina bir xona, shkafdan sal kattaroq oshxona. Achomlashib yotsak, er-xotin ko‘ch-ko‘ronimiz bilan amallab sig‘arkanmiz. Bir tomondan shu ham yaxshi: urishib-netib qolsak, qishloq­dagidek qirma-qir quvalashib yurmaymiz. Xotin sal injilsa ham, boshlanishiga bo‘laveradi, dedim.


– Opa, uy bizga yoqdi, endi tezroq narxini kelishaylik, yo‘ldan charchab kelganmiz.

– Narxi, ukajon, juda arzon. Bunday kvartirani kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz. Atigi 400 dollar.

– NIMA?!


Muzladim. Tilim kalimaga kelmay qoldi. Opa to‘xtamay gapi­rishda davom etdi. Ishonmasam, surishtirib ko‘rarmishman, shaharda bunday kvartirani 450–550 dollardan kamiga topib bo‘lmasmish. Xudo yorlaqagan odammishman. Shu kabi kvartira menga nasib qilib turganmish. Haligi qishloqdoshim ham mening tarafimda turish o‘rniga opaxonning gapini ma’qullab, bosh irg‘ab turibdi, deng.


– Opajon, bu narx juda-juda qimmat, kelishtiring, – deya oldim zo‘rg‘a o‘zimni to‘plab.

– Ukaginam, yaxshi odam ko‘rinasiz, uyning egasi kelganda iltimos qilsangiz, ozroq tushib berar. Men hech narsa qilolmayman.

– Kechirasiz, siz hali uyning egasi emasmisiz? Kimsiz unda?

– Men maklerman, uka…


Bunaqa nomni hayotimda eshitmaganim uchun haligi qishloqdoshimni chekkaga tortib so‘radim.


Uning g‘uldirashidan o‘zimcha tushunganim shu bo‘ldi: bu opa o‘zimizning bozordagi mol-jallobday bir gap. Uy egasiga ijarachi topib beradi, ijarachiga uy. O‘rtada ijara haqining yarmini oladi. Deylik, shu tovuq katagidek uyni anoyi bo‘lib 400 dollarga olsam, shu pulning yarmini, ya’ni yana 200 dollarni opaxonga berishim kerak ekan. O‘zim ham aytdim: buncha o‘rgilib-aylanadi, xushmuomala, deb. Jami 600 dollar kerak ekan shu katakka kirib olish uchun. Agar uy egasi depozit so‘rasa, qo‘shiladi yana 400, bo‘ladi 1000. Hi-iii… Yana gaz, svet, suv, unisi-bunisi mening bo‘ynimda. Og‘zimdan ko‘pik kelib, shu yerda o‘lib-netib qolmasam bo‘ldi. 


– Boshqa uy ko‘raylik, uka, – dedim haligi qishloq­doshimga. 

– Qayerga borsang bor, hamma ijara uylar narxi shu. Bu yerni Toshkent deb qo‘yibdi, katta xolang­-

ning mahallasi emas, – dedi u.

– Uy egasi qachon keladi, opa?

– Hozir gaplashdim. Boshqa ijara uylaridan pul to‘plab yurgan ekan. “Kech­gacha yig‘ib bo‘laman, keyin kelaman”, dedi.

Qishloqdoshimning qulog‘iga shivirladim:

– Jon uka, chiqmagan jondan umid, bir qidirib ko‘raylik. Qaydan topaman buncha pulni men?!

Qishloqdoshim ichida so‘ksa ham rozi bo‘ldi. Shaharda ko‘ch-ko‘ronni orqalab, ustiga xotinni yetaklab uy qidirib bo‘ladimi? Shunga opaxonni o‘zimizcha avragan bo‘ldik:

– Opajon, uy bizga yoqib turibdi. Egasi bilan kelishsak, shu yerga joylashamiz, Xudo xohlasa. Uyning egasi kelguncha hali 5-6 soat vaqt bor ekan. Ungacha biz shaharni aylanib kelsak. Siz kelin bilan choy-poy ichib, hangomalashib turinglar.


Opaxon 200 dollar naqd ekaniga quvonib, darrov rozi bo‘ldi. Biz yo‘lga ravona bo‘ldik. Toshkentda biz kabilar ijara uy qidiradigan “uybozor” bor ekan. Qishloqdosh avval shu joyga yetaklab bordi. Uybozor ham molbozorday bir gap ekan: g‘ala-g‘ovur, baqir-chaqir. Bozor ijara uy manzili va narxi haqida ma’lumotlar yozilgan katta karton qog‘ozlarni bo‘yniga osib olgan maklerlar va biz kabi ijara uy qidirib, sillasi qurigan bechoralarga to‘la. Maklerlarning barchasi “mashennik” bo‘lsa ham chetdan qaraganda bip-binoyidek, insofli, iymonli bo‘lib ko‘rinarkan. Erkak maklerlar bir qarich soqol qo‘ygan, boshida mulla chapich, qo‘llarida tasbeh – pok-pokiza hoji akalarga aylanib olishgan. Ayollar ham bizning opaxon bilan bir xil. Biram xushmuomalaki, onam ham menga buncha mehr ko‘rsatmagan…


Bozorni uzoq aylandik. Haqiqatan ham bir xonali katalakdek uylarning narxi 450–500 dollardan kam emas ekan. Yalinib-yolvorsangiz ham bir so‘m tushmaydi. Qishloq­doshim internetdan ham rosa qidirdi. Arzon kvartira hech qayerda yo‘q. Shartta talaba qishloqdoshimga elana boshladim.


– Sadag‘ang ketay, jon ukajon, vaqtinchalik sening kvartirangda turib turaylik. Bir ko‘rpachalik joy bo‘lsa ham yetadi. Yangang shirin-shakar ovqatlar qilib beradi, kirlaringni yuvadi… nima deding-a?

– Aka, sizlar-ku oila. Hozir talabalarga kvartira topish o‘limdan ham qiyin. Biz ham boyagi ko‘rgan katalakdan ham kichik joyda 38 kishi yashaymiz. Siz ko‘rpacha deysiz. O‘zimiz tikka turib uxlaymiz. Hech iloji yo‘q. Undan ko‘ra qishloqqa qayting. Qo‘y-po‘y boqib, ko‘proq pul to‘plagach, qaytib kelarsiz, – dedi.


Qishloqqa qaytish?! Undan ko‘ra o‘lganim yaxshi. Agar qaytsam, butun qishloq bir umr gapirib yuradi: “Falonchining bolasi o‘zicha kerilib, toshkentlik bo‘laman deb yurgandi. Ana, bir kun ham yasholmay qaytib kelibdi”, deb. Men bu gaplarni hech ko‘tara olmayman. Hammasiga ko‘nib qaytsam ham otam uyga kiritmaydi.


Ichimda butun ajdodlarimni malomat qildim. To‘g‘ri-da, insoniyat paydo bo‘lganiga millionlarcha yil bo‘lgan. Millionlarcha yil oldin ham men hozir qonini tashib yurgan biror ajdodim yashagani aniq. Million yilni qo‘yib turaylik. Tosh davrida, u ham mayli, keyingi ming yillar davomida nahotki biror ajdo­dimning aqliga: “Kel, shu gadoytopmas qishloqda nima qilamiz, shaharga ko‘chib o‘taylik”, degan fikr kelmagan bo‘lsa?


Amir Temur qo‘shinida ham biror ajdodim bo‘lgandir. Buyuk bobomiz harbiy yurishlari davomida necha martalab Toshkentdan o‘tgan. Shu safarlarning birida haligi ajdodim “Toshkent bahavo joy ekan, shu yerda qolaman”, desa, haqqi ketib qoladimi?! Shonli Amir Temur qo‘shini bir safar mening ajdodim qatnashmagani uchun jangda yengilib qolmasdi-ku! Qo‘mondonlar ruxsat bermasa, “qornim og‘riyapti” deb bahona qilsa ham tushunishardi. Mayli, Toshkentning markazi bo‘lmasin, hech bo‘lmaganda Yangiyo‘ldan bo‘lsa ham biror sotix joyga chayla tikib, shu yerga o‘rnashib qolsa bo‘lmasmidi? Undan keyingi yuz yillardagi ajdod­larimda ham qancha imkon bo‘lmagan, deysiz? Birortasi mendan oldinroq toshkentlik bo‘lib olsa, hozir kvartira qidirib sarson bo‘lmagan bo‘lardim…


U qildik, bu qildik, hech iloji topilmagach oxiri haligi katalak uyga qaytib keldik. Borsak, uy egasi ham kelgan ekan. Burni havoda, turishi Farmonbibidek, xuddi osmonning bir tomonini ko‘tarib turgandek. Tishi tilla, bo‘yni zumrad, bilagi oltin, o‘zi beva ekan. Sovet zamonida ko‘p katta joylarda kotiba bo‘lib ishlagan emish (hali ham biror joyga kotiba bo‘lay desa, bo‘lgulik). “Yaxshi ishlagani” uchun har ishlagan joyidan boshliqlari uy hadya qilgan ekan. 10–15 ta kvartirasi bormish. Hammasiga ijarachi qo‘ygan, ulardan keladigan pulning hisob-kitobi yo‘q.

Ancha boy kampir ekan. Vaziyatni tushuntirsam,  insof qilib, ijara narxini tushirar, deb o‘yladim ichimda va sekin gap boshladim:

– Xolajon, siz aytgan narxda ijara haqi to‘lashga umuman imkonimiz yo‘q. Ozroq kelishtiring. Yosh 

oilamiz…


Narxni arzonlashtirish haqida aytishim bilan haligi osmonni suyab turgan xola birdaniga bechora, bukri kampirga aylandi, qoldi. O‘zi kasal emish, biz to‘lagan pulga dori-darmon olarmish. Bir so‘m ham tushirishning iloji yo‘qmish…


Men ham kampirdan besh battar bechora rolini

“yoqib” oldim. 

– O‘zim ham, xotinim ham g‘irt yetimmiz, hech kimimiz yo‘q. Duo qilamiz, xolajon, biz duo qilsak, narigi dunyoda jannat – “garantiya”. Qizli bo‘lsak sizning otingizni qo‘yamiz. Jonimizsiz, jigarimizsiz…


Ko‘navermagach oxiri “ona mehri ko‘rmaganmiz”, deb haligi kampirni xotin ikkalamiz mahkam quchoq­lab oldik. Uni ko‘rgan maklerning ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi. Xullas, bir amallab kampirni 50 dollarga iydirdik. Uyni 350 dollarga beradigan bo‘ldi.


Tanishlardan qarz ko‘tardim, bankdan kredit oldik. Xotin mahrga berilgan uzugini sotdi. Xullas, bir amallab kampirni ham, maklerni ham rozi qilib shu katalakka ko‘chib kirdik. Endi ijara haqini to‘lash – bir masala. Kunduz ham, kecha ham halovat yo‘q.


Boshda reja qilganimdek, maktabga ishga kirdim. U yerdan oladigan arzimagan oyligim ijarani to‘lashga qayerdan yetsin? Maktabdan keyin qurilishda, undan keyin kuryer bo‘lib ishlayman. Ertalabgacha esa bir tashkilotda qorovulman. Yigirma to‘rt soat ishlab zo‘rg‘a ijara haqiga pul yetkazyapman. Topgan pulim ijaraga ketgani uchun ro‘zg‘or xotinning zimmasiga tushdi. U ham tinmay ishlayapti: pirojki pishirib sotadi, tikib-bichadi (birovga aytib qo‘ymang-ku, yaqinda qushnochlikni ham boshlab yubordi. Fol-mol, issiq-sovuq degandek…).


Qizig‘i, tun-u kun ishlaganim uchun ko‘chib o‘tganimizdan beri u zormanda kvartirada bir kun ham yashaganim yo‘q. Xotin bilan ham ko‘rishmaganimizga oylar bo‘ldi. Faqat har zamonda telefonlashib tura­miz. Shunga qaramay baxtli-saodatli oilamiz.


Hurmatli hamkasblar, Toshkentda arzonroq ijara uy bo‘lsa, xabar qilsangiz, xursand bo‘lamiz! 


Ijaradagi O‘QITUVCHI

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Maktab
  • #Nazorat

Ulashish