“YOZ  KITOB – BILAN SOZ” yoxud METODIST KUNDALIGIDAN

Kitobxonlik “YOZ  KITOB – BILAN SOZ” yoxud METODIST KUNDALIGIDAN
127

Guliston shahar Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida joriy yilning iyul va avgust oylari “ Yoz kitob – bilan soz” oyligi bo‘lib o‘tmoqda. 




Ilgari surilgan tashabbus natijasida shahardagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Kitob savdo yarmarkalari” tashkil etilib, kutubxona javonlari bolajonlarimiz uchun yuzlab ertak va badiiy asarlarga to‘ldi. 




Xususan, kuni kecha 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ham “Yoz kitob – bilan soz” “Kitoblar sayli” seminari tashkil etilib, bog‘cha uchun yangi, moʻjazgina kutubxona yaratildi.  Jarayonga shahardagi 18 nafar maktab direktorlari, maktabgacha ta’lim tashkiloti mudiralari, ma’naviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimlari tashrif buyurib, mezbon bog‘chaning yangi kutubxonasi uchun kitob hadyalari bilan o‘z hissalarini qo‘shishdi. – Bizning bog‘chamizda talaygina o‘yingohlar, bolalarimiz uchun zaruriy bo‘lgan bir qancha imkoniyatlar mavjud, ammo ma’naviyatimizni oziqlantirib, bolalarimizga eng yaqin do‘st ertak kitoblarga bo‘lgan ehtiyojimiz har doim ham yuqori bo‘gan – deydi tashkilot uslubchisi Sanobar Babajanova.  – To‘g‘ri, bizning bolajonlarimiz ta’lim olayotgan sinf xonalarda bir qancha ertak kitoblar bor, ammo tarbiyalanovchilarning o‘z ustlarida ishlashlari uchun metodik va badiiy asarlarimizning bo‘lishi ham yosh avlodga saboq berib borishimizda muhim ahamiyatga kasb etadi. 



Shuningdek, tadbir davomida ota-onalarning kitobga bo‘lgan e’tiborlarini yaqindan o‘rganish maqsadida ularga yuzlanamiz. O‘zini uy bekasi deb tanishtirgan o‘rta yoshli bir ayol 4 yashar farzandi uchun “Maugli” nomli kitobni olib bermoqchi bo‘ldi. Bola kitobni onasining qo‘lidan olib sotuvchiga uzatdi. Bolakay “menga anavi rasmli kitobni ko‘ryapsizmi, shuni olib bering” deb, onasidan arazlagan kuyi yerga qarab turardi. Kitoblarga yaqinlashib bolakay aytgan kitobga tuzukroq qarasam, maqollar iborat 100 betlik katta kitob ekan. Bu orada ona farzandi talab qilgan kitobni o‘zi tanlagan kitob bilan birga xarid olib, o‘g‘liining peshonasidan o‘pib qo‘ygancha, uni tarbiyachiga topshirdi. 




Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan yagona va mutlaq maqsadimiz, kitobxonlik madaniyatini maktabgacha bo‘lgan davrdan, maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan, ularning ta’sirida oilalardan boshlashimiz, onalarimizning allalariday muhim ahamiyat kasb ettirib borishimiz nur ustiga a’lo nurdir.

Jahonga mashhur fizik olim, Nobel mukofoti laureati Albert Eynshteynning ham quyidagi purma’no hikmatini esga oladigan bo‘lsak, bola hayotida ertaklarning o‘rni beqiyosdir. Ul zot: “Agar bolalaringiz aqlli bo‘lishini istasangiz, ularga ertaklar o‘qib bering. Agar yanada aqlliroq bo‘lishlarini xohlasangiz, undan-da ko‘proq ertak o‘qib bering”, deganida yuz karra haq edi.

  Lola NOROVA,  

Guliston shahar MMTB darsliklari bo‘yicha metodisti

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Gazeta
  • #Maktab
  • #Bog‘cha
  • #"Ma'rifat" gazetasi

Ulashish