O‘zini anglash va yo‘qotish fasli

kinotavsiya O‘zini anglash va yo‘qotish fasli
59



Farzand voyaga yetkazish mashaqqatli ish. Kelajakda u jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, kasbiga mehr qo‘yib, uni yurakdan bajarishi aynan o‘smirlikda qiziqishlari to‘g‘ri yo‘naltirilishiga bog‘liq. Ammo bizda aksariyat ota-onalar farzandiga nisbatan adolat­siz munosabatda bo‘ladi. Ushalmagan, armonga aylangan orzu-maqsadlarini farzandida ko‘rishni xohlashadi. Qiziqishlariga qarshi chiqib, ko‘p daromad topadigan, nufuzi baland kasb-korni tanlashga majbur qilishadi. Bu esa insonni pul uchun yoqtirmagan ishini butun umr bajarishga majbur etadi. 


O‘smirlik o‘zini anglab yetish va yo‘qotish o‘rtasidagi ko‘prikka o‘xshaydi, bu davrda inson o‘zini topishi yoki orzu va qo‘rquvlari orasida yo‘qolib ketishi mumkin. Bunday payti tomosha qilinadigan har bir film va ularning har bir qahramoni o‘smir ongiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Quyida tavsiya etilgan filmlar nafaqat o‘smirlar, balki ularning ota-onalari ham ibrat olishi, hayotga bo‘lgan ishonchini oshirishga yordam beradi.


Baxt izlab


The Pursuit of Happyness – ushbu film real voqealarga asoslangan bo‘lib, hayotning og‘ir damlarida kurashishdan chekinmaslik, har qanday vaziyatda ham orzulardan voz kechmay ularni amalga oshirishda qat’iyatli bo‘lishga undaydi. Film nafaqat inson ruhiyatini, balki hayotdagi mag‘lubiyatlar bilan qanday kurashish kerakligini ham ko‘rsatadi. Filmni tomosha qilsangiz, ota va bolaning mustahkam ishonch rishtalari ham sizni o‘ziga tortadi. 


Oktabr osmoni

October Sky filmi 50-yillardagi kichik bir Amerika shaharchasida yashovchi bolalar­ning orzularini amalga oshirishga bo‘lgan intilishlari haqida hikoya qiladi. Film real voqealarga asoslanib, Homer Hickamning (Jake Gyllenhaal) bolalik yillaridagi kashfiyotlari va raketa qurishga bo‘lgan ishtiyoqi orqali ilm-fan va orzularning qanday amalga oshirilishini tasvirlaydi. Filmda Homer va uning do‘stlari ilm-fan va texnologiya orqali o‘z orzularini amalga oshirishga harakat qiladi. Kichik shaharchada yashasa ham ularga katta dunyo va ilmiy yutuqlar uchun yo‘l ochiladi. Ilm-fan va texnologiyaga bo‘lgan mehr va orzular­ning kuchi tasvirlanadi. Homer va uning do‘stlari raketa qurishga bo‘lgan ishtiyoqi orqali ilm-fan sohasida yangi ufqlarni yaratadi. Orzularini amalga oshirishda ijtimoiy va iqtisodiy to‘siqlar bilan kurashishadi. Otasi uning ham o‘zidek usta bo‘lishini xohlab, unga ishonchsizlik bildirib, orzulariga qarshi boradi. Film ilm-fan, texnologiya va insoniyatning o‘z imkoniyatlarini kashf etishga intilishi o‘rtasidagi mukammal bog‘lanishni tasvirlash bilan birga ota va farzand o‘rtasidagi nozik aloqalarni ham ko‘rsatadi. Muvaffaqiyatga erishishda asosiy to‘siq o‘z yaqinlarimiz ekanligini chiroyli tasvirlaydi.  Homer Hickamning haqiqiy hikoyasi, yoshlarni o‘z orzularidan voz kechmaslikka va hech qachon o‘z imkoniyatlarini past baholamaslikka undaydi.


Film nafaqat ilm-fan va texnologiya sohasiga, balki insonning orzularini amalga oshirish uchun kurashish, muammolarga dosh berish va oxir-oqibat muvaffaqiyatga erishish borasida muhim hayotiy saboqlarni beradi. Yigirmanchi asr oxirlarida suratga olinganiga qaramay asar hali-hamon aktualligini yo‘qotmagan. 


Ruh

Soul – hayot va maqsad haqida chuqur o‘yga toldiruvchi film. Musiqa orzusila yashash bilan birga, hayot mazmunini tushu­nishga intilgan inson haqida. Soul faqatgina o‘z orzularini amalga oshirish emas, balki haqiqiy baxt va hayotni qanday qabul qilish­ni o‘rganish haqida ham hikoya qiladi. Filmdagi asosiy mavzu hayot mazmuni, baxt va maqsad. Bosh qahramon Joe Gardner musiqa o‘qituvchisi, ammo u jazz musiqachisi bo‘lishni istaydi. Bir kuni uning orzulari ushalish arafasida umrbod to‘xtaydi. Bu voqea uni “Ruhlar olami”ga olib boradi, u o‘zining hayotiy maqsadini tushunib, haqiqiy baxtni izlashni boshlaydi. Ruhlar olamida mexa­nizmlar yordamida hayotidagi qadriyatlarni va haqiqiy baxtni topishga intiladi.


Film baxtni kashf qilishda orzular va haqiqiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni topish muhimligini uqtiradi. Qahramon dastlab musiqachi bo‘lishni istaydi, ammo oxir-oqibat u hayotning maqsadi nafaqat orzularni amalga oshirish, balki o‘zining ichki dunyosini ang­lashda ham ekanligini tushunadi.

Ha, ba’zan orzu va maqsadlar insonning haqiqiy baxtini topishiga to‘siq bo‘lishi mumkin ekan. Hayotning oddiy va kichik lahzalari qadriga yetish kerak. Piksar o‘zi­ning yurakni titratadigan va o‘ylantiradigan an’anaviy hikoyalarini yangi darajaga olib chiqib, hayotning asl maqsadi va uning mazmuni haqida yangicha qarashni ochib beradi. Oilaviy tomosha qilish uchun ideal film.



Boshqotirma

Inside Out – bolalik va o‘smirlik jara­yonida yuzaga keladigan hissiy o‘zgarishlar va his-tuyg‘ularga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini tasvirlaydi. 11 yoshli Rileyning ichki dunyosida yashayotgan his-tuyg‘ular: baxt, qayg‘u, g‘azab, qo‘rquv, nafrat (joy, sadness, anger, fear va disgust)ning o‘zaro muloqoti Rileyning hayoti va qarorlariga ta’sir qiladi. Film his-tuyg‘ularni qanday qabul qilish va ularni boshqarish kerakligini o‘rgatadi.


Rileyning oilasi Minnesotadan San-Fransiskoga ko‘chib borishi hayotida katta o‘zgarishlar va yangi bosqichni boshlab beradi. U bilan birga uning his-tuyg‘ulari ham “ko‘chib boradi” va hayotdagi yangi muammolarni hal qilishda Rileyga yordam beradi.


Baxt filmdagi asosiy qahramonlardan biri, Rileyning ijobiy, hayotga chanqoq his-tuyg‘usi. Joy o‘zini Riley uchun eng muhim his-tuyg‘u deb hisoblaydi va uni doim baxtli qilish uchun harakat qiladi. 


G‘am Rileyning g‘am-tashvish va achi­nish tuyg‘usi. G‘am dastlab salbiy obraz sifatida namoyon bo‘lsa-da, filmda uning ham o‘ta muhim o‘rni borligi ayonlashadi. U Rileyning ichki dunyosining muhim bir qismiga aylanadi, ya’ni uning o‘sish va rivojlanish jarayonida katta rol o‘ynaydi.


G‘azab Rileyning qattiq va noxush vaziyatlar bilan kurashayotganida paydo bo‘ladi. G‘azab Rileyni adolatni talab qilishga undaydi. Qo‘rquv uni xavf-xatarlardan saqlashga harakat qiladi. Noaniq yoki xavfli vaziyatlarda ehtiyotkorlik bilan yondashishga yordam beradi. Nafrat noqulay va yomon holatlar bilan yuzlashganda his qiladigan tuyg‘u. U nafaqat Rileyni yomon narsalardan ogohlan­tirish, balki uni yaxshi odatlar va toza muhitda saqlashga ham yordam beradi.


Filmda bu his-tuyg‘ular o‘rtasida o‘zaro kurash va hamkorlik mavjud. Ularning har biri Rileyning ichki dunyosida o‘z vazifasini bajaradi, ammo ular doim bir-biriga qarama-qarshi yondashuvlarda bo‘lishadi. Asosiy mazmun esa his-tuyg‘ularni faqatgina “yaxshi” yoki “yomon”ga ajratmaslik kerakligini ko‘rsatadi. G‘am, baxt, qo‘rquv, g‘azab va nafrat – bularning barchasi insonning o‘sishi, qarorlar qabul qilishi va muam­molarni hal qilish jarayonida zarur. Film, his-tuyg‘ularni qabul qilish va ular bilan yashashni o‘rgatadi. 


Yonimda bo‘l

Stand by Me filmi 1982-yili nashr etilgan Stephen Kingning “The Body” nomli qisqa hikoyasi asosida ishlangan. Do‘stlik, o‘sish va hayotning murakkabliklarini o‘rganish haqida so‘z yurituvchi ajoyib film. Asosiy g‘oya o‘smirlik davrida do‘stlik rishtalari, ijtimoiy muammolar va individual muam­molarni birgalikda yengishning ahamiyatini ko‘rsatadi. 


Film faqatgina o‘smirlikning og‘ir va noxush tomonlari haqida hikoya qilmaydi, balki do‘stlik va sadoqatning qanchalik qimmatli ekanini ham ko‘rsatadi. O‘smirlar­ning o‘zlarini tushunish va ichki kurashlarni yengishdagi sayohati va bu sayohat oxirida hayotning asl maqsadini anglashga erishish­lari tomoshabinlarni chuqur mulohazaga chorlaydi.


To‘rt bola qorong‘u va murakkab davrlarini boshdan kechirishadi, lekin birdamlik, sadoqat orqali bu davriy muammolarni yengib o‘tadilar. 




O‘lik shoirlar jamiyati


Dead Poets Society – o‘smirlarda hayot va ijodiy erkinlik haqida chuqur tasavvur uyg‘otuvchi dramatik, ko‘zyoshlaringizga arziydigan film. Voqealar 1959-yili Ameri­kaning konservativ ta’lim tizimidagi elit maktab-internatida bo‘lib o‘tadi. Filmning markaziy mavzusi insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini topish, ijodiy erkinlikni his qilish va boshqalar yasagan qolipdagi hayot va an’analar bilan kurashishdir.


Dead Poets Society asosan o‘smirlarning o‘zlarini anglash va shaxsiyatini shakllantirish jarayonini, jamiyat va ta’lim tizimi bilan yuzma-yuz bo‘lishini tasvirlaydi. Filmda qat’iy va bosim ostidagi ta’lim tizimiga qarshilik g‘oyasida yoshlarni ijodiy va intellektual erkinlikka da’vat etgan bir o‘qituvchi hikoyasi aks etgan.


Bosh qahramon yangi ingliz tili o‘qituv­chisi. U o‘quvchilariga Keating maktabidagi konservativ o‘qitish uslublaridan tubdan farq qiluvchi ijodkorlikni, erkinlik va o‘z fikrlarini ifoda etishni o‘rgatadi. U “Carpe Diem” (Bugunni yashang) g‘oyasini ilgari suradi va o‘z hayotini to‘liq yashashga va imkoniyatlarni qadrlashga undaydi. Keating maktabining yangi uslubi o‘qituvchi va o‘quv­chilar bir qismiga yoqmasa-da, oxir-oqibat u o‘smirlarning hayotini o‘zgartiradi va ularga haqiqiy maqsadlarini anglashga yordam beradi.


Voqealar Neil Perry va uning do‘stlari atrofida kechadi, u Keatingning eng yaxshi o‘quvchilaridan biri. Neil, o‘zining otasi tomonidan belgilangan kelajakdagi “ideal ish”, tibbiyot sohasini tanlashni istamaydi. U ijod qilish va sahnaga chiqishni orzu qiladi. O‘zining haqiqiy orzulariga erishish uchun Keating maktabining eskicha an’analari bilan kurashadi, ammo otasining kuchli bosimi va qo‘llab-quvvatlashining yetishmasligi umidlarini so‘ndiradi. Fojiaviy yakun film­ning eng ta’sirli va o‘ylantiruvchi qismlaridan biridir.


Dead Poets Society bu o‘smirlarning o‘zlarini anglash, ijodiy erkinlikni topish va hamma qatori yashamaslik, qoliplarga qarshi kurashishi haqidagi film. Film, o‘z orzulari­ga erishish uchun jasorat va qat’iyatlilikni namoyish etishi, shu bilan birga, o‘zini ang­lash va boshqalar bilan aloqada bo‘lishda samimiy va haqqoniy bo‘lishning ahamiyatini ko‘rsatib beradi. Dead Poets Society – bu faqatgina o‘smirlik haqida film emas, balki hayotning maqsadi va uni qanday to‘liq yashashni tushunishga yordam beradigan asar. Bu film, har bir tomoshabinni o‘zini izlash, yo‘lini topish va hech qachon orzularidan voz kechmaslikka chorlaydi. 

Shodiyona XUSHMURODOVA, 

“Ma’rifat” muxbiri


Maqola muallifi

Shodiyona XUSHMURODOVA

Shodiyona XUSHMURODOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish