Ustama nima bo‘ldi?

Dolzarb mavzu Ustama nima bo‘ldi?
119


Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, maktablarda ilg‘or tajribali o‘qituvchilarni rag‘batlantirish direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi joriy etildi. Bu borada joylarda ishlar adolatli olib borilyaptimi, o‘qituvchilar fikri qanday? Ularning “oh”lariga quloq tutamiz.


Erkinjon YARASHEV, Zarafshon shahridagi 13-IDUM fizika fani o‘qituvchisi:

 – Ustama – nisbiy tushuncha. To‘g‘ri, bunda o‘qituvchi maoshi oshadi, ammo bola bilan ishlash-chi? Hozir hamma­miz oylikni oshirish payidamiz. Taklifim, ustama sinf o‘quvchilarining bilim sifatiga qarab berilsin. Chunki ayrim ustozlar bolaga bilim bera olmaydi, ularda metodika yetarli emas. Ikkinchidan, yosh mutaxassislar ishga qabul qilinsa, 1-2 yil o‘tar-o‘tmas u ustamaga, toifaga topshirishni boshlaydi. Bu katta ehtimol bilan maoshni oshirish uchun, ammo afsuski, bu yoshlarning aksariyati bola, ota-ona bilan ishlolmaydi. Pedagogmiz, diqqat markazimizda, avvalo, bola, uning shaxsi turishi kerak.


Murodjon UMAROV, Shahrixon tumanidagi 46-maktabning fizika fani o‘qituvchisi:

– O‘qituvchi olayotgan oyligi ro‘zg‘or tebratishga yetmaganidan keyin qandaydir qo‘shimcha daromad izlaydi. Aslida o‘z ustida ishlab, toifasini oshirib, olimpiada, ko‘rik-tanlovlarga o‘quvchi tayyorlashi maqsadga muvofiq emasmi? Bundan besh yil avval yetakchi o‘qituvchilar ishtirokida tumanda yig‘ilish bo‘ldi. Maqsad STEAM fanlarini o‘qitishni samarali yo‘lga qo‘yish edi. Shunda o‘rtaga savol tashlandi: qanday o‘qitish kerak, buning uchun nima qilish kerak? Bir ustoz: avvalo, bola yaxshi o‘zlashtirishi uchun qorni to‘q bo‘lishi kerak, o‘qituvchining esa o‘quvchini o‘qitishdan boshqa tashvishi bo‘lmasligi kerak, dedi. Xulosa o‘zingizdan.


Hamza XUDOYBERDIYEV, G‘ijduvon tumanidagi 32-maktabning matematika fani o‘qituvchisi:

 – Shu ustamani yo‘qotib, ishlagan yiliga qarab foiz qo‘shish amaliyotini joriy qilish kerak, shunda nohaqlik bo‘lmaydi.


Xosiyatxon JUMABOYEVA, Amudaryo tumanidagi 37-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:

– 823-qaror chiqqandan so‘ng  maktabimizda ustama so‘zi unutildi. Bir bandini bajarsang, bir bandiga qo‘ling yetmaydi. Tirishib-tirmashib yetsang, kengash a’zolari vahima qilib ming chig‘iriqdan o‘tkazadi. Topib olishgani:  “qayta to‘latishadi”. E bor-e, deb jamoa bilan birgalikda sertifikat olish harakatini boshladik. Buniyam olish oson emas ekan, shu yilning aprel oyida uchinchi urinishda oldim. Olloh nasib etsa, uch yilgacha 50 foiz ustama olaman.


Sayyora YORQULOVA, Olmaliq shahridagi 14-maktab o‘qituvchisi:

– Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi, deganlaridek, ustama hujjat tayyorladim. Tunov kuni 10 foiz, qay­ta hisoblashganda 15 foiz, bugun esa shu foizlardan ham ayrildim. “Sinfdan tashqari ishlar” bandida nechta fandan dars bersam, hammasidan to‘garak o‘tishim kerak ekan. Iltimos, shu bandlar bo‘yicha vazirlik bizga to‘liq ma’lumot­larni keltirsin. Ustamaga ball belgilash­ga kelsak, ixtiyor kengash a’zolarida emas, ular faqat “qo‘g‘irchoq”, rahbarlar ma’qul ko‘rsa ma’qullaydi, bo‘lmasa rad qiladi. Dardimizni “Ma’rifat” gazetasidan boshqa hech kim eshitmayapti.


Nargiza BEKNAZAROVA, Olot tumanidagi 24-maktabning tasviriy san’at fani o‘qituvchisi:

– Bechora o‘qituvchi yil davomi­da qilgan mehnatidan ozgina rohat ko‘rsa nimadir kamayadimi? Boshqa sohalarda nega sansalorlik yo‘q? Faqat o‘qituvchining uch so‘m puli ko‘rinadi. “O‘qituvchi – millat yuzi” degan purma’no so‘zlar sarobmi?


Rahbaroy MELIBOYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 5-maktab o‘qituv­chisi:

– Metodik qo‘llanmamni ikki yildan beri “ko‘chirilgan” deydi, zero “Marifat”­da chiqadi. “Samarali metodik tavsiya” deb “Ma’rifat” tanlovining qish fasli g‘olibi bo‘ldim. Pulga sotib olganlar ishi tuman, viloyatda ommalashdi. Men tunni tongga ulab metodlarimni yoritgandim. Maktabda ommalashdi. Endi sotib olaman. Afsuski, ommalashti­rishni pullayotganlar ham o‘z hamkasb­larimiz. Ular olayotgan “limon” bir kun farzandlariga “limonad” bo‘lib qaytma­sinda ishqilib!


Kamola RUSTAMOVA:

 – Fondga kam pul ajratilyapti ekan, keyingi yillarda moddiy yordam oluv­chilar ko‘payibdi. Smetaga kam pul qo‘yilganmish, ustamachilarni kamaytirisharmish – bu nohaqlik-da!


Sojida TUYMAYEVA, Pastdarg‘om tumanidagi 39-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:

– Kurashinglar, ustozlar, ishlagan bo‘lsangiz, rag‘bat olasiz, rahbarlar cho‘ntagidan berayotgani yo‘q. Shu­ning uchun maktabda fidoyi ustozlar kamayib ketyapti. Mehnati qadrlanmasa, ishlamayotganlar rag‘batlantirilsa alam qiladi-da! Bu ishlarni amalda bajarmasdan “yo‘lini” bilganlar, qonun-qoidasini qog‘ozda bitirganlar ustamaning egasi bo‘lyapti.


O‘zim ham ommalashtirishga o‘z metodlarimni yozib platformaga joyladim. Viloyatda ommalashdi. Hamma mezonlardan ball oldim, faqat o‘tkazgan tadbirlarimni bexabar qolib adliyadan o‘tkazmabman. Bu ishni o‘qituvchi bajarishi kerakmi? Ijodkorman, ijod namunalarim, maqolalarim gazetada doimiy nashr etiladi. O‘quvchilarga kitob­xonlikni, ma’naviyatni targ‘ib qilishda birmuncha ishlar olib boraman. Lekin bu mezonlar ichida ijodkorlarga xos hech narsa yo‘q. Haqiqatlar bahslarda yaraladi…

Afsuski, bu so‘zlar ayni haqiqat. Ustozlar fikrlaridan ta’sirlanib shu maqolani yozdim. Nohaqlikka guvoh bo‘layotgan, mehnati qadrlanmayotgan o‘qituvchilar ko‘p hollarda ruhiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan salbiy ahvolga tushib qoladi. Bu ishdan sovishiga, ta’lim sifati susayishiga, darslar samarasiz bo‘lishiga olib keladi. Buning uchun nohaqlikdan himoya qiladigan tizimlarni kuchaytirish, jamiyatda o‘qituvchilar nufuzini oshirish darkor.

Hilola MAMAJONOVA,

Asaka tumanidagi

37-maktabning

boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ustoz
  • #Pedagog
  • #ToshDO‘TAU
  • #Bog‘cha

Ulashish