QIZIQARLI VA SAMARALI: o‘yinlar yordamida grammatikani o‘rganamiz!

Ona tili mavzularining samarali o‘zlashtirilishiga erishish uchun o‘zim ko‘p qo‘llaydigan interaktiv metodlarni boshqa hamkasblarimga ham ulashgim keldi. Quyida ularning bir nechtasini tavsiya etaman.
“Manzilni top”
O‘yin tartibi quyidagicha:
1. O‘qituvchi tomonidan ko‘rgazma tayyorlanadi: uchta uycha surati.
2. Sinfni 3 guruhga bo‘lamiz.
3. Har bir guruhni mavzuga moslab nomlaymiz. Masalan, “Sifat darajalari” mavzusi o‘tilayotgan bo‘lsa, “Oddiy daraja”, “Qiyosiy daraja”, “Orttirma daraja” deb nomlash mumkin.
4. Uychalarga markerda “Oddiy daraja”, “Qiyosiy daraja”, “Orttirma daraja” deb yozib qo‘yiladi.
5. Yopishqoq tarqatma qog‘ozlarga sifatlar turli darajalarda yozilgan bo‘ladi.
6. Guruh a’zolari navbat bilan chiqib, tarqatmadagi sifatni o‘qib, qaysi uychaga mansub bo‘lsa, shunga yopishtirishadi.
7. O‘qituvchi tomonidan tahlil qilib noto‘g‘ri javoblar aniqlanadi.
“Haqiqat/Yolg‘on”
O‘quvchilar ilmiy qoidalarni esda saqlab qolishga qiynaladi. Ilmiy faktlarning ko‘pligi, ma’lumotlarning qiyinligi ularni o‘quvchilarga osonroq, esda qolarliroq qilib yetkazib berishni talab etadi. Tavsiya qilayotgan usulimiz ayni shu jihatda bizga yordam beradi. Qo‘llanish tartibi:
1. Ko‘rgazma plakat ikkiga bo‘linib, bir tarafiga “HAQIQAT”, ikkinchi tarafiga “YOLG‘ON” deb yoziladi.
2. Tarqatma qog‘ozlarga qoidalar to‘g‘ri va noto‘g‘ri holda yozilgan bo‘ladi.
3. O‘quvchilar navbat bilan chiqib, qoidani o‘qib, to‘g‘ri bo‘lsa “Haqiqat” ustuniga, yolg‘on bo‘lsa “Yolg‘on” ustuniga yopishtirishadi.
“Zehn matni”
Ona tili darslarida matn ustida ko‘p ishlanadi. Chunki grammatik qoidalarga rioya qilishni amaliyotda, ya’ni mashqlar bajarish orqali o‘rganish samarali. Matn ustida ishlashning ham bir nechta usuli bor. Bu usullarni vaziyatga munosib ravishda qo‘llash o‘z samarasini bermay qolmaydi. Tavsiya etayotgan usulimiz ham o‘quvchilarning matn ustida ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Bu kabi mashqlar ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat jarayonlariga boshlang‘ich tayyorgarliklardan sanaladi. Usulning qo‘llanish tartibi:
1. O‘quvchilarga matn taqdim etiladi (Monitor orqali yoki qog‘oz variantda o‘quvchilarning qo‘llariga berilishi mumkin).
2. Matn asosida topshiriqlar bajariladi.
3. Umumiy holda javoblar tahlil qilinadi.
Matnlar va topshiriqlar sinflar va o‘quvchilar yoshiga qarab tanlanadi. 5-sinf ona tili darsida “Ma’nodosh so‘zlar” mavzusini o‘rgatishda quyidagi matnni taqdim etishimiz mumkin:
QIZIQARLI TOMOSHALAR
Sirkda eng …1… inson ham kulib, hayratda qolishi aniq. Bu ana shunday …2… san’at. Sirk ko‘p hollarda …3… arena va baland gumbazli binoda joylashadi. Gumbaz tagida, ingichka sim ustida akrobatlar yuradi, …4.. va havoda aylanadi. O‘rgatilgan yo‘lbarslar yonib turgan halqa ichidan o‘tadi, ayiqlar esa …5.. , velosiped haydaydi. Sirkni …6.. kuldiradigan masxarabozlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jonglyorlar epchillik bilan turli …7. – shar, gurzi va halqalarni uloqtirib, …8.. Ular oldin ikki-uchta buyum bilan ishlaydi, keyinchalik buyumlar soni …9.. boradi.
Topshiriq:
Matnda tushirib qoldirilgan so‘zlarni topib, yozing.
Bunda quyidagi sinonimik jadvaldan foydalaning.
Ushbu usulni boshqa ko‘rinishlarda ham taqdim etish mumkin. Bunda o‘qituvchining yo‘naltiruvchilik qobiliyati yuzaga chiqadi.
“Jumboqli son”
1. Majlisga ….. ota-ona keldi.
2. Olmani ukalarimga ….. berdim.
3. Bugun darsda ….. baho oldim.
4. Samir, Dolim, Karim – ….. sinfimizning faxri.
5. Uloqda ….. chavandozlar ishtirok etdi.
6. Nasim ….. palla tarvuzni yeb qo‘ydi.
O‘quvchilarga sonning ma’no turlari yozilgan jadval taqdim etiladi, ular shunga qarab moslashtirishlari kerak bo‘ladi.
“Qo‘sh sharlar”
Qo‘llanish tartibi:
a) shishirilgan pufaklar tayyorlanadi;
b) sharlarga mavzudan kelib chiqib, so‘zlar yoziladi;
d) ikki o‘quvchi chiqarilib, topshiriq aytiladi.
Masalan, “Ma’nodosh so‘zlar” mavzusini o‘rganishda quyidagicha tashkil etish mumkin:
Sharning biriga bir so‘z yozilgan bo‘ladi. Ikkinchisiga uning ma’nodoshi. Xuddi shu tartibda 20 ta shar tayyorlanadi. O‘quvchi sharlardan birini oladi va uning sinonimini sharlar orasidan qidirib topa olishi kerak bo‘ladi.
Ushbu usulimizdan barcha sinflarda, istalgan mavzuda foydalanish mumkin.
“Kasblar olamiga sayohat”
O‘quvchilarga dars jarayonida ta’lim berish bilan birga tarbiya berish, ularda milliy an’analarga sodiqlik tuyg‘ularini shakllantirish eng katta vazifalarimizdan biri sanaladi. Shu sababli ham dars davomida turli o‘yinlardan foydalangan holda bu vazifani amalga oshirishimiz mumkin. Albatta, bu grammatik qoidalarga bog‘langan holda olib borilishi maqsadga muvofiq. O‘quvchilarga quyidagi infografika taqdim etiladi:
“Yuqorida taqdim etilgan kasb egalarining xususiyatlarini yozing. Xususiyat ifodalashda ot va sifat so‘z turkumiga oid birliklardan foydalaning”, deb topshiriq beramiz.
Bu usul orqali qator sifatlar shakllanadi:
Kasblar haqida ma’lumotlarni yodga oladi.
U kasbning ijobiy, salbiy jihatlari haqida fikr yuritadi.
Grammatik bilimlarni takrorlaydi.
Topshiriqni bajarish mobaynida o‘zlari tanlamoqchi bo‘lgan kasb haqida ham mushohada qiladi.
Feruza HABIBULLAYEVA,
Baliqchi tumanidagi
14-maktab o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
FILOLOGIYA: Boqimandalikdan mustaqillikka
“Prezident iqtidorli farzandlari”tashabbusi – yoshlar orzularini ushaltiradi
Toshkent shahar hisobot-saylov konferensiyasi
1 milliard ko‘z yosh
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank