SUN’IY INTELLEKT VA O‘ZBEK TILI: RAQAMLI MAKONDA MILLIY TAFAKKURNI QANDAY SAQLAB QOLAMIZ?

Dolzarb mavzu SUN’IY INTELLEKT VA O‘ZBEK TILI: RAQAMLI MAKONDA MILLIY TAFAKKURNI QANDAY SAQLAB QOLAMIZ?
43



Ona tilimiz – milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimizning asosidir.

Uni asrab-avaylash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Shavkat Mirziyoyev

Har qanday til tirik mavjudot kabi muttasil rivojlanadi, o‘zgaradi va zamonaga moslashadi. Biroq XXI asr tilimizoldiga mutlaqo yangi, shafqatsiz va ayni paytda adolatli talabni ko‘ndalang qo‘ymoqda: bugun tilning qudrati va yashovchanligi faqatgina unda so‘zlashuvchilar soni yoxud adabiy merosning ko‘lami, qolaversa, qalin bosma lug‘atlar bilangina o‘lchanmaydi. Bugun tilning kelajagi uning raqamli makondagi o‘rni, global tarmoqlar va sun’iy intellekt (SI) tizimlari bilan qay darajada “so‘zlasha olishi” bilan belgilanmoqda.


Yirik til modellari (LLM) va neyrotarmoqlar butun dunyo axborot oqimini boshqarayotgan bir paytda haqli savol tug‘iladi: katta hajmdagi murakkab matnlarni soniyalar ichida sintez qilayotgan neyrotarmoqlar ona tilimizning leksik-semantik imkoniyatini, so‘zlar qatiga yashiringan milliy tafakkur tarzimizi to‘laqonli idrok eta olyaptimi?

Kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, jahonning yirik sun’iy intellekt tizimlari o‘zbek tilidagi matnlarni qayta ishlash jarayonida jiddiy semantik yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymoqda.Buning asosiy sababi bugungi kundagi yirik til modellari (LLM) o‘zbek tiliga bevosita, o‘z grammatik va semantik qonuniyatlarimiz asosida emas, balki katta hajmdagi ingliz yoki rus tillari algoritmiga tayanishidadir. Sun’iy intellekt o‘zbekcha matnni to‘g‘ridanto‘g‘ri idrok etmaydi, balki uni o‘ziga tanish bo‘lgan asosiy tilga o‘girib, mantiqiy xulosani yana o‘zbek tiliga qaytaradi. Ushbu murakkab va ko‘p bosqichli “raqamli o‘girish” jarayonida tilimizning betakror jozibasi, asrlar davomida sayqal topgan leksik-semantik xususiyatlari, o‘ziga xos milliy koloriti hamda yashirin tagma’nolari ifodalnmay qoladi.Alaloqibat, raqamli makonda grammatik jihatdan to‘g‘ri, biroq tilimiz tabiatiga mutlaqo yot bo‘lgan g‘ayritabiiy ifoda uslubi yuzaga kelmoqda. Tilimizdagi sof o‘zbekona maishiy so‘zlar, qarindoshlik birliklari, lutf, andisha va ruhiyatni ifodalovchi yuzlab birikmalar mashina ongida shunchaki hissiz matematik kodlarga aylanmoqda. Xususan, o‘zbekona muomala madaniyatining o‘zagi bo‘lgan hurmat toifalari, purma’no maqol va matallarimiz, chuqur falsafiy ma’noga ega frazeologik birliklar sun’iy intellekt tomonidan algoritmik qolipga solinib,ularning asl milliy ruhi va betakror o‘zbekona ohangi yo‘qqa chiqarilmoqda.


Til, eng avvalo, millat tafakkurining in’ikosi, uning tarixi va madaniyatining jonli arxividir. Bugungi globallashuv davrida sun’iy intellekt yordamchi dasturdan axborot va ommaviy matn yaratuvchi mustaqil subyektga aylanib ulgurdi. Yosh tadqiqotchilarimiz, talabalarimiz va turli soha vakillari o‘z kundalik faoliyatida neyrotarmoqlar shakllantirib berayotganana shu chala, hissiz va quruq matnlardan foydalanmoqdalar. Agar bu jarayon o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, ertaga raqamli makonda shakllangan ushbu g‘ayritabiiy til o‘zbek adabiy tili me’yorlariga singib ketishi muqarrar.


Bu degani kelajak avlodlar tafakkurida o‘zbekona so‘z o‘yinlari, betakror o‘xshatishlar va qochirimlar o‘rnini quruq mantiqqa asoslangan, ruhsiz, hissiz algoritmik jumlalar egallaydi. Axborot texnologiyalari tilimizni shunchaki ma’lumot uzatuvchi aloqa vositasiga aylantirib, uning estetik funksiyalarini butkul yo‘qqa chiqarishi ayni haqiqatdir. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, sun’iy intellekt matnning sintaktik va morfologik qoliplarini, qat’iy grammatik qoidalarini qanchalik mukammal o‘zlashtirmasin, baribir inson qalbini, o‘zbek xalqining asriy qarashlarini anglashga ojizlik qiladi. Mashina tili hayot tarzimizi, urf-odatlarimizni, insoniy munosabatlarimizni matn orasiga yashiringan milliy kodlar orqali o‘qiy olmaydi.

Keling, fikrimizni aniq bir ilmiy misol bilan asoslaymiz. O‘zbek tilida insonning makondagi harakati va holatini bildiruvchi leksik birliklar talaygina. Mashina tarjima dasturlari: Google Translate, ChatGPTlar ingliz tilidagi “walk” yoxud rus tilidagi “идти” fe’lini deyarli barcha holatlarda “yurmoq” yoki “bormoq” deb o‘giradi. Vaholanki, o‘zbek tilida mazkur harakatning mantiqiy va emotsional-ekspressiv holatiga ko‘ra yuzlab muqobillari bor: inson shunchaki yurishi, ma’lum maqsad bilan qadam tashlashi, tabiat qo‘ynida kezishi, sarosima ichida tentirashi, yoxud salobat bilan odimlashi mumkin. Yurish semasiga ega bo‘lgan bu leksik birliklarning har biri alohida ruhiyatga, o‘ziga xos pragmatik mazmun-mohiyatga ega. Sun’iy intellekt esa bu kabi semantik va pragmatik bo‘yoqqa ega birliklarni ilg‘amaydi, natijada so‘z zamirida yashiringan ma’no tovlanishlari mashinaning qashshoq, yagona qolipiga qurbon bo‘ladi.


Buning oqibatida bugun axborot iste’molida mutlaqo yangi “translationese”, ya’ni qon-tomiri yo‘q, ruhan begona, sintetik “tarjima tili” paydo bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, bugungi yosh avlod, oliy ta’lim muassasalari talabalari va hatto yosh tadqiqotchilar ham sun’iy intellekt taqdim etayotgan ana shu yuzaki, qashshoqlashgan matnlarni adabiy me’yor sifatida qabul qilish xavfi ostida turibdi.


Bu kabi muammolarning ildizi sun’iy intellektda emas, balki tilimizning raqamlashtirilgan ilmiy bazasi hali to‘laqonli shakllanmaganidadir. Mashina quruq lug‘atni yodlaydi, ammo u so‘zlar o‘rtasidagi mantiqiy-semantik aloqalarni o‘z-o‘zidan tushunmaydi. Kompyuter o‘zbekona o‘xshatishlar, maqol va iboralarni, muayyan semantik guruhga kiruvchi so‘zlarning sinonimik qatorini tushunarli shaklda qabul qilishi uchun unga aniq lingvistik algoritmlar kerak.


Buning yechimi o‘zbek tilining milliy korpusini yanada boyitish va leksik birliklarning tezaurus modellarini yaratishdir. Tezaurus oddiy ikki tilli lug‘at emas; u so‘zlarning lisoniy olamdagi munosabatlarini, ma’nodoshlik, zid ma’nolilik, darajalanishxususiyatlarini, qolaversa, butun-qism, jins-tur munosabatlarini semantik to‘rga tizib beruvchi jonli intellektual xaritadir. Har bir so‘zning lug‘aviy-semantik maydonini matematik aniqlikda modellashtirib, sun’iy intellekt bazasiga kiritmas ekanmiz, raqamli makonda o‘zbek tilining badiiy-estetik jozibasini yo‘qotib qo‘yishimiz hech gap emas. Bu endi faqatgina axborot texnologiyalari mutaxassislarining emas, balki bevosita biz, tilshunos olimlar va tarjimashunoslarning eng dolzarb vazifamizga aylanmog‘i shart.


Tarixda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz qanday qilib maktab, matbuot, teatr va gazeta orqali o‘zbek milliy tafakkurini jahon sivilizatsiyasi bilan bog‘lagan bo‘lsa, bugun ham biz xuddi shunday mas’uliyat pallasida turibmiz. Bizning bu boradagi yangi “ko‘prigimiz” raqamli olamdir. Sun’iy intellekt milliy tilimiz uchun tahdid emas, balki uni to‘g‘ri yo‘naltira olsak, tilimiz qudratini dunyo sahnasiga olib chiquvchi eng buyuk vositachiga aylanadi. Zero, til faqatgina muloqot vositasi emas, u raqamli davrda ham millatning borligini, qiyofasini va qadrini belgilovchi bosh mezon bo‘lib qolaveradi.

Sabohat QAHHAROVA,

filologiya fanlari doktori,

dotsent

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish