SHAXMATCHILARGA E’TIBOR FAQAT QOG‘OZDAMI?
Odatda sportchilarimizning g‘alabalaridan quvonamiz, ammo o‘sha muvaffaqiyatlar ortida turgan mashaqqatlarga ko‘pincha e’tibor bermaymiz. Istalgan sohada biror yutuqqa erishish tinimsiz mehnatning mahsulidir. San’at va sport kabi alohida qobiliyat talab qilinadigan sohalarda tug‘ma iste’dodning o‘zi kamlik qiladi. O‘sha mashhur ibora bilan aytganda: bir foiz iste’dod, to‘qson to‘qqiz foiz mehnat. Ammo ba’zan mehnatning o‘zi ham kamlik qiladi. Agar yosh sportchiga zarur e’tibor, qulay sharoit va moddiy qo‘llab-quvvatlov bo‘lmasa, manaman degan iste’dod ham qancha urinmasin, bir joyda depsinib turaveradi.
Akobirxon SAYDALIYEV
- 2008-yil 9-sentabrda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Shahardagi 12-maktab o‘quvchisi.
- Xalqaro master – IM (2025).
- Reytingi: 2287.
- 2014-yildan shaxmat bilan shug‘ullana boshlagan.
- Birinchi murabbiyi – Parviz Vohidov.
Muvaffaqiyatlari:
- 8 yoshgacha bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni (2015).
- Taylandning Pattayya shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida blits yo‘nalishida 3-o‘rin (2015).
- 8 yoshgacha bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 2-o‘rin. Litvaning Vilnyus shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirida 2 ta oltin va 1 ta kumush medal (2016).
- Osiyo chempionatida 2-o‘rin (2017).
- Maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 1 ta oltin va 2 ta kumush medal. Tayilandning Chayngmay shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 1 ta oltin va 2 ta kumush medal (2018).
- Maktab o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida 1 ta oltin va 2 ta bronza medal (2019).
- O‘zbekiston chempionatida 2-o‘rin (2021–2022).
- Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Al-Beruniy International” musobaqasida 3-o‘rin (2022).
- O‘zbekiston chempionatida 2 ta kumush medal (2023).
- O‘zbekiston chempionatida 1 ta oltin va 1 ta kumush medal. “Tashkent Open 2024” musobaqasida 16 yosh toifasida 1-o‘rin.
- Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Sohibqiron Amir Temur kubogi” xalqaro musobaqasida 20 yosh toifasida 2-o‘rin.
- Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan “30th Abu Dhabi International Chess Festival Juniors” musobaqasida 6-o‘rin (2024).
- Maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 1 ta oltin va 1 ta bronza medal. Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan G‘arbiy Osiyo chempionatida 1-o‘rin (2025).
Gazetamizning doimiy mushtariylari yaxshi biladi: “Ma’rifat” uzoq yillardan beri yosh shaxmatchilarimizning minbari bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda iste’dodli shaxmatchilarimizning murabbiy, mashg‘ulot va musobaqa xarajatlarini qoplashda qiynalayotgani, mas’ullar tomonidan bu masalaga yetarlicha e’tibor berilmayotgani haqida bir qancha tanqidiy maqola e’lon qilindi. Afsuski, mutasaddilar hali-hamon bu masalaga befarq bo‘lib qolmoqda.
Yaqinda Akobirxonning uzoq vaqtdan beri yuqori darajadagi murabbiysiz shug‘ullanib kelayotgani haqida eshitdik. Masalaning sababini bilish va holatga aniqlik kiritish maqsadida Akobirxonning bobosi Iskandar Saydaliyev bilan bog‘landik:
– Professional shaxmatchi o‘sishi, reyting ballarini oshirib borishi uchun tinmay shug‘ullanib, xalqaro musobaqalarda qatnashishi kerak, – deydi Iskandar aka. – Bu esa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Katta mablag‘ talab qiladi. Shu paytgacha Akobirxonning deyarli barcha xarajatlarini o‘zimiz qoplab keldik. Akobirxondan tashqari nabiralarim – Sharofatbegim va Ma’dixonlar ham shaxmat bilan shug‘ullangan. Bir qancha xalqaro yutuqlari ham bor edi. Mutaxassislar ularning iste’dodini yuqori baholagandi. Nasib qilsa, uch nafar grossmeysterning bobosi bo‘laman, deb quvonib yurgandim. Ammo…
Oila budjeti uch shaxmatchining mashg‘ulot va musobaqa xarajatlarini bir vaqtning o‘zida ko‘tarishga yetmadi. Ikki nabiram hozir Prezident maktabida o‘qiydi. Sharofatbegim yaqinda Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan kimyo-biologiya olimpiadasida 1-o‘rinni egalladi. Ma’dixon esa AT sohasida yuqori natijalarga erishmoqda.
Akobirxonga o‘n bir yildan buyon Parvez Vohidov murabbiylik qilib keladi. U yetti yilcha oldin Akobirxon uchun xalqaro darajadagi murabbiy kerakligini, bo‘lmasa o‘sishdan to‘xtab qolishini aytgandi. Shundan so‘ng 2 yilcha grossmeyster Tohir Vohidov, 3 oycha Ortiq Nig‘matov shug‘ullantirdi. Keyin moddiy imkoniyat yetmagani bois mashg‘ulotlar to‘xtab qoldi. Grossmeysterlarning bitta darsi o‘rtacha 200 dollardan ko‘proqqa tushadi. Yaxshiroq natijaga erishish uchun esa shaxmatchi haftasiga kamida 3-4 dars olishi kerak. Xalqaro musobaqalarga qatnashish xarajatlari qo‘shib hisoblanganda bu juda katta summaga aylanadi. Buncha xarajat o‘rtahol bir oilaning belini bukib qo‘yishi tabiiy.
Iskandar akaga shaxmat rivoji uchun Prezidentimiz tomonidan bir qator qaror va farmonlar qabul qilingani, ularda yosh shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularni yuqori darajadagi murabbiylar bilan ta’minlash, musobaqa xarajatlarini davlat budjeti va boshqa manbalar hisobidan qoplash belgilab qo‘yilganini eslatdik. Shundan so‘ng Shaxmat federatsiyasi, hokimlik yoki boshqa idoralarga murojaat qilgan-qilmaganini so‘radik.
– O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining Samarqand viloyati bo‘limi va viloyat hokimligiga qayta-qayta murojaat qildik, – deydi u. – Lekin hech foydasi bo‘lmadi. 3-4 marta borib, quruq va’dadan boshqa hech narsa olmagach, odamning hafsalasi pir bo‘lar ekan…
Akobirxonning yutuqlari nafaqat oilamiz, balki Samarqand va butun O‘zbekistonning g‘alabasidir. Agar unga yuqori darajali murabbiy va moddiy yordam berilsa, bundan-da yuqori natijalarga erishgan bo‘lardi. Men bunga ishonaman.
Iskandar aka, shuningdek, shaxmatni rivojlantirish uchun maxsus davlat fondini tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Fond kengashida tegishli idoralar bilan bir qatorda jamoatchilik vakillari ham ishtirok etishi, homiylar tomonidan ajratiladigan mablag‘larni esa soliqdan ozod qilish kerakligi haqida o‘z takliflarini bildirdi.
Bugun xalqaro tajribaga nazar tashlasak, Norvegiya, AQSH, Xitoy, Ozarboyjon, Hindiston va Yevropa davlatlarida yosh shaxmatchilarning mashg‘ulot va musobaqa xarajatlarini asosan davlat, federatsiyalar, klublar va homiylar qoplab beradi. Xitoy va Ozarboyjonda murabbiy, yig‘in va xalqaro safarlar 100 foiz davlat hisobidan qoplanadi. AQSHda yirik klub va fondlar iste’dodlarni to‘liq ta’minlaydi. Hindistonda korporativ homiylik kuchli. Norvegiyada esa klub tizimi moliyaviy yukni o‘z zimmasiga oladi.
Bizda esa yosh shaxmatchilarning deyarli barcha xarajatlari qog‘ozda go‘yoki qoplab berilayotgandek ko‘rinsa-da, amalda asosan ota-onasi gardaniga tushadi. Sportchi yirik natijaga erishmaguncha unga jiddiy e’tibor berilmaydi. Qachonki u dunyoga tanilgan shaxmatchiga aylansa, uning “egalari” yo‘q joydan paydo bo‘ladi. Turli idoralarning hisobotlari “Bizning sportchimiz!”, “Biz yordam berdik!” qabilidagi iddaolar bilan to‘lib toshadi. Hisobot yig‘ma jildiga odatdagidek muvaffaqiyatga erishgan shaxmatchi yonida jilmayib turgan bir amaldorning suratini tirkab qo‘yishni ham unutishmaydi. Go‘yo hammasi ularning g‘amxo‘rligi bilan amalga oshayotgandek…
Bu paytda ko‘rsatilgan e’tiborning kimga keragi bor? Sportchi dunyoga mashhur grossmeyster darajasiga yetgach, o‘z xarajatlarini o‘z imkoniyati bilan qoplay oladi. Yordam unga yo‘lning boshida – hali tetapoya bo‘layotgan davrida kerak.
Mamlakatimizda iqtidorli shaxmatchilar juda ko‘p. Afsuski, ularning anchasi yetarli e’tibor va moddiy imkoniyat bo‘lmagani sabab yarim yo‘lda qolib ketmoqda. Nahotki, katta bir viloyatning, bir yoshgina shaxmatchini murabbiy bilan ta’minlashga qurbi yetmasa? Turli samarasi mavhum tadbirlarga shusiz ham milliardlab pul sarflanmoqda-ku…
Humoyun QUVONDIQOV,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
Hunarli kishi elda xor boʻlmas
SHAXMATCHILARGA E’TIBOR FAQAT QOG‘OZDAMI?
“Bayrog‘imiz – faxrimiz!”
Maxsus pedagogika yoʻnalishi bitiruvchilari qaysi kasblarni egallashi mumkin?
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank