SUN’IY INTELLEKT TOPSHIRIQ ASOSIDA ISHLAYDI

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari SUN’IY INTELLEKT TOPSHIRIQ ASOSIDA ISHLAYDI
211



Ona tilida o‘quvchilar egallashi lozim bo‘lgan ko‘nikmalar qatoriga sun’iy intellekt bilan ishlay olish uchun to‘g‘ri va aniq topshiriq bera olish, bir shaxs, narsa yoki obyekt, joyni so‘z bilan og‘zaki va yozma tavsiflab bera olishni ham kiritish zarur bo‘lib qoldi. Ayniqsa, shaxsni tavsiflash qiyin. 


Sun’iy intellektga rasm chizish boʻyicha topshiriq bersangiz (masalan, men Mirzo Ulugʻbek va meni Registon maydonida tasvirla deb topshiriq berdim, sun’iy intellekt tashqi tuzilishim haqida soʻradi, men oʻylanib qoldim), u sizning tashqi tuzilishingizni yoki aytgan narsangizning tavsifini soʻraydi. Shu ma’noda yuqorida ta’kidlaganimiz koʻnikmalar juda muhimdir. 


Sun’iy intellekt siz qanday topshiriq bersangiz, shunday natija qilib beradi. Demak, unga toʻgʻri va toʻliq topshiriq berishni oʻrganishimiz zarur!


Olimlar tomonidan olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar muayyan nazariyalarga asoslanadi. Tilshunoslik, adabiyotshunoslik, pedagogika, psixologiya kabi bir qator sohalar, shubhasiz, ilm hisoblanib, о‘qi­tish metodikasi aksariyat tadqiqotchilar tomonidan ilmiy faoliyat sohasi sifatida tan olinmay, e’tibor qilmay kelinadi, ya’ni nazariy asosi mavjud emas, degan fikrda inkor qilib kelinadi. Aslida metodika barcha sohalarni rivojlantiruvchi richag, harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi, zero ilmiy maqola yozish, olim tayyorlashning ham metodikasi bо‘ladi. Ona tili о‘qi­tish metodikasining nazariy asoslaridan biri bu – о‘quv topshiriqlari hisoblanadi.  Mazkur nazariya bilan bir qator taniqli pedagog-olimlar, metodistlar shug‘ullangan. Endi sun’iy intellekt rivojlangan payt о‘quvchiga beriladigan topshiriqlarning ahamiyati yanada oshishi muqarrar.


Shu о‘rinda ta’kidlash zarurki, sun’iy intellekt inson aql-idroki asosida qilina­digan kо‘plab ilmiy, ijodiy ishlarni ham amalga oshirmoqda, maqola yozishdan tortib, rasm chizish, film yaratish, statistik tahlil qilish kabi kо‘plab ishlarni tez va sifatli bajarmoqda. 


Tо‘g‘ri, tabiiy aql-idrokning о‘rnini tо‘liq bosa olmasligi mumkin, ammo bugun har bir kishining eng yaqin kо‘makchisiga aylanib borayotgani rost. U yaqin kelajakda о‘z bazasidagi ma’lumotlarga tayanib о‘quvchilarga dars о‘tishi, ilmiy anjumanlarda ma’ruza bilan ishtirok etishi mumkin. Ammo u bajara olmaydigan ish bor, bu – topshiriq berishdir. Aksincha, sun’iy intellekt topshiriqning “quli”dir.


Sun’iy intellekt topshiriq asosida ishlaydi, u shunga muhtoj, topshiriq qanchalik tо‘g‘ri va aniq berilsa, u о‘z ishini shuncha sifatli bajaradi. Demak, endi topshiriq berishni о‘rgatish masalasi dolzarblashadi. Umuman, ta’limda ham topshiriqni tо‘g‘ri va aniq be­rish qanday natijaga olib kelishi mumkinligi sun’iy intellekt misolida endi tushunarli bо‘lmoq­da, nazarimizda!


Milliy qadriyatlar, jumladan, ona tilini mukammal bilmasdan muvaffaqiyatga eri­shib bо‘lmaydi. Shuning uchun ham ona tili о‘qitish metodikasida nimani, qanday о‘qi­tish masalasi antik davrdan to bugungi kunga qadar muammo bо‘lib kelgan. Bu tabiiy hol, albatta, taraqqiyot metodikaga bog‘liq bо‘lganligi bois, zamon о‘z talabini qо‘yadi, metodika mazkur buyurtmani bajaradi. Shu­ning uchun ham nimani qanday о‘qitish masalasi doimiy dolzarblikka egadir.   Bu borada о‘quv topshiriqlari masalasining  “Ona tili” darsliklari mazmunida berilishi, ularda о‘quv topshiriqlarining vazifa jihatidan farqlanishi, о‘quv topshiriqlari­ga munosabat tahliliy о‘rganilishi maqsadga muvofiqdir.


An’anaviy ta’limda ona tili darslari, asosan, о‘quvchiga bilim berish, xususan, о‘quv topshiriqlari orqali ma’lumotlarni yod­lash, turli manbalardan olingan jumlalarni lingvistik tahlil qilishga mо‘ljallangan. Bu bugungi zamon talablariga mos kelmay qolmoqda. Hayot insoniyat oldiga turli muam­molarni qо‘yadi, har bir kishi uni mustaqil hal qila olish qobiliyatiga ega bо‘lishi kerak. Shu ma’noda pedagogikada muammoli ta’lim texnologiyasi joriy qilindi.


Muammoli о‘qitishning mohiyati shundan iboratki, о‘qituvchi bilimlarni tayyor shaklda yetkazmaydi, balki о‘qituv­chi tomonidan savol yoki topshiriq shaklida muam­moli vazifalar qо‘yiladi, mashg‘ulotni tashkil etuvchi ularni hal qilish yо‘llari va vositalarini izlashga undaydi. Bu ham, albatta, savol va topshiriqlar orqali amalga oshiriladi. Mashq­lar esa uni о‘zlashtirish yoki sifatini yaxshilash maqsadida aqliy yoki amaliy harakatni takror-takror bajarish demakdir. Bu jarayonda о‘z о‘rni bilan mashqlar ham ishtirok etadi.


Demak, о‘quv topshiriqlari о‘zaro farqlanadi, ularning ona tili ta’limi jarayo­nidagi vazifalari bir-biridan keskin farq qiladi.


Topshiriq – bu mashg‘ulotni boshqarish, tashkil etish, boshqa о‘quv topshiriqlarini  о‘z ichida qamrab, о‘quvchini mashq qildirib, kо‘nikmasini oshirish, savol orqali fikrlash, mustaqil ishlashga yо‘naltirish va oxirida egallangan bilim va kо‘nikmalarni baholash vazifasini bajaradi.


Mashq – bu bir vaqtning о‘zida va belgi­langan vaqt oralig‘ida doimiy takrorlash orqali mashg‘ulotdan kо‘zlangan kо‘nikma va mala­kaga ega bо‘lish vositasi.


Savol – bu mashg‘ulot boshida va oxirida qо‘llaniluvchi о‘quvchilar bilimi va fikrlashi, dunyoqarashini aniqlab beruvchi, baholash jarayonida faol ishtirok etuvchi о‘quv topshirig‘i. 


Sun’iy intellektdan foydalanishda topshiriqning ahamiyati

Ona tili ta’limda o‘quv topshiriq­laridan foydalanish strategiyalari o‘quv­chilarning yosh xususiyatlari, bilim darajasi va ta’lim maqsadlariga muvofiq ravishda tanlanadi. Quyida asosiy strategiyalar keltirilgan:


1. Differensiallashtirilgan yondashuv. Har bir o‘quvchining individual imkoniyatlari va ehtiyojlariga mos topshi­riqlar beriladi. Kuchli o‘quvchilarga murakkabroq, sustroq o‘quvchilarga esa soddaroq topshiriqlar taklif etiladi.


2. Ko‘rgazmali va faol usullar asosida topshiriqlar. Rasmlar, jadvallar, maketlar, animatsiyalar yordamida tushuntiriladigan topshiriqlar. O‘quvchilarni faol ishtirokka undaydigan rolli o‘yinlar, pantomima yoki dramatizatsiyalangan topshiriqlar.


3. Ko‘p bosqichli topshiriqlar. O‘quv­chilarning fikrlash jarayonini bosqichma-bosqich rivojlantirishga xizmat qiladi. Masalan: 1-bosqichda sodda savollar, 2-bosqichda muammoli topshiriqlar, 3-bosqichda mustaqil xulosa chiqarishga oid vazifalar.


4. Hamkorlikdagi o‘quv topshiriqlari. Juftlikda yoki kichik guruhlarda bajariladigan topshiriqlar. Ijtimoiy ko‘nikmalar, muloqot va hamkorlik madaniyatini rivojlantiradi.


5. O‘yinli topshiriqlar. Didaktik o‘yinlar orqali bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlovchi topshiriqlar. Yosh o‘quv­chilar uchun qiziqarli va motivatsion omil sifatida xizmat qiladi.


6. Muammoli topshiriqlar. O‘quv­chilarning tanqidiy fikrlashi va muammo yechish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Savol-javob, kutilmagan holatlar asosida tuzilgan topshiriqlar.


7. Kreativ topshiriqlar. Hikoya yozish, rasm chizish, roliklar yaratish kabi ijodiy yondashuvga asoslangan topshiriqlar.

Ta’limda o‘quv topshiriqlari o‘quv­chilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirishda asosiy vositalardan biridir. To‘g‘ri tanlangan topshiriq strategiyalari ta’lim sifati va samaradorligini oshiradi.


O‘quv topshiriqlarining turlari: mashq topshiriqlari, muammoli topshiriqlar, didaktik o‘yinlar, amaliy topshiriqlar, ijodiy topshiriqlar.


1-strategiya. Differensiallashtirish. Mazmuni: O‘quvchilarning individual qobiliyat va ehtiyojlariga mos topshiriqlarni tanlash. Afzalliklari: har bir o‘quvchi o‘z imkoniyati­ga qarab ishlaydi, rag‘batlantiriladi va qiziqi­shi oshiriladi.


2-strategiya. Ko‘rgazmali yondashuv. Mazmuni: rasmlar, diagrammalar, real obyekt­lardan foydalanish asosida topshiriqlar berish. Afzalliklari: oson tushu­niladi, vizual eslab qo­lish kuchayadi.


3-strategiya. Hamkorlikdagi topshiriqlar. Mazmuni: juftlikda yoki guruhda bajariladigan topshiriqlar. Afzalliklari: ijtimoiy faollik rivojlanadi, o‘zaro yordam va fikr almashish shakllanadi.


4-strategiya. O‘yinli topshiriqlar. Mazmuni: O‘yin shaklida tashkil etilgan topshiriqlar. Afzalliklari: qiziqarli va interaktiv, yoshlarga mos va motivatsion ta’sir.


5-strategiya. Muammoli topshiriqlar. Mazmuni: o‘quvchida mustaqil fikrlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi topshiriqlar. Afzalliklari: tanqidiy fikrlashni rivojlantiradi, muammoni tahlil qilishni o‘rgatadi.


6-strategiya. Kreativ (ijodiy) topshiriqlar. Mazmuni: hikoya yozish, rasm chizish, rolli o‘yinlar. Afzalliklari: tasavvur va ijodkorlikni rivojlantiradi, nutqni rivojlantiradi.


O‘quv topshiriqlari dars mazmunini boyi­tadi. Strategik yondashuv o‘quvchini faol ishtirokchi qiladi. Har bir strategiya ta’lim maqsadi va o‘quvchilarning yoshiga mos tanlanishi kerak.


Umuman, til ta’limida sun’iy intellekt­ning ahamiyati katta, agar foydalanuvchi tо‘g‘ri  savol qо‘ya olsa, tо‘g‘ri topshiriq bera olsa. Ona tili ta’limida sun’iy intellekt asosida o‘quv topshiriqlari bilan ishlash strategiyalari ishlab chiqilishi zarur. О‘quv topshiriqlari­ning vazifa jihatidan farqla­nishi, ularning qо‘llanilish о‘rinlari, bajaradigan funksiyasi aniqlab olinishi lozim, chunki mashqning vazifasini topshiriq yoki savol bajara olmaydi va aksincha. Bugungi kunga qadar ona tili ta’limida о‘quvchilar­ning og‘zaki va yozma nutqini rivojlanti­rishga doir muam­molarning mavjudligi bevosita о‘quv topshiriqlarining vazifa jihatidan farqlanmasligi bilan bog‘liq. Ona tili, о‘zbek tili darslik va qо‘llanmalari­da takrorga asoslangan asl mashqlar deyarli mavjud emasligi sababli talaffuz va imlodagi muam­molar bartaraf bо‘lmay kelmoqda. Bо‘lajak ona tili va adabiyot fani о‘qituvchilarida о‘quv topshiriqlari bilan ishlash, ularni tuzish, farqlash kо‘nikmalarini hosil qilish istiqboldagi eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

G‘ofir HAMROYEV, 

Toshkent amaliy fanlar universiteti

tadqiqotchi-professori, 

pedagogika fanlari doktori (DSc)

Maqola muallifi

G‘ofir HAMROYEV

G‘ofir HAMROYEV

Pedagogika fanlari doktori

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish