“O‘QUVCHI HAQIGA XIYONAT QILMA!”

Daxldorlik “O‘QUVCHI HAQIGA  XIYONAT QILMA!”
127

O‘quvchilarga puxta bilim beruvchi va ularning axloqiy fazilatlarini shakllantiruvchi maktab fidoyi ustozlar bilan qutlug‘ dargohga aylanadi. Ular oradan necha yillar o‘tsa ham shogirdlar qalbida yashayverar ekan. Oliy toifali matematika o‘qituvchisi – otam, jadid bobolarning munosib izdoshi Mulla Karim ota o‘g‘li Toshvoy muallimni shogirdlari yodga olganida shunday fikrga keldim. Hozir otam hayot bo‘lganida 100 yoshni qarshilagan bo‘lardi. O‘z kasbiga sodiq, halol inson edi. 


Kechalari tong otguncha ertangi kun darslariga tayyorlanardi. Yakshanba kunlari xontaxta ustida matematikaga oid darsliklar, jumladan “Qiziqarli mate­matika” singari bir qancha kitoblar ochiq turardi. 1972-yili 10-sinfda o‘qirdim, har doimgidek dadam yonida o‘tirib dars tayyorlayotgandim.


– Dada, nafaqat bu mavzu, balki butun kitob sizga yod bo‘lib ketgan-ku, nimaga har kuni 3-4 soat konspekt yozib, tayyorlanasiz, – dedim bola qalbim bilan qiziqib.


Chap qo‘lining to‘rt barmog‘ini peshonasiga qo‘yib, daftaridagi piramida shakliga tikilib, nimaningdir yechimini izlayotgan dadam ko‘zoynak ustidan jiddiy qarab, savolimga savol bilan javob qaytardi:

– Buni qara, piramidaning yon qirrasi­ni qanday topasan? 

Chizmaga yaxshilab tikildim-da, “Yon qirrani Pifagor teoremasi orqali topaman” dedim.


– Hamma gap shunda-da, o‘g‘lim, boshqa bolalar ham xuddi sendek o‘ylaydi. Bu uzoq yo‘l. O‘tkir burchak sinusi­ning ta’rifidan foydalanish yoki chizmadan “Misr uchburchagi”ni ko‘rish ham mumkin. Shunda yechim osongina topiladi. Endi tushundingmi, o‘qituvchi ertangi kungi darslariga nima uchun tayyorlanishi kerakligini? Agar darsga puxta reja tuzib kirmasam, yuqoridagi masalani eskicha tushuntirib berardim… 

– Endi tushundim, – dedim. 

Oradan ikki oy o‘tib dadam mendan so‘radi:

– Rahmatulla, maktabni tugatib kim bo‘lmoqchisan? 

Bu savolni bugun bo‘lmasa, ertaga berishini bilardim.

– Sizga o‘xshab o‘qituvchi bo‘laman!

– Sen texnikaga qiziqasan, Aloqa ins­tituti yaxshimasmi senga?

– O‘qituvchilik yaxshi, dada.

– Mayli, o‘g‘lim, shuni xohlabsan, endi bo‘sh vaqtingda birga tayyorgarlik ko‘ramiz.

ToshDUning matematika fakultetiga o‘qishga kirdim. Vaqti kelib aspiranturada o‘qishni davom ettirishni taklif qilishdi. Oilaviy sharoitim tufayli bu taklifni qabul qilolmadim...

“Mutafakkirlar fikriga ko‘ra, sayyora­miz aholisining juda kichik qismigina hayot talab etgan odob, tartib, qonun-qoidalarga bo‘ysunib ibratli inson degan nomga sazovor bo‘larkan. Ustozimiz Toshvoy aka Karimov ana shunday saralangan kishilar sirasidan, ibratli inson edilar, – deydi otam haqida shogirdi, texnika fanlari doktori, professor, Rossiyaning xalqaro muhandislik hamda Ukrainaning texnologiya akademiyalari­ning akademigi, mehnat faxriysi Ne’matilla Mo‘minov. – Toshvoy aka darsga kirganda sinfda suv quygandek jimjitlik paydo bo‘lardi.


U misol, masala va matematik jumboq­larni bizga xuddi badiiy asarni tushuntirgandek tushuntirib berardi. Toshvoy akani o‘quvchilar chin ko‘ngildan hurmat qilishardi. Matema­tikaning hayotda tutgan o‘rnini yorqin misollar bilan talqin qilib, o‘quvchilarda fanga nisbatan mehr uyg‘otardi.


Aspiranturani muvaffaqiyatli tugatdim. Bajarilgan ilmiy ishlarimda mate­matik usullarni qo‘llashdagi mohirligim domlalarning e’tiborini o‘ziga tortdi shekilli, “Matematika fanini kim o‘qitgan?” deb so‘rashdi. Shunda ularga Toshvoy aka haqida so‘zlab berdim. Doktorlik dissertatsiyamda turli matematik modellashtirishlar mavjud edi. Ularni ishlab chiqdim. Natijalarni ko‘rib, tahlil qilgan olimlar ham yana menga shu savolni berishgandi. Savol berganlarni Toshvoy akaning ilmiy unvoni yo‘qligi ajablantirgan edi. Haqiqatan ham, Toshvoy aka ilmiy iqtidor egasi, katta ilmiy unvonlarga loyiq olim o‘qituvchi edi.


Ustoz formulalarni doskaga juda chiroyli yozardi. Texnika fanlari nomzodi, texnika fanlari doktori, akademik darajasiga yetishuvimda ustozim Toshvoy akaning hissasi katta”.


Shuningdek, davlat arbobi Mirahmad Mirqosimov va u kishining akasi sharq­shunos, diplomat Sur’at Mirqosimov otamni shunday xotirlaydi: “Uyga bergan vazifalar bajarilishini talabchanlik bilan nazorat qilardi. Maktabdagi keng yo‘lakda sinf jurnalini qo‘ltiqlab olgan Toshvoy aka ko‘rindimi, barchamiz sinfda o‘z joyimizni egallab, uyga berilgan vazifa yechimi yozilgan daftarni ochib qo‘yib, miq etmay o‘tirardik. Bu holat u kishidan qo‘rqish emas, balki uni hurmat qilish edi, deb o‘ylaymiz. Domla har bir o‘quvchining daftarini alohida ko‘rib, baholardi. Ustozning “Matematika shunday fanki, bugungi o‘tilgan qoida yoki masala yechimini to‘liq tushunib yetmaguncha keyingi darslar mohiyatini ang­lab bo‘lmaydi”, deganini unutmaymiz. 


Maktab va o‘quv jarayonida belgi­langan ichki qoidalarga amal qilib, intizom saqlashimizni qat’iy talab qilardi. Qalbimda ardoqlab kelayotgan ustozim Toshvoy Karimov haqidagi xotiralarimni ayni paytda ustozning muborak 100 yillik to‘ylari arafasida qog‘ozga tushirishga jazm qildim. 


1972-yili Toshkent shahridagi 81-maktabni tugatdim. Shu yili Moskva geodeziya, aerofotosyomka va kartografiya muhandislari institutiga hujjat topshirdim. Kirish imtihonlari Toshkentda bo‘ldi. Matematikadan bo‘lgan yozma imtihondan “5” baho oldim, so‘ngra yana og‘zaki imtihonga kirib bilet oldim va domlaga ruxsat bersangiz, tayyorlanmasdan javob beraman, deb aytdim. Biletdagi hamma savolga a’lo darajada javob berdim. Domla o‘ylanib mate­matikadan qo‘shimcha bitta savol berdi. Unga ham darhol javob berdim. So‘ngra qog‘oz oldi-da, geometriyadan yana bir masala berdi. Masalani domlaning ko‘z o‘ngida darhol chizma chizib, yechdim. Domla, hujjatimga “5” baho qo‘ydi-da, so‘ng menga yuzlanib: “Qaysi maktabni tugatding, kim o‘qitdi?” – deb so‘radi. “81-maktabni tugatdim, Karimov Toshvoy aka o‘qitdi”, deb javob berdim. U o‘rnidan turib qo‘limni siqib, muvaffaqiyat tiladi. Institutga kirdim. Moskvada besh yil, aspiranturada uch yil o‘qidim. Beshinchi kursda oxirgi imtihon “Kosmik geodeziya”dan bo‘ldi. Imtihonni shu soha bo‘yicha jahonga tanilgan olimlarga topshirdim. Oq qog‘ozni olib birinchi formulaning isbotini yozib berdim, so‘ng  ikkinchi formula isbotiga kirishdim. Javobning yarmiga yetganimda domla yakuniyimga “5” qo‘ydi, keyin o‘rnidan turib, xonadan chiqish eshigigacha kuzatib qo‘ydi. Har ikki imtihonda menga matematikadan qo‘yilgan “5” baho va ko‘rsatilgan iltifot ustozim Toshvoy Karimovning mashaqqatli mehnatiga berilgan baho edi. Ustoz ta’lim tizimida yorqin iz qoldirgan, bosiq, madaniyatli, barchaga ibrat bo‘ladigan samimiy inson edi. Hozirgi kunda ko‘plab shogirdlari ustozlik faoliyatini olib borishmoqda. Ustoz-shogird an’analari davom etmoq­da. Ustoz Toshvoy Karimov xalqimiz qalbida mangu yashaydi”.


Otamning yana bir shogirdi Gulchehra Isomuhammedova uni shunday xotirlaydi: “Toshvoy aka Karimov mehribon ustoz, talabchan, qattiqqo‘l sinf rahbari, shu bilan birga katta bilim va tajriba egasi, o‘z fanining chinakam bilimdoni bo‘lgan. Maktabda kasbdoshlari bilan juda samimiy, yosh o‘qituvchilarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan va pedagogik mahorati bilan o‘rnak bo‘lgan ajoyib ustoz edi. Biz shogirdlari ustozga munosib, kamtar, halol, talabchan, bilimli bo‘lish va ustozga juda-juda o‘xshashga harakat qilganmiz”.


Fan doktori, professor Aziz aka Vorisov ustozni shunday eslaydi: “Har bir insonning qiziqishi, kelajak maqsadi bo‘lgani kabi menda ham ustoz Toshvoy akadek matematika fani ustozi bo‘lish istagi tug‘ildi. Bu mo‘tabar insonning mashg‘ulot olib borishini qancha ijobiy so‘zlar, amaldagi atamalar bilan ifodalasangiz ham masalaning mohiyati kemtikdek tuyulaveradi…


Ustozimiz Toshvoy aka dars mashg‘ulotlaridan tashqari to‘garak tashkil etdi, men ham qolgan o‘quvchilar qatori matematika faniga qiziquvchilar safida ushbu to‘garakda ishtirok etdim. To‘garak mashg‘ulotlarida o‘ziga xos o‘quv adabiyotlari qatori o‘sha yillari mamlakatning deyarli hamma oliy ta’lim muassasalarida matematikadan kirish imtihonlari uchun misol va masalalar tuziladigan N.P.Antonov va boshqalar hammuallifligida yozilgan “Elementar matematika masalalari to‘plami” kitobidan misol va masalalar yechilardi. To‘garak mashg‘ulotlarida Toshvoy aka rahbarligida ushbu kitobdagi misol va masalalarni to‘liq yechib chiqqanmiz. Natijasi esa butun umrimga tatidi”…


“Matematika faniga qiziqishimni uyg‘otgan ustoz Toshvoy aka Karimov bo‘ladi, – deya faxr bilan eslaydi Uchtepa tumanidagi 4-maktabning faxriy mate­matika o‘qituvchisi Matluba Saydaminova. – Ulardagi halollik, soddalik, mehnatsevarlik, xushmuomalalik kabi fazilatlar va matematika ilmini san’atga aylantirish yo‘lidagi izlanishlari-yu, chuqur bilimiga havas qilib, o‘qituvchi bo‘lishga qaror qilganman. Maktabni sog‘inib, bolalik davrimni eslasam, xayo­limga, albatta, matematika darslari keladi. Butun sinf go‘yoki musiqiy asarni tinglayotganday Toshvoy ustozga quloq tutardik. Toshvoy aka qobiliyatli va fanga qiziqqan o‘quv­chilarga erinmay darsdan so‘ng alohida mavzularga doir murakkab misol va masalalarni o‘rgatardi”.


Har doim otam sabab matematika yoki unga aloqador sohani tanlagan shogirdlariga duch kelganimda shunday porloq xotiralari bilan o‘rtoqlashishadi. Bu esa boshqalarga yaxshilik qilish, dunyoga taniqli shogirdlar tarbiyalashga undaydi. 

Rahmatulla KARIMOV, 

O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Rahmatulla KARIMOV

Rahmatulla KARIMOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Zamon va makon

Ulashish